Albatta “Real” doim kuchli futbolchilar va sifatli tarkibga ega bo‘lgan. Ammo jamoaning transfer siyosati maqtashga arzigulik emas. To‘g‘ri jamoa odatda yaxshi xaridlarni amalga oshiradi. Lekin ba’zida “galaktikos” futbolchi sotishda birozga shoshqaloqlik ham qiladi. Qo‘yida madridliklar sotib xato qilgan 5 futbolchi haqida so‘z yuritamiz.
5. Markos Lyorente (“Atletiko”, 27 yosh)
“Real”ning yarim himoya chizig‘iga ko‘plab jamoalar xavas qilishsa kerak. Negaki, “Galaktikos” markazi kuchli uchlikga tayangan holda maydonga tushadi. Ammo jamoada ularning biri yo‘q bo‘lsa bu katta bo‘lmasada muammo chiqaradi. Negaki daraja jihatidan “Real” zahirasidagi yarim himoyachilar kuchli emas. Bittagina Fede Valverdeni aytmaganda. Mana shu muammoning yechimi Markos Lyorenti bo‘lishi mumkin edi. Negaki unda jamoaga zarur bo‘lgan universallik va nisbatan Valverdega qaraganda kuchliroq barqarorlik bor. U bilan “qaymoqranglilar” markazi yanada kuchayar edi. Uning ustiga “Papa Karlo”da rotasiyalar uchun yaxshi variantlar bo‘lar edi. Darhaqiqat, Markos o‘tgan mavsumdagi sifatli o‘yinlari evaziga “Atletiko”ga Ispaniya chempionligini olib keldi. Albatta uning o‘yini “Manzanares”ning zafar quchishidagi asosiy omillardan biri bo‘lgan.
4. Raul de Tomas (“Espanyol”, 27 yosh)
R D T futbolchining libosiga shunday ism yozilgan. To‘g‘ri bu oddiy qisqartmalar. “Espanyol” tarkibida tobora porlab borayotgan hujumchi bir paytlar “Real” tarkibi a’zosi bo‘lganini bilarmidingiz? Raul klubga kerakmas futbolchi deb topilib “Benfika”ga sotib yuborilgan edi. “Galaktikos”da super hujumchi bor. Albatta bu – Benzema. Lekin Karim jarohat olganda yoki jamoaga yanada hujumkor o‘yin kerak bo‘lganida “Real”da kamchilik ko‘zga tashlanmoqda. Chunki, “qaymoqranglilar”ning ikkinchi hujumchisi Luka Yovich o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlay olmayapti. Balki jamoada Raul bo‘lganida “Vilyareal”ga qarshi uchrashuvda gol kirita olgan bo‘larmidi? Yovich to‘sinni ko‘zlagan vaziyatdan ikki Raul (Gonsales va de Tomas) ham foydalanar edi.
3. Pedri (“Barselona” 19 yosh)
Yuqorida “Real” yarim himoyasining kuchsiz jihatini aytib o‘tdik va uni to‘ldiradigan futbolchilardan biri so‘zsiz - Pedri. Hayratlanishga hojat yo‘q o‘sha “Barselona”ning kelajagi hisoblanadigan Pedrito “Real” futbolchisi bo‘lishi mumkin edi. Bu transfer siyosatiga oid xato emas. Aksincha, bu “Real Kastilya” akademiyasining xatosidir. Ular kelajagini shu jamoa bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan iste’dodni jamoada olib qolishni istashmagan. Pedri yoshligidan “Barselona” muxlisi bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, oilasi qistovi bilan “Real”ni tanlagan. “Barselona” u vaqtlar Pedritoni tanimas edi ham. Paradoksning g‘alatiligiga qarang, “Real” Pedrini chidamsiz va nimjon u to‘liq o‘yin o‘kaza olmaydi deb hisoblab qaytarib yuborishgan. O‘tgan yili esa yosh vunderkind ko‘rsatdi kim chidamsiz ekanligini. Menimcha, Pedridagi iqtidorni ko‘rmagan murabbiy hozir afsuslansa kerak. Aytgancha, Pedri “Barselona”ga kelgan payti “Real” unga yana qiziqish bildirgan. Ammo, yarim himoyachi ularning taklifini rad etgan.
2. Teo Ernandes (“Milan” 24 yosh)
“Real”da yaxshi qanot himoyachilari bor. Teo jamoada payti Marselo ushbu pozisiyada qirollardan biri edi. Shu sababli “Real” fransuzni ijaraga berib yubordi va 2019 yil “Milan”ga sotib yubordi. Bu qaror bir jihatdan to‘g‘ri. Ammo o‘sha payt Marseloning jarohat olishi yoki qariyotgani hisobga olinmagandi. Hozir ham jamoada yaxshi chap qanot himoyachisi bor bu - Ferlan Mendi. Unga hurmatni saqlab qolgan holda aytishim mumkinki, Teo Mendidan ustun bo‘lsa ustundir ammo undan yomon to‘p tepmayapti. Teo rostmana “Real” uchun moslashgan futbolchi hisoblanadi. Undagi tezlik va hujumkorlik “qaymoqranglilar”ga ortiqchalik qilmas edi. Agar u “Real”da bo‘lganida Mendi bilan super raqobatni taqdim etib so‘zsiz jamoaga foydasi tegar edi.
1. Ashraf Hakimiy (“PSJ” 23 yosh)
Ashraf va Teo Ernandesning “Real”dagi holati deyarli o‘xshash. Negaki, Ashraf “galaktikos” a’zosi bo‘lgan vaqtlar Karvaxal so‘zsiz undan ustun edi. Shu sababli Hakimiy ijarada o‘ynadi. Ammo “Real” uning katta futbolchi bo‘lganini ko‘rib ham ortga qaytarishi istamadi. Marokashlik futbolchi “Borussiya Dortmund”da o‘zini ko‘rsatgach “Real” uni “Inter”ga sotib yubordi. “Inter” esa “PSJ”ga. Ashrafning iqtidoriga shubha yo‘q. Kecha madridliklar bunga amin bo‘lishdi. “PSJ” safida Hakimiy so‘zsiz eng faol o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Uning Vinisiusga qarshi o‘yini tahsinga sazavor. Agar “Real” “PSJ” to‘sig‘idan o‘ta olmasa 43 million marta Ashrafni sotganidan afsuslansa kerak. Chunki klub uni “Inter”ga 43 million yevroga sotib yuborgan edi.
Mirjalol Pardaboyev tayyorladi.