Kirish Ro'yxatdan o'tish
06/10 00:00 Real Madrid 2-0 Vilyarreal
06/10 14:00 Paxtakor 4-2 Dinamo
06/10 15:30 Yuventus 1-1 Kalyari
06/10 17:00 Jirona 2-1 Atletik Bilbao
06/10 17:30 Ukraina 7-1 Fransiya
06/10 18:00 Bolonya 0-0 Parma
06/10 18:00 Lasio 2-1 Empoli
06/10 18:00 Chelsi 1-1 Nottingem Forest
06/10 18:00 Aston Villa 0-0 Man. Yunayted
06/10 19:15 Alaves 0-3 Barselona
06/10 20:00 Braziliya 2-1 Argentina
06/10 20:30 Brayton 3-2 Tottenhem
06/10 21:00 Monsa 1-1 Roma
06/10 21:30 Sevilya 1-0 Betis
06/10 23:45 Fiorentina 2-1 Milan
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

«Neymar: ideal tartibsizlik»

«Neymar: ideal tartibsizlik»

Baho:
+ | -

Netflix ijodkorlari tomonidan yaratilgan hujjatli kartinaning nomi Neymar tabiatiga xos ziddiyatni to‘liq ifodalaydi. Maydonda ajib fintlar ko‘rsatish barobarida fantastik gollar uradigan braziliyalik hujumchi qo‘qqisdan ehtirosga berilib, «qizil» olishi ham hech gap emas. Bir yoqda o‘z mablag‘i hisobidan bolalar uchun sport majmualari bunyod etsa, bosh­qa tomonda pandemiya avjiga chiqqan pallada bazm-jamshid uyushtiradi. Shuning ta’sirida Neymarni ko‘klarga ko‘taradiganlar ham, ayamay tanqid qiladiganlar ham yetarli.

***

Yangi kartinada Lionel Messi, Kilian Mbappe, Devid Bekxem, Tyago Silva, Luis Suares va boshqa yulduzlar ham suratga tushishgan. Film ijodkorlari Neymarning inson va futbolchi sifatida kamol topgani, «PSJ» hujumchisi maqomidagi faoliyatida otasi katta o‘rin tutishini alohida ta’kidlashgan. Katta Neymar vaqtida Braziliya chempionatida to‘p surgan, lekin yuksak natijalar qayd etolmay, 32 yoshida faoliyatini yakunlagan. O‘zi futbol olamida mashhurlik va boylikka erisholmagan bo‘lsada, o‘g‘lining iqtidorini to‘g‘ri chamalagan ota - uning ishonchli maslahatgo‘yi. Katta Neymar bo‘lajak hujumchining menejeri va agenti sifatida uni «Santos»ga olib boradi. 2006 yili esa ota-o‘g‘il «Real» ko‘rigida bo‘lishadi. 14 yoshli iqtidor madridliklarni lol qoldiradi, biroq kelishuv amalga oshmaydi. Chunki bolakayning o‘zi Braziliyadan ketishni istamaydi, «Santos» esa uni qo‘yib yuborishni. Ayni o‘sha pallada Neymarlar oilasi dastlabki million dollarga ega bo‘ladi. Ya’ni katta Neymar NR Sports kompaniyasini tuzib, bo‘lajak yulduz imiji va faoliyatini o‘z tasarrufiga oladi. Hozir shu kompaniyada 215 nafar xodim ishlamoqda. Reklama shartnomalaridan tortib, turli klublar takliflari NR Sports tomonidan ko‘rib chiqiladi. Neymarning hayoti esa allaqachon biznesga aylandi. U endi mashhur model sifatida teleekranlarda ko‘rinish bermoqda. Dezodorant, shampun, benzin, shokolad, turli-tuman mahsulotlar Neymar yordamida ovoza qilinadi. Braziliyalik futbolchi 2010 yili yiliga chamasi 500 ming dollar miqdorida maosh olardi. Lekin ota-bola o‘shandayoq biznes ishlari ortidan 11 mln. dollar topishgan. Filmda katta Neymar kompaniya tasarrufini yaqin kelajakda farzandiga bermoqchi ekanligini aytgan, lekin uning o‘zida hozircha bu ishlarga qiziqish yo‘q.

***

Neymar «Barsa»da yig‘lagan va uni Messi yupatgan. Ney Parijga ko‘chib o‘tgach, uyida yaqin do‘stlariga «Barselona»dagi debyut mavsumi haqida gapirib bergan. Braziliyalik hujumchi notanish chempionatga moslashishda rosa qiynalgan, chunki boshida «Santos»dagi o‘yinini ko‘rsatolmagandi. Deylik, «Atletik»ka qarshi bahsdan keyin kiyinish xonasida yig‘lab o‘tirganida, uni Messi yupatgan ekan: «Leo o‘shanda hech narsadan qo‘rqmaslik kerakligini uqtirgandi. Uning «Senga yordam berishga tayyorman, hali hammasi yaxshi bo‘ladi», deya bergan daldasi kayfiyatimni ancha ko‘tardi. Keyinchalik ishlarim chindan ham yurishib ketdi».

***

Kartinada Neymarning telefonidagi videolavha ham namoyish etilgan. Unda braziliyalikning CHL-2014|2015 finalidan keyin Suares va Messi bilan raqs tushgani tasvirlangan. Ta’kidlanishicha, katta Neymar aslida o‘g‘lining «PSJ» safidan joy olishiga qarshi chiqqan ekan. Har holda, filmda barchasini Neymarning o‘zi mustaqil ravishda hal qilgani oshkora bayon etilgan. Katta Neymar: «O‘g‘lim qulay sharoitdan voz kechishni lozim topgandi. Oddiy aytganda, ketish rejasi allaqachon miyasini qamrab olgan, u tavakkal ish tutishga ahd qilgandi».Avvaliga Suares braziliyalikni o‘ziga yaqin olib, «PSJ»ga o‘tish noto‘g‘ri ekanligini tushuntirishga urinib ko‘rgan, Messi esa nima uchun bunday qarorga kelganini sira tushunolmagan.

***

Rossiya-2018 mundialida Belgiya termasidan qabul qilingan mag‘lubiyat braziliyalik hujumchi uchun faoliyatidagi eng og‘riqli zarbalardan biri bo‘lgandi. Neymar o‘sha omadsizlikdan keyin ma’lum muddat hech kim bilan gaplashmagan, hattoki, internet kengliklariga chiqishni ham to‘xtatgandi. Neymarga «yig‘loqi» va «nozik­oy» qabilidagi salbiy ta’riflar sira yoqmasligi turgan gap. «Nima uchun? Nahotki, arzimas turtkiga ham yiqilavergan bo‘lsam? JCH-2018dagi 1ta uchrashuvda menga nisbatan 9 marta qo‘pollik ishlatishganini yaxshi eslayman», -  deydi Neymar bu masalada.

***

Neymarning 10 yoshli o‘g‘li bor: u lokdaun boshlangach, Braziliyaga, farzandi yoniga oshiqqan, keyin yuksak saviyada o‘yin ko‘rsatgandi. Filmda hujumchining Devi Lukka ismli o‘g‘li haqida ham ma’lumotlar bor. U Braziliyada onasi Karolina Dantas bilan istiqomat qiladi. Hujumchi Karolinani maktabdayoq sevib qolgan. U 2011 yili o‘g‘il farzand ko‘rganida, futbolchi atigi 19 yoshda edi. Biroq oradan bir necha oy o‘tgach, juftlik ajrashib ketadi. Shunga qaramay, futbolchi sobiq turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan yaxshi munosabatni saqlab qolgan, ulardan tez-tez xabar olib turadi. Neymar bir gal Devining tug‘ilgan kunida unga qutisi turli kitoblar bilan to‘ldirilgan elektroskuter sovg‘a qilgan. Yosh ota shu yo‘l bilan farzandida o‘qishga qiziqish uyg‘otishni o‘ylagan. Gap shundaki, Devi maktabga qatnashni xush ko‘rmas ekan. 2020 yilning bahorida Fransiyada lokdaun e’lon qilindi, ichki chempionat to‘xtatildi, CHL o‘yinlari qoldirildi. Bu imkoniyatdan foydalangan Neymar Braziliyada o‘g‘li bilan yashay boshladi. Shuningdek, mashg‘ulotlarni ham unutmadi. Qarangki, yaqinlari davrasidagi mashg‘ulotlar o‘ta samarali o‘tdi. Har holda, hujumchi tanaffusdan keyin «PSJ» bilan CHL finalga chiqdi. Garchi parijliklar hal qiluvchi bahsda «Bava­riya»ga 0:1 hisobida yutqazgan bo‘lsalarda, ko‘plab mutaxassislar Neymar o‘yiniga yuqori baho berishdi.

***

Xulosa: serial shunday taassurot qoldiradiki, rejissyorlik vazifasini go‘yo katta Neymar ado etgandek. Unda futbolchi ayamay tanqid qilingan, mojarolarga boy maishatbozliklar va sud jarayonlari ham tilga olingan. Lekin otasi va uning fe’l-atvori xususida bir og‘iz gap yo‘q. Vaholanki, Ispaniya matbuoti ma’lumotlariga qaraganda, katta Neymar o‘g‘lining «Barsa» va «PSJ»ga o‘tishi ortidan bir necha o‘n mln. yevro miqdorida ustama puli olgan va ularni ichkilikbozlik, aysh-ishratga sarflagan. Nima bo‘lganda ham, kartina Neymarni komikslar qahramoni - DC Betmen bilan taqqoslash imkonini beradi. Har ikkisini tartibsizliklarsiz tasavvur qilish mushkul. Betartib turmush tarzi - har ikkisi uchun odatiy hol. Lekin shuning barobarida futbolchi timsolida ikkinchi personaj ham barhayot - Joker. Filmning bosh g‘oyasi: mantiqsizlik va tartibsizlik. Ha, bu jihatlar hayot bezagi emas, ammo Neymar uchun muhim. Futbolchi osoyishta kun tartibida o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yadi...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:40, 17.02.2022.
O'qildi: 4167 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.