Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

25 yillikning eng esda qolarli 25 jamoasi

25 yillikning eng esda qolarli 25 jamoasi

Baho:
+ | -

O‘zbek futbolida o‘tgan 25 yillikda muxlislar qalbida muhrlangan jamoalar talaygina. Bugun biz o‘z vaqtida mamlakatimizning eng kuchli klublari bo‘lgan ushbu jamoalarni yodga olib o‘tdik.

 1) SUG‘DIYONA. 92-94

80-yillarda respublikamizning ikkinchi jamoasi bo‘lgan «Zvezda»ning vorisi bo‘lmish «So‘g‘diyona» mustaqillik davrlaridagi ilk mavsumlarda juda kuchli o‘yin namoyish etgandi.

Fayziev, Ziganshin, Murtazoev, Eraliev, Esonboev, Alimatov, Otajonov kabi etakchilar bilan «Sug‘diyona» ilk chempionatda faqat qo‘sh-chempionlardan ortda qoldi. Keyingi yillarda ham barqaror ravishda kuchli beshlikdan joy olib kelgandi.

2) QIZILQUM. 2003

Ukrainalik murabbiy Sergey Shevchenko boshqaruvidagi «Qizilqum» o‘sha mavsumni o‘zgacha ruhiyatda o‘tkazgandi. Pastki o‘rinlar, nari borsa, o‘rtamiyonalar safida bo‘lgan zarafshonliklar tartibli va barqaror o‘yin evaziga butun mavsumni peshqadamlar safida o‘tkazgandilar.

«Qizilqum» o‘sha yili o‘z tarixida yagona bo‘lib turgan bronza medaligni qo‘lga kirtidi. Jamoa hujumchisi Marsel Idayatullin esa, mavsumning asosiy kashfiyotlaridan biri bo‘lgandi.

3)  PAXTAKOR. 2014-15

Mavsum boshlarida «Lokomotiv» yoki «Bunyodkor» kabi jamoalarga qarshilik qilishi mushkuldek ko‘ringan, asosan yosh futbolchilardan tashkil topgan «Paxtakor»ning bu mavsumlardagi sovrinlari o‘zgacha qadrli bo‘lsa kerak.

Eng muhimi, jamoa chempionlikni aynan asosiy raqiblarga qarshi o‘yinda hal qilgandi. «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinlardagi ajoyib gollar va g‘alabalar «Paxtakor»ga navbatdagi chempionlikni olib berdi.

4) NAVRO‘Z. 1995

Andijonning «Navro‘z» jamoasi 90-yillarda, ayniqsa o‘z maydonidagi o‘yinlarda juda xavfli raqib sanalgan. Peshqadam klublar ham u erdan g‘alaba bilan qaytish osonlik bilan bo‘lmasligini bilib turardilar.

Aynan 1995 yilgi jamoa eslanayotganiga sabab, qatorasiga 44 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramay, o‘ziga xos mamlakat rekordini o‘rnatgan «Neftchi» aynan Andijonda to‘xtatildi. «Navro‘z» vodiy derbisida qo‘shnilari darvozasiga javobsiz ikki gol urishning uddasidan chiqqandi.

5) TRAKTOR. 2004-2005

Toshkentdagi shinamgina TTZ stadioni doim o‘zining alohida muhiti bilan ajralib turardi. Ayniqsa o‘z maydonidagi o‘yinlarda «Traktor» har qanday raqibga qarshi qiyinchilik tug‘dira olardi. Ravshan Haydarov «Paxtakor»ga ketgach, «Traktor»ni qiyin mavsumlar kutayotgani taxmin qilingan bo‘lsa-da, jamoa Vadim Abramov qo‘l ostida yanada «ochildi». Hasanov, Ayzatulov, Solomin, Mo‘minjonov, Rahimov kabi futbolchilar yordami «Traktor» 2004 ymhilgi kubok finaligacha etib borgandi. Ayniqsa, doimo kuchli sanalgan «Nasaf» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba (4:0) uzoq vaqtgacha eslab yurilgan.

Keyingi mavsumda «Traktor» chempionatda ham munosib qatnashdi va o‘z tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkich — 4-o‘rinni egalladi.

6) NASAF. 2001

So‘nggi yillarning eng barqaror klublaridan biri bo‘lgan «Nasaf»ni turli yillarda turlicha eslash mumkin. Ayniqsa, yangi asr boshlaridagi jamoa xotiramizda alohida o‘rin egallaydi.

Qarshiliklar «Neftchi»dan keyin ilk bor xalqaro turnir sovrindori bo‘lishgandi. «Do‘stlik» va «Neftchi» klublari Osiyo Chempionlar kubogida o‘ynashdan bosh tortgach, yurtimiz sha’nini himoya qilish «Nasaf»ning chekiga tushgan va ilk bor butun O‘zbekiston «Nasaf»ni qo‘llab quvvatlagandi. BAA da o‘tgan so‘nggi bosqich o‘yinlarida ham munosib harakat qilgan jamoa yakunda kuchli to‘rtlikdan o‘rin olgandi.

O‘sha yili «Nasaf» mamlakat kubogi finaligacha bordi, ammo «Paxtakor»ga yutqazib qo‘ydi.

7) TEMIRYO‘LCHI. 1992

Keyinchalik turli jamoalarda chempion bo‘lgan Abdullaev, Rahmonqulov, Qurbonov, Ni, Atoyan, kabi futbolchilarning ilk yurishlari Qo‘qondan boshlangandi. Bahrom Hakimov qo‘l ostida jamoa O‘zbekiston ilk chempionatida kuchli oltilikdan joy oldilar. rustam Abdullaev to‘purarlar bahsida Valeriy Kechinov bilan raqobat qildi.

Asosiysi, jamoa ilk marotaba tashkil qilingan O‘zbekiston kubogining finalida o‘ynadi.

8) NASAF. 2011

Hozirchaga, klublarimiz ichida Osiyo miqyosidagi xalqaro turnirda g‘olib chiqa olgan yagona jamoa  «Nasaf»dir.

OFK kubogida zafarli yurish qilgan Anatoliy Demyanenko shogirdlari Qarshida bo‘lib o‘tgan final o‘yinida ham chiroyli o‘yin namoyish qilib, butun O‘zbekistonga quvonch olib kelgandilar. Quvayt chempioni «Al Quvayt» 2:1 hisobida mag‘lub etildi. Jamoaning legioner hujumchisi Ivan Boshkovich esa, turnirda 10 ta gol urib, to‘purarlar bahsida birinchi o‘rinni olgandi.

9) SURXON. 1994

O‘zbek futboliga ko‘plab talantlarni bergan Surxondaryodan jamoaning oliy ligaga chiqishi muxlislar tarafidan xursandchilik bilan kutib olingandi.

«Surxon»ning ilk o‘yini Toshkentda, «Paxtakor»ga qarshi kechgani ham ko‘pchilikning yodida. O‘shanda termizliklar dramatik o‘tgan o‘yinni 1:0 hisobida o‘z foydalariga hal qilgandilar. Butun o‘yin davomida hujum qilgan mezbonlar raqibning mardona o‘yini evaziga hech narsa qila olmagandilar.

10) PAXTAKOR. 2008

«Bunyodkor»ga katta pullar kelib, Jeparov, Kapadze kabi mahalliy yulduzlar, Rivaldo, Vilyanueva kabi legionerlar to‘p sura boshlagach, osonlik bilan chempion bo‘lishi kerak edi. Ammo mana shu «Paxtakor» tufayli biz o‘sha yillarda ham kurashlarga boy derbilarga, chempionatda o‘ziga xos intrigalarga guvoh bo‘ldik.

Buning uchun biz o‘sha jamoa etakchisi Odil Ahmedovga ham, Ilhom Suyunov, Aleksandr Geynrix, aka-uka Tojievlar, Miladinovich va Markovich kabi legionerlarga rahmat aytib, ularni eslab yurishimiz kerak.

11) YANGIER. 1994

Shonli tarixga ega bo‘lgan «YAngier» oliy ligamizda u qadar ko‘zga tashlanmagan. Eng yaxshi ko‘rsatkichi ham atigi 10-o‘rindir. Ammo «YAngier» deganda, yarq etib, 1994 yildagi O‘zbekiston kubogi yarim finalidagi «Paxtakor» bilan o‘yinlar keladi.

Davletov, Yarashev, Shamsiev, Nurmatov, Tarasenko, Abdiev kabi futbolchilardan tashkil topgan «YAngier» o‘sha yili mamlakat kubogi finaligacha etib borgan. Hatto kubok finalchisi sifatida Osiyo kubok egalari kubogida ham ishtirok etib, chorak finalgacha chiqqandi.

12) NASAF. 1997

«Nasaf»ning tug‘ilishi o‘sha yillarga to‘g‘ri keladi. Birinchi liga o‘rtamiyonasi bo‘lgan «Dinamo Nasaf» jamoasi ma’muriy asos bilan oliy ligaga, viloyatning boshqa bir jamoasi Muborakning «Mash’al»i o‘rniga chiqarildi. «Mash’al» esa birinchi ligaga tushirib yuborildi.

O‘sha mavsumdan Qashqadaryo futbolida o‘sish boshlandi. «Nasaf» esa, mavsumda kuchli oltilikdan joy oldi. Butun O‘zbekiston Ro‘ziqul Berdiev degan futbolchini yaxshilab tanib oldi.

13) XORAZM. 2008

«Xorazm» uzoq tanaffusdan keyin o‘zgacha kayfiyat bilan oliy ligaga qaytgandi. Jamoa hatto birinchi davra oxirlarigacha peshqadamlar safida yurdi. Ayniqsa, Urganchdagi Olimpiya o‘yingohi o‘zgacha fayzga kirgan, oliy ligadagi eng ko‘p tomoshabin jalb qilgan maskan bo‘lib olgandi.  O‘sha paytda Germaniyada «Xoffenxaym» klubi ham bundesligadagi ilk mavsumida peshqadamlar safida yurgan, bir jurnalistimiz «Xorazm»ni o‘sha klubga o‘xshatib maqola ham yozgandi.

Afsuski, «Xorazm»ning natijalari ichki nizolar, moliyaviy muammolar tufayli pasayib ketdi.

14) NURAFSHON. 1995

Ko‘pchilik o‘sha jamoa mavsum oxirida chempion bo‘lishi kerak edi, deb hisoblaydi. «Nurafshon» ajoyib sport formasiga kirib oldi va qatorasiga o‘yinlarda g‘alaba qozonib, yakka peshqadam «Neftchi»ga ancha yaqinlashib qolgandi. Ammo Yangierdagi o‘sha janjalli voqea, uning ketidan jamoaning mavsum o‘yinlaridan chetlattirilib, qolgan o‘yinlarga texnik mag‘lubiyat yozilgani…

Qizig‘i, oxirgi 13 o‘yinida 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozilgan «Nurafshon» mavsumni 6-o‘rinda yakunlagandi.

15) PAXTAKOR. 2003

 

Yurtimizdagi ko‘pgina futbol yulduzlari «Paxtakor»ga yig‘ilib, jamoa termamizning bazaviy klubiga aylantirilgach, milliy chempionatimizdagi intriga yo‘qoldi. Boshqa klublar «Paxtakor»ga qarshilik qila olmay qoldilar.

Ammo boshqa tarafdan «Paxtakor»ning xalqaro maydondagi yutuqlari o‘sha zararni qaysidir ma’noda «sug‘urtalay oldi». Osiyo chempionlar kubogi doirasidagi Toshkentdagi o‘yinlarda «Paxtakor» stadioniga odam sig‘may ketgandi.

16) MHSK. 1997

Armiyachilar mavsumdagi dastlabki 17 o‘yinni faqat g‘alaba bilan yakunlagandilar. Bu hozirchaga chempionatimizda rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Hasanov, Usmonxo‘jaev, Qurbonov, Rahmonqulov, Qambaraliev va boshqa futbolchilar to‘p surgan MHSK o‘sha yili tengsiz edi.

Afsuski, yana bir rekord ham ushbu klubga tegishli. Keyingi yili jamoa tarqab ketdi va oliy ligada yarim xavaskor futbolchilar bilan to‘p surib, atigi 12 ochko to‘pladi. Bu ham o‘ziga xos rekord — hech qaysi chempion keyingi mavsumni bu qadar yomon o‘tkazmagan.

17) POLITOTDEL. 1995

Keyinroq mamlakat chempioniga aylangan «Do‘stlik» klubining avvalgi nomi. Yoshi katta futbol muxlislari aynan «Politotdel» nomi bilan o‘ynagan paytlarni ham yaxshi eslashadi. Zero asosan yosh futbolchilarga tayangan bu jamoa hujumkor, chiroyli o‘yinlari bilan hammaning yodida qolgandi.

Shaskix, Vinnikov, Irismetov, Vintovkin, Dilmuhamedov kabi yosh futbolchilar keyinchalik boshqa kuchliroq jamoalarda ham o‘zlarini har tomonlama namoyish qila olishdi.

18) NEFTCHI. 2007

 

O‘sha yili farg‘onaliklar mavsumni atigi 3-o‘rinda yakunlagandilar. O‘sha paytdagi «Neftchi» uchun bu oddiy holat, undan yaxshiroq mavsumlar ham ko‘p bo‘lgani rost.

Ammo uzoq vaqtdan beri «Paxtakor» gigemonligi ostida o‘tayotgan chempionatimizdagi ajoyib start barchaning e’tiborini jalb qilgandi.

«Neftchi» mavsumni qatorasiga 13 o‘yinda g‘alaba bilan boshladi. Agar bunga Osiyo chempionlar kubogi guruh bosqichidagi 3 g‘alabani ham qo‘shsak…

Ayniqsa Akmal Xolmatovning ajoyib zarbalari barchaning tiliga tushgandi. Ammo «Neftchi» ikkinchi davrani ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadi.

19) DO‘STLIK. 1999-2000

Yuqorida eslab o‘tilgan MHSK jamoasi bilan tarkib jihatidan ham, qismat jihatidan ham juda o‘xshash.

Qatorasiga ikki marta mamlakat chempioni bo‘lgan, 2000 yilda kubok finalida «Samarqand» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Jamoa hujumchisi Jafar Irismetov bir mavsumda 45 gol urib, bu boradagi rekord sohibi hisoblanadi.

20) PAXTAKOR. 1998

O‘z tarixida birinchi marta «Paxtakor» oliy ligada yakka holda g‘olib chiqdi. Dastlabki chempionlik «Neftchi» bilan bo‘lishib olinganidan xabaringiz bor.

«Paxtakor» nafaqat chempion bo‘ldi, balki hujumkorlik, chiroyli o‘yin bobida ham tengsiz edilar. Ayniqsa Toshkentdagi o‘yinlar o‘ziga xos shouga aylanib ketar, aksariyat hollarda yirik hisoblar qayd etilardi.

Mirjalol Qosimov va Igor Shkvirin 22 tadan gol bilan chempionat to‘purari bo‘ldilar. Shirshov, Abduraimov, Akopyans, Nazarov kabi futbolchilarning o‘yinlari barchani o‘ziga rom qilgandi.

21) DINAMO. 1999-2000

 

Bu jamoani samarqandlik muxlislar o‘zgacha entikish bilan eslaydilar. Agar sal omad va barqarorlik bo‘lganida, «Dinamo» mamlakat chempioni ham bo‘lishi mumkin edi. Muhammadiev, Gambarov, Tillaev, Bozorov, Sharipovlar va boshqa tajribali futbolchilar bilan «Dinamo» mavsum oxirigacha «Do‘stlik» bilan raqobatlasha olgandi.

Faqat so‘nggi turlardagi omadsizliklar natijasida «Dinamo» bir qancha ochkolarni boy bergan va hatto sovrinli o‘rinlardan quruq qolgandi. Ammo shunday bo‘lsa-da, «Dinamo» o‘sha yillarning eng hujumkor va yulduzli jamoasi bo‘lib yodda qolaveradi.

 22) PAXTAKOR-79. 1992

1992 yilda ilk chempionatimiz tashkil qilinganda, bir yil oldin «Umid» nomi bilan ikkinchi ligada qatnashib yurgan jamoa «Paxtakor 79» deb o‘zgartirildi.

Eng e’tiborli tomoni, bu jamoa tarkibida, o‘sha mash’um halokatda bizni tark etgan futbol yulduzlarimizning farzandlari ham to‘p sura boshlagandilar. Aynan shu tufayli bu jamoa muxlisiga aylangan, yosh futbolchilarning ko‘zlarida otalari nigohini qidirib, ularga porloq kelajak tilagan muxlislar oz emasdi.

23) BUNYODKOR. 2009

Bu jamoada Rivaldo to‘p surgan. Skolari bosh murabbiy edi. Menimcha, shuning o‘zi kifoya qilsa kerak.

«Bunyodkor» Osiyoda kutilgan natijani ko‘rsata olmagan bo‘lsa-da, braziliyalik yulduz yurtimizda birinchi raqamli futbol odami bo‘lgandi. U ishtirok etgan o‘yinlar stadionlarni to‘ldilar, muxlislarni futbolga qaytargandi.

24) NEFTCHI. 1994

Nazarimda, istiqloldan keyin futbolimiz tarixidagi eng kuchli klub. Jamoa mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi. Osiyo chempionlar kubogida yarim finalgacha borib, sovrindorga aylandi. Moskvada tashkillashtirilgan an’anaviy MDH kubogi finaliga chiqdi. Mamlakat chempioni va kubok sohibi bo‘ldi. Bir qator a’zolari terma jamoa safida Xirosimaga borib, chempionga aylandilar.

Lebedev, Osmonov, Zavalnyuk, Tixonov, Bozorov, aka-uka Do‘rmonovlar, Fedorov, Atoyan…

25) BUXORO. 2016

Buxorolik muxlislar ushbu mavsum o‘sha mashhur «Nurafshon»ni esga olgan bo‘lsalar, ne ajab. O‘tgan yili birinchi davrani so‘nggi o‘rinda yakunlab, mavsum oxirigacha ligadagi o‘rin uchun kurashgan buxoroliklarni tanib bo‘lmay qoldi. Jamoa ayniqsa, o‘z maydonidagi o‘yinlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi.

«Buxoro» deyarli oxirgi turlargacha «Nasaf» bilan sovrinli o‘rin uchun kurashdi. Mahalliy stadion esa, mavsum yakunlariga ko‘ra, muxlislar tashrifi bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi o‘rinni egalladi. «Nurafshon», qaytyapsanmi?

26) LOKOMOTIV-2017?

Aslini olganda, tarixida ilk bor chempion bo‘lgan «temiryo‘lchilar»ni alohida eslashga arzigulik jihatini topish qiyin. Jamoa tarkibida harakat qilayotgan aksariyat futbolchilar bizga boshqa klublardagi faoliyatlari orqali yaxshi tanish. Bugungi «Loko» nari borsa eski «Bunyodkor»ni eslatar, balki.

Ammo umid qilamizki, yangi yilda jamoa oldinga yana bir qadam tashlaydi va xalqaro maydonda ham uzoq kutilgan muvaffaqiyatlarni olib keladi. Shundagina, menimcha, «Lokomotiv» ham o‘zbek futboli tarixiga muhrlanadi. Hozircha esa, jamoani chempionlik bilan tabriklab turamiz.

Qahramon ASLANOV, «Erudit Sport» gazetasi.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 21:45, 16.01.2017.
O'qildi: 13610 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.