Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Natijalar Enrikening «Barselona»dan ketishiga qarshilik ko‘rsatganda

Natijalar Enrikening «Barselona»dan ketishiga qarshilik ko‘rsatganda

Baho:
+1 | -

«Barselona»ning yangi muxlislari ba’zi faktlardan bexabar bo‘lsa kerak. Pep Gvardiolaning oltin davridan oldin kataloniyaliklar hozirgidek yoppasiga sovrinlar yutishga va doimiy ravishda tomoshabop o‘yin ko‘rsatishga odatlanmagan edi. Luis Enrikening jamoadan ketishini talab qilayotganlar yo bundan oldingi davrni ko‘rmagan yangi muxlislar, yoki buni eslay olmaydiganlardir.

«Barselona» Qirol kubogi yarim finalida «Atletiko» to‘sig‘idan o‘tib, ketma-ket to‘rtinchi marta musobaqa finaliga chiqishi muxlislarni xursand qilishi lozim edi. Ko‘pchilik bundan xursand bo‘lgani tabiiy, biroq ularning ba’zilari uchun bu go‘yoki yetarli bo‘lmadi. To‘g‘ri, 1:1 hisobida yakunlangan javob bahsida «Barselona» o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi, deyish qiyin.

Biroq raqib ham so‘nggi uch Chempionlar ligasi finalining ikkitasida ishtirok etgan jamoa ekanligini unutmaslik lozim. Bundan tashqari, «Barsa»ning ikki futbolchisi maydonda chetlatildi (Serxi Roberto va Luis Suares) va yana ikki muhim futbolchisi – Serxio Buskets va Andres Inesta bu o‘yin oldidan to‘liq tiklanib ulgurmagan edi.

Kataloniyaliklarga may oyida bo‘lib o‘tadigan Qirol kubogi finalida raqiblik qiladigan «Alaves» bilan esa shu haftaning o‘zidayoq La Liga doirasida duch keldi. Basklar birinchi davrada «Kamp Nou»da g‘alaba qozongani va ushbu mavsumda o‘z maydonida faqatgina ikki marta mag‘lub bo‘lganini e’tirof etgan «Barselona»ning bir qator muxlislari bu o‘yindan oldin ham xavotir bildira boshladi.

Luis Enrike esa 38 kun ichida jamoa 12-o‘yinini o‘tkazayotgani va keyingi o‘yin Chempionlar ligasi nimchorak finali doirasida «PSJ»ga qarshi mehmonda bo‘lib o‘tadigan bahs ekanligiga qaramay rotatsiya qo‘llayotgani uchun tanqidlarga duch kelishda davom etayotgandi. Bundan tashqari, «Barselona» har doim bir xil o‘yin ko‘rsatayotgani, ijodkorlik yo‘qligi, Enrike faqat natija uchun o‘ynayotgani ham aytilgandi.

Biroq hatto Gvardiola ham o‘yinlarda g‘alaba qozonilmasa boshqa jihatlar ahamiyatga ega emasligini e’tirof etganini unutmaslik lozim. O‘yin uslubi – muhim jihat, biroq u ikkinchi darajali omil, buning ustiga «ko‘k-anorranglillar» keragidan ancha ortiq o‘yin uslubiga ega. Ammo «Alaves»ga olti gol urib, mezbonlarga o‘z maydonlaridagi eng yirik mag‘lubiyatni taqdim etgan «Barselona» barcha tanqidlar asossiz ekanligini ko‘rsatdi.

Luis Enrikening «Barselona» murabbiyligida jamoaga qo‘shgan eng katta hissasi Luis Suares va Ivan Rakitichning kelishidir. Bu bilan yarim himoya yanada tajovuzkor, hujum esa keskinroq va tezkorroq ko‘rinish oldi. «Barsa»ning o‘yini tomoshabop bo‘lish bilan birga samaraliga ham aylandi. Gvardiola davrining so‘nggida, shuningdek, Tito Vilanova va Xerardo Martino murabbiyligida boshqa jamoalar «tiki-tak»ni bemalol o‘qiy boshlagan bir paytda kataloniyaliklarga aynan shu kerak edi.

La Liganing eng himoyaviy o‘yin ko‘rsatuvchi jamoalaridan biriga qarshi o‘yin «Barselona»ning triumfiga aylanib ketdi. Aslida hisob yanada yirikroq bo‘lishi mumkin edi, biroq oltinchi goldan keyin «ko‘k-anorranglilar» oldinda o‘yinning so‘nggi choragi turganiga qaramay tempni pasaytirdi va kuch tejay boshladi.

Ushbu g‘alaba «Barselona»ni bir necha soatga La Liga yetakchisiga aylantirdi. «Osasuna»ni yengib yetakchilikni qaytarib olgan «Real» zaxirasida ikki o‘yin borligi va ularda g‘alaba qozonsa 7 ochkolik ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligiga qaramay kataloniyaliklar ham chempionlik poygasida bo‘sh kelmasligini va buning uchun yetarli qurollarga egaligini ko‘rsatdi.

Shunga qaramay, Luis Enrike «Barselona»dagi kelajagi borasida hali bir to‘xtamga kelgani yo‘q. Ispaniyalik mutaxassis jamoa bosh murabbiyi sifatida 8 ta sovrin yutishga ulgurdi, jumladan, ilk mavsumida trebl, o‘tgan mavsumda esa dubl qayd etdi. Ushbu mavsumda ham «Barselona» ishtirok etayotgan barcha sovrinlar uchun kurashmoqda. Agar u jamoadan ketishga qaror qilsa, hozirgi tanqidchi muxlislar keyin uning qanchalik yaxshi murabbiy bo‘lganini tushunishi mumkin.

Manba: muhokama.com
Kiritildi: 11:27, 12.02.2017.
O'qildi: 8752 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.