Mashhur Forbes jurnali yaqinda sport klublarining eng boy xo‘jayinlariga bog‘liq yangi reyting jadvalini e’lon qildi.
Undan ma’lum bo‘lishicha, futbol jamoalari «boss»lari orasida eng boyvachchasi - Ditrix Mateshis. «Red Bull» kompaniyasi rahbari sanalgan bu inson sayyoramizning turli nuqtalarida bir qator klublar boshqaruvini o‘z ixtiyoriga olgan. Yangi reyting e’lon qilingach, Bombardir.ru sayti darhol avstriyalik magnatga alohida e’tibor qaratib, uning qanday yo‘llar orqali shu darajaga chiqqanini aniqlashga urindi.
Eng boy xo‘jayin. Jurnalda e’tirof etilishicha, Mateshis sport klublari xo‘jayinlari orasida boyligi miqdori bo‘yicha 4-o‘rinda bormoqda. Uning umumiy boyligi 13,4 mlrd. dollarga baholangan. Xullas, Ditrix futbol klublari rahbarlari reytingida 1-o‘rinda va unga hattoki, Roman Abramovich («Chelsi» xo‘jayini hisobida 9,1 mlrd. dollar bor) ham teng kelolmaydi. Mateshis ayni payt 4ta klub egasi hisoblanadi: «Nyu-York Red Bullz», «Red Bull Brazil», «Red Bull Zalsburg» va «RB Leypsig». U o‘z qaramog‘idagi korporasiyani 1987 yili yaratgan bo‘lib, ushbu brend ayni payt dunyo bozorida sotilayotgan energetik ichimliklarning 70 foizini nazorat qiladi. Boshqacha aytganda, «Red Bull» 2015 yili 6 milliard dona idishda mahsulot sotdi. Mateshis kompaniyasi ichimligi ayniqsa, talabalar o‘rtasida keng ommalashgan. Raqamlar asnosida ifodalasak, «Red Bull» ichimligi 160dan ko‘p mamlakatga eksport qilinadi va u iste’molchilar uchun allaqachon adrenalin manbasi, ekstra-sifat hamda haqiqiy idealga aylanib ulgurgan.
Tailand tomondan kelgan g‘oya. Mateshis aslida marketolog diplomiga ega va vaqtida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlagan ham. Deylik, faoliyatini Unileverda boshlab, keyin Jacobs Coffee kompaniyasida mehnat qildi. Shundan so‘ng Blendax firmasi bilan shartnoma tuzdi. Ditrix aynan shu joyda top-menejerga aylandi. Tabiiyki, u xizmat yuzasidan tez-tez xorijga chiqib turardi. Mateshis shunday safarlardan biri, ya’ni Tailandda tasodifan gazeta sotib oladi va mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qandaydir quvvatlantiruvchi ichimlik haqida ma’lumot oladi. Eng muhimi, maqolada Tailandning eng yirik 20 nafar soliq to‘lovchisi (ya’ni ishbilarmonlar) mazkur mahalliy ichimlik haqida ijobiy fikr bildirishgandi. Shu tadbirkorlar orasida ko‘rsatilgan Tayse ismli shaxs «Qizil buqa» nomli ichimlik ishlab chiqaradigan korxonaga rahbarlik qilardi. O‘sha paytlar Yevropada insonni tetiklashtiruvchi bunday mahsulot turi haqida deyarli hech kim eshitmagandi. Tabiatan uddaburon Ditrix esa oldida o‘ta qulay imkoniyat hosil bo‘lganini darhol tushunib yetadi. Shu tariqa u oradan ma’lum muddat o‘tgach, tailandlik hamkori bilan birga 500 ming dollardan dov tikib, Avstriyada xuddi shunday ichimlik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Mahsulot nomi o‘zgarmay qoladi, ammo endi u inglizcha yanada jarangdor yangrardi - Red Bull. Shubhasiz, hamkorlar avvaliga rosa qiynalishadi, ammo Mateshis omad kelishiga to‘la-to‘kis ishonardi. Uning ishtiyoqini hattoki, Avstriya Sog‘liqni saqlash vazirligi qarshiligi ham sindirolmaydi. Zero, vazirlikdagi rahbarlar ichimlik tarkibida taurin (yurak faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan aminokislotalar) unsuri borligi uchun uni sotuvga chiqarish yo‘lini to‘sishadi. Ya’ni 3 yil davomida tegishli ruxsatnoma berishmagandi. Ditrix esa ulardan rozilik olmay turib, Alp tog‘lari yon bag‘rida kompaniyaning birinchi ofisini qurishni boshlaydi.
Yiliga 100 million dona. G‘oya amalga oshirilgach, marketing sohasida yaxshigina tajriba hosil qilgan Mateshis omma e’tiborini o‘z mahsulotiga qaratish payiga tushadi. Inson tanasidagi adrenalin miqdorini oshirib, qo‘shimcha quvvat va tetiklik bag‘ishlaydigan «Red Bull», ayniqsa, talabalarning betartib hayotiga juda mos kelardi. Shu bois, Ditrix Tailandda mahsulotning asosiy xaridori sifatida baholangan haydovchilar variantidan voz kechadi va mahsulotni sotishga ruxsat berilgach, darhol talabalarga mo‘ljallangan reklama-tashviqot ishlariga alohida yondashadi. Ta’kidlash lozim, dastlabki 2 yil tadbirkorlarga foyda emas, zarar keltiradi. Biroq ishbilarmon Mateshis yengilmaydi: u so‘nggi chorani ishga solib, bir guruh chiroyli, kelishgan qizlarni ishga qabul qiladi. Ular zimmasiga yuklangan vazifa talabalar to‘planadigan turli kechalarga borib, yig‘ilganlarga bepul ichimlik tarqatishdan iborat edi. Bu tadbir samarasiz ketmaydi, ya’ni ichimlik ta’mi talabalarga yoqib qoladi va shundan so‘ng mahsulotga talab keskin kuchayadi. Kuchayish ham gapmi, «Red Bull» kosmik tezlik bilan ommalashib ketadi. Raqamlar bilan izohlasak, mazkur foydali reklamadan so‘ng ichimlik sotuvi hajmi bir yilda 100 million bankaga yetadi.
Qarangki, Mateshis hattoki, shu ko‘rsatkichga ham qoniqmay, umuman aqlga sig‘maydigan reklama loyihalariga pul sarflay boshlaydi. Deylik, u avstriyalik ekstremal Feliks Baumgarterni stratosferadan o‘zini tashlashga ko‘ndiradi. Hech nimadan hayiqmaydigan yigit esa azbaroyi Red Bull reklamasi 39 km. (!) balandlikdan yerga sakrab, tovush tezligidan o‘zib ketadi va bir necha rekordlarni yangilaydi. Yana bir kaskadyor loyiha doirasida San-Fransisko bo‘ylab g‘ildirakli konkida soatiga 150 kilometr tezlikda uchadi. Syorfing ustasi hisoblangan yana bir ekstremal esa timsohlarga to‘lib-toshgan Amazonka daryosi havzasida 8 metrli to‘l-qinlar bilan kurashadi. Xullas, Red Bull xo‘jayini o‘z mahsulotini ko‘z-ko‘z qilish uchun odam aqliga sig‘maydigan yo‘llarni o‘ylab topadi. Bu tabiiyki, ichimlikni bir zumda butun dunyo bo‘ylab tarqalishini ta’minlaydi.
Ideologiya. «Biz mahsulotni iste’molchiga yetkazib bermaymiz, aksincha, ularni mahsulotga yaqinlashtiramiz» - mazkur shior kompaniyaga ajoyib natijalarni taqdim etdi. «Agar qaysidir mamlakat mahsulotimizni qabul qilmasa, shunkachi, boshqa o‘lkaga yo‘l olamiz» - bu Daniya va Norvegiya hukumati munosabatiga javob. Zero, daniyalik va norvegiyaliklar ichimlik tarkibidagi taurin moddasining inson organizmiga ta’siri chuqur o‘rganilmagani sabab, o‘z hududlarini Red Bull uchun yopib qo‘yishdi. Lekin Mateshis ortga chekinmay, reklama ishlarini yanada kuchaytirgach, Skandinaviya o‘lkasidagi talabalar ham «Qizil buqa»ga o‘rganishdi, baribir. «G‘o-yam samara keltirishiga hech kim ishonmagandi, biroq o‘zim barchasi xayrli yakun topishini bilardim. Ha, avvaliga deyarli qashshoqlik darajasiga tushib qoldik, ammo yutug‘imiz shuki, o‘sha payt Yevropada energetik ichimliklar bozorining o‘zi yo‘q edi»,-deydi Mateshis. Uning miyasidagi fikrlar go‘yoki, toshni yoradi: «Asosiy maqsad - foyda olish emas, g‘oyalarni 100 foiz amalga oshirish».
Futbol. «Bizni qiyinchilik bilan qabul qilishlarini avvaldan tushungan va bunga tayyor edim. Germaniyada odamlar negadir yangiliklardan qochish, bundan o‘zlarini muhofaza qilishga o‘rganib qolishgan. Ammo barchasi oddiy holat. Deylik, «Feysbuk» yoki boshqasining ko‘pmillionli «qo‘shini» ham bir kunda paydo bo‘lmagan, axir. Yaxshisi, tanqidchilarga hujumkor va tomoshabop o‘yin bilan javob qaytaramiz»,-degandi «RB Leypsig» sport direktori Ralf Rangnik mavsum avvalida. Ta’kidlash lozim, Rangnik nima deyayotganini biladigan inson: hozircha «Leypsig» bundesligada bosh kashfiyot bo‘lib turibdi. E’tiborlisi, debyutant jamoa 14-turga kelibgina ilk bor mag‘lubiyatga uchradi. Demak, Mateshisning klub yaqin yillarda chempionlik uchun kurashishi haqida aytgan gaplari endilikda unchalik kulguli tuyulmayapti. Ha, bundesliga muxlislarining Red Bullga qarshi harakatlari hamon davom etmoqda. Umuman, turli mamlakatlarda Ditrix bilan turli usullar orqali kurashishmoqda. Deylik, qayerdadir unga qarshi norozilik sifatida maydonga qon aralash buqa boshini tashlashadi, kimlardir o‘yinlarga nisbatan «boykot» e’lon qilishadi. Ba’zida esa «Leypsig»ning ko‘p yillik muxlislari maydonni kimyoviy moddalar bilan bulg‘ab, futbol o‘ynab bo‘lmaydigan holatga keltirib qo‘yishyapti. Ammo Ditrix mutlaqo xotirjam. U aslida qo‘l ostidagi jamoalarni qayta tuzib, o‘ziga moslashtirgancha muxlislar qalbini yaralayotgani biladi. Qolaversa, aksariyat qoidalari nemis futboli aqidalariga to‘g‘ri kelmasligidan ham xabardor. Muhimi, hamma Mateshis boshidan «mag‘zava» ag‘darish bilan band bo‘layotgan bir paytda yirik transferlar emas, bolalar va o‘smirlar futboliga kuchli e’tibor qaratib, yana qandaydir rejalar tuzmoqda. Vaholanki, u agar istasa, narxi 200 million turadigan yulduzni ham bemalol sotib olishga qurbi yetadi. Eng qizig‘i, yaxshigina natijalar ko‘rsatayotgan «Leypsig»da eng yuqori yillik maosh miqdori 3 mln. yevrodan oshmaydi. Maosh siyosati natijasida tejalgan mablag‘ bolalar o‘rtasida turli turnirlar tashkillash va iste’dodlarni aniqlash ishlariga yo‘naltirilyapti. Jumladan, har yoz va kuzda «Futbol maktabi» loyihasi asosida germaniyalik 6-14 yoshli istalgan bolakay klub akademiyasida mashg‘ulot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Umuman, endilikda «RB Leypsig»ni CHLda kutmoqdalar. Negaki, miyasi turli-tuman ajabtovur g‘oyalarga boy Mateshis bu musobaqaga ham qandaydir yangilik tortiq etishi mumkin-da! Ehtimol, bu masalada unga taurin aralashmasidan tayyorlangan g‘ayrioddiy ichimlik yordam berar...?!