Iqtidorli futbolchilar yetishtirib berayotgan jamoalar haqida turkum maqolalar tayyorlaydigan Championat.com sayti bu gal e’tiborini Dortmundning «Borussiya»siga qaratdi. Ushbu klubning yulduzlar fabrikasiga aylangani hech kimga sir emas. Ayniqsa, ularning tarbiyalanuvchilari ko‘pincha «Bavariya» safidan o‘rin olishlari ham ko‘pchilikka ma’lum. Ammo dortmundliklar aynan shu masalaga yechim topish harakatidalar. Xullas, «Borussiya» D.ning bugungi kunda ishlari chakkimas, biroq bunday natijalarga erishish oson bo‘lmaganini ta’kidlash darkor. Zero bir necha yillar muqaddam jamoa juda ayanchli ahvolga tushib qolgandi.
Mablag‘ yo‘lida inqilob
2005 yilning marti «Borussiya» ishqibozlari yodiga noxush voqealar bilan muhrlangan. Bert van Marveyk klubdagi avlodlar almashuvi jarayonini samarali amalga oshira bilmadi. Yan Kollerning gollari yetarli bo‘lmayotgan, YECHL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoa mavsum yakunida umuman yevrokuboklarsiz qolgandi. Ammo eng noxush holat maydon tashqarisida kuzatildi. Klub qarzlari miqdori 100 mln. yevrodan oshib ketdi. Ehtimol, bu summa hozir g‘alati tuyular, ammo 12 yil muqaddam futboldagi narxlar butkul boshqacha bo‘lganini unutmaslik darkor. Navbatdagi mavsum uchun to‘lovlarni qoplash imkoni tobora kamaydi. Bankrotlik haqida gap-so‘zlar boshlandi. Jiddiy o‘zgarishlar payti kelgandi va klub o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ydi.
Matias Zammerga chempionlik tarkibini tuzib bergan (kredit evaziga) shaxslar - Mixael Mayer hamda Gerd Nibaum klubni tark etishdi. Yangi bosh direktor sifatida moliyachi va «Borussiya» ishqibozi Xans-Yoakim Vatske tanishtirildi, prezidentlikka Raynxard Rauball tayinlandi.
Asosiy e’tibor iqtisod qilishga qaratildi: ayrim o‘yinchilar tekinga qo‘yib yuborildi, ba’zilarning maoshi qisqartirildi. Avvalroq stadion sotib yuborildi... O‘sha pallada klub bankrotlikdan qutqarib qolindi, ammo uning kelajagi hamon xavf ostida edi: hamma pul qarzlardan qutulishga sarflandi. Yangi rahbariyat moliyaviy barqarorlikni ta’minlash asosiy vazifa ekanini bildirdi va shu tariqa natijalar vaqtincha ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Van Marveyk, Yurgen Ryobber, Tomas Doll. Zammer ketganidan so‘ng o‘tgan to‘rt yil ichida klub bundesligada 7-pog‘onadan yuqoriga ko‘tarilmadi. Transfer siyosati hamon muayyan prinsipga asoslangandi - «boshqalarga kerak bo‘lmaganlarni sotib olish». O‘sha pallada Morgan Stanley banki yordamida asta-sekin qarzlar ham yopildi. Bir yil o‘tib «Borussiya» mutasaddilari stadion sotib olishdi. Nihoyat, futbol haqida o‘ylaydigan palla yetib kelayotgandi.
Kelajakka Klopp bilan
Vatske sport direktori Mixael Sork va moliyaviy masalalarga mas’ul Tomas Tresh bilan maslahatlashgach, tavakkalga asoslangan qimmatbaho transferlar siyosatiga qaytmaslikka qaror qildi. Boz ustiga, banklardagi inqiroz endigina murakkab vaziyatdan chiqqan loyiha aksiyalariga salbiy ta’sir o‘tkazgandi. Xullas, ixtiyoridagi imkoniyatlar bilan yuqori cho‘qqilarni zabt etib, shu maromni ushlab turishga qodir murabbiyga ehtiyoj tug‘ildi. Tanlov Yurgen Klopp nomzodida to‘xtadi: ushbu mutaxassis «Mayns»ni klub tarixida ilk bor bundesligaga olib chiqib, keyingi ikki yil mobaynida elitadagi o‘rnini saqlab qoldi. Hattoki, bir marta yevrokuboklarda qatnashishga ham erishdi.
Kloppga aralash tarkib nasib etdi. Himoyada faxriy Dede, hujumda Aleksandr Fray va klub afsonaligiga da’vogar rolida Sebastyan Kel. Jamoa u qadar qimmat bo‘lmagan o‘yinchilar hisobiga kuchaytirildi: Patrik Ovomoyela, Muhammad Zidan hamda Felipe Santana - bu uchovlonga 7 mln. yevroga yetmagan mablag‘ sarflandi. Yana 4 mln. yevro «Mayns» himoyachisi, Kloppning o‘yin tizimiga mos tushuvchi futbolchi Neven Subotichning transferiga ajratildi.
Roman Vaydenfeller va Yakub Blashikovski asosiy tarkibga qaytarildi, o‘rinbosarlar safidan Marsel Shmelser chiqib keldi. Avvalroq Nuri Shahin xuddi shunday sharafga munosib ko‘rilgandi. Ammo bu ham Klopp jamoasining so‘nggi so‘z emasdi, chunki yoshi o‘tgan legionerlar soni hamon ko‘p edi. Shunga qaramay, yo‘nalish aniqlab olingandi.
Iste’dodlarni quyidan qidirish
«Karslrue», «Mayns», «Energi», «Nyurnberg» - bundesliga hamda quyi diviziondagi jamoalar skautlar kuzatuvida bo‘lishdi. Boshqa nemis klublari bilan solishtirilganda, dortmundliklarning so‘nggi 10 yillikdagi xaridini «kuchsizlar safidagi eng yaxshilarni olish», deb nomlash mumkin edi. Elitani tark etgan «Gerta»dan Lukash Pishek xarid qilindi, ikkinchi ligadan Sven Bender keldi. «Nyunberg»dan Ilkay Gyundogan tanlandi. Bu trio uchun 7 mln. yevro to‘landi. 2015 yil yozida «Myunxen-1860»dan 2 mln. yevro evaziga Yulian Vaygl sotib olindi.
O‘z o‘rnida, istisnolar ham kuzatildi: klub tarbiyalanuvchisi Marko Roysning Myonxengladbaxdan qaytarilishi 17 mln. yevroga tushgan bo‘lsa, «Bavariya»dan Mats Xummels chaqirildi. Qanchalik g‘alati eshitilmasin, o‘sha kezlari mahoratli himoyachi Germaniya grandiga kerak bo‘lmay qolgandi. Yana bir qiziq holat Kevin Grosskroys bilan ro‘y berdi: yoshlar jamoasi safida bir yil to‘p surgan futbolchi o‘zidan yorqin taassurot qoldirmagach, «Rot-Vayss»ga yo‘l oldi. Keyingi olti yilni kichik provinsiya klubida o‘tkazib, yuksak cho‘qqilarni zabt etishi mumkinligiga ishondi. So‘ngra jonajon shahriga qaytdi.
«Borussiya» Germaniya o‘rtamiyonalari va autsayderlaridan tashqari, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi nisbatan kuchsizroq turnirlarga e’tibor qaratdi. Polshadan Blashikovski va Levandovski olib kelindi, Belgiyada Ivan Perishich topildi. Shinji Kagava haqida alohida gapirish lozim. Uni bir nechta Yevropa klublari kuzatishayotgandi, biroq dortmundliklar tavakkalga qo‘l urishdi va yarim himoyachi Yaponiya oliy divizionidagi debyutidan yarim yil o‘tib, «Borussiya» bilan og‘zaki kelishuvga erishdi. Olti oydan so‘ng esa Germaniyaga keldi.
Tarbiyalanuvchilar
2005 yil - Nuri Shahinning debyuti. Keyinroq ijara asosida boshqa klubga o‘tgan futbolchini «Borussiya» kuzatishda davom etdi. Iste’dodli yarim himoyachi 2008|2009 yilgi Klopp jamoasida asosiy figuralardan biriga aylandi.
2008 yil - Marsel Shmelserning debyuti. U Kloppning ilk mavsumida Dedening o‘rnini egallab, keyingi yili asosiy tarkibda muntazam to‘p surdi.
2010 yil - Mario Gyotsening debyuti. Aniqrog‘i, bu voqea avvalroq ro‘y bergandi, biroq 18 yoshli yigitcha 2010 yildan e’tiboran jamoada muhim rol o‘ynay boshladi. «Borussiya»ga oltin medallarni taqdim etgan 2010|2011 yillar mavsumida Gyotse 33ta bahsda maydonga tushdi.
2013 yil - Erik Durmning debyuti. Bu futbolchi «Borussiya» tarbiyalanuvchisi emas, ammo 18 yoshida «Mayns»dagi ajoyib o‘yinlaridan so‘ng, dortmundliklar uni xarid qilib, ikkinchi jamoa safiga joylashtirishdi. Keyinchalik asosiy tarkib a’zosiga aylanib, muvaffaqiyatli mavsumni o‘tkazdi va shu tariqa jahon chempionatiga yo‘l oldi.
2015 yil - Kristian Pulishich va Feliks Passlakning debyuti. Feliks hozircha navbatchi futbolchi vazifasini bajarayotgan bo‘lsa, Kristian 19 yoshida Germaniya chempionati kashfiyotiga aylandi.
Mazkur ro‘yxatda faqat klubda muhim rollarni o‘ynagan futbolchilar nomi keltirib o‘tildi. Shunisi aniqki, so‘nggi 11 yil mobaynida deyarli har bir mavsumda «Borussiya-2»dan kamida bir futbolchi asosiy tarkibga jalb etildi.
Muvozanat tiklandi
Yoaxim Vatske Mario Gyotse «Bavariya»ga o‘tgach, Myunxen klubi rahbariyatini o‘yinchi bilan kelishuv chog‘i noto‘g‘ri munosabatda bo‘lganlikda aybladi. Levandovski tekinga qo‘yib yuborildi, Mats Xummels uyi (Myunxen)ga qaytdi va shu tariqa «Borussiya» o‘z yetakchilarini chempionat bosh jamoasi, umuman, barcha kuchli klublar e’tiboridan himoya qilolmayotgandek tasavvur uyg‘ondi.
Muntazam ravishda asosiy o‘yinchilarning yo‘qotilishi rahbariyatni har qanday futbolchining yo‘qligini bildirmaydigan jamoa tuzishga undadi. Shahin, Kagava, Gyundogan va boshqa yulduzlar ketgach, ularning o‘rni tezda to‘ldirildi, yangi futbolchilarning moslashish jarayoni ham ko‘p muddat talab etmadi. Klub tayyor o‘yinchilarni sotib olmaydi, asosiy e’tibor yoshlarga qaratiladi. Albatta, shuhrat qozonib ulgurgan Genrix Mxitaryan bundan mustasno, ammo armanistonlik yarim himoyachi Dortmundga kelganida 24 yosh edi. Shunday ekan, uning sotib olinishi ham kelajakka umid ko‘zi bilan qarashga undardi.
2008 yili jamoaga Yurgen Klopp kelganidan so‘ng «Borussiya» transferlar bo‘yicha faqat bir marta «minus» ko‘rsatkich qayd etdi. 2014 yili Kagava hamda Shahin ortga qaytarildi, asosiy summa esa Chiro Immobilega sarflandi. Hattoki, 2016 yil yozida yosh iqtidorlar uchun 120 mln. to‘langan bo‘lsada, ushbu xarajatlar ham qisman qoplandi: 110 mln.lik o‘yinchilar boshqa klublarga sotildi.
Klub transferlardan pul ishlashni o‘rganmoqda. Bu asosan o‘yinlar paytida katta foyda ko‘rishga odatlangan dortmundliklar uchun yangi faoliyat turiga aylandi, biroq yetakchilar ko‘pincha arzon narxda boshqa klubga o‘tib ketishardi. Masalan, Shahin hamda Kagavani olaylik (10 va 16 mln. yevro), Levandovski esa umuman, «Bavariya»ga tekinga tushdi. Endi bularning bari ortda qoldi. 5 mln. yevroga xarid qilingan Gyundogan 27 mln. evaziga Manchesterga yo‘l oldi. «Borussiya» uchun rekord summa - 27 mln.ga sotib olingan Genrix Mxitaryan uch yildan so‘ng 42 mln. evaziga qo‘yib yuborildi.
Ayni payt yozda klubni tark etishga birgina asosiy nomzod bor - Pyer-Emerik Obameyang. Vatske bu futbolchi bilan bog‘liq vaziyatda shunday dedi: «Ha, bizda shayx yoki oligarx yo‘q, ammo mablag‘imiz yetarli. Pulga ehtiyoj sezmayapmiz va Obameyangni sotishni istamaymiz».
Joriy mavsum «Borussiya»ga barqarorlik yetishmayapti - jamoa juda yosh. Ammo ushbu futbolchilar bilan yil sayin potensialni oshirib borish imkoniyati mavjud. Dortmund jamoasi xuddi Fransiyaning «Monako» klubi singari moliyaviy tomondan mustahkamlikni ta’minlagan, yetakchilarning ketishi esa iqtisodiy strategiya («Portu»dagi kabi) emas, balki obro‘ va odat masalasi («Monako»dagi kabi)ga aylangan.
Shahin, Kagava hamda Gyotsening boshqa jamoaga moslasha olmay, Dortmundga qaytishlari boshqa futbolchilarni ketishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishga undashi aniq.