Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

G‘ulomhaydar G‘ULOMOV: «Menimcha, kutilmagan natijalar mavsum so‘ngigacha bo‘ladi»

G‘ulomhaydar G‘ULOMOV: «Menimcha, kutilmagan natijalar mavsum so‘ngigacha bo‘ladi»

Baho:
+ | -

"Interfutbol" nashri «Olmaliq» yetakchilaridan biri G‘ulomhaydar G‘ulomovdan intervyu oldi.

- G‘ulomhaydar, chempionatning «Mash’al»ga qarshi kechgan 10-tur o‘yinida durang qayd etildi. Uchrashuv natijaga mos bo‘ldimi?

- Aslida, mazkur bahs soat 18:30da boshlanishi kerak edi. Ba’zi bir sabablarga ko‘ra, u yarim soat oldinga ko‘chirildi.

- Bu qaror o‘yinga ta’sir o‘tkazdi, deb o‘ylaysizmi?

- Uchrashuv ikkala jamoa uchun ham qiyin o‘tdi. Issiq havoda o‘ynashga to‘g‘ri keldi. qashqadaryo mamlakatimizning janubiy viloyati hisoblanadi. Tabiiyki, harorat boshqa hududlarga qaraganda birmuncha yuqoriroq bo‘ladi. Uchrashuvni boshqarib borgan FIFA referisi Ravshan Ermatov mavjud holatni to‘g‘ri baholab, birinchi bo‘limning taxminan 25-daqiqasida kichik tanaffus e’lon qildi. Futbolchilar tomoqlarini ho‘llab olishganidan so‘ng o‘yin davom ettirildi.

- Safarda durangga erishdinglar. Bu sizlar uchun ijobiy natijami?

- Biz g‘alaba ilinjida to‘p surdik. O‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Ikkinchi bo‘limda «Mash’al» ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Har holda mezbon jamoa, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Hattoki, darvozamiz tomon penalti ham belgilandi. Baxtimizga o‘sha vaziyat golga aylanmadi. Albatta, bizda ham raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun yetarlicha vaziyatlar yuzaga keltirildi. Afsuski, ulardan unumli foydalana bilmadik. Shunga qaramay, natija bizni qoniqtirdi. Har qanday holatda ham mehmonda qo‘lga kiritilgan ochkoning qiymati yuqori bo‘ladi. Nolishga yo‘ymangu, biz Muborakka faqat g‘alaba qozonish maqsadida borgandik.

- Penalti golga aylanganida, sizlar uchun ochko olish vazifasi yanada qiyinlashardi. Shu jihatdan olib qaraganda, balki bir ochko ham yaxshidir?

- Bu - futbol. Ayrim jamoalar aynan darvozalaridan to‘p o‘tkazib yuborishganidan so‘ng o‘yinni kuchaytirishadi. O‘sha gol jamoaga ijobiy ta’sir qilishi ham mumkin. Shu bois, bu borada bir narsa deya olmayman.

- Nihoyat, «Olmaliq» o‘z o‘yinini topib olgan ko‘rinadi, shundaymi?

- Hali 100 foiz emas. Lekin o‘yindan-o‘yinga o‘sish kuzatilmoqda. Buni qayd etayotgan natijalarimiz ham ko‘rsatib turibdi. Sekin-asta uslubimizni shakllantirib boryapmiz. Yana ko‘proq ishlab, 100 foizlik  ko‘rsatkichni ta’minlay olsak, O‘zbekistonning yetakchi jamoalari safiga qo‘shilamiz.

- Jamoaning o‘yini dastlabki turlarda biroz qovushmadi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi. Bu holatni qanday izohlaysiz? Sizningcha, «Olmaliq»qa nima yetishmadi?

- To‘g‘ri aytasiz. Haqiqatan ham o‘z o‘yinimizni topib olish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Mavsumga tayyorgarlikning asosiy qismi xorijda o‘tkazildi. Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini chog‘ida xorij klublariga qarshi nazorat uchrashuvlari tashkil etildi. Lekin mamlakatimiz jamoalarining o‘yin uslubi umuman o‘zgacha. Shu boisdan bo‘lsa kerak, ilk turlarda bu narsa bizga pand berdi. E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, jismoniy jihatdan hech bir jamoaga yutqazmadik. Har qanday yangitdan shakllanayotgan jamoa uchun ma’lum vaqt kerak. Umid qilamanki, endi hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Bosh murabbiyning o‘yin uslubi, taktikasi nimaga asoslangan? Umuman, Viktor Balyutovich haqida qanday fikrdasiz?

- Bir so‘z bilan aytganda, jamoamizda yevropacha uslub shakllanyapti. Viktor Kumikov tezkor futbol tarafdori. Hujumni xush ko‘radi, lekin shuning barobarida himoyani ham unutmaydi. Birinchi navbatda, darvozamiz daxlsizligini saqlashga e’tibor qaratadi. Gol urish uchun esa hamisha fursat hamda imkoniyat topiladi. Faqat undan maksimal darajada foydalanish kerak, xolos.

- Ochig‘i, futbolchilarimiz tezkor futbolda biroz oqsashadi. «Olmaliq» vakillari misolida olsak, bu taktikaga moslashish qiyin kechmayaptimi?

- O‘rgansa bo‘ladi. Odamlar fil, ayiq va boshqa yovvoyi hayvonlarni nafaqat qo‘lga o‘rgatishyapti, balki har xil tryuklarni bajarishga majbur qilishyapti. Inson ongli va shu bilan birga oliy mavjudot-ku! Biz ham murabbiyning ko‘rsatmalarini bekamu ko‘st bajarishga intilyapmiz. To‘g‘ri, boshlanishiga oson bo‘lmadi, tushunish qiyinroq kechdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ko‘nikib ketdik. g‘alaba va uning ortidan qo‘lga kiritilgan ochkolardan so‘ng murabbiyning taktikasi futbolchilarga ma’qul kela boshladi. Kamchilik hammada bo‘lgan va bundan keyin ham saqlanib qoladi. Xato qilmaydigan insonning o‘zi yo‘q. Faqat bundan o‘z vaqtida xulosa chiqarib, xatolarni takrorlamaslikka intilish lozim. Biz futbolchilar o‘zimizda bor kamchiliklarni bartaraf etishga astoydil urinyapmiz. Umuman olganda, Viktor Balyutovich hamma bilan birdek chiqishib ketdi. Juda yaxshi ishlayapti. Xohlagan vaqtingizda savollaringizga erinmay javob beradi. Biror narsa so‘rasangiz, bundan xursand ham bo‘ladi. To‘g‘ri maslahat berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga intiladi. Muloqot uchun hammaga ochiq.

- Oldinda sizlarni poytaxt viloyati derbisidan o‘rin olgan uchrashuv kutib turibdi. Mavsumni biroz kutilmaganda omadsiz o‘tkazayotgan «Metallurg» haqida fikringiz qanday?

- «Metallurg» bir necha yildan beri tarkibi deyarli o‘zgarmay kelayotgan oliy ligamizdagi kamsonli jamoalardan biri hisoblanadi. Bu yil ham shunday holat kuzatildi. Futbolchilar bir-birlarini tushunib harakat qilishadi. O‘tgan yillarda qayd etilgan ijobiy natijalar ham ana shu hamjihatlikning samarasi. Albatta, kuchli jamoalarda ham pasayish kuzatiladi. Bunga Yevropaning ko‘zga ko‘ringan klublari misol bo‘lishi mumkin. Menimcha, «Metallurg» futbolchilariga omad yetishmayapti. Hammada shunday vaziyat bo‘ladi. Hali Bekobod jamoasi o‘z o‘yinini topib oladi. Shaxsan men bunga ishonaman. Chunki jamoa tarkibida tajribali futbolchilar bisyor.

- «Metallurg»ning omadsizligidan foydalanib qolishga harakat qilasizlarmi?

- Futbolda oldindan bir nima deyish qiyin. O‘yinga kim to‘g‘ri tayyorgarlik bilan yetib kelsa, o‘sha jamoa g‘alabaga yoki o‘zi uchun ijobiy natijaga erishadi. Uchrashuv mobaynida kamroq xato qilganlar ko‘chasida bayram bo‘ladi. O‘ylaymizki, muvaffaqiyatli seriyani davom ettirib, muxlislarimizni xushnud etishga intilamiz.

- Bu yilgi chempionatimiz bahslari avvalgilaridan farq qilyapti. Turnir jadvaliga e’tibor qaratsangiz, yetakchi jamoalar autsayderlar safida yurishibdi. Aksincha, o‘rtamiyona klublar peshqadamlar safida borishmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bu vaqtinchalik holatmikan?

- Menimcha, yo‘q. Bu yil chempionatimiz shu zayl davom etsa kerak. Kelasi mavsumda esa yetakchi klublarimiz o‘z holatlarini yaxshilab olishadi. Balki bu borada adashayotgandirman?! Lekin shaxsiy fikrim shunday.

- «Bunyodkor» va «Paxtakor» kabi grandlarning turnir jadvalida yuqoriga ko‘tarilishlariga ishonmasligingizga sabab nima?

- Boisi, hozir «Paxtakor» ham, «Bunyodkor» ham juda tushkun holatda. Bu vaziyatdan chiqib ketish oson emas. Yuqorida aytganimdek, ayni holat dunyoning kuchli klublarida ham uchrab turadi. Bundan ortiqcha fojia yasamaslik lozim. Hozir birinchi davra yakuni sari yaqinlashyapti. Shu bois, katta o‘zgarishlarni kutish ham noo‘rin bo‘lsa kerak. Grandlarda ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lgan taqdirda ham «Navbahor», «qo‘qon-1912», «Mash’al», «Olmaliq», «Dinamo» va boshqa jamoalarimiz shunchaki tomoshabin sifatida qarab turishmaydi. Ular ham o‘yinlarda ochkolar jamg‘arishda davom etishadi.

- Balki «Paxtakor» hamda «Bunyodkor» klublari rahbariyati va murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar vaziyatning ijobiy tus olishiga zamin yaratar?

- Shunday bo‘lishiga ishonaman. Lekin birdaniga cho‘qqiga sakrash qiyin kechadi. Chunki boshqa jamoalar tomosha qilib turishmaydi. Har qanday holatda ham oliy ligamizning barcha 16 klubiga qolgan o‘yinlarda omad va g‘alaba yor bo‘lishini tilayman.

- Jamoaning o‘tgan yillardagi ishtirokiga nazar solsak, «Olmaliq» stadioni muxlislar bilan deyarli to‘lardi. Joriy mavsum bu borada ijobiy fikr bildira olmaymiz...

- O‘z o‘yinimiz bilan sekin-asta muxlislarni stadionga qaytarishga harakat qilamiz. Hammasi o‘z qo‘limizda.

- G‘ulom Haydar, keling, endi biroz ortga qaytib, futboldagi ilk qadamlaringizni eslaymiz. Nima uchun boshqa sport turlarini emas, aynan futbolni tanlagansiz?

- Chilonzor tumaniga ko‘chib kelganimizda, ko‘chaga chiqib, bolalarning to‘p tepayotganini kuzatib o‘tirardim. Futbolga ilk qadamlarimni aynan mahallada qo‘yganman, desam yanglishmayman. O‘n yoshimdan millionlar o‘yini bilan jiddiy tarzda shug‘ullanishni boshlaganman. O‘sha paytlari akademiyalar bo‘lmaganligi uchun futbolga biroz kechrok kelganman. Olimpiya zaxiralari kollejiga bolalarni 7-sinfdan qabul qilishardi. Shu boismi, uydagilar menga gimnastika bilan shug‘ullanishni maslahat berishgan. Yoshligimda juda harakatchan, chaqqon va sho‘x bo‘lganman. Futbolga kirib kelishimda Ma’mur aka Yusupovning hissalari katta. U kishi mening futboldagi birinchi murabbiyim hisoblanadilar. Ma’mur aka mahallalararo musobaqalar paytida o‘yinimni ko‘rib, qaysi futbol maktabida o‘ynashim bilan qiziqqanlar. Shunchaki, havaskor ekanligimni aytganimda, o‘zlari murabbiy bo‘lib ishlayotgan BO‘SM-18ga taklif qilgandilar. Shu tariqa, millionlar o‘yini bilan professional tarzda shug‘ullana boshlaganman.

- «Paxtakor» jamoasida paydo bo‘lishingiz qanday amalga oshdi?

- Ittifoqo, BO‘SM-18 jamoasi safida Dilshod Nuraliyev murabbiylik qilayotgan «Paxtakor»ga qarshi maydonga tushganmiz. O‘sha o‘yindan keyin Dilshod aka meni «sherlar» safida ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilganlar. Harakatlarim ma’qul kelgan shekilli, tez orada jamoa safiga qo‘shilganman. Maktabni tamomlash arafasida ayrim futbolchilar o‘rinbosarlar safiga o‘tishgan, men va qolganlar esa o‘zimiz uchun boshqa klub topishimizga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda meni «Traktor»ga ijaraga berishgan va bu klub safida bir yil o‘ynaganman. Keyinchalik Semyon Mogilevskiy «Mash’al-Akademiya» jamoasiga taklif qilgan. Harakatlarim ma’qul kelgach, muborakliklar bilan 3 yillik shartnoma imzolaganman. Bu jamoa 2009 yili oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan, lekin moliyaviy muammolar sabab kuchlilar safida qatnashish nasib qilmagandi. O‘sha jamoa tarkibida Eldor Suyunov, Rabbim Hasanov, Akmal Abdurahmonov kabi futbolchilar bor edi. «Mash’al»da 2011 yil yoshlar ligasida deyarli barcha o‘yinlarda maydonga tushganman. Ammo kelasi yili murabbiylar menga ishonch bildirishmadi, chog‘i, deyarli o‘ynamadim. Shu bois, o‘zimga boshqa klub izladim va Ravshan Haydarov boshchiligidagi «qizilqum»ga ko‘rikka bordim. Yakunda bu jamoa bilan shartnoma imzoladim. Birinchi davrada Ravshan Haydarov iste’foga chiqdi, uning o‘rniga Rustam Zabirov keldi. Faoliyatim yomon kechmayotgandi, maydonga ham tushayotgandim. Birinchi davra tugagach, «qizilqum» va «Zarafshon» klublari rahbariyati almashdi, yangi futbolchilar kelishdi. Shu bois faoliyatimni yana boshqa klubda davom ettirishimga to‘g‘ri keldi. O‘sha payt oliy liganing barcha klublari ikkinchi davraga «zayavka» topshirib bo‘lishgandi. Shu sababli, birinchi liga ishtirokchisi bo‘lgan «Istiqlol» klubiga o‘tdim. Bu jamoadagi faoliyatim yodimdan chiqmaydi, deya olaman. Jamoa juda ahil, xuddi bir oiladek edi. Xuddi 3-4 yil shu klubda o‘ynagandek taassurot qoldirgandi. Keyinchalik «Sho‘rtan»ga o‘tishimga Muxtor qurbonov sababchi bo‘lgan. Bu murabbiy meni «NBU-Osiyo»da ishlab yurganidayoq chaqirgandi. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra u yerga bora olmagandim.

- Oliy ligadagi ilk o‘yiningiz va golingizni eslay olasizmi?

- Adashmasam, elitadagi debyutim 2011 yili «Metallurg»ga qarshi bahsda qayd etilgan. Ilk golimni esa 2015 yil «So‘g‘diyona» darvozasiga urganman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:47, 23.05.2017.
O'qildi: 2625 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.