Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Tohir Shamsitdinov: “Pulni vaqtida olyapmiz”

Tohir Shamsitdinov: “Pulni vaqtida olyapmiz”

Baho:
+ | -

«Navbahor» jamoasining joriy yilgi mavsumda ko‘rsatayotgan o‘yinlari muxlis-u mutaxassislarda birday ijobiy taassurot qoldiryapti.

Jamoaning o‘tgan yilgi qoniqarsiz ishtirokidan so‘ng bu yildan boshlab yana yuqori darajadagi klubga aylantirish ishlari ajoyib tarzda uddalanyapti. Biroq jamoani o‘tgan yilgi bahslarda oliy ligada jon saqlab qolish uchun imkon qadar o‘z yordamini ayamay kelgan Tohir Shamsitdinovning bu yilgi ishlari unchalik ham yurishmayapti. Boisi futbolchi «Navbahor» ishtirokidagi uchrashuvlarda maydonga juda kam tushirilyapti. Shamsitdinov so‘ngi bor 7-turda «Sho‘rtan»ga qarshi bahsda maydonga tushgandi. Nihoyat o‘tgan haftada futbolchi O‘zbekiston kubogi doirasida «Neftchi»ga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushirildi. Tajribali himoyachi bilan aynan shu va boshqa masalalar yuzasidan suhbatlashdik. (Suhbat "Neftchi"ga qarshi O‘zbekiston kubogi 1/8 final bosqichi javob bellashuvi doirasidagi o‘yindan avval uyushtirilgan)
- Suhbatimizni «Neftchi»ga qarshi kechgan dastlabki uchrashuv haqidagi fikrlaringizni bilishdan boshlasak.
- Ushbu o‘yinda albatta biz ijobiy natijani ko‘zlagan holda harakat qildik. Hamda bir qator vaziyatlarga ega bo‘ldik. Biroq o‘yinning 10-daqiqasidayoq Alisher Samatovga ko‘rsatilgan qizil kartochka o‘yinimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Ushbu vaziyatda hakam sariq kartochka ko‘rsatsa ham bo‘lardi. Boisi Samatov ilk bor qoidani buzgan holda harakat qilgandi. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak o‘sha vaziyatda sariq kartochkaning o‘zi yetarli edi. Uchrashuvning boshidayoq bir kishi kam bo‘lib qolganimizga qaramay ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik. Agarda ulardan foydalana olganimizda mazkur bahsda g‘alaba yoki kamida durang natijani qo‘lga kiritgan bo‘lardik. Lekin hali oldinda javob uchrashuvi ham bor. Nasib qilsa mazkur bahsda g‘alaba qozonib muxlislarni xursand qilgan holda keyingi bosqichga chiqish  vazifasini uddalashga harakat qilamiz.
- Ilhom Mo‘minjonov o‘yindan oldin tarkibda muayyan o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Aytaylik jamoa yetakchilarining ayrimlarini maydonga tushmaganligi mag‘lubiyatga sabab bo‘lmadimikin?
- Aslo unday deb o‘ylamayman. Boisi ushbu bahs «derbi» maqomiga ega ekanligi bilan muhim ahamiyat kasb etardi. «Derbi» esa faqat g‘alaba uchun o‘ylanadigan o‘yin. Qaysidir ma’noda maydonga zaxira futbolchilari yoki ikkinchi tarkib o‘yinchilari bilan tushish mumkin emas. Har qanday «derbi» bahsi unday o‘yinlar sirasiga kirmaydi.
- «Navbahor»ning so‘ngi turlarda qayd etayotgan natijalarida hakamlarning ham hissasi bor deb  hylaysizmi?
- To‘g‘risini aytganda maydondagi futbolchilarning hakamlar qabul qilgan qarorlar yuzasidan fikr yuritishga aqli yetadi. Biroq hakamning ishiga aralashish, ularni muhokama qilishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Bilamizki hakamlar qaror qabul qilib bo‘lgandan keyin baribir uni o‘zgartirishmaydi va o‘z qarorlarini to‘g‘ri deb baholashadi.
- Hakamlarning jamoa zarariga chiqarayotgan qarorlarida futbolchilarning agressiv harakatlariga sabab bo‘lmayaptimikin?
- Yo‘q, unday deb o‘ylamayman. Ochig‘ini aytganda jamoaning deyarli barcha o‘yinchilari agressiv o‘yin ko‘rsatishga moyil futbolchilar. Endi agressiv harakat deganda faqat salbiy harakatlarni tushinish noto‘g‘ri. Sababi bunday jihatga ega futbolchilar jamoaning boshqa o‘yinchilariga ruhiy dalda berib ularni oldinga undashda asqotishadi. Bu holat jamoaning zarariga ishlayapti deyish noto‘g‘ri.
- So‘nggi o‘yinlarda kuzatilayotgan noxush hodisalar futbolchilarning ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazib qo‘ymayaptimi? Umuman olganda bugungi kunga kelib jamoadagi ichki muhit qay darajada?
- Jamoadagi ichki muhit a’lo darajada. Albatta muhitning ijobiyligidan jamoa yaxshi saviyadagi o‘yinlarni ko‘rsatib kelyapti. Ruhiyat masalasiga keladigan bo‘lsak, bosh murabbiy futbolchilarni o‘yindan-o‘yinga qadar munosib tarzda tayorlab kelyapti.
- Jamoa bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovning klubda olib borayotgan ishlari Sizda qanday taassurot qoldiryapti?
- Ma’lumki har bir murabbiyning o‘zining ish yuritish uslubi bo‘ladi. Barcha murabbiylar futbolga bo‘lgan qarashi va fikrlari orqali ish yuritishadi. Jumladan Ilhom Mo‘minjonov ham yaxshi malakaga ega murabbiy ekanligini isbotlab bera olyapti. Uning jamoada olib borayotgan islohotlari yaxshi samara keltiryapti.
- Tohir aka, oliy liga bahslari doirasidagi uchrashuvlarning 7-turida Namanganda «Sho‘rtan»ga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushganingizcha Sizni keyingi tur uchrashuvlarida qaytib maydonda uchratmadik. Bu nima bog‘liq?
- Hozirda menda jarohat yoki maydonga tushishimga halaqit beradigan hech qanday jihat mavjud emas. Yuqorida ta’kidlaganimdek har bir murabbiy o‘yinga o‘z qarashlari va taktikasi asosida reja tuzadi. Ehtimol men murabbiyning taktikasiga mos kelmayotgandirman. Umuman olganda esa bu haqda aniq ma’lumot bera olmayman.
- Bosh murabbiy bilan mazkur masala yuzasidan suhbatlashib ko‘rmadingizmi?
- Ochig‘ini aytganda bu borada Ilhom Mo‘minjonov bilan suhbatlashmadim. Lekin bosh murabbiy bilan o‘rtamizdagi munosabat yaxshi, hech qanday tushunmovchilik yoki xafagarchilik yuzaga kelmagan. Bunday vaziyatda mendan faqat mashg‘ulotlarda o‘zimni ko‘rsatish hamda menga beriladigan imkoniyatni kutish talab etiladi.
- Ko‘ryapmizki «Navbahor» jamoasining eng kuchli chizig‘i bu - himoya. Sizningcha ham shundaymi?
- Albatta. Chunki hozirda jamoa tarkibida sakkiz nafar himoyachi mavjud. Har bir nuqtaga ikkitadan o‘yinchi to‘g‘ri keladi. Shu tufayli jamoada juda katta raqobat yuzaga kelgan. Buning natijasida esa kam gol o‘tkazilyapti. E’tibor bergan bo‘lsangiz so‘nggi turlarga qadar oliy ligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoalar qatorida borayotgandik.
- «Navbahor»ning oliy ligadagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Agarda jamoa keyingi o‘yinlarni ham hozirgidan kam bo‘lmagan natijalar bilan davom ettirsa, muhim va kerakli ochkolarni qo‘lga kirita olsa, yakunda sovrindorlar qatoridan joy egallashi mumukin. Shaxsan jamoa bunga haqli deb hisoblayman.
- Biz bilamizki, «Navbahor» jamoasining avvalgi mavqeini tiklash maqsadida oldingi yillarda ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Biroq yakuniga yetkazilmagan sa’y-harakatlar oqibatida jamoaning natijalari o‘zgarishsiz qolib ketayotgan edi. Bu yili «Navbahor» mavsum so‘ngiga qadar hozirgiday muvafaqqiyatli ishtirok etishi qay darajada ishonarli?
- Albatta jamoa tarkibini saqlab qolish bu rahbariyatga bog‘liq masala. Agarda rahbarlar jamoaga ikkinchi davrada ham xuddi hozirgiday e’tibor qaratib, yetarli shart-sharoitlarni yaratib bera olishsa, jamoa bemalol sovrindorlar qatoridan joy egallaydi. Masalan hozirda rahbariyat tomonidan futbolchilarga yuqori darajada imkoniyat va sharoitlar yaratib berilayapti. Moliyaviy masalalar ham o‘z vaqtida amalga oshirilyapti. Demoqchimanki, hammasi xuddi shunday davom etadigan bo‘lsa, jamoa oliy liga bahslarini kuchli uchlikda yakunlashini kutsa bo‘ladi.
- Bu yilgi oliy ligasi saviyasi haqidagi fikrlaringiz.
- Ko‘rinib turibdiki bu yilgi oliy liga saviyasi avvalgi yillarga qaraganda anchayin oshdi. Elitada e’tiborga molik o‘zgarishlar yuz berdi. Mavsum boshida turnir jadvali kuchli to‘rtligida kutilmagan holatlar yuzaga keldi. Xususan dastlab «Dinamo» jamoasi turnir peshqadamligini qo‘lga oldi, keyin esa «Qo‘qon-1912» jamoasi o‘zini ko‘rsatdi. qolaversa «Navbahor» kuchli to‘rttalikdan tushmay keldi. Qisqasini ayganda, bu yilgi uchrashuvlar o‘ziga xos qiziqarli ruhda htyapti. Deyarli barcha jamoalarimiz bir xil kuchga ega. Buning natijasida esa har bir jamoa maydonga faqat g‘alabani ko‘zlagan holda maydonga tushyapti. Fikrimni bevosita asosini esa jamoalarning turnir jadvalida anchayin zich joylashgani isbotlaydi.
- O‘zbek futbolining yanada saviyali ravnaq topishida ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerak deb o‘ylaysiz?
- Birinchi navbatda bolalar futboliga katta e’tibor qaratish kerak. Qolaversa oliy ligadagi professional jamoalar sonini ko‘paytirish va yuqori saviyadagi legionerlarni jalb qilish orqali oliy ligani kuchaytirish kerak. Chunki bilamizki chempionatni kuchaytirmasdan turib hech qanday o‘sishga erishib bo‘lmaydi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Menimcha barchasi o‘z qo‘limizda. Agarda jamoamiz o‘z o‘yinini namoyish etib kerakli ochkolarni qo‘lga kirita olsa, bemalol jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddalay oladi. Mana masalan terma jamoamizni yaqinda Eronga qarshi bahs kutib turibdi. Agarda mazkur uchrashuvda yigitlarimiz g‘alabani qo‘lga kirita olishsa imkoniyatlarimiz yanada ortadi. Aksincha, mag‘lubiyatga uchraladigan bo‘lsa jamoamiz anchayin qiyin vaziyatga tushib qoladi. Shu o‘rnida ushbu uchrashuvda vakillarimizga omad tilab qolaman.
- Bugungi kunda o‘zbek futbolida to‘purar hujumchilar muammosi bo‘y ko‘rsatmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, jamoalarimizda hujumchilar bilan alohida ish olib boradigan murabbiy kerakmikin?
- Albatta kerak, lekin bu ishni bolalar futbolida amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘ylashimcha, yosh hujumchilar ruhiyatiga murabbiylar tomonidan professional hujumchilar sifatlari singdirilsa bu kelajakda o‘z samarasini beradi. Masalan men «Paxtakor» akademiyasida voyaga yetgan bo‘lsam, mazkur akademiyada murabbiylar barcha yosh futbolchilar bilan alohida shug‘ullanib, ularga kerakli maslahatlarini bergan holda mahoratli futbolchilarni yetishtirib chiqarishadi.
- «Paxtakor» haqida so‘z ochdingiz. Jamoaning bu yilgi salbiy natijalari nima bilan bog‘liq?
- «Paxtakor» jamoasida so‘nggi ikki uch yil ichida avlodlar almashinuvi yuz beryapti. Jamoa asosan o‘z tarbiyalanuvchilariga imkoniyat yaratib, ularni malakali futbolchi qilib yetishtirish maqsadida faqat yoshlarga tayangan holda o‘yin olib boryapti. Bu esa natijalarning bir oz pasayishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Ammo, kelajakda ushbu futbolchilar mahoratlarini namoyish etib jamoa uchun ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishadi deb o‘ylayman.
- Maroqli suhbatingiz uchun rahmat. Keyingi ishlaringizda muvafaqqiyatlar tilab qolamiz.
- Rahmat.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 17:49, 05.06.2017.
O'qildi: 3751 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.