Konfederasiyalar kubogi turniri rossiyalik futbol muxlislariga bir qator taniqli yulduzlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.
Jumladan, ruslar Meksika terma jamoasi faxriy himoyachisi Rafael Markes o‘yinlaridan yana bir bora bahra olishdi - bu safar jonli tarzda. Uzoq vaqt davomida «Barselona» sharafini munosib himoya qilib, yevrofutbolda yorqin iz qoldirgan 38 yoshli Rafa musobaqaga eng sara yulduzlardan biri sifatida tashrif buyurdi.
Garchi u barcha uchrashuvlarda to‘liq vaqt to‘p surmagan bo‘lsada, ishonchli harakatlari bilan muxlislar hurmatini qozondi.
«SE» nashrining meksikalik murabbiy va kasbdoshlarimiz tomonidan berilgan fakt-ma’lumotlar asosida tayyorlagan maqolasi o‘quvchilarimizda Markes haqida to‘liqroq tasavvur hosil qilsa, ajabmas.
№ 1. 16 yoshida terma jamoadan taklif olgan
- O, Rafaelmi? Uni 1995 yildan buyon yaxshi bilaman,-deya xotirlaydi «asteklar» terma jamoasi sobiq a’zosi, hozirda TVda eskpert vazifasini bajarayotgan Karlos de Los Kobos. - O‘shanda men 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tuzilgan terma jamoani boshqarardim. O‘rtoqlik uchrashuvlarida kuch sinashish uchun J.Koreyaga yo‘l olish arafasida Markesni ham tarkibda qo‘shdim. E’tibor bering, 16 yoshli yigitchani! To‘g‘ri, afsuski, Osiyoda unga o‘ynash imkoniyatini taqdim etolmadim - vaziyat tug‘ilmadi. Eh, yosh yigitchaning mendan qanchalik ranjigani hamon yodimda. Ochig‘i, o‘shanda yosh futbolchini baquvvat raqiblar mayib qilib qo‘yishlari mumkinligidan cho‘chigandim. Axir ular Rafaeldan kamida 4-5 yosh katta edilar-da. Alohida aytishim joiz, Markes o‘sha paytdayoq noyob iqtidori bilan ajralib turardi. Mana, oxir-oqibat, Meksika futbolining eng yorqin yulduzlari qatoridan joy oldi. Eng muhimi esa ajoyib inson bo‘lib yetishdi.
№ 2. Jonajon klubini sotib olishga uringan
- Rafael ilk marta Gvadalaxaraning «Atlas» jamoasida ko‘rinish bergandi,- deydi TV Azteca vakili Enrike Garsiya. - Ushbu kamtarin jamoa atigi bir marta, 1950|1951 yillar mavsumida chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan. Markes ilk klubini shu qadar yaxshi ko‘radiki, Yevropadagi faoliyati gullagan vaqtlar ham qachondir uning safiga qaytishini ta’kidlashdan charchamasdi. U nihoyat, 2016 yili Yevropa va MLSdagi uzoq yillik samarali faoliyatidan so‘ng jonajon vataniga qaytdi. Avvaliga «Leon» safida 2 mavsum to‘p surgach, keyin o‘z va’dasiga muvofiq, qadrdon jamoasi safidan joy oldi.
EL Mexicano gazetasi muxbiri Manuel Medina futbolchining «Atlas»ni sotib olishga uringani haqida shunday deydi: «E’tiborlisi, uning asosiy maqsadi - klubni shohsupaga olib chiqish. Aslida Rafael jamoani to‘liq o‘z tasarrufiga olishni istagandi. Buning uchun qo‘shimcha homiylar ham topib qo‘ygandi. Afsuski, uzoq davom etgan muzokaralardan biror samara chiqmadi. Chunki jamoaning avvalgi sohiblari Markesning niyati jiddiyligini ko‘rib, narxni sun’iy ravishda oshirib yuborishdi. Vaholanki, 66 yildan buyon chempionlikdan chetda qolayotgan «Atlas» muammolar girdobida edi. Rafael shunday jamoani inqiroz botqog‘idan olib chiqishni rejalashtirdi va bu borada ayrim amaliy harakatlarni ham boshladi. Buning boisi shuki, u «Barselona» va «Leon» klublari bilan yetarlicha nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Ammo jonajon klubida hech narsaga erisholmagandi. Qarangki, bahosi haddan tashqari oshirib yuborilgani bois, jamoani sotib ololmagan Markes unga futbolchi sifatida yordam berishga bel bog‘ladi. Bu mardlik va jonkuyarlik nishonasidir».
№ 3. Darg‘azab muxlislar bilan uchrashishdan cho‘chimagan
- Markes taxminan bir yilcha muqaddam ishlari yurishmayotgan jamoasini himoya qilish uchun isyonkor muxlislar bilan muloqotga kirishdi. Zero, fanatlar omadsizlikda futbolchi va murabbiylarni ayblab, ularni o‘zlaricha jazolash haqida o‘ylagandilar. Rafa ana shunday keskin vaziyatda alamzada muxlislar oldiga yolg‘iz o‘zi chiqishdan cho‘chimadi. Tabiiyki, u mojaroli suhbat chog‘i jamoadoshlari va murabbiylarni himoya qildi. Ya’ni klub vaziyatni o‘nglash uchun bor imkoniyatlarni ishga solayotganini tushuntirdi,-deya davom etadi Medina. - Umuman, Markes hech qachon o‘zini muxlislardan olib qochmaydi va doimo bor haqiqatni ochiq-oydin gapirishga odatlangan. Boshqacha aytsak, har qanday holatda chinakam sardorga xos ish tutadi. Muxlislarga kelsak, o‘sha muloqotdan so‘ng ularning «Atlas»ga muhabbatlari yanada ortdi, chamamda. Demakki, Markes yetarli ta’sir kuchiga ega. Axir tig‘iz pallada «dahanaki jang» orqali bo‘lsada, fanatlar fikrini o‘zgartirgani nimadandir dalolat.
№ 4. O‘ta jiddiy, lekin mehribon
- Tabiiyki, Markesdan juda ko‘p intervyu olganman,-deya xotirlaydi Medina. - U o‘ta jiddiy va vazmin yigit. Deylik, qanday savol bilan murojaat qilmang, barchasiga aniq-lo‘nda javob qaytaradi. Bunday tabiati «Barselona»da shakllangan bo‘lsa, ajabmas. Chunonchi, Rafa yoshligida bu qadar jiddiy emasdi. O‘zi jiddiylik biz - meksikaliklarga uncha xos bo‘lmagan xislat hisoblanadi. Zero, doimo hazillashish va chaqchaqlashishga moyilmiz. Shuni e’tiborga olib, Rafani Meksikadagi eng sovuqqon kishilardan biri sifatida ta’riflasam, xato bo‘lmaydi. U yana o‘ta cho‘rtkesar yigit. Ochig‘i, menga aynan shunday muomala yoqadi. Muxbir uchun nima muhim? Suhbatdoshidan o‘z savoliga kerakli va aniq javob olish. Markes mojaroga sabab bo‘ladigan qandaydir fikrlarni ro‘y-rost aytishi mumkinmi? Albatta, u haqiqat oldida ro‘yxotirlikni bir chetga surib qo‘yadi. Deylik, Meksika futbol federasiyasi va o‘yinchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan kezlari jamoa sardori sifatida sheriklari manfaatlarini himoya qiladi. Aynan shunday vaziyatda ayrim fikrlari keskin yangrashi va mojaro kelib chiqishi mumkin. Markesning janjalkashdek ko‘rinishi boisi shu. Aslida u samimiy va mehribon yigit. Misol uchun, shaxsiy mablag‘idan xayriya jamg‘armasi ochdi va uning vositasida turli muammolarga yo‘liqqan bolakaylarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Aniqrog‘i, ularni sog‘lomlashtirish, oziq-ovqat bilan ta’minlash ishlariga hissa qo‘shmoqda, tahsil olishlari va sport bilan shug‘ullanishlariga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
№ 5. Mashhurlik bobida 4-raqamli futbolchi
- Markes ayniqsa, «Monako» va «Barselona»dagi muvaffaqiyatli faoliyati natijasida Meksikada bemisl obro‘ orttirdi. Fakt shuki, Ugo Sanches davridan keyin yangi yulduzlar avlodi yurishini aynan u boshlab berdi. Ehtimol, hozirda Xavyer Ernandes mashhurlik bobida biroz o‘zib ketgandir. Harqalay, Chicharito hali ancha yosh, Rafa esa faoliyatini yakunlash arafasida turibdi. Shaxsan men Markesni Meksika futboli tarixidagi eng sara yulduzlar ro‘yxatida Ugo Sanches, Xorxe Kampos va Antonio Karvaxaldan keyin 4-o‘ringa qo‘yaman,-deydi EL Mexicano jurnalisti.
№ 6. Rossiya mundialida ishtirok etishi shart
- Oxirgi mavsumga qarasak, Markes «Atlas» tarkibida muntazam maydonga tushmadi. Shunday ekan, terma jamoadagi kelajagi haqida dadil gapirish mushkul. Lekin klubga ham, terma jamoaga ham ulkan tajriba sohibi sifatida birdek kerakligiga shubha yo‘q. Ayniqsa, JCHlardagi ishtirokini inobatga olsak, Rossiya mundialida ham ishtirok etishi shart. Qolaversa, bitta savol bor - terma jamoada kimning nufuzi balandroq? Bosh murabbiy Xuan Karlos Osorionikimi yoki Markesniki? Menimcha, Markes og‘irroq tosh bosadi. Ha, murabbiy boshlang‘ich tarkib masalasida mustaqil qarorga kelishi mumkin. Ammo jamoadagi muhitning shakllanishi, har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rish va jamoadoshlariga qimmatli maslahatlarni berishda Markesning o‘rni beqiyos. O‘ylashimcha, u Rossiyadagi JCHda albatta, qatnashadi. Balki atigi bir necha daqiqa o‘ynar, lekin zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishining o‘ziyoq jamoaga sezilarli dalda bag‘ishlashi tayin - ishonchi komil Medinaning.
№ 7. Murabbiylikka qo‘l urmasa kerak
Jurnalistning taxminicha, Markes murabbiylik ishiga moyil emas: «Ochig‘i, butsalarini mixga ilgach, murabbiy sifatida ishlashini tasavvur qilolmayman. Balki o‘zini biznesga urib, shaxsiy restoran yoki biror kichik korxona ochar. U shuning barobarida sport direktori kabi lavozimlarga munosib. Xullas, bosh murabbiylikni qo‘lga olishi ehtimoli past. Shaxsiy fikrimcha, Rafa biznes sohasiga moyil. Fikrimni asoslaydigan bo‘lsam, u ko‘pchilik oldida nutq so‘zlashni yoqtirmaydi. Chunki gapga chechan emas. TVda ham kam ko‘rinish beradi. Shu bois, uni bosh murabbiy rolida tasavvur qilish dushvor».
№ 8. Muhim uchrashuvlarda qizil kartochka olishga «moyil»
Medina Meksika futboli faxrini maqtash barobarida uning kamchiligiga to‘xtaldi: «Ha, Markesda zaif tomoni ham yo‘q emas. U odatda terma jamoa ko‘makka muhtoj lahzalarda asablarini jilovlay olmaydi va oddiy holatlarda qizil kartochka olishi mumkin. Misol uchun, JCH-2002 nimchorak finalida Meksika termasi azaliy raqib - AQSH jamoasiga qarshi to‘p surgandi. O‘shanda imkoniyat boy berilayotgani sardorga salbiy ta’sir ko‘rsatib, u maydonni barvaqt tark etgan va sheriklarini mushkul ahvolda qoldirgandi. Umuman, bunday noxushlik deyarli an’ana tusini olgan: agar Meksika termasi muhim o‘yinlarda hisobda ortda borsa, Rafa doimo maydondan chetlashtiriladi. Ya’ni asabi chatoqroq va bu ko‘pincha pand beradi...».
№ 9. Parfyumeriya mahsuloti reklamasi tufayli rafiqasi bilan ajrashgan
Jurnalist yakunda futbolchining shaxsiy hayoti haqida ham ma’lumot berdi: «Rafael Markesning birinchi turmush o‘rtog‘i - meksikalik ak-trisa Adriana Lavat. O‘rtada 2 nafar farzand borligiga qaramay, ular 2007 yili ajrashishdi. Sabab oddiy - Markes taniqli parfyumeriya brendi bilan shartnoma tuzib, reklama roligida mashhur model hamrohligida suratga tushgandi. Adriana bunga chidolmadi. Keyinchalik Markes ma’lum muddat o‘sha model bilan uchrashib yurdi. Lekin 2011 yili boshqa bir aktrisa - Xaydi Michelga uylandi».