Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

“Barselona”ga nima bo‘lyapti?

“Barselona”ga nima bo‘lyapti?

Baho:
+1 | -

«Barselona»ga nimadir bo‘lgani aniq. Qo‘lga kiritilgan Ispaniya kubogi, transfer bozoridagi mayda xaridlar, Neymarning ketishi – bularning barchasi jamoada muammolar vujudga kelganidan darak beradi. Bundan ikki yil avval «Barselona» klubi futbol tarixidagi eng kuchli jamoasi sifatida e’tirof etilgandi. U tengsiz edi. MSN triosiga hamma havas va hasad qilardi. Transfer bozorida «Barsa» bilan raqobatlashish imkonsiz edi – u Neymarni raqiblardan osongina tortib olgandi va ispan konkistadorlari singari Suaresni Tumanli Albiondan olib kelgandi. Endi-chi?

Bu mexanizmga «virus» tushdi. 2010 yilda klub tepasiga Rossel va Bartomeu kelib, juda katta xatoga qo‘l urishdi: ular «La Masiya»ning o‘sha paytdagi rahbarlarini iste’foga chiqarib, ularning o‘rniga tajribasiz kishilarni qo‘yishdi. Shundan so‘ng oradan 7 yil o‘tdi. Bu vaqtda butun boshli avlodni yetishtirish mumkin, lekin o‘sha avlod qani? Akademiyaning asosiy vazifasi asosiy tarkibga mos yoshlarni yetishtirib berish emasmi?

«Barselona» asosiy tarkibidan qo‘nim topgan eng so‘nggi tarbiyalanuvchi Deulofeuni joriy yilning yozida uzoq mehnat safaridan so‘ng qaytarib olishdi. O‘tgan mavsumda «La Masiya» bitiruvchilar orasidan faqat Serxi Roberto jamoaga kelib qo‘shilgandi. Lekin Roberto ham, Deulofeu ham amaldagi emas, sobiq prezident Laportaning qaldirg‘ochlari hisoblanishadi. Laportaning davrida ular 16 va 18 yoshda bo‘lishgan.

Bu klubdagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Shu 7 yil ichida «La Masiya» 1000 ortiq yoshlarni uchirma qildi. Lekin ularning natijasi ko‘rinmayapti. Tarbiyalanuvchilarga hech qanday e’tibor yo‘q. Ularga buyumdek qaralib, asosiy tarkibda omadini sinab ko‘rish imkoniyati berilmayapti. Grimaldo «Benfika»ga, Adama Traore esa Angliyaga sotildi. Sandro Ramiresni arzimagan pulga «Malaga»ga sotishdi. Futbolchi yangi jamoasi va yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida juda yaxshi o‘ynadi, lekin kataloniyaliklar bunga parvo ham qilishmadi.
Rossel va Bartomeuning «Neymar ishi»da aloqasi borligi aniqlangach, bu hol ularning obro‘siga salbiy ta’sir etmay qolmadi. Lekin 2015 yilda qo‘lga kiritilgan trebl quvonchi sababchi Bartomeu baribir prezident etib saylandi. Ana shu voqeadan so‘ng katalon grandida yangidan-yangi muammolar vujudga kela boshladi. Dastlabki transfer taqiqi davrida sotib olingan Turan bilan Vidal yarim yil maydonga tushishmadi. Muddat tugab maydonga qaytishganda ham muxlislar kutgandek o‘ynay olishmadi. 2016 yilning yozida «Barsa» transfer uchun 100 mln. yevrodan ziyodroq pul sarfladi. Jamoaga Andre Gomesh, Pako Alkaser, Denis Suares, Lyuka Din va Samyuel Umtitilar kelib qo‘shildi. Ushbu xaridlar ichida faqatgina Umtiti o‘zini oqladi. Katta mablag‘ sarflanganiga qaramay himoyadagi o‘ng qanot ochiqligicha qolaverdi. Shunday chigal vaziyatda Dani Alvesga javob berilishi olovga yog‘ sepish bilan barobar edi, lekin rahbariyat buni kech tushundi.
Chempionlar Ligasi chorak finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng ispanlarning nufuzli Sport nashri klub ichki manbalariga asoslangan holda «Barsa» rahbarlarining yozda ulkan inqilobni amalga oshirishni ko‘zlayotgani haqida xabar topdi. Hozir bu inqilobning hidi ham chiqqani yo‘q. (Agar inqilob deya Messining uzaytirilgan shartnomasini nazarda tutishmagan bo‘lsa albatta). Joriy yildagi transfer mavsumida kataloniyalar o‘zlarini juda g‘alati tutishmoqda.

Jamoaga Valverdening taklif etilishi «Barsa» uchun qanday naf keltirishi haqida gapirishga hali erta. Ispan OAV uni yoshlar bilan ishlay oladigan, lekin «blaugranas»ga «xos bo‘lmagan murabbiy» sifatida tavsiflashmoqda. Ernesto kamtar, janjalni yoqtirmaydigan, yoshlar bilan ishlaydigan va qo‘lidagi imkoniyatdan unumli foydalana oladigan mutaxassis hisoblanadi. U pullarini Snupp Dogg singari hammaga ko‘z-ko‘z qiladigan maqtanchoqlar toifasiga kirmaydi. Nazarimda u o‘zini klubda noqulay his qilmoqda. Bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Yangi ish joyiga kelgan TOP-menedjer rahbariyat bilan uchrashib, jamoaning muammoli nuqtalari qayerdaligi va uni qanday bartaraf etish mumkinligi xususida fikrlarini aytishi lozim. O‘ziga kerakli o‘yinchilarni, hatto ularning narxi osmon bo‘lsa ham sotib olinishini talab qilishi kerak. Kuchlilar o‘zi singari kuchli o‘yinchilar bilan birga o‘ynashi darkor.

«Barselona» transfer bozorida puldor TOP-klublardek siyosat yuritmay qo‘ydi. Neymar va Suareslarga ega bo‘lish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashgan klubdan asar ham qolmagan. U o‘z maqsadiga erishish uchun hech narsadan tap tortmasdi. Nima demoqchiligimizni hozirgi «Barsa» va «PSJ» misolida ko‘rsatishga harakat qilaman.

«Barsa» Verrattiga qiziqib qoldi. O‘yinchi ham e’tiroz bildirmadi. Xo‘sh, o‘yinchini qo‘lga kiritish uchun «Barsa» nima qildi? Ular Messini Verratti dam olayotgan Ibisaga jo‘natishdi. Rahbarlar ham jim o‘tirmay italiyalik bilan bo‘lg‘usi bitim haqida o‘zaro kelishuvga erishdi. Shu xolos. Ular o‘z o‘ljalariga ega chiqish uchun har tomondan hujum uyushtirishga qo‘rqishdi. Ochiqroq qilib aytganda, Verrattini «PSJ» rahbariyati bilan ochiq muloqotga kirishga unday olishmadi. Go‘yoki Verratti «Barselona»ga o‘tishni juda ham istayotgandek, aslida esa o‘yinchiga qayerda o‘ynashning farqi yo‘q, o‘zi istagancha maosh berilsa bas.

Avvalgi «Barsa»dan asar ham yo‘q. «Barselona» prezidentligiga nomzodini qo‘ygan Agusti Beneditoning gaplarida jon bor: «Bartomeu jamoasining klub bo‘yicha loyihasi yo‘q. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi. «Barselona» maqsadiga ega klubga o‘xshamay qoldi».
Afsonaviy Xavi ham shunday fikrda: «Jamoaning uyg‘onadigan payti bo‘ldi».

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 23:31, 08.08.2017.
O'qildi: 35413 marta.
Fikrlar: 30 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.