Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Bugun, 27 sentyabr kuni Milliy Olimpiya Qo‘mitasining anjumanlar zalida O‘zbekiston Futbol Federasiyasining yangi saylangan prezidenti Umid Ahmadjonov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, O‘FF vise-prezidenti Shoakrom Isroilov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov hamda O‘FF Ijroqo‘mining a’zolari Rustam Qurbonov va Murod Aliyev ishtirok etishdi. Matbuot anjumani avvalida Umid Ahmadjonov O‘FFning bo‘lajak rejalari, kutilayotgan natijalar haqida so‘zladi.

“Assalomu alaykum hurmatli OAV vakillari! Bugun federasiyaning hisobot saylov konferensiyasi o‘tganiga 15 kun to‘ldi. Shu vaqt ichida biz O‘zbekiston futbolining 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturini oxirgi bobini yozib bitirdik. Unda keyingi 4 yil ichida qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim masalalar aks etadi. Bizning ishchi guruhimiz ushbu dasturning loyihasini sizga tanishib chiqish uchun taqdim etayapti.

Qisqacha qilib aytishim mumkinki, O‘zbekiston Futbol Federasiyasi katta islohotlar ostonasida turibdi. Islohotlarni amalga oshirish guruhi ishni boshlash uchun qulay nuqta – ustuvor masalalarni aniqlab olgan bo‘lib, biz futbolni ko‘tarish uchun ana shu nuqtadan yangi manzil sari yo‘lga tushamiz.

Ustuvor masalalar haqida biz jamoatchilikka xabar berdik. Lekin, bugun men bu masalalarni yana bir bora alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Birinchisi, milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash masalasi bo‘lib, hozirda ushbu jarayon davom etayapti.

Ikkinchisi, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Buning uchun O‘zbekiston Futbol Federasiyasida yangi jamoa ish boshlayapti, deb bugun men bemalol sizga ayta olishim mumkin.

Uchinchisi, futbolimizdagi tanish-bilishchilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlarga qarshi kurashishdir. Men to‘g‘ri tushunaman, agarda bu sportchilar oilasi bo‘lsa va ular haqiqatan ham o‘z joylariga munosib bo‘lishsa, marhamat. Lekin, shunday holatlar borki, bu futbolimizning ildiziga bolta uradi. Biz mana shunday g‘irromlik va qing‘irlikdan tozalash uchun alohida mutaxassislar guruhini jalb qildik.

To‘rtinchisi, federasiya ishini shaffoflashtirishdir. Bu bilan biz ishqibozlarning federasiyaga bo‘lgan ishonchi va hurmatini qozonishni niyat qilganmiz. Chunki, biz uchun xalqning federasiya haqidagi fikri juda muhim. Hammaga yoqishning ilojisi yo‘q, lekin salbiy fikrlarni yo‘qotish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Beshinchisi, chiptalar savdosini isloh qilish qilish bo‘lib, bunda birinchi raqamli vazifa elektron chiptalar savdosini yo‘lga qo‘yishdir. Aynan shu yo‘l orqali chiptalarning olib-sotarlar qo‘liga o‘tib ketishiga qarshi kurashish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.

Bundan tashqari:

– bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish,
– murabbiylar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish,
– oliy liga va birinchi liga musobaqalarining saviyasini oshirish,
– milliy terma jamoani 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish,
– O‘zbekiston Futbol Federasiyasini Osiyoning eng yaxshi federasiyalaridan biriga aylantirish,
– barcha jahon chempionatlarida ishtirok etishga erishish,
– ommaviy futbolni yangi bosqichga olib chiqish,
– butun O‘zbekiston bo‘ylab futbol o‘ynashni yanada ommalashtirish va osonlashtirish, ishqibozlarning stadionlarga kelib o‘yin tomosha qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish

kabi boshqa vazifalar ham borki, bularning bari O‘zbekiston Futbol Federasiyasining rivojlantirish dasturidan o‘rin olgan.

Bugun dunyo axborot bilan yashayapti. Zamonaviy fuqaro boshlanayotgan kunini ham, tugab borayotgan kunni ham axborot olish bilan o‘tkazadi. Axborot shu darajada muhim omilki, uning oqimi tugasa yoki to‘xtab qolsa, bo‘shliq yuzaga keladi. Shu sababli ham axborotni o‘z vaqtida va to‘g‘ri berish juda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Futbol Federasiyasi bundan keyin ham axborot bo‘shlig‘iga qarshi kurashish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda ishlaydi.

O‘zbekiston Futbol Federasiyasi mamlakatimiz futbolini yanada ko‘tarish uchun o‘z oldiga ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Federasiyaning yangi jamoasi 12 sentyabr kuniyoq ana shu vazifalar ustida katta ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelyapti. Men hozir katta va’dalar berishga shoshilmayman, faqatgina rejalarimiz uzoq muddatga mo‘ljallanganini, qolaversa, maqsadlarimiz jiddiy ekanligini ishonch bilan ayta olaman. Biz ishqibozlar bilan, xalq bilan dialogga doim tayyormiz va qilinayotgan ishlarda ularning xohish va irodalarini ham inobatga olamiz”, – dedi Umid Ahmadjonov.

Umid Ahmadjonov savol-javobga o‘tishdan avval futbolni rivojlantirish bo‘yicha jurnalistlar fikrini eshitishga tayyor ekanini, bu borada O‘FF eshiklari OAV xodimlari uchun doim ochiq ekani ma’lum qildi. Shundan keyin OAV vakillari O‘FF mutasaddilariga savollar berishdi.

– Milliy terma jamoaning muvaffaqiyatsiz ishtirokiga kim javob beradi? Bosh murabbiymi, terma jamoalar markazimi, xalqaro bo‘limmi? Buning javobgarligi qanaqa bo‘ladi?

Ushbu savolga O‘FF ijroqo‘mi a’zosi Rustam Qurbonov quyidagicha javob berdi:

– Javobgarlikni kim bo‘yniga olishini 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov-hisobot konferensiyasida ko‘rdingiz. Terma jamoa murabbiylar shtabidan tashqari O‘FF rahbariyati ham to‘liq yangilandi. Yangi rahbariyat federasiyani audit qilmoqda. Bu yerda moliyaviy masalalardan tashqari kadrlar va shtatlar masalasi ko‘rib chiqilmoqda deganidir.

– Hisobot-saylov konferensiyasida prezidentdan tashqari uch nafar vise-prezident tayinlandi. Lekin ularning uchchalasi ham hukumat darajasidagi insonlar va 24 soat davomida futbolni o‘ylash imkoniyatiga ega emas. Siz federasiyada bo‘lmaganingizda yoki safarda bo‘lganingizda birinchi yordamchingiz kim bo‘ladi? Kim o‘sha paytda futbolni boshqaradi?

– Shoakrom Xolmatovich birinchi vise-prezident va mening birinchi yordamchim bo‘ladilar. Ular O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya institutidan ketdilar va endilikda O‘FFda ishlaydilar. Yangi lavozimlar joriy qilinganidan keyin futbolni yaxshi tushunadigan maslahatchilar ham tayinlaymiz. Terma jamoaga bosh murabbiyni tayinlash bo‘yicha ham maxsus komissiya tuziladi. Avval murabbiyni bir kishi tayinlagan bo‘lsa, hozirda bu ishni klubda ishlaydigan bir necha nafar murabbiydan tashkil topgan komissiya a’zolari bajaradi. Seleksiya ishlariga ham murabbiylar yordam beradi. Bundan tashqari, biz Ijroqo‘m a’zolari bilan kelishgan holda har oyda yig‘ilib, muammolarni hal qilishga harakat qilamiz.

– Savolim ikkita. Birinchisi: Syurixdagi safar davomida FIFA prezidentiga O‘zbekistonda xalqaro musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirdingiz. Ushbu musobaqalar qachon bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda? Yangi stadionlar quriladimi? Ikkinchisi: milliy terma jamoa bosh murabbiyligiga qaysi nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda?

– Syurixdagi safarda futbolni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish borasida nafaqat xalqaro musobaqalar, balki FIFA Kongresslarini ham Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha taklif bilan chiqdik. Ayni vaqtda bu borada ish olib borilmoqda. Janob Infantinoga yoshlar, o‘smirlar, ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatiga 2022 yili mezbonlik qilish takliflarini bildirdik va ulardan javob kelgach bu haqda ham rasmiy axborot beriladi. Ikkinchi savolga kelsak, Milliy terma jamoa bosh murabbiyi kim bo‘ladi degan savol kun tartibidagi dolzarb masala. Biz bu borada ish olib boryapmiz, terma jamoa bosh murabbiylariga nomzodlarni ko‘rib chiqyapmiz. Lekin muzokaralar qoidasiga ko‘ra nomzodlar kim ekanini ma’lum qila olmaymiz. Yakuniy qaror qabul qilingach, O‘FF rasmiy sayti orqali axborot beramiz.

– Futbolni yangi bosqichga olib chiqamiz dedingiz. Chempionat va Birinchilik o‘zbek futbolida dolzarb masalalardan biri sanaladi. O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi katta islohotlarga muhtoj. O‘zPFL rahbariyatini o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?

– Federasiyada bo‘lgani kabi O‘zPFL tashkiliy tuzilmasi qaytadan ko‘rib chiqilmoqda. PFLning me’yoriy hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. Hozirgi kunda tashkilot nufuzini ko‘tara oladigan yangi mutaxassislar guruhi jalb qilinyapti. PFLning moliyaviy tomonini tashkil qilish, tashkilotni xalqaro talablar asosida yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, dunyoning kuchli ligalari tashkiliy tuzilmalarini o‘rganib chiqib, o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish ishga tushirilishi ko‘zda tutilyapti. PFLni, klublarni kuchaytirsak, terma jamoa ham kuchli bo‘ladi. Bu ustida katta ishlab olib borilmoqda. Janob Infantino bilan suhbatda PFL tuzilmasini o‘zgartirib, shtatlarini ko‘rib chiqqandan keyin “Real Madrid” va “Barselona” kabi Yevropaning nomdor klublariga PFL xodimlari va mutaxassislarini yuborish va u yerda ish o‘rganish haqida muhokamalar bo‘ldi. Federasiya xodimlarini ham 10 kunga FIFAga yuborib, ularning malakasini oshirishni rejalashtiryapmiz. Yangi tarkibiy tuzilma to‘g‘risida 10 kun ichida ma’lumot beramiz. Terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlanishi haqidagi ma’lumotni ham yaqin 15–20 kun ichida taqdim etamiz. Bundan tashqari, federasiyada seleksionerlar guruhi ish boshladi. Ularning ishi nimadan iborat bo‘ladi degan savol paydo bo‘ladi. Javob shuki, ular viloyatlarga borib, futbolchilarni kuzatadi. Oldinga o‘tib shuni aytish kerakki, futbolni rivojlantirish uchun har bir viloyatga alohida dastur ishlab chiqiladi.

– Federasiyada ishlagan shunday insonlar borki, ular xalq orasida o‘z obro‘sini yo‘qotgan. Bu insonlar bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. Ular hamon ishlayaptimi?

– Yuqorida ta’kidlaganimdek, O‘FF va uning tarkibiy tuzilmalari ko‘rib chiqilmoqda. Biz yangi xodimlarni tanlov asosida saralab olamiz. Federasiyada 90 foiz ishchi almashadi.

– Kelishilgan o‘yinlar futbol ildiziga bolta uradigan illat. Bundan PFL, oliy liga va terma jamoa jabr ko‘radi. Bu borada qanday chora-tadbirlar rejalashtirilgan?

– Federasiyada xavfsizlik bo‘yicha yangi uchta shtat ochiladi. Bu lavozimlarda xavfsizlik tizimida ishlagan xodimlar ishga olinadi. Har bir o‘yindan keyin hakamlarning ishi ham ko‘rib chiqiladi. Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash bugungi kunning ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha bo‘lim va yangi qo‘mita ish boshlaydi.

– O‘FFdan ajralib chiqqan futzal assosiasiyasi ishonchni oqlayapti. Futzal termasi jahon chempionatiga chiqdi, Ashxoboddagi Osiyo o‘yinlarida kumush medal oldi. Lekin ayollar va plyaj futboli assosiasiyasida ahvol yaxshi emas. Milliy chempionat va Kubok o‘yinlari ham tartibsiz o‘tkazilmoqda. Hatto yopiq sport inshootlarida o‘tadigan Osiyo o‘yinlarining ilk chempioni futzal bo‘yicha ayollar terma jamoasi bu yil Ashxobodda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qatnashmadi. Plyaj futboli haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Ichki musobaqalar o‘tkazilmagan holda terma jamoamiz Jahon chempionati saralash o‘yinlarida sayyoh sifatida qatnashib kelmoqda. Respublikadagi yagona – Qarshi shahridagi plyaj maydoni qarovsiz ahvolda. Shunday ekan, assosiasiya faoliyatini O‘FF tasarrufiga qaytarish choralari ko‘rilyaptimi?

– Futzal, ayollar futboli va plyaj futboli bo‘yicha yangi boshqarma ochdik. Bu ishlar bilan endi federasiya shug‘ullanadi.

– O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralashidan o‘ta olmadi. Jamoaning tashkiliy masalalari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Jamoa o‘yinga 2 kun qolganida yo‘lga chiqqan va Jidda shahridan mahalliy aeroportga ulgurmay Ar-Riyoddagi reysga kech qolgan. Vaholanki, Jiddadan Ar-Riyodga har yarim soatda reys bor. Keyin esa, jamoa avtobusda 12 soat yo‘l yurib, manziliga yetib borgan. Tabbiyki, yosh futbolchilar charchagan. Bundan tashqari mezbon Saudiya Arabistoni o‘z o‘yinlarini kechgi vaqtga belgilagan. Delegasiya rahbari sifatida ingliz tilini bilmaydigan odamni yuborish qanchalik to‘g‘ri?

– Delegasiya rahbari ingliz tilini bilmasa, u safarga borib nima qiladi? Bundan buyog‘iga xalqaro bo‘limda va umuman federasiyada ingliz tilini biladigan mutaxassislar ishlaydi. Dilshod Nuraliyevning arizasini ham oldik, u kishi ishdan ketdi. Ko‘p narsaga Dilshod Nuraliyev sababchi. Har bir futbolchini ham o‘rganib chiqyapmiz. Qayerdan kelgan, nima uchun bu musobaqaga borgan. Bundan keyin bunday holatlar takrorlanmasligi uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Musobaqalarga esa, til biladigan mutaxassislar safarda yuboriladi.

Matbuot anjumani tugab borar ekan, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov yangi rahbariyat O‘FFni kuchaytirishi haqida o‘ylayotganini, avvalgi rahbariyat esa kuchli poydevor yaratgani haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Umid Ahmadjonov O‘FF prezidenti etib saylanganidan beri, 24 soat futbolni qanday kuchaytirish haqida ko‘p o‘ylamoqda. Men bu insonni juda yaxshi bilaman. Shu sababli ham ishonch bilan aytishim kerakki, yaqin vaqt ichida O‘zbekiston Futbol Federasiyasi tashkilot sifatida, futbol esa sportning eng ommaviy turi sifatida yanada rivojlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Futbol Federasiyasining oldingi prezidenti Mirabror Zufarovich 12 yil ichida juda katta ishlarni amalga oshirib, futbolning keyingi taraqqiyotiga kuchli poydevor qo‘yib ketdilar. U kishi tomonidan qilingan islohotlarning samarasini hech qaysimiz inkor qila olmaymiz va kelajak avlod Mirabror Usmonovni o‘zbek futbolidagi nodir shaxs sifatida yaxshi xotirlashiga shubha yo‘q. To‘g‘ri, milliy terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmadi, lekin qolgan barcha terma jamoalar bir necha martalab jahon chempionatlarining doimiy ishtirokchisiga aylandi.

Umid qilamanki, milliy terma jamoa navbatdagi jahon chempionatiga chiqadi va butun O‘zbekiston buni bayram qiladi. Bu borada yangi rahbariyat, yangi jamoaga omad va muvaffaqiyat tilayman.

– O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingida pastlamoqda. Avval Osiyoda kuchli to‘rttalikda edi, hozir esa oltitalikda yuribmiz. Bunga sabablardan biri o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil qilib, ularni bekor qilishdir. Endilikda o‘rtoqlik o‘yinlarini kim tashkil qiladi? Yoki avvalgi xodimlar – Sherzod Egamberdiyevga o‘xshagan insonlar ishlashda davom etadimi? Yana bir taklifim, PFL o‘yinlari translyasiyasi – “Sport TV” bilan hamkorlikda o‘yinlarni onlayn namoyish qilinsa, kelishilgan o‘yinlar oldi olinardi. Bu borada qanday ishlab olib borilmoqda.

– Kelasi yili Indoneziyada yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari, 2019 yili Osiyo Kubogi, bundan tashqari, 2020 yili Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Jahon chempionatidan oldina barcha musobaqalarda yuqori natijalar ko‘rsatish rejada bor. O‘rtoqlik uchrashuvlariga keladigan bo‘lsak, FIFA bilan maslahatlashib, ham Osiyo, ham Yevropa jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Men siz aytgan inson – Sherzod Egamberdiyev bilan hali suhbatlashmadim va yakuniy qaror qabul qilmadim. Translyasiya masalasiga kelsak, birinchi kundanoq translyasiya bo‘yicha MTRKga murojaat qildik. Ayni vaqtda markaziy o‘yinlar televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinmoqda.

Manba: the-uff.com
Kiritildi: 18:12, 27.09.2017.
O'qildi: 6901 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.