Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Rustam Umarov: «Kuchli ishtiyoq bizga madad bo‘ldi»

Rustam Umarov: «Kuchli ishtiyoq bizga madad bo‘ldi»

Baho:
+ | -

Ikki haftaga yaqin vaqt mobaynida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahri yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qildi.

Ushbu musobaqada Osiyo va Okeaniyaning 62 davlatidan to‘rt mingdan ziyod sportchilar medallar uchun kurash olib borishdi.

Turnirda 182 nafar sportchi bilan qatnashgan O‘zbekiston delegasiyasi yakunda 131ta medal bilan umumjamoa hisobida beshinchi, medallar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi. Osiyo o‘yinlari dasturidan futzal ham o‘rin olib, unda termamiz kumush medallarga ega chiqdi.

Finalga qadar yetib borgan Bahodir Ahmedov shogirdlari so‘nggi jahon chempionatining bronza medali sovrindori Eron jamoasiga imkoniyatni boy berishdi.

Yarim finalda esa Osiyo chempionligiga erishgan uchta termadan biri - Yaponiya penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etildi.

Biz Ashxoboddan qaytgan sportchilarimizni kutib olish marosimida termamizning yetakchi futzalchilaridan biri Rustam Umarovdan intervyu oldik.

- Rustam, bu galgi yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari shaxsan sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Hammasi ajoyib tarzda o‘tdi. Musobaqaning tantanali ochilish va yopilish marosimlari, sportchilarini kutib olish, joylashtirish, xizmat ko‘rsatish, umuman, hamma-hammasi yuqori daraja va saviyada tashkil etildi.

Ashxoboddagi katta sport bayramini shu kungacha o‘tkazilgan va shaxsan o‘zim qatnashgan musobaqalarning eng yaxshisi deb bilaman. Olimpiya shaharchasi ham xuddi ertaknamo edi.

- Futzal o‘yinlari o‘tkazilmagan kunlari boshqa sport turlarini kuzatish imkoni bo‘ldimi?

- Deyarli bo‘lmadi, chunki o‘yin va mashg‘ulotlar ko‘p vaqtni olib qo‘ydi.

Qolaversa, har bir uchrashuvdan so‘ng o‘z o‘yinimizni tahlil qilish barobarida keyingi raqibni o‘rganish uchun nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Lekin imkon topildi deguncha sportchilarimiz qatnashgan musobaqalarni kuzatishga harakat qildik.

Umuman olganda, O‘zbekiston delegasiyasi yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida yaxshi ishtirok etdi. Fikrimni medallar soni ham isbotlab turibdi. Aslida oltin medallarimiz bundanda ko‘proq bo‘lishi kerak edi.

Lekin ayrim yakkakurash turlarida hakamlar ochiqchasiga raqiblarga yon bosishdi. Hatto sambochimizning halol kurash bilan olgan oltin medalini ham olib qo‘yishdi. Ammo umumiy ishtirok baribir yomon chiqmadi.

- Endi futzalga to‘xtalsak. Kumush medal - ajoyib natija. Tan olish kerak, Eron termasini mag‘lub etish ancha murakkab vazifa. Shu fikrlarga qo‘shilasizmi?

- Albatta. Eron jamoasi jahon chempionati bronza medali sovrindori hisoblanadi. Forslarga ortiqcha ta’rif berish shart emas. «Eronlik futzalchilar futzal maydonida dunyoga kelishadi», degan gap ham bor-ku!

Bu bilan biz kurashsiz, o‘yin boshlanguniga qadar taslim bo‘lgandik, demoqchi emasman. Yirik hisobdagi mag‘lubiyatning o‘ziga yarasha sabablari bor. Birinchi navbatda, yarim finaldagi o‘yinda katta kuch yo‘qotgandik.

Asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda durang qayd etilgach, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Yaponiya termasi o‘z vaqtida Osiyo chempioni bo‘lgan va tabiiyki, oddiy raqib emas. Ikkinchidan, mundialdan keyin tarkibimizda sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bergandi.

Tajribali futzalchilarimiz faoliyatlarini yakunlashdi. Ayrimlar murabbiylikni boshlashdi. Qolaversa, bizga bir necha yil ustozlik qilgan Xose Mariya Mendez jamoamiz bilan xayrlashdi. Mana shu omillar o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

- Avvalgi yili Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionati finalida ham Eron termasi bilan to‘qnash kelgandik. O‘shanda 2:1 hisobi qayd etilgandi. O‘tgan davr mobaynida bu jamoada qanday o‘zgarishlar ro‘y beribdi?

- Ular ham avlodlar almashinuvi davrini boshdan kechirishmoqda. Tarkibda yosh futzalchilar to‘p surishdi. Lekin bu o‘zgarishlar Eron termasiga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan.

Jamoa tarkibi aslo kuchsizlanmagan. Aksincha, yanada mazmunliroq o‘yin namoyish etdi, nazarimda. Bizda ham 2-3 nafar yosh futzalchilar maydonga tushishdi. Ilk bor milliy terma libosini kiyganlari ham bor edi.

- Yaponiya termasini nimaning evaziga mag‘lub etdik, deb o‘ylaysiz?

- Menimcha, kuchli ishtiyoq madad bo‘ldi. To‘g‘ri, penalti - bu lotereya, lekin futzalda shu jumla o‘zini ko‘pam oqlamaydi. O‘yinchi ruhiy tomonlama tayyor bo‘lishi kerak. Katta futbol bilan futzal darvozasi o‘rtasida katta tafovut bor.

Futzalda «nuqta»dan gol urish biroz qiyinroq. Bilmadim, balki bizga omad ham kulib boqqandir. Lekin aytishadi-ku, o‘yin esdan chiqadi, natija qoladi, deb.

- Guruh bosqichida Afg‘oniston termasiga imkoniyat boy berildi. Bu natijani kutilmagan deb hisoblaysizmi?

- Shunday desa ham bo‘ladi. Lekin Afg‘oniston termasining kuchsiz raqib emasligi aniq. Aks holda, ular yarim finalga qadar yetib borishmasdi.

Ushbu bosqichda Eronga yutqazishdi. Bronza medali uchun kechgan bahsda esa Yaponiyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib, kuchli to‘rtlikdan joy olishdi.

Ularning yaponlar bilan asosiy va «ekstra-taym»larda durang qayd etishgani, forslar darvozasini ikki bor ishg‘ol qilishganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat.

- Kelgusidagi rejalar qanday?

- An’anaga ko‘ra, Assosiasiya kubogi musobaqasi bilan yangi mavsumga start beriladi. O‘zbekiston chempionati ham boshlanish arafasida.

Orada kubok uchrashuvlari o‘tkaziladi. Endi asosiy e’tibor ichki musobaqalarga qaratiladi. O‘ylashimcha, yangi mavsumdan raqobat sezilarli darajada kuchayadi. Termamiz uchun esa rasmiy o‘yinlar yakunlandi.

Asosan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga urg‘u beriladi.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:49, 11.10.2017.
O'qildi: 3346 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.