Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/06 03:00 Panama 2-1 AQSh
28/06 06:00 Urugvay 5-0 Boliviya
28/06 20:00 So‘g‘diyona 4-2 Dinamo
28/06 20:00 Qizilqum 1-0 OKMK
29/06 03:00 Kolumbiya 3-0 Kosta-Rika
29/06 06:00 Paragvay 1-4 Braziliya
29/06 21:00 Shveysariya - Italiya
30/06 00:00 Germaniya - Daniya
30/06 05:00 Kanada - Chili
30/06 05:00 Argentina - Peru
30/06 21:00 Angliya - Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya - Gruziya

Marko Roys: «Hech narsa sog‘ yurishga yetmaydi»

Marko Roys: «Hech narsa sog‘ yurishga yetmaydi»

Baho:
+ | -

27 may kuni bo‘lib o‘tgan Germaniya kubogi finali Dortmund «Borussiya»si fanatlariga aralash tuyg‘ularni taqdim etgandi.

Bir tarafdan qarasak, ularning suyuklilari «Ayntraxt»ni 2:1 hisobida yengib, billur sovrin sohibiga aylanishdi, biroq boshqa rakursdan nigoh tashlasak, jamao yetakchisi Marko Roys jiddiy jarohatga yo‘liqib, uzoq muddatga safdan chiqdi.

Mana, bundesliganing eng sara yulduzlaridan biri o‘sha, tizza bo‘g‘imiga bog‘liq muaammo tufayli yangi mavsum startini o‘tkazib yubordi. Boz ustiga, mohir yarim himoyachi hamon sog‘lig‘ini tiklash bilan ovora.

Xo‘sh, uning umumiy ahvoli qanday? GQ nashri yaqinda futbolchini bezovta qilib, aynan shu mavzuda intervyu oldi.

- Marko, final bahsi darhaqiqat, jamoangiz uchun omadli, o‘zingiz uchun esa omadsiz yakunlandi. Og‘ir jarohatdan forig‘ bo‘lish jarayoni qanday ketmoqda?

- Bu og‘ir vaqt, chunki jarohat chindan ham, o‘ta jiddiy bo‘lib chiqdi. Futbolchi uchun bir necha oyga safdan chiqqanini anglash yoqimsiz, boz ustiga, muolaja jarayonini tezlashtirish imkonsiz ekanligiga ko‘nikish juda qiyin. Bunday pallada eng zaruri - xotirjamlik. Zero, jamoaga yordam berolmasliging aniq, shunday bo‘lgach, bor e’tiborni o‘z-o‘zidan tezroq sog‘ayishga qaratishdan boshqa chorang qolmaydi.

- Demak, har bir yangi kun siz uchun og‘ir kechayotgan ekan-da...

- Jarrohlik operasiyasi 4 oy avval amalga oshirildi. Mana, hozir tiklanish jarayoni davom etyapti. Deylik, ba’zi mashqlarni bajaryapman. Ammo boldirni zo‘riqtirmasligim shart, chunki shikastlangan tizza paylari hali o‘z holatiga kelgan emas. Umuman, kunlar bir xil o‘tayotgandek, muhimi, tizzamning holati yaxshi, yoqimsiz hissiyotlar yo‘q. Lekin ozgina ehtiyotsizlik qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun barchasida muayyan me’yorga amal qilish talab etiladi.

- Tashxisdan xabar topgach, ne ahvolga tushdingiz, o‘sha kunni qanday o‘tkazdingiz?

- Bir vaqtning o‘zida ham beqiyos lazzat, ham do‘zzax azobini tuydim. Axir faoliyatimdagi ilk jiddiy sovrin - Germaniya kubogini qo‘lga kiritgandim. Tabiiyki, unga jiddiy jarohat evaziga erishishni sira o‘ylamagandim. Eng yomoni, tashxis haqidagi xabar bayram tantanalarini ko‘ngildagidek o‘tkazishimga xalaqit berdi. Chunki o‘sha vaqt zafarni muxlislarimiz bilan baham ko‘rish uchun avtobusda Dortmund bo‘ylab sayrga chiqqandik.

- Aslida jarohat jiddiyligini ertalab bilgansiz, shunga qaramay, g‘alabani jamoadoshlaringiz va muxlislar bilan nishonlashni ma’qul ko‘rgansiz...

- Jamoamiz Berlindan Dortmundga samolyotda uchib kelgani zahoti tantanalar boshlanib ketdi. Ya’ni hamma maxsus avtobusga joylashdi va bu bayram sayriga ulanib ketdi. Men esa orada shifoxonaga bosh suqishga majbur bo‘ldim. Chunki hammasiga darhol oydinlik kiritishni istadim. To‘g‘ri, o‘sha payt ko‘tarinki kayfiyat ta’siridami, tashxisga uncha e’tibor bermadim, ammo ko‘nglimda ozgina xijillik bor edi, baribir. Faqat jarrohlik amaliyotidan keyingina uzoq muddatga safdan chiqqanimni tushundim. Biroq bilasizmi, eng dahshatlisi...

- Xo‘sh, nima?

- Tiklanish davrida yolg‘iz qoldim. Bu juda zerikarli, odamni toliqtiradigan jarayon. Atigi 3 haftadayoq jonim hiqqildog‘imga keldi. Axir yana kamida 12-16 hafta yugurolmasligimni aqlimga sig‘dirolmasdim, buni tasavvur qilish oson emasdi. Tizzangga shina bog‘lab qo‘yilgan, faqat bitta-bitta qadam bosishing mumkin, xolos... Xullas, mislsiz ruhiy azob. To‘g‘ri, yonimda ko‘maklashib turadigan murabbiyim bor. Ammo bu 25 nafar jamoadosh davrasidagi to‘laqonli mashg‘ulot emas. Qolaversa, tezroq tiklanib, avvalgi sport formasiga kirishing hamda yanada yaxshiroq o‘ynashing zarurligi ham ma’lum darajada bosim yuklaydi. 

- Rostini ayting, tashxis ma’lum bo‘lgach, biror marta yig‘ladingizmi?

- Final o‘yinida maydondan chiqib ketayotganimdayoq ko‘zlarim beixtiyor namlandi - alamga chiday olmagandim. Keyin 2-3 kun o‘tib, barchasini eslab, yana yig‘ladim. O‘ylaymanki, bu sof insoniy xilqat. Harqalay, ba’zan hissiyotlarga erk berish ham kishiga biroz yengillik baxsh etadi.

- Umumiy hisobda aytsak, oxirgi 3 yil davomida 3 marta shunday jiddiy jarohatga yo‘liqdingiz. Taqdiringizdan nolimadingizmi?

- Hayotga real ko‘z bilan qarash kerak. Ha, professional futbolchilar ko‘p pul topishadi, ammo ular buning evaziga salomatlikni xavf ostida qoldirishlarini tushunish kerak. Shaxsan men yana soppa-sog‘ yurish va vazifamni ado etish uchun barcha boyligim, bor bisotimdan voz kechishga tayyorman. Sevimli ishim esa - futbol o‘ynash!

- Hammasiga shunchaki, qo‘l siltash haqida o‘ylamagandirsiz, har holda...

- Yo‘q, aslo! Bunday fikr xayolim ko‘chasiga ham kirmadi. Takror aytaman, tiklanish davri juda murakkab. Lekin oila a’zolarim, do‘stlarim, suyukli ma’shuqam yonimda turib, mudom qo‘llab turishdi. Haqiqiy do‘st boshingga kulfat tushganda bilinadi - bu gapga o‘z misolimda to‘liq amin bo‘ldim. shu voqealar sabab, oila inson hayotida katta o‘ringa egaligini ham yanada teranroq angladim. Ochiq tan olaman, yaqinlarimning daldalarini his qilmaganimda, «sinib» qolishim hech gap emasdi.

- Hammani birdek qiziqtirayotgan asosiy savol: aynan qachon maydonga qaytishni rejalashtiryapsiz, aniq mo‘ljal bormi?

- To‘g‘risi, hozir muyayyan sanani aytishim qiyin. Anig‘i shuki, qachon o‘zimni 100 foizga sog‘lom va o‘ynashga tayyor ekanligimni his etsam, shunda qaytaman. Bunday holatda tanangizga quloq tutishingiz kerak. Zero, hammasi yaxshilansa, buni avvalo, o‘zing sezasan, maydonda munosib to‘p sura olishingga ishonching ortadi. Aks holda... Yanvarda shay holatga kelamanmi, fevral yoki martda - bunisini hozircha bilmayman...

- «Borussiya» D. bilan shartnomangiz muddati 2019 yili nihoyasiga yetadi. Shundan so‘ng boshqa jamoaga o‘tishingiz ham mumkinmi?

- Yashirmayman, dunyoda menga yoqadigan 4-5ta klub bor. 2019 yilning 31 may kuni 30 yoshga to‘laman. Ehtimol, o‘shanda so‘nggi imkoniyatdan foydalanib, faoliyatimdagi oxirgi katta shartnoma ostiga imzo chekarman. Lekin ayni holatda hammasi mavhum. Xususan, qayerga borishni istashim ham. Eng muhimi shuki, hozir Dortmundda qulaylikni his etyapman, baxtiyorman. 2019 yil yozda umumiy holat qanday bo‘lishi esa no’malum, bu haqda o‘ylayotganim ham yo‘q. Xullas, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Futbolcha omadga ishonasizmi?

- Ha!

- Unda kelasi yili jahon chempionatida zafar quchasiz. Aslida 2014 yiliyoq jahon kubogini boshingiz uzra baland ko‘tarishingiz mumkin edi, agarda jiddiy jarohatga yo‘liqmaganingizda.

- Afsuski, u har doim ham adolat qilmas ekan. Aks holda, birinchi jarohatdan keyin yana safdan chiqmasmidim... Loaqal ikkinchi shikastlanishdan so‘ng avaylashi kerak edi. Yo‘q, bunday bo‘lmadi. Demak, omad mendan ancha qarzdor - oxirgi jarohat tufayli keyingi 8 yil uchun kamida 1tadan sovrin taqdim etishi kerak (kuladi). Albatta, bu hazil, jiddiy gapirganda, hammasi maydonda qanday o‘ynashingga bog‘liq.

- Ammo qanday jarohatlarga yo‘liqqaningizni e’tiborga olsak, taqdir sizga nisbatan chindan ham, adolatsizlik qilgandek...

- Yo‘q, shaxsan o‘zim bunday fikrlamayman va taqdirimdan xafa ham emasman. Nasib etsa, hali yana yashil maydonga qaytaman va boy berilgan imkoniyatlarni qaytarishga urinib ko‘raman.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:50, 15.10.2017.
O'qildi: 3147 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.