Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

G‘ulomhaydar G‘ulomov: «Jamoaning futbolchilardan qarzi yo‘q»

G‘ulomhaydar G‘ulomov: «Jamoaning futbolchilardan qarzi yo‘q»

Baho:
+ | -

O‘FF tomonidan Superliga klublari uchun tasdiqlangan va o‘yinchilarning jismoniy holatini aniqlashga mo‘ljallangan, o‘zbek futbolida ilk bor qo‘llanayotgan test-sinovlarini topshirish jarayonida qatnashayotgan «Olmaliq» klubi a’zolaridan biri G‘ulomhaydar G‘ulomov muxbirimiz bilan suhbatda ushbu yangilik hamda jamoaning tayyorgarlik jarayoni haqida gapirdi.

- G‘ulomhaydar, jismoniy tayyorgarlikni aniqlash maqsadida o‘tkazilayotgan test-sinovi qanday kechdi?

- Aslida, har bir yangilik o‘z nomi bilan qiziq bo‘ladi. Albatta, O‘FF tomonidan qo‘llanilayotgan bu chora-tadbirlar futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash, shu orqali terma jamoalarga kuchli futbolchilarni tayyorlashga xizmat qiladi.

- Yangi mavsum tayyorgarliklari qay tarzda olib borilyapti?

- Taraddudni 14 dekabrdan boshladik. Mashg‘ulotlarimiz Toshkent viloyatining tog‘li hududida joylashgan «Oltin olma» majmuasida bo‘lib o‘tmoqda.

Kuniga ikki mahaldan shug‘ullanyapmiz. Asosan umumjismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratilyapti. Dastlabki kunlari tiklanishga yo‘naltirilgan mashg‘ulot o‘tkazilgandi.

- Mashg‘ulotlarni Viktor Kumikovning o‘zi o‘tkazyaptimi?

- Yo‘q. Uning yordamchilari o‘tishyapti. Lekin Viktor Balyutovich ishlab chiqqan tayyorgarlik dasturi bo‘yicha mashg‘ulot tashkil qilinyapti. Bilishimcha, bosh murabbiy o‘qishga ketgan. Ikki-uch kunda qaytadi, deyishdi.

- O‘tgan yilgi tarkibdan joy olganlarning barchasi safdami?

- Hamma emas. Klub bilan shartnomasi yakuniga yetgan Abror Karimov, Vusol Magerramov, Rahmatillo Berdimurodov, Islom Inomov, Shavkat Mullajonov, Shota Grigalashvili, Farhod Musabekov, Yahyo Ro‘ziyev kabi futbolchilar jamoani tark etishdi.

Ularning o‘rniga bir guruh yangi futbolchilar kelishgan va bu o‘yinchilar murabbiylar ko‘rigidan o‘tishmoqda. Shuningdek, o‘rinbosarlar jamoasida o‘zini ko‘rsatganlar ham mashg‘ulotlarga jalb qilingan.

- Ko‘rikda bo‘lib turganlar orasida taniqli futbolchilar bormi?

- Otabek Zokirov, Javlon Guseynov, Abdumalik Abdullayev singari oliy ligada katta tajriba to‘plagan futbolchilar ko‘rikda bo‘lib turishibdi.

Bundan tashqari, bugun (suhbat 19 dekabr kuni uyushtirilgan, - muallif) Qirg‘iziston termasi sardori ham mashg‘ulotlarda qatnashyapti.

Samarqandning «Dinamo» klubida ijara asosida o‘ynagan futbolchimiz Muhammad Isayev ham safimizga qaytdi. Bu futbolchilar bilan shartnoma imzolandimi, yo‘qmi, bilmayman.

- Klubda o‘tgan mavsum yakunlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildimi? Jamoaning ishtiroki qanday baholandi?

- Hali jamoaviy yig‘ilish o‘tkazilmadi. Bu uchrashuv mavsum boshlanishi oldidan tashkil etiladi. Ehtimol, klub rahbariyati murabbiylar shtabi bilan o‘zaro ichki yig‘ilish o‘tkazgandir. Bundan xabarim yo‘q.

Oldimizda turgan asosiy vazifa o‘tgan mavsum yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va keyingi yili ularni takrorlamaslikdan iborat. Buning uchun yanada kuchliroq tayyorgarlik ko‘rishimiz shart.

- Mavsum yakunlari yuzasidan shaxsiy fikringiz qanday?

- Kuchli beshlikka kirishga arziydigan jamoa tuzilgandi. Eng muhimi, hammasi o‘z qo‘limizda edi. O‘z xatolarimiz tufayli ikkinchi davra o‘yinlarini o‘ta sust o‘tkazdik.

Ayniqsa, ikkinchi davraning boshlanishi biz uchun omadsiz kechdi. Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrani 4-o‘rinda yakunlagandik. Tanaffusdan so‘ng 9-10-pog‘onalarga tushib ketdik.

Shunga qaramay, oxirgi o‘yinlarni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazib, o‘zimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan ochkolarni yig‘dik. Natijada 7-o‘rinni band etdik. Viktor Kumikov tomonidan yangi tuzilgan jamoa uchun bu yomon natija bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.

- Aynan qanday xatolarga yo‘l qo‘ydinglar?

- Bilmadim. Aniq nimanidir keltirolmayman. Uslubimiz jamoaviy o‘yinga moslangan. G‘alabaga erishsak, bunga butun jamoa sabab bo‘ladi. Ya’ni, bosh murabbiydan tortib, ishchilargacha.

Va xuddi shunday, mag‘lubiyatga uchrasak, butun jamoa sababchi, ya’ni aybdor bo‘ladi. Kimnidir yoki nimanidir aybdor deb ko‘rsata olmayman. Keling, omad kelmagan, deb hisoblaylik.

- «Olmaliq» bilan amaldagi shartnomangiz muddati yakunlandimi?

- 31 dekabr kuni tugaydi.

- Klub rahbariyati bilan kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokara olib bordingizmi? Umuman, rejalaringiz qanday?

- O‘zimga qolsa, yangi mavsumni ham «Olmaliq»da o‘tkazgan bo‘lardim. Rahbariyat bilan og‘zaki kelishuvimiz bor. Faqat rasman shartnoma taklif qilishsa bo‘ldi.

- Bu masalada Viktor Kumikovning o‘zi bilan gaplashmadingizmi?

- Hozircha yo‘q. Klub rahbariyati bilan suhbatlashdim. Jamoaga kerak bo‘lmaganimda, buni o‘zimga aytishardi, deb o‘ylayman. Shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilingan futbolchilar bilan klub rahbariyati do‘stona tarzda xayrlashdi.

- O‘tgan mavsum yakunlari bo‘yicha barcha futbolchilar bilan hisob-kitob ishlari to‘liq amalga oshirildimi?

- Ha, bu borada hech qanday muammo yo‘q. To‘liq hisob-kitob ishlari qilindi. Jamoaning futbolchilardan qarzi yo‘q.

- O‘FF va PFL olib borayotgan siyosat bo‘yicha shaxsiy fikringiz qanday?

- Agar shu yangi qarorlar o‘zbek futboli rivojiga xizmat qilsa, bundan barcha qatori men ham xursand bo‘laman.

- «Olmaliq» yangi mavsumda grandlarga yetarlicha tashvish tug‘dira oladimi?

- Agar o‘yinlar haqqoniy tarzda kechsa, barcha jamoalar grandlarga yetarlicha tashvish tug‘dira oladi. Bunga shubham yo‘q.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 13:50, 26.12.2017.
O'qildi: 2038 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.