Superliganing 19-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Sug‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi bahs yakuniga yetdi. Unda mezbonlar 2:1 hisobida zafar quchishdi.
"Qo‘qon-1912" Matbuot xizmati sharhi.
Uchrashuv muhim ahamiyat kasb etgani bois, asosiy tarkibimizda ham bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Bu gal ilk daqiqalardan maydonda uch nafar hujumchi bilan harakat qildik.
Shuningdek, tarkibimizda yo‘qotish ham bor edi. Muhammadanas Hasanov jarohati bois ushbu bahsni o‘tkazib yubordi.
O‘yinning uchta hujumchi bilan boshlagan futbolchilarimiz birinchi hujumdayoq raqib darvozasini ishg‘ol etishlari mumkin edi. Mehmonlarni darvoza ustuni goldan saqlab qoldi. Jasur Hakimov zarba muallifi bo‘lgandi. Umuman olganda jamoalar butun uchrashuv davomida hujumkor o‘yin namoyish etishdi.
24-daqiqada jizzaxliklarda juda qulay imkoniyat vujudga keldi. Darvidasning bosh bilan bergan zarbasi salgina noaniq bo‘ldi. 26-daqiqada Oybek Rustamov katta tezlikda ketayotgan paytda mehmonlar uni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishdi.
31-daqiqada jarima zarbasidan keyin raqib darvozasi oldida yana bir xavfli vaziyat vujudga keldi. 37-daqiqada futbolchilarimizning navbatdagi kombinasiyasidan keyin Bahodir Akramov jarima maydonchasi yaqinidan kuchli zarba yo‘lladi. To‘p su safar ham darvoza ustuniga tegdi. Ushbu vaziyatda mehmonlarga omad kulib boqdi. Tanaffusga jamoalar nursiz durang bilan chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo‘limni ham futbolchilarimiz ancha faol tarzda boshlashdi. Faqat g‘alaba qozonish maqsadida maydonga tushishgan vakillarimiz ikkninchi taymni ham hujumkor ruhda o‘tkazishdi. 54-daqiqada hisob ochildi. Jamoamizning ketma-ket hujumlari nihoyat samara berdi. Quvondiq Ro‘ziyevning raqibni chalg‘itib bergan zarbasi oldida mehmonlar posboni ojiz qoldi. Gol o‘tkazib yuborgach, mehmonlar ancha faollashishdi. 66-daqiqada mehmonlar hisobni tenglashtirishlari mumkin edi. O‘tkir Yusupov jamoamiz joniga oro kirdi. Darvozabonimiz mehmonlar hujumchisi Shoxruz Norxonovning yaqin masofadan boshi bilan bergan zarbasini qaytarishga erishdi. Qoyil, O‘tkirbek!
75-daqiqada mehmonlar jarima to‘pi tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Sanjar Rashidovning ayyorona zarbasi darvozamizdan o‘rin oldi. 81-daqiqada raqiblarimiz jarima maydonchasi ichida Quvondiq Ro‘ziyevni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishdi. Bosh hakam penalti belgiladi. Penaltini esa Murod Xolmuhammedov aniq amalga oshirib, jamoamizni oldinga olib chiqdi. Murod Xolmuhammedov Jizzaxdagi uchrashuvda ham raqib darvozasini ishg‘ol etgandi.
Qolgan daqiqalarda mehmonlar katta kuch bilan oldinga intilishdi. Vakillarimiz esa qarshi hujumdan samara keltirishga harakat qilishdi. Lekin o‘yin yakuniga qadar tablodagi hisob o‘zgarishsiz qoldi va jamoamiz muhim uchrashuvda o‘z hisobga yana uchta ochkoni yozib qo‘ydi.
PEPSI Superliga
19-tur
“Qo‘qon-1912” – “So‘g‘diyona” – 2:1 (0:0)
Hakamlar: Ahrol Risqullayev, Doniyor Saylavov, Rishat Nug‘manov, Farrux Yansupov.
Gollar: Quvondiq Ro‘ziyev – 54, Murod Xolmuhammedov – 81. – Sanjar Rashidov – 75.
“Qo‘qon-1912”: 1. O‘tkir Yusupov, 4. Bahodir Akramov (55. Darko Gojkovich-70), 5. G‘iyos Komilov, 9. Nosir Otaqo‘ziyev (78. Behruz Sadilloyev - 56), 11. Firdavs Asadov, 15. Oybek Rustamov, 17. Quvondiq Ro‘ziyev, 22. Murod Xolmuhammedov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 65. Marko Milich, 70. Jasur Hakimov (10. Javohir Sidiqov-65).
Zaxira: 71. Sarvar Karimov, 19. Suhrob Berdiyev, 41. Saveliy Abramov, 78. Behruz Sadilloyev, 79. Iqbol Malikjonov, 97. Muslim Qurbonov.
“So‘g‘diyona”: 88. Milan Mitrovich, 2. Sardor Qulmatov, 4. Elyor Orifov, 10. Shoxruz Norxonov, 33. Tohir Shamshiddinov, 70. Sanjar Rashidov, 80. Sernas Darvidas (77. Izatilla Abdullayev-67), 89. Kim Dong-Xi (9. Sardor Azimov-58), 90. Milash Simonovich, 91. Nikola Milinkovich, 93. Ixtiyor Toshpo‘latov (39. Oybek Nurmatov-71).
Zaxira: 1. Shirinboy Abdullayev, 14. Siroj Meliyev, 55. Shohjahon Hasanov, 85. Ruslan Melziddinov, 94. Nuriddin Hasanov, 99. Nurillo To‘xtasinov.