Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Biz termani bir kishiga kamaytirib qo‘yganmiz» – Diyor Imomxo‘jayev

«Biz termani bir kishiga kamaytirib qo‘yganmiz» – Diyor Imomxo‘jayev

Baho:
+3 | -1

Eronga qarshi o‘yin tugadi. Bor-yo‘g‘i bir necha yillik tajribachamdan kelib chiqqan xulosam bor: hech qachon voqea tugashi hamonoq fikr bildirmayman, bunda hissiyotga berilishim katta ehtimol. Avval mushohada yuritib, keyin bildirilgan fikr nisbatan yaxshiroq.

1. Biz futbol ko‘rmoqchi bo‘lsak, qachonlardir 12-o‘yinchi bo‘lishni o‘rganishimiz kerak. Igor Sergeev (yaxshimi, yomonmi, ahamiyati yo‘q) O‘zbekiston termasining a’zosi. Biz uni shu qadar chiqishtirmayapmizki, o‘zimiz 12-o‘yinchi bo‘lish u yoqda tursin, jamoamizni bir kishiga kamaytirib qo‘yganmiz.

2. O‘zbekistonlik mutaxassis Ispaniya, Fransiya yoki Angliya termasida oson ishlashi mumkin (chunki kamida 30 mahalliy futbolchini biladi). Kuperda esa aksincha, u O‘zbekiston haqida hech narsa bilmaydi. Mamlakatda 4 fasl borligini ham shartnoma taklif etilganidan keyin bilgan. Demak, u hali-hamon biz bilan (futbolchilar bilan tanishyapti).

3. Ektor Kuper Nagayev hangomasini, Sergeevga nega hushtakbozlik bo‘layotganini, San’at Shixov to‘p supadigan Buxoro qayerda ekanini bilmaydi. Unda oktyabr oyida ham shu holat bo‘ladi: Ashurmatov bilan tanishadi, Siddiqovni ko‘radi va hokazo. U noyabr oyi oxirida ko‘rishi mumkin bo‘lgan barcha futbolchilarni ko‘rib, tanishib, his qilib oladi.

4. Dekabrda Kuper o‘z xulosasidan kelib chiqib, tarkib yig‘adi. Ana o‘sha tarkib Kuperniki, u maslahatlar, fikrlardan kelib chiqib emas, xulosasidan kelib chiqib futbolchi chaqiradi. Va dekabr oyida o‘z falsafasini o‘zi tanlab olgan futbolchilarga singdira boshlaydi.

5. Yanvar oyida Osiyo Kubogi start oladi. Ana o‘sha musobaqada haqiqiy Kuper jamoasi o‘ynaydi. Ammo bu hali hammasi emas. Chunki Kuper ham, undan zo‘ri ham boshida hech narsaga erishmasligi mumkin. U avval xato qiladi, mantiqni tushunib oladi va kamchiliklari ustida ishlaydi. Ya’ni, Osiyo Kubogidan olgan xulosasi unga JCH-2022 saralashida kerak bo‘ladi. Faqatgina shu.

6. Jurnalistlar, muxlislar Kuperning ishiga aralashish kerak emas, deb bong urishadi. O‘FAda uning ishiga aralashilmayapti, aytgani qilib berilmoqda. Uning ishiga esa ba’zida o‘zimiz aralashib qo‘ymoqdamiz nega Sergeevni chaqirasan va nega uni tushirasan deb.

7. Eng achinarlisi, biz endi katta yo‘lga tushgan jamoani so‘kib, maydondan chiqib ketayotgan forslarga qarsak chalmoqdamiz. Men bilgan Old Trafford bunday qilmaydi, men bilgan Kamp Nouda bunday emas. Shuning uchun ham muxlislar va futbolchilar o‘rtasidagi qadriyatlar ularda chiroyli. Ular og‘ir kunlarda qo‘llab-quvvatlash nima ekanini bilishadi. Biz esa hozircha faqat g‘olib chiqqanlarni kutib olishni do‘ndiryapmiz. Ammo boshida tashvishi bor jamoani yolg‘izlayapmiz.

8. Tanqid? Albatta kerak. Fikr? Albatta kerak. Bizda OAV bor, odamlarda esa ijtimoiy tarmoqlar — bemalol. Maydonda esa futbolchi muxlislariga kerakligini his qilgani ma’qul, shunda mag‘lub bo‘laverishdan uyaladi, shunda yanada ko‘proq mehnat qiladi, shunda kim uchun o‘ynayotganini tushunadi. Ko‘p tanqidiy chiqishlar qilganman, o‘yindan keyin, ertasiga, tahlili bilan. Biroq maydonda 90 daqiqa yugurgan futbolchilarni maydonning o‘zida “savalamaganman” (JCHga chiqolmaganimizda ham). Bu ularga juda ham og‘ir botadi. Ertasiga, indiniga esa hatto ular ham tanqidni to‘g‘ri qabul qilishi mumkin (asosli bo‘lsa).

9. Oxirgi so‘z. O‘FA shu yil hisobidan 11 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazyapti (so‘nggi yillar bilan solishtirsa — fantastika). O‘FA ketma-ket 4 ta uchrashuvni o‘zimizga olib keldi. Biroq biz termani qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra halal berayotganimizni sezdirib qo‘ysak, Kuper keyinroq Turkiya, BAA yoki safar o‘yinlarini istashi turgan gap. Chunki u yerda Sergeevga ham, qolganlarga ham hushtak chalishmaydi, hech kimning fikri bo‘linmaydi, ish ko‘paymaydi va bemalol mashg‘ulot o‘tkazish, xulosa chiqarish, kamchiliklar ustida ishlash mumkin bo‘ladi.

Shularni aytmoqchi bo‘ldim.

Diyor Imomxo‘jayev

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 11:31, 12.09.2018.
O'qildi: 15790 marta.
Fikrlar: 70 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.