Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Tahlil: Mourinyo va Pogba mojarosi. Ziddiyat qanday yakun topadi?

Tahlil: Mourinyo va Pogba mojarosi. Ziddiyat qanday yakun topadi?

Baho:
+ | -

Manchesterning qizil tarafidagi bulutlar rangi jamoa libosini emas, qonni eslata boshladi. Qo‘shni stadionlarda chempionlik ambisiyalari barq urayotgan bir paytda, mavsumning atigi 6 turi o‘tgani qaramasdan, bu yerda turnir jadvali yoki ochkolarni emas, Pogba va Mourinyo mojarosini kuzatishga mahkum. Ana endi bu qarama qarshilik rasmiy tusga kirib boryapti.

Aslida Pogba Mourinyo davrida sotib olingan, reja bo‘yicha u portugaliyalik mutaxassisning «o‘z futbolchisi» bo‘lishi kerak edi. Fransiyalik yarim himoyachi Manchesterda o‘zi talab qilayotgan statusga mos o‘yinni hali namoyish etib ulgurmagani, murabbiy bilan janjallashish uchun hech bo‘lmasa, zaxiradan chiqib «Real» darvozasiga ikkita gol ura olish kerakligini tushunmayotganini bir chetga surib turaylik. Oradan o‘n besh yil o‘tdi, hozir zamon boshqa - yuqorida eslayotganim Bekhem o‘z davrida har qancha talantli bo‘lmasin, yosh futbolchilar kiyim almashtirish xonasida ovoz chiqarishga qo‘rqib o‘tirishar edi. Hozirgi «ayfonlar avlodi» esa unaqa emas. Pogba rostan ham bir jamoani o‘z ortidan boshlay oladimi yo‘qmi, buni keyingi murabbiy davrida bilib olishimiz mumkin, zero «Yuventus» ham eslashga arzimaydi: u yerda Pogbadan tashqari Pirlo va Vidal ham to‘p surardi, esingizdami?

Avvalo, Mourinyoning odatiy uchinchi mavsum janjallariga bu safar qanday zamin tayyorlandi, eslashga urinib ko‘raylik:

- Hammasi, shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgan «Tottenhem»ga qarshi (0:2) o‘yindan boshlandi. Mourinyo jamoa yetakchisini o‘yin paytida ochiqchasiga himoyaga yordam bermaslikda aybladi va 63-daqiqadayoq almashtirib yubordi.

 - Keyingi o‘yinda zaxirada qoldirilgan Pogba, navbatdagi safar o‘yinida, Nyukasldagi muvaffaqiyatsiz o‘yinda (0:1), raqib hisobni ochishi  hamono yana almashtirildi. Shu usul bilan Mourinyo yulduz futbolchisini tarbiyalashni boshladi. «Sevilya»ga qarshi muhim o‘yinda Pogba emas, Fellayni tanlangani mana shu tarbiyaviy ishlarning davomi edi. Xullas, mana shu palladan boshlab, Mourinyo va Pogba ziddiyati, futbolchi murabbiy ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarmayotgani haqida munozaralar boshlanib ketdi. Kimdir futbolchini taktik intizomga rioya qilmaslikda ayblasa, boshqalar Mourinyoning o‘zi futbolchidan to‘g‘ri foydalana olmayotgani haqida aytishardi.

Shu o‘rinda, tanganing ikki tomoni borligini eslatib, har ikki farazni asoslashga urinaylik.

Pol Pogba

Zamonaviy futbol yulduzi. O‘yin jihatidan ancha uzoq bo‘lsa-da, uning fenomenini ma’lum bir ma’noda Ronaldu va Messiga qiyoslash mumkin. Ya’ni, u o‘zgarishlarga dosh beradigan sistematik murvat emas, jamoa o‘yini uning atrofiga qurilib, uning iqtidoridan maksimal foydalanish yo‘lini izlash kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham yutqazilgan o‘yinlarda doim u tanqid ostiga olinadi, muvaffaqiyatsiz o‘yinlarning barchasida, e’tibor bersangiz, uning o‘yini chiqmagan bo‘ladi, xuddi Ronaldu yoki Messi kabi.

Gap faqat Mourinyo yoki «MYU»da bo‘lmasligi mumkin. Fransiyada ham shu ahvol. Hozir hamma Deshamning Pogbadan qanday foydalanish bo‘yicha Mourinyoga dars bergani haqida aytmoqda. Ammo eslasangiz, Yevro -2016 turnirida aksincha, Deshamning Pogbadan Konte kabi foydalana olmagani tanqid ostiga olingandi. Hatto shu so‘nggi mundialda ham, masalan, Fransiyaning chempion bo‘la olmaganini tasavvur qilib ko‘ring - Pogbani juda osonlik bilan yomon o‘ynaganlikda ayblash mumkin bo‘lardi.

Nazarimda, Pogba hali Mourinyo undan talab qilgan yetakchi roliga tayyor emas. Yoki ana shunday yetakchi bo‘lish uchun unga xuddi Ronaldu yoki Messi kabi komfort sharoit yaratilishi kerak. «Yuventus»dan Pirlo va Vidal, Fransiyada Kante va Grizmann mana shu og‘irlikni o‘z yelkalariga olganlari kabi. Yuqorida aytilganidek, Pogba yangi jamoa qurilishida ishtirok etadigan murvat bo‘la olmaydi - avval chiroyli qilib binoni qurasiz va Pogbani bayroq qilib tomiga o‘rnatasiz. Xuddiki, Messi Pepning tiki-taka o‘yiniga, Ronaldu esa, «Real»ning yovvoyi tezkor hujumi ustiga o‘rnatilgandek. Manchesterda hali bunday jamoa yo‘q.     

Mourinyo falsafasi

E’tibor berganmisiz, nega Gvardiola ikkinchi yoki uchinchi tarkiblar bilan ba’zida yarim kuch bilan pastroq darajadagi jamoalarni osonlik bilan yutadi-yu, Mourinyo doim qiynalib yuradi? «MYU»da shunchaki klass hisobida kuchsiz jamoa ustidan qozonilgan yirik g‘alabalarni eslaysizmi? Yo‘q. Axir «Oksford» yoki «Derbi» tarafdan o‘lchanganda, har ikki Manchester ham ancha uzoqdagi yulduzlar kabi yetib bo‘lmas daraja emasmi?

Ha, ammo uslublardagi farq shu yerda o‘rtaga chiqadi. Gvardiola jamoalari futbol o‘ynaydi, Mourinyo shogirdlari esa, doim kurashishadi. Gvardiola jamoalari ba’zida maydonda futbol o‘ynab dam olishlari, kayf qilishlari mumkin, ammo Mourinyo shogirdlari jang qilishadi. Tennis o‘ynab mazza qilishni bilaman-u, boks sal boshqacha sport bo‘lsa kerak, to‘g‘rimi?

Aytmoqchimanki, agar pozision o‘yin yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, futbolchilar kamroq kuch sarflab, saviya farqi evaziga 2-3 to‘p bilan g‘alaba qozonishi mumkin. Ammo Mourinyo jamoalari g‘alabalarni yuqori motivasiya va bor kuchni sarflash evaziga qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi. Mourinyo falsafasining katta foizi futbolchilarning o‘yinga bo‘lgan munosabati ustiga quriladi. «Liverpul», «Tottenhem» yoki «Arsenal» bilan Mourinyoda bu kabi muammolar bo‘lmaydi, futbolchilar har tomonlama bunday janglarga tayyor holatda bo‘ladi. Raqib o‘rganilib, ko‘rsatma va vazifalar taqsimlansa, bo‘ldi. Mourinyo bu yerda benazir.

Kuchsizroq jamoalar bilan esa, bunday munosabatni yaratish, jang muhitini hosil qilish qiyin. Natijada, Mourinyo doim shogirdlarini yetarlicha faol bo‘lmaganlikda, o‘yin taqdiri tezda hal qilinmaganlikda ayblayveradi. Top o‘yinlardagi konsentrasiyani «Derbi» yoki «Vulverhempton»ga jamlash osonmi? Boy berilgan turnirlarni qarang - «Bristol», «Sevilya», «Derbi Kaunti». Va «Chelsi»ga qarshi kubok finali. Shu o‘yinlarda aynan «Chelsi» bilan o‘yinda «MYU» yaxshi o‘ynagani, e’tirozdan xoli bo‘lganiga e’tibor bering.

Aksariyat hollarda futbolchilar bilan muammo shu sabab bilan chiqaveradi, futbolchilarning uchinchi yilga («Real», «Inter», «Chelsi») borib murabbiydan charchab qolishlari tabiiy. Futbolchi, futbolchilar futbol o‘ynab dam olishi ham kerak, zavqlanishi kerak, aks holda ruhan charchaydi, bu shubhasiz.

Futbolchilarning har o‘yinga yuksak motivasiyada ushlab turishning iloji bo‘lmagach, munosabatlarda muammolar yuzaga chiqadi. Jamoa tez-tez o‘tkinchi o‘yinlarda natija ko‘rsata olmay qoladi. Motivasiya yetarli bo‘lmay ham yutaverish uchun esa, juda yuqori pozision to‘p nazorati kerak. Jozening haqiqiy jamoasi aynan nolinchi yillar boshidagi «Chelsi» ekaniga ham qarang. U davrlar boshqa edi, murabbiyning futbolchiga bo‘lgan talabi, yuklamalari juda qattiq bo‘lardi. Millionlab transfer qiymatiga ega bo‘lib, istagan paytda shart qo‘yayotgan yoki o‘ziga yangi jamoa qidirayotgan bugungi avlodni boshqarish oson emas.

Joze Mourinyo uslubi eskirdi deganda, faqat maydondagi taktika yoki sxemalar emas, bu borada Jozeda muammo borligiga ishonmayman, aynan futbolchilarni boshqarish falsafasi o‘zgarayotganini tushunish to‘g‘riroq. Joze falsafasi endi balki o‘rtamiyonaroq yoki kamtarroq jamoalarda ish beraverar, ammo Yevropadagi hamma top-klublar o‘z falsafalarini avvalo, FUTBOL O‘YNASH ustiga qurayotgan bu paytda... Millioner yulduzlarni yugurtirishdan ko‘ra O‘YNASHga o‘rgatish samaraliroq endi. «Atletiko» mustasno, «MYU»ni Madrid jamoasi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. «MYU» ishlashi, imkoniyati muhiti, atrofi, e’tibori bilan boshdan barmoq uchigacha - top-klub. «Atletiko» esa, baribir cheklangan resursga ega - cheklanganlik motivasiya beradigan juda muhim omil. Misol uchun, «Atletiko»dan keyin ham qadamlar bor - «Real», «Barselona»... «MYU»ga kelgan futbolchi esa, endi o‘zini orzuga erishgan deb hisoblaydi, shu yerda tom ma’nodagi yulduz bo‘lishni o‘ylaydi. Ya’ni, endi nima uchundir jang qilish, o‘zini isbotlash emas, endi o‘ynash kerak. O‘ynash uchun sharoit kerak.    

Taktikadagi noqulaylik

Bu ham futbolchilardan katta kuch talab qiladigan jihat. Mourinyo hujumni tashkil qilishda asosan raqib tomonidagi bo‘sh zonalardan foydalanishni «yaxshi ko‘radi». Shu tufaylidir balki, raqibning ham aynan shu qopqoniga tushib qolishdan juda qo‘rqadi.

Oqibatda, u shogirdlaridan doimiy ravishda to‘pga nisbatan o‘z tomonida jamlanishni talab qiladi. Yuqori pressing, yuqori himoyalanishni deyarli qo‘llamaydi. Bu nima degani?

Misol uchun yuqori pressingni doimiy qo‘llaydigan Klopp yoki Gvardiolani olaylik. Ularning jamoalaridagi so‘nggi himoyachi raqib darvozasiga ancha yaqin joylashgani uchun, eng oldindagi hujumchi va so‘nggi himoyachi orasidagi masofa juda qisqa. Hatto Gvardiola «Barselona»da bu masofani 20-25 metrgacha qisqartira olgan. Buning natijasida, birinchidan, qisqa masofadagi zonada 10 futbolchi joylashgan jamoa pressing qilganda, to‘pni olib qo‘yish oson kechadi. Ikkinchidan, eng oldingi hujumchi ham, orqaga qaytib, himoyachiga aylanish uchun uzog‘i bilan o‘sha 20 metrni bosib o‘tsa kifoya. Manchesterda esa, jamoa juda past himoyada o‘ynashi tufayli, bu masofa juda katta, Lukakuni qo‘ying, hatto o‘sha Pogba orqaga qaytish uchun ba’zida 50 metr yugurishiga to‘g‘ri keladi.

Endi bunga, «MYU» uzoq vaqt to‘pni egallab, davomli pozision hujum qilmasligini qo‘shing - tez-tez to‘p yo‘qotadigan jamoa har safar shuncha masofaga to‘psiz yugurishi kerak. Konte ham «Chelsi»da xuddi shunday himoyalanishni yo‘lga qo‘ygani bilan, hujum qilish uslubi ularda boshqacha edi - kuchsizroq jamoalar bilan londonliklar pozision hujumlarni, to‘pni nazorat qilishni yaxshi yo‘lga qo‘ya olishgandi.

Demak, xulosa qilish mumkinki, Mourinyo uslubi bilan muvaffaqiyat qozonish uchun yoki «Inter»dagi kabi (yoki birinchi «Chelsi») haqiqiy «banda» tashkil bo‘lib, murabbiy uchun maydonda «o‘ladigan», har o‘yinda 90 daqiqa tinmay yuguradigan jamoa bo‘lish kerak, yoki «Real» kabi, to‘pni nazorat qila oladigan yuqori mahoratli futbolchilar jamlanishi kerak. «Manchester Yunayted» tarkibi ikki jamoadan ham ancha uzoqda.  

Mundialdan so‘ng

Yil boshidagi voqealar biroz tinib, Manchester derbisi yoki Angliya kubogidagi muvaffaqiyatli o‘yinlardan so‘ng, Pogba va Mourinyo munosabatlari izga tushgandek edi. Ammo Mourinyo JCHda qatnashgan Pol Pogba haqida gapira turib «bomba portlatdi». Aslida, murabbiy shogirdini maqtamoqchi bo‘lgandir, ammo OAV bu so‘zlarni biroz g‘aliz va salbiy shaklda yuzaga olib chiqdi.

«Pol Pogba juda yaxshi qatnashdi. Men undan Manchesterda ham xuddi shunday o‘ynashni talab qilgandim», - deb Mourinyo boshqa narsani, Polning Fransiya tarkibida ancha intizomli o‘ynaganini nazarda tutgandir, lekin bu so‘zlar «hamma qarindoshlariz o‘lib ketar ekan, podshohim» deb tushni ta’bir qilgan vazirning fojiasini eslatib yubordi - «Mourinyo Pogbani «MYU»da Fransiya terma jamoasidagidek yaxshi o‘ynamaganini aytdi». Ana sizga navbatdagi olov.

Mino Rayolani mensimaslik xato bo‘ladi, u shunday agentki, bunday vaziyatlardan foydalanishni biladi. Darrov Mourinyoning Pogbaga salbiy munosabati davom etishi mumkinligidan «xavotirlanib», futbolchini mo‘may transferini amalga oshirishni, shu orqali yana daromad qilishni o‘ylab qoldi. «Pogba ketmoqchi», «Pogba «Barselona»ni istayapti», tarzidagi xabarlar paydo bo‘la boshladi.

APLda transfer oynasining erta yopilishi (Pogba o‘rniga yangi futbolchi sotib olib bo‘lmasdi) va so‘nggi bir yilda yuz milliondan ortiq bo‘lgan ikki transferni amalga oshirgan «Barselona» bu variantga sust yondashgani voqealarni so‘ndirdi. Ta’tildan qaytgan Pogba ilk o‘yindayoq sardorlik bog‘ichi ostida harakat qildi. Ammo...

«Ba’zi gaplarni aytsam, meni jarimaga tortishlari mumkin. Shuning uchun men o‘z ishimni qilaman, Mourinyo bilan munosabatim esa, murabbiy va futbolchi misoli», - deb Pogba yana mish-mishlarga urug‘ sepdi.

«Klubda mening davrimda faqat bir marta Marsiyal jarimaga tortilgan xolos, futbolchini jarimaga tortish oson emas», - deb Joze vaziyatga sal sokin yondashgan bo‘lsa-da, shogirdidan qattiq norozi bo‘lgani aniq edi.   

Shu paytgacha ziddiyatlar matbuotning to‘qimasi yoki agentning rejalari, yuqoridagi gap otishlar esa, ishdagi oddiy vaziyatlar deb qarash ham mumkin bo‘lgandi, ammo «Vulverhempton»dagi durangdan so‘ng hammasi jiddiy va rasmiy tus oldi. Tomonlar endi ochiq hujumga o‘tishdi.

«Manchester Yunayted» bunday jamoalarga qarshi faqat hujum va hujum qilishi kerak, ammo men murabbiy emasman», deya Pogba ochiqchasiga murabbiy taktikasini tanqid qildi. «Derbi» bilan o‘yinda esa, zayavkaga kiritilmagan futbolchi jamoa 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrayotgan bir paytda, o‘yin tugamasdan tribunani namoyishkorona tark etdi.

Shu o‘rinda bir jihat - Pogbaning qiliqlari va isyonlari ikkinchi mavsumdan boshlanganiga yana bir sababni keltirish mumkin. Ueyn Runi va Ibrahimovichning jamoani tark etgani. Eski maktab vakillari bo‘lmish bu shaxsiyatlar oldida Pogba murabbiyga qarshi chiqish tugul, jarima to‘pini yalinib tepardi. Yechinish xonasi yetakchilarining ketishi natijasiga yagona yulduz va ustiga ustak jahon chempioniga aylangan Pogbani to‘xtatib bo‘lmay qoldi.

Javoban Mourinyo uni sardorlikdan chetlatdi va bu haqida matbuotda ochiq aytdi.

«Uni siz aytayotganingizdek, «hech qachon sardor bo‘lmaysan» demadim, uni «ikkinchi sardorlik»dan (jamoa sardori - Valensiya) chetlatdim. O‘zim uni ikkinchi sardor qilib tayinlagandim, o‘zim olib tashladim. Men murabbiyman va bu qarorning sababini tushuntirishim shart emas sizlarga» - bu xuddi «Pogbani o‘zim sotib olgandim, o‘zim sotib yuboraman» degandek eshitilmayaptimi?

Futbolchi va murabbiy o‘rtasidagi sovuq munosabat ayni kunda haqiqat ekanini esa, Sky Sports isbotladi. Ushbu portal tarqatgan videoda «MYU»ning kechagi mashg‘uloti va u yerda Pogba va Mourinyo o‘rtasidagi ziddiyatli lavhalar aks etgandi. Endi barchasi tamommi?

Klub nima qilishi kerak? Joze yoki Pogba?

«Agar futbolchilar murabbiyni boshqarishni boshlasa, mashg‘ulotlar yoki taktika haqida o‘z shartlarini qo‘ya boshlasa, «Manchester Yunayted» hozirgi darajaga chiqmagan bo‘lardi. Gap dunyoning eng yaxshi futbolchilari haqida ketsa ham, bu qoida o‘zgarmaydi. Klub kelajagi har qanday alohida insondan ustun bo‘lishi va murabbiy jamoada eng muhim shaxs bo‘lib qolishi kerak. Agar doim o‘zimdan «meni futbolchilar yaxshi ko‘radilarmi?» deb o‘ylayversam, o‘zimga qiyin qilaman. Ishimni yaxshi bajarsam, futbolchilar meni hurmat qilishadi, tamom, boshqasi kerak emas. Futbolchi jamoaga salbiy ta’sir o‘tkazayotganini sezsam, undan tezda qutulishga harakat qilardim. Ba’zilar shoshilinch qaror chiqarayotganimni aytishardi, ammo nega shubha va gumonlar ostida uxlash kerak? Men ertasigayoq kerakli qarorni qabul qilar va shu tariqa tartibni saqlab qolardim», - deb yozgandi Fergyuson o‘zining avtobiografiyasida.

Lekin vaziyat Fergyusonning Bekhem yoki Roy Kin bilan bog‘liq holatlariga o‘xshashmikin? Bu yerda Pogba tufayli murabbiydan voz kechish rostan ham isyonkor futbolchidan qutulish bo‘ladimi yoki muammo faqat Pogba-Mourinyo o‘rtasida emasmi? Bir paytlar Pogba Fergyusonga isyon qilganida, o‘z shaxsiy manfaatlarini murabbiy qarorlaridan ustun qo‘ygandi. Ser o‘sha o‘z formulasi bo‘yicha uni ketishiga yo‘l qo‘ygan. Lekin hozir Pogbani harakatlantirayotgan shaxsiy manfaatlar emas, balki rostan ham «MYU»ning hujumkor o‘ynashi, yutuqlarga erishini muxlis sifatida istayotgani bo‘lsachi? Masalan, xuddi o‘sha Fergyuson 2010 yilda Runiga yon bosgan, shartlarini qabul qilgan - sababi, Runi shaxsiy talablaridan ko‘ra, klubga yangi transferlarni, sovrinlarni talab qilgandi. Fergyuson Bekhem va Runi o‘rtasidagi farqni bilgani uchun turlicha qaror qabul qilgan.

Shuningdek, Pogbaning yulduzlik statusi va xarakteri vaziyatga tanqidiy qarashga zamin yaratayotgandir, boshqalarchi?

Agar so‘nggi ikki yildagi voqealarga nazar tashlasak, Mourinyo birgina Pogbadan qutulib, o‘zi uchun «jonini beradigan» jamoaga ega bo‘lib qolishiga ishona olmaymiz. Aslida Mourinyo butunlay jamoa bilan aloqani yo‘qotib qo‘ygandek va eslasak, aksariyat futbolchilar bilan muammolar sodir bo‘lgan:

Lyuk Shou. himoyachi Mourinyo ishonchini oqlashi oson bo‘lmayapti. Avvaliga, ilk mavsumda «Uotford»dagi mag‘lubiyatda aybdor deb topilib, murabbiy tomonidan ochiq tanqid ostiga olindi va zaxiraga mixlandi. Hatto keyinchalik, Shou tarkibga qaytib, yaxshi o‘yin ko‘rsatganda ham, Mourinyo unga sovuq muomalada bo‘ldi. «U maydonning men turgan tomonida o‘ynagani uchun, qanday o‘ynashni o‘rgatib turdim», - bu ham Jozening Shouga bergan baholaridan biri. Faqat ushbu mavsumda Lyuk butun jamoa ichida ajralib turib, rostan ham yuqori saviyani namoyish etayotgani uchun maqtov eshitmoqda.

Antoni Marsiyal. Jozeni ko‘rarga ko‘zi yo‘q bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, Shou va Marsiyal misolida, murabbiy shogirdlaridan barqarorlikni talab qilayotganini aytish mumkin. Lekin talablar va yuklamalar borasida xolislik yo‘qligi, masalan, Aleksis Sanches 8 oydan beri yaxshi o‘yin ko‘rsata olmayotgan bo‘lsa-da, betinim imkoniyat berilayotganini aytish mumkin. Marsiyalni Manchesterda olib qolayotgan yagona sabab - Jozening ushbu mavsumdan keyin jamoadan ketishi mumkinligi.

Kris Smolling. U ham bir paytlar Shou bilan birgalikda, murabbiy tanqidi ostida qolgandi. Kris jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lmaguncha maydonga tushishni istamagan, ayni o‘sha paytda markaziy himoyachilardan muammosi bo‘lgan Joze uni fidokorlik qilmayotganda ayblagandi. Uning hozir maydonga tushayotgani  sababi, boshqa markaziy himoyachilar, jumladan Jozening o‘zi olib kelgan Lindelof va Bayi ishonchni oqlay olmayotganidadir.

Markus Reshford. Yosh futbolchi bilan ochiq konflikt yuzaga kelmayotgan bo‘lsa-da, hujumchining Lui van Gaal davridan beri o‘yin borasida o‘sishga erishmagani, juda ko‘p o‘yinlarda maydonga tushsa-da, asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida qaralmayotgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Hatto, Joze matbuot anjumanlaridan birida statistikani olib kelib, Reshfordning maydondagi daqiqalari bo‘yicha hisobot berdi. Loftus Chik yoki Solanke bilan solishtirib, yosh futbolchiga yetarlicha imkon berilayotganini aytdi. Lekin esingizda bo‘lsa, Reshford aslida bu futbolchilar bilan emas, Ronaldu yoki Mbappe bilan taqqoslanardi bir paytlar.

Erik Bayi ham asosiy tarkibdan chetda qolib, jamoani tark etishni o‘ylab yuribdi. Bunday ziddiyatlar faqat Pogba bilan emas, boshqalar bilan ham bo‘lgan, ammo Pogbaning reaksiyasi boshqalarnikidan ajralib turibdi xolos.

Shu o‘rinda, asosiy tarkibda kira olmayotgan har bir futbolchi ziddiyat yarataveradimi, ana, harakat qilib, o‘zini isbotlasin, murabbiyda nima ayb deyish mumkin. Muammo shunda, Fergyusonning asosiy yutug‘i ham shunda edi. U bir paytda 30ga yaqin futbolchini boshqarar va ularning har biri jamoaning muhim va kerakli bo‘lagidek his qilishardi. Bugun esa, go‘yoki tarkib murabbiy ishonadiganlar va ishonmaydiganlarga ajrab qolgandek. Eng yomoni, bu ruyxat faqat Mourinyoning miyasida emas, keraksiz intervyular va ziddiyatlar tufayli nafaqat o‘sha futbolchi bu ishonchsizlikni his qilmoqda, hatto bu yerda turib biz ham bilib turamiz.

Maydondagi yetakchilar ichida faqat Valensiya, Matich, Lukaku va Sanches bilan muammo bo‘lmagan xolos. Errera, Mata, Lingard, Yang, Fellayni kabi futbolchilar hozircha murabbiyga qarshi emasdek tuyulishsa-da, ularning birortasi ham o‘zini asosiy, kerakli futbolchidek his qilmaydi. Va albatta, saviya jihatidan ham «MYU»ni oldinga torta oladigan salohiyat sohiblari emaslar. «Derbi»ga qarshi o‘yinda aynan murabbiy bilan yaxshi aloqada qolayotgan futbolchilardan iborat tarkibni ko‘rdik deyarli - natija o‘rtada.

Aytaylik, yangi murabbiyni almashtirish klubning rivojlanish kursini o‘zgarishiga va yangi murabbiy uchun yana yangi bir qator transferlarni amalga oshirishga majbur qiladigandek. Lekin paradoks shundaki, Joze Mourinyo deyarli o‘zi yiqqan tarkib bilan ham mukammal munosabat yarata olmayapti, ya’ni endi shu tarkibdagi futbolchilarni saqlab qolish uchun ham murabbiydan voz kechishga kerakka o‘xshab qolmoqda.

Yozda Vudvord Jozening transfer listidagi talablarni 20 foizga bajardi xolos. Kloppning aytganini aytgan pulga olib berayotgan «Liverpul» rahbarlari oldida, go‘yoki Joze bechoradek ko‘rinar. Ammo bu boshqa narsani, «Manchester Yunayted» Joze Mourinyoga ishonmay qo‘yganini ham ifodalaydi.

«O‘zing aytding, ana Bayini olib berdik, Lindelofni olib berdik. Har biriga 40-50 milliondan to‘ladik, endi Maguayrmi?». Mazmunan shunday e’tiroz qilgan Vudvordni ham tushunsa bo‘ladi. To‘g‘ri, Gvardiola o‘zi sotib olgan Bravo ustiga Edersonni, Nolito o‘rniga Mahrezni, Stounz ustiga Laportni olib berishni talab qilmoqda va maqsadiga erishmoqda, deyish mumkin. Lekin «Manchester Siti» - chempion, o‘yinda ham, jadvalda ham 20 ochkolik farqni namoyish qilib bermoqda. Vudvordning rad etishi pulni ayash emas, ishonchsizlikdan kelib chiqayotgani shubhasiz.

Xulosa

Shuni xulosa qilish mumkinki, gap faqat Pogbada emas. Boshqa sabablar tufayli ham  Mourinyo «Manchester Yunayted»da so‘nggi mavsumini o‘tkazmoqda. Vaziyat o‘nglanib, jamoa peshqadamlar qatoriga qaytsa, hatto chempion bo‘lsa ham, iste’fo sodir bo‘ladi. Faqatgina murabbiy va futbolchilar o‘rtasida mukammal munosabatlar o‘rnatilib, butun jamoa Jozening qolishini istasa, balki, aksi bo‘lar, lekin bunga ham ishonish qiyin. Vaziyat o‘nglanmasa, natijalar yanada yomonlashsa, mavsum oxiri kutilmasligi ham mumkin. Ya’ni, Mourinyo iste’fosining asosiy sababi Pogba bo‘ladi, degan faraz u qadar to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Faqat, Mourinyo «MYU»dagi faoliyatini Pogba ustiga qurmoqchi bo‘lib, bu yerdagi eng katta xatosini qildi, deb aytish o‘rinli xolos.

Pol Pogbaga kelsak, bilmadim, balki u o‘sha kutilayotgan, hamma o‘ylayotgan saviyada emasdir. Beqarordir. Yetakchilik xususiyati «Manchester Yunayted»ni avvalgi davriga qaytarishga yetmas. Ochiqchasiga janjal qilib, yana bir xatoga yo‘l qo‘yayotgandir. Balki Fergyuson bo‘lganida, allaqachon unga eshikni ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lardi. To‘g‘ri.

Ammo uning aynan bugungi beqarorligida Joze Mourinyoning ham aybi borligini yuqorida aytdik. Pogbaning Manchesterda qolish yoki qolmasligi haqidagi qarorni Mourinyo emas, keyingi murabbiy bersa to‘g‘riroq. Chunki endi Joze Pogbani sotishni ixtiyor etsa, bu asosan shaxsiy munosabat tufayli bo‘lishi aniq.

Shaxsiy munosabatlar esa, bir paytlar Fergyuson yozib ketganidek, klub manfaatidan ustun bo‘lmasligi shart.

Qahramon Aslanov

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 19:33, 27.09.2018.
O'qildi: 5606 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.