Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Qarang, jamoalarimizni kimlar boshqarmoqda

Qarang, jamoalarimizni kimlar boshqarmoqda

Baho:
+ | -

Rossiyada o‘tgan haftaning eng muhim voqeasi Moskvaning «Spartak» klubi bosh murabbiyi Massimo Karreraning ishdan olingani bo‘ldi. O‘z maydonidagi «Arsenal» (Tula)ga qarshi bahsda «spartakchilar» 2:3 hisobida yutqazib qo‘yishganini klub rahbarlarining shunday qarorga kelishlariga sabab sifatida ko‘rsatish mumkin. Ta’kidlash joizki, Karrera jamoaga kelgan birinchi mavsumidayoq «Spartak»ni chempionlikka olib chiqqandi. 2016 yilning yozida klubni qabul qilib olgan italiyalik mutaxassis 16 yillik tanaffusdan so‘ng - o‘sha Oleg Romansev boshqargan davrlardan buyon ilk bor chempionlikni tantana qilgandi. Bir yil o‘tiboq unga chiqish eshiklari ko‘rsatilishini hech kim kutmagandi. Nachora, murabbiylik o‘zi shunaqa kasb.

Aslida, «Spartak» RPLda hozir ham unchalik yomon ko‘rsatkich qayd etayotgani yo‘q. Turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda bormoqda, chempionlikka bo‘lgan imkoniyati ham deyarli pasaymagan (yuqori o‘rinlardagi jamoalarning naqd to‘rttasi so‘nggi turda mag‘lub bo‘lishdi). Faqat oxirgi 5ta o‘yinning 3tasida «Spartak» yutqazdi. Shunda ham barcha mag‘lubiyatlarni o‘z uyida qabul qilib oldi va aynan mana shunisi hammasidan o‘tib tushdi. 7-turda «Axmat»ni qabul qilgan Karrera shogirdlari 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan, 9-turda Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushgan uchrashuvda Karpin qo‘l ostidagi «Rostov» Moskvada 1:0 hisobida zafar quchgandi. Va nihoyat, so‘nggi bahsda «Arsenal» (Tula)ga taqdim etilgan uch ochko. Xullas, Karrera ketdi, «Spartak» rahbarlari esa hozircha yangi murabbiy qidirish bilan band.

Aslida, bugungi maqolamiz mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiylar xususida, dastlab Rossiya klubidagi iste’foga to‘xtalganimizning esa o‘ziga xos sababi bor. Gap shundaki, ayni taqdir bizning grand jamoalarimiz murabbiylari boshiga ham doimo chang solib turgani aniq. Biz tomonlarda ham mavsum davomidagi murabbiy almashtirishlar xuddi Rossiyadagi kabi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarga to‘g‘ri kelmoqda.

1. Andrey Miklyayev

(«Lokomotiv»)

OCHLdagi muvaffaqiyatsizlik va mavsumning dastlabki turlaridagi qoniqarsiz natijalardan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Andrey Miklyayev iste’foga chiqqarilgandi. Aslida «chiqarilganmidi» yoki «chiqqanmidi» bunisi noma’lum, chunki jamoa natijalari uchun aslida maslahatchi murabbiy Mirko Yelichich javob berishi katta ehtimol.

2. Aleksandr Mochinov

(«So‘g‘diyona»)

Jizzax shahri jamoasi dastlabki turlarda juda ko‘p ochko yo‘qotdi. Natijada «So‘g‘diyona» turnir jadvalining quyi pog‘onlaridan mustaham joy oldi. Mochinovga esa javob berildi va uning o‘rniga Sergey Lushan bosh murabbiy bo‘lib ishga keldi.

3. Viktor Kumikov (AGMK)

Olmaliq shahri jamoasi mavsum boshida o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygandi. Lekin Kumikov shogirdlari musobaqa davomida ancha notekis o‘yin ko‘rsatishdi, natijalar ham shunga yarasha bo‘ldi. Yakunda uning o‘rniga Baxtiyor Ashurmatov keldi.

4. Ilhom Mo‘minjonov

(«Navbahor»)

Agar ta’bir joiz bo‘lsa, mavsumning eng «sensasion» iste’fosi. Namangan futboli rahbarlari kutilmagan «yurish» qildilar (shaxmat tili bilan aytganda) va shu tariqa «Navbahor»ni ancha yuqori pog‘onalarga ko‘targan Mo‘minjonovning vodiy safari shu tariqa o‘z yakuniga yetdi.

*****************

Ko‘rib turganingizdek, hozirgacha klublarimizning salmoqli qismi mavsum davomidayoq o‘z murabbiylari bilan xayrlashib ulgurishdi. Ayni payt ularni boshqarayotgan mutaxassislarning ko‘rinishi esa har doimgidan ham chiroyliroq suratda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qaysi ma’nodaki, ularning aksariyati xalqaro arenalarda yirik muvaffaqiyat qozongan shaxslar sanalishadi. Ayniqsa, futbolchi sifatida.

Quyida superligada faoliyat olib borayotgan murabbiylarning ayrimlariga alohida to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.

1. SHOTA ARVELADZE

(«Paxtakor»)

Men Arveladzeni u Turkiyaning «Trabzonspor» klubida o‘ynab yurgan kezlaridan bilaman. Egizak ukasi Archil ikkalasi Trabzon shahri jamoa­si sharafini himoya qilishardi, o‘sha paytlarda. Keyinchalik ikki gurji o‘g‘loni ikki xil yo‘ldan borishdi va Yevropaning turli jamoalari safida to‘p surib, ancha sermahsul mavsumlarni o‘tkazishdi. Xususan, Shotaning o‘sha «Trabzonspor» safida o‘tkazgan yillaridagi parvozi (90 uchrashuvda 61ta gol) unga «Ayaks» klubi eshiklarini ochdi. Gollandiyada Arveladze ikkita klub safida to‘r surgan: «Ayaks»da (96 o‘yin, 55 gol) va «AZ Alkmaar»da (60 o‘yin, 36 gol). Bundan tashqari, Shotlandiyaning «Glazgo Reynjers» klubi safida ham ancha sermahsul mavsumlarni o‘tkazgan: 2005-2007 yillar oralig‘ida 95ta o‘yinda 44ta golga mualliflik qilgan. Xullas, terma jamoani ham qo‘shib hisoblaganda, Arveladzening faoliyati davomida urgan gollari soni 317tani tashkil qiladi. Gapning po‘stkallasi, faoliyatining asosiy qismini Yevropa maydonlarida o‘tkazgan futbolchi uchun bu hazilakam ko‘rsatkichlar emas.

Butsalarini mixga ilgach, Arveladze murabbiy sifatida o‘zi to‘p surgan «AZ Alkmaar»da mashhur Lui Van Galga yordam bera boshladi. Uning qo‘l ostida ikki yilcha ishlagach, Turkiyaga qaytdi va «Qaysarispor»da faoliyat yuritdi. Keyin «Qosimposho» va oz muddat «Trabzonspor»ni boshqardi. «Paxtakor»ga kelguncha Isroilning «Makkabi» klubi ustozi edi.

Murabbiy sifatida deyarli zafar qozonmagan bo‘lsada, futbolchi o‘laroq shunday yirik muvaffaqiyatlarga ega Arveladzening «Paxtakor»­da ish boshlashi jamoa imidjini yanada ko‘tarib yuborgani aniq. U bilan birgalikda uzoq yillik «tarix yozish» maqsad qilingani, murabbiyning yaqinda TVga bergan intervyusida o‘z aksini topdi. «Paxtakor»ning yangi stadioni qurilishiga bag‘ishlab olingan videoklipda uni qo‘llayotgan shaxslardan biri Alisher Usmonov ekanini Arveladzening shaxsan o‘zi hikoya qilib bergandi.

2. ANDREY KANCHELSKIS («Navbahor»)

Futbolchi sifatida Kanchelskis Shota Arveladzedan ham yuqoriroq cho‘qqilarga chiqa olgan. Yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, u o‘z faoliyati davomida 102ta gol urishga erishgan va ularning naqd 82tasini «ko‘hna qit’a» maydonlarida, xususan, Angliya klublari darvozasiga yo‘llagan («Manchester Yunayted» safida 47ta, «Everton» tarkibida 20ta gol). Bu ham «hazilakam» ko‘rsatkich emas. Mazkur ikki klubdan tashqari, futbolchi Italiyaning «Fiorentina»sida ham ajoyib o‘yinlar namoyish etgan.

Biz uchun qiziq bo‘lgan ma’lumot, 2001 yilgi mavsumda Kanchelskis bugungi «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze bilan bitta jamoada to‘p surgan - Shotlandiyaning «Glazgo Reynjers» klubi safida.

Xuddi Arveladze kabi, murabbiylik faoliyati davomida birorta tuzuroq natijani qo‘lga kirita olmagan bo‘lsada, aynan gruziyalik sobiq jamoadoshi singari uning O‘zbekistonga kelishi ham o‘zgacha tarzda qarshi olindi. Matbuotda Kanchelskisning Xitoyga ketishi mumkinligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar ko‘payib ketganiga qaramay, uning O‘zbekistondagi faoliyati baribir tarix sahifalariga yozib ulgurildi. Kanchelskisning «Navbahor»dagi ishi qancha davom etishidan qat’iy nazar, o‘tmishning buyuk futbolchisi nomi bizning zarvaraqlarga muhrlanib bo‘ldi.

3. MIRJALOL QOSIMOV («Bunyodkor»)

O‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Rossiya va O‘zbekiston chempioni. Eng qizig‘i, bu unvonlarning birortasi na Arveladzeda bor, na Kanchelskisda. Chunki bu o‘zimizning Qosimov!

Ha, «o‘zbek Maradonasi» o‘z davrida futbolimizning tom ma’nodagi yetakchisi, milliy jamoamizning ishongan tog‘i edi. Ancha yillar davomida futbolimiz rivoji uchun ter to‘kdi. Qayerga bormasin, qayerda o‘ynamasin, Vatanimiz futboli uchun katta obro‘ olib berdi. Qosimovlar o‘ynagan davrda Rossiya chempionligini qo‘lga kiritgan Vladikavkazning «Alaniya» jamoasi o‘shandan keyin chempionlik tugul, bosh-qa biror tuzukroq natijaga ham erisha olmadi.

Hech qiziqib ko‘rganmisiz, Mirjalol Qosimov butun faoliyati davomidagi rasmiy o‘yinlarda nechta gol urgan ekan? Men kuni kecha uning «Paxtakor»da 1987 yilda boshlangan faoliyatidan boshlab, to o‘sha 2005 yilgi «Mash’al»gacha bo‘lgan davrdagi gollari, shu bilan birga, milliy jamoa va sobiq ittifoq yoshlar termalari safida urgan gollari sonini qo‘shib chiqdim. Jami 148ta ekan!

Bu gollar ne-ne darvozabonlarni ranjitmagan deysiz. Rossiyaning bir necha mohir posbonlaridan tortib, «Liverpul» afsonasi Bryus Grobbelaar ham Qosimovning jarima zarbasiga dosh berolmagan. Xullas, «o‘zbek Maradonasi»ni ham futbolchi sifatida hech ikkilanmay o‘sha Arveladze va Kanchelskislar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi.

Hozircha murabbiylikdagi yutuqlari sifatida «Bunyodkor»ni uch bora chempionlikka olib kelgani e’tirof etilsada, bu insonning kelajakda o‘zbek futboli uchun hali juda ko‘plab xizmat qilishiga barchamiz astoydil ishonamiz.

4. Yuqoridagi uch shaxsdan farqli o‘laroq, 4-o‘ringa joylashadigan murabbiylarimizni bitta pog‘onada e’tirof etsak to‘g‘riroq bo‘lardi. Ularning ro‘yxatini quyidagicha tuzdik:

- No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912»)

- Andrey Fyodorov («Lokomotiv»)

- Sergey Lushan («So‘g‘diyona»)

- Baxtiyor Ashurmatov (AGMK)

- Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»)

- Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro»)

O‘z davrida anchagina yaxshi futbolchilar bo‘lgan Bahrom Haydarov va Andrey Shipilovni bu ro‘yxatga atayin qo‘shmadik. Birgina «Qizilqum» ustozi Hamidjon Aktamovning futboldagi faoliyati qanday bo‘lgani, to‘g‘risi, bizga ma’lum emas.

Endi yuqoridagi ro‘yxatdan o‘rin olgan olti zabardast inson xususida. Ularning ba’zilari o‘zi o‘ynagan klublari, ayrimlari esa milliy jamoamiz uchun ko‘p mehnat qilishgan. Misol uchun, o‘sha 2000 yillardan keyin shakllangan termamiz himoyasida Fyodorov - Ashurmatov - Lushan uchligi doimo yetakchi pozisiyalarda harakat qilgan. No‘’mon Hasanovni ta’riflashga hojat yo‘q, Ulug‘bek Baqoyev qanday hujumchi bo‘lganligini kichik avlod vakillari ham ancha yaxshi bilishadi.

Men bu yerda birgina qiziq faktni e’tiboringizga havola etmoqchi edim. «Nasaf» ustozi Ro‘ziqul Berdiyev 1993 yillarda Sirdaryo viloyatining «Yangiyer» klubida to‘p surardi. Ushbu mo‘’jazgina jamoa o‘sha yili O‘zbekiston kubogi yarim finalida (yana Toshkentda deng!) «Paxtakor»ni mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Hal qiluvchi bahsda o‘sha paytdagi mamlakatimiz futboli bayroqdori sanalgan «Neftchi»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganiga qaramay, «Yangiyer» kelasi yili Osiyo kubok egalari kubogida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgandi. Ro‘ziqul Berdiyev aynan shu jamoa tarkibidagi xalqaro o‘yinlari orqali futbol ommasiga ancha tanilib qolgandi.

Keyinchalik «Nasaf» tarkibida yetuk futbolchi darajasiga chiqdi. Ham futbolchi sifatida, ham murabbiy o‘laroq, Osiyo maydonlarida ham bir necha bor o‘z omadini sinab ko‘rishga erishdi. Ro‘ziqul akaga hozircha birgina O‘zbekiston chempionligi armon bo‘lib turibdi. Barcha mavsumlarda 2-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan «Nasaf» o‘zini Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtiroki bilan ovutdi. Hozirda moliyaviy qiyinchiliklar girdobiga tushib qolgan bo‘lishiga qaramay, muxlislari jamoa boshida aynan Ro‘ziqul Berdiyev turgani uchun ham «Na-saf»ga ishonib kelishmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, biz baribir ancha sabrli halqmiz, shaxsan o‘zim chempionat davomida ko‘p bora sanab bordim, ba’zi klublar ketma-ket 3-4 marta muvaffaqiyatsiz o‘ynagan bo‘lsa ham, murabbiyni almashtirish xususida gap ochishmadi. Ikkinchi tomondan, jamoalarimizga, ayniqsa, ularning murabbiylariga ba’zida ketma-ket kuchli klublarga qarshi o‘ynash to‘g‘ri kelib qolayotganini ham unutmaslik lozim.

Behzod Ahmadjonov, "InterFUTBOL" gazetasi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:24, 03.11.2018.
O'qildi: 8609 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.