Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Katta derbi oldidan: Xose va Joze. 9 yillik raqobat

Katta derbi oldidan: Xose va Joze. 9 yillik raqobat

Baho:
+ | -
Bugun Manchesterdagi «Etihad Stadium»da Angliya chempionatining eng keskin derbilaridan biri bo‘lib o‘tadi. Jamoalar tarixi, bugungi kunda egallab turgan o‘rnidan qat’i nazar, yana bir qarama-qarshilik borki, bu haqida alohida asarlar yozsa arziydi. Aslida bir maktabdan yetishib chiqqan bo‘lsa-da, futbolga bo‘lgan qarashidan tortib, uslub-falsafasigacha keskin farq qiladigan ikki buyuk murabbiy dueli. Pep Gvardiola va Joze Mourinyo!

Ha, adashmadingiz, aslida ikki mutaxassisning futbolga murabbiy ko‘zi bilan qarashi, shakllanishi bir insonga - Bobbi Robsonga va bir klubga - «Barselona»ga borib taqaladi. Joze Mourinyo 1993 yildan Portugaliyaning «Sporting», keyin «Portu» klubida bosh murabbiy Bobbi Robsonnning tarjimoni bo‘lgan, keyinchalik angliyalik murabbiy uni murabbiy sifatida ham o‘ziga yordamchi qilib olgandi. Joze Bobbi Robson bilan birgalikda 1996 yilda «Barselona»ga keladi. O‘sha paytlarda Xosep Gvardiola futbolchi sifatida Kataloniya klubida o‘ynardi.

Robson iste’foga chiqarilgandan keyin ham, Mourinyo keyingi murabbiy Lui van Gaalning yordamchisi sifatida ishlay boshladi. Hatto balki ko‘pchilik bilmasligi mumkin, Lui Mourinyoga ba’zi kichik turnirlarda «Barselona»ni mustaqil boshqarishga qo‘yib bergan. Masalan, 2000 yildagi Kataloniya kubogi turnirini Gvardiola sardorligidagi «Barselona» aynan Joze Mourinyo qo‘l ostida qo‘lga kiritgan. Ya’ni, yangi asrning ikki eng buyuk murabbiylari - Xose va Jozening ilk hamkorligi mana shunday boshlangan.

Keyinchalik, Joze Mourinyo mustaqil ish izlab Portugaliyaga ketdi, Pep Gvardiola esa, avvaliga Italiya chempionatida, «Breshiya» klubida futbolchi sifatida faoliyatini davom ettiradi, uzoq darbadarliklardan (u ma’lum vaqt Meksika chempionatida futbolchi va murabbiy sifatida tajriba to‘plagan) keyin yana «Barselona»ga qaytdi va klub tizimida mutaxassis sifatida ish boshladi.

Oradan yillar o‘tib, bu ikki shaxsning yo‘li kesishganda, har ikkisi ham bir ichki chempionatlardan tortib, Yevropa chempionlar Ligasida ham g‘alaba qozonib ulgurgan mashhur murabbiy edi.

INTER - BARSELONA (2009-2010)

2009/10 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasining yarim finali. Amaldagi chempion, Evropada eng zo‘r futbol ko‘rsatayotgan «Barselona» va Italiyadagi «Yuventus»dan bo‘shab qolgan o‘ringa ega chiqqan «Inter»... (aslida o‘sha mavsumdan oldinroq ham «Inter» va «Barselona» ikki marta o‘zaro o‘ynagan. Lekin bu o‘yinlar musobaqaning guruh bosqichida bo‘lgani uchun u qadar katta e’tibor qozonmagan).

Ikki murabbiyning ilk jiddiy to‘qnashuvi o‘shanda ro‘y bergandi. U paytlarda Mourinyoning Gvardiola bilan uncha ishi yo‘q, asosiy alam klubda - «Barselona»da qolib ketgandi. Aytishlaricha, 2008 yilda Frank Raykaarddan bo‘shagan o‘rin uchun Mourinyo va Gvardiola asosiy nomzod sanalgan. Sobiq jamoasini boshqarishni orzu qilgan portugaliyalik mutaxassis hatto jamoani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, klub rahbarlariga taqdim etgan. «Portu» va «Chelsi»da o‘zini ko‘rsatib ulgurgan Mourinyo uni rad etmasliklariga aniq ishongan. Ammo klub bosh murabbiy etib, Mourinyoni emas, yoshlar jamoasida ishlab yurgan va hali katta futbolda umuman tajribasi yo‘q bo‘lgan Gvardiolaga ishonch bildirishi hamma uchun syurpriz bo‘lgandi.

Gvardiola ilk mavsumdayoq tanlov xato bo‘lmaganini isbotladi va bir yilda oltita sovrinni klub muzeyiga taqdim etdi. Navbatdagi to‘qnashuvda Mourinyo nafaqat «Inter», balki «Kamp Nou» qarshisida ham o‘zining ustun ekanini isbotlashi kerak edi.

Shunday bo‘ldi ham. Milanda 3:1 hisobida g‘alaba qozongan italiyaliklar «Kamp Nou»da butun o‘yin davomida deyarli, bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganliklariga qaramay, o‘zlariga kerakli hisobni saqlay olishdi. Shu-shu Joze Mourinyo futboli himoyada benazir o‘ynaydigan, jasoratli va irodali yigitlardan tuzilgan bir «shayka» sifatida dunyo futboli tomonidan e’tirof etila boshlandi. Jozening o‘sha muvaffaqiyatli o‘yindan so‘ng, «Kamp Nou» o‘rtasida turib olib, o‘zini namoyish qilganini hamma eslasa kerak.

Finalda qizig‘i, Mourinyoga uning va Gvardiolaning sobiq ustozi Lui van Gaalning «Bavariya»si kutib turardi. Bu safar shogird ustun keldi.

REAL - BARSELONA (2010-2012)

«Barselona» o‘sha yillari rostan ham Yevropada va Ispaniyada tengsiz jamoaga aylangan, ayniqsa o‘zaro o‘yinlarda «Real» ojiz qolardi. Chempionlar Ligasida ham qatorasiga olti yil madridliklar nimchorak finaldan uyog‘iga o‘ta olmayotgandi. Ronaldu, Kaka kabi yulduzlarni Madridga olib kelgan Peres uchun Pellegrini varianti yoqmay qolgan, endi «Real»ga status bo‘yicha o‘sha yulduzlarga mosroq, muhimi g‘alaba qozonishni biladigan, yanayam muhimi «Barselona»ni yengishning uddasidan chiqadigan murabbiy lozim edi. Albatta, ilk nigoh kataloniyaliklar bilan shaxsiy hisob-kitobi bo‘lgan Mourinyoga tushadi-da...

Joze «Real»ga kelganida, hali qilinadigan ishlar ko‘p edi. Buni ilk el-klasiko ham isbotladi: «Barselona» «Kamp Nou»da 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Shunchaki, futbol o‘ynab, Messi, Xavi, Inyesta kabi bolakaylarni yengish mumkinmas. Buning uchun o‘yindan ham ko‘prog‘i, yana jang qilish lozim bo‘lardi. Har bir futbolchi xuddi Mourinyo singari «Barselona»dan nafratlanishi, uni o‘z raqibi debmas, dushmani deb bilishi kerak bo‘lardi. Maydonda futbol emas, jang ketishi kerak edi. Mourinyo ilk mavsumdayoq buning uddasidan chiqdi, endi «Real» tarkibida 11 nafar «Mourinyo» harakat qila boshladi. Foydasi bo‘ldimi?

Ha. Madridda o‘tgan javob o‘yini durang bilan yakunlandi. «Real» o‘yinning aksariyat qismini himoyada o‘tkazgan bo‘lsa-da, o‘sha «Barselona»ga qarshi faqat shunday o‘ynash mumkin edi va «Real» buning uddasidan chiqa boshlagandi. Oradan bir hafta o‘tib, kubok finalida natija yanada yaxshilandi - bu safar qo‘shimcha vaqtda Ronalduning goli madridriklarga g‘alaba keltirdi. Gvardiola davrida ilk bor «Barselona» klasikoni boy berdi, ilk bor «Real» raqibidan bir sovrinni tortib oldi. Oldinda esa, yana bir katta luqma - Chempionlar Ligasi yarim finali turardi.

Ziddiyatlar va adovat YECHL yarim final o‘yinlari davrida avjiga chiqdi. Mourinyo jangda har qanday qurol muboh deb, ayniqsa, matbuot orqali bosim qila boshladi. Madrid va Barselona o‘rtasida, futbolchilar o‘rtasida, muxlislar o‘rtasida «ziddiyat osmonga chiqib ketdi». Odatda matbuot anjumanlarida u qadar faol bo‘lmagan Gvardiola ham o‘zini tutib tura olmadi - «Joze til bilan jang qilishga juda usta, men unga maydonda ko‘rsatib qo‘yaman», - deyayotganda aslida Pep ham aynan til bilan kurashishni boshlab yuborgandi. Bu jang yana bir yil davom etishini, Pepni futboldan ko‘ra ayniqsa Joze bilan dahanaki janglar charchatganini keyin sezdik: ispaniyalik murabbiy kutilmaganda «Barselona»ni tark etdi. Umuman, jurnalistlar mana shu ikki yil har ikki murabbiy uchun og‘ir o‘tganini e’tirof etib, ularning o‘zgarganliklariga e’tibor qaratgandi - Pepning sochlari to‘kilib ketgan, Mourinyoning sochlarida oqlar ko‘paygan.

Pepega ko‘rsatilgan qizil kartochka, Iguainning hisoblanmagan goli va yana bir qator kichik janjallar bilan o‘tgan yarim finallar (2:0, 1:1) «Barselona»ning ustunligida tugadi.

Ammo bilasizmi, doimiy qarshilik, doimiy jang futbol o‘ynashga asoslangan «Barselona»ni charchatdi. «Barselona»ning nafis futboliga qarshi Mourinyo «Real»da jismoniy kurash va irodaga asoslangan o‘z futbolini qo‘ydi - keyingi yilda nihoyat «Real» muntazam ravishda «Barselona» bilan muvaffaqiyatli o‘yinlar o‘tkaza boshladi. Buning ortidan Ispaniya chempionligi qo‘lga kiritildi.

BAVARIYA - CHELSI (2013)

Gvardiola «Barselona»ni yordamchisi Tito Vilanovaga qoldirib ketdi. Vilanova ham bevaqt o‘lim tufayli mavsumni oxirigacha yetkaza olmadi. Bu vaqtga kelib, nihoyat Ispaniyada chempion bo‘lgan «Real» futbolchilari ham doimiy ziddiyatlardan charchagan, klasikoda avvalgi azart qolmagandi. Bunday vaziyatda Mourinyoni futbolchilar bilan birlashtirib turgan bog‘ ham uzildi, ichki muammolar chiqa boshladi. Uchinchi mavsum oxirida u Madridni tark etib, sobiq jamoasi «Chelsi»ga qaytdi.

Orada bir yil dam olgan Gvardiola futbolga, «Bavariya» bosh murabbiyi sifatida qaytdi. Chempionlar Ligasi va Bundesligani Xaynkess qo‘l ostida yutib olgan myunxenliklar Pep bilan oldindan shartnoma qilib qo‘yishgandi. «Chelsi» esa, an’anaviy ravishda murabbiyni iste’fo chiqargan mavsumda yevrokubok yutib olgandi. Rafa Benites londonliklarni Yevropa Ligasi g‘olibiga aylantirdi. Demak, yangi ish joyida ish boshlagan ikki murabbiy mavsumning ilk o‘yinida Yevropa Superkubogi uchun bahsda yana to‘qnash keldi.

O‘yin oxirlarigacha «Chelsi» hisobda oldinda bordi. Ammo so‘nggi daqiqalarda «Bavariya» hisobni tenglashtirib, o‘yinni penaltilar seriyasiga o‘tkazdi. Bu safar ham Pep jamoasining qo‘li baland keldi. Penaltilar seriyasidagi so‘nggi zarbani ijro etgan Romelu Lukaku xatoga yo‘l qo‘ydi.

Bundan jahli chiqqan Joze Mourinyo Lukakuni «Everton»ga sotib yuborgandi. Oradan to‘rt yil o‘tib esa, endi «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi sifatida belgiyalik hujumchini rekord narxga sotib oladi.

MANCHESTER YUNAYTED - MANCHESTER SITI (2016 - )

Qaysidir ma’noda «Old Trafford» boshqaruviga ham bu ikki murabbiy nomzodi ko‘rib chiqilgan. Lui van Gaal (ha, u haliyam tirik) manchesterliklarni qanoatlantirmay qolgach, 2015/16 yilgi mavsum o‘rtalarida har ikki murabbiy ham deyarli bo‘sh - Mourinyo «Chelsi»dan iste’foga chiqarilgan bo‘lsa, Gvardiola Myunxendagi so‘nggi mavsumini o‘tkazayotgan, u yerdagi mayda kelishmovchiliklar tufayli, ketishi aniq bo‘lib ulgurgandi.

Luining ish uslubi, yiqqan tarkibi ko‘proq Gvardiolaga mos tuyulgan bo‘lsa-da, «qo‘shnilar» otni ilgariroq qamchiladilar va bir paytlar Barselonada birga ishlagan do‘sti Cheki Bagiristayn orqali Pepni Manchesterga, faqat shaharning narigi tarafiga kelishga ko‘ndirdilar. Bunday vaziyatda «qizil Manchester» boshida Mourinyodan boshqa nomzodni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Ikki gigantning navbatdagi raqobati nafaqat futbol, balki marketing nuqtai nazaridan ham APLni bezab berishi tabiiy edi. Janob Vudvord esa, bunday narsalarni juda yaxshi ko‘radi.

Lekin barcha sharoitlar ideal bo‘lsa-da, ko‘pchilik o‘ylagandan qonli janglarni ko‘rmadik. Birinchi sababi, futbol. Dastlabki mavsumda har ikki murabbiy o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, ichki muammolarni hal qilish bilan mashg‘ul bo‘lishdi, ko‘pchilik kutgan chempionlik raqobati yuzaga kelmadi. Ikkinchidan, Antonio Konte, Yurgen Klopp kabi yangi, «rokn-rollchi avlod» vakillari paydo bo‘ldi-ki, ularning fonida Pep va Joze salobatli, jiddiy va eski davr murabbiylariga o‘xshab qoldi. Xuddi urishish yarashmaydigandek.

Ammo baribir asosiy sabab sifatida, turnirdagi raqobatni aytish mumkin. Gvardiola o‘zining ikkinchi mavsumida o‘z jamoasini qurishga ulgurdi va Angliyada ularga teng keladigan jamoa topilmayapti. Joze esa, «MYU»da o‘z muammolari bilan shu qadar o‘ralashib qoldiki, iki marta iste’fo yoqasiga borib keldi. Endi yetti yil oldingi holat unutilgan, Pepni taxtdan ag‘daradigan yagona nomzod sifatija Joze va uning futboli emas, Yurgen Klopp tilga olinmoqda. Hatto Pepni maydonda eng ko‘p mag‘lubiyatga uchratgan murabbiy ham endi Mourinyo emas, aynan Kloppdir.

Pep va Joze qarama qarshiligi faqat derbida, futbolchilar bir-birlariga qarshi maydonda tiziladigan kunda esga olinmoqda xolos. Ha, bugun shunday kun.

Mourinyo va Gvardiolaning barcha o‘zaro bahslari

1. «INTER» - «BARSELONA» - 0:0 (2009 yil, oktyabr, YECHL guruh bosqichi)

2. «BARSELONA» - «INTER» - 2:0 (2009 yil, noyabr, YECHL guruh bosqichi)

3. «INTER» - «BARSELONA» - 3:1 (2010 yil, aprel, YECHL, yarim final)

4. «BARSELONA» - «INTER» - 1:0 (2010 yil, aprel, YECHL, yarim final)

5. «BARSELONA» - «REAL» - 5:0 (2010 yil, noyabr, La Liga)

6. «REAL» - «BARSELONA» - 1:1 (2011 yil, aprel, La Liga)

7. «BARSELONA» - «REAL» - 0:1 (2011 yil, aprel, Ispaniya kubogi finali)

8. «REAL» - «BARSELONA» - 0:2 (2011 yil, aprel, YECHL, yarim final)

9. «BARSELONA» - «REAL» - 1:1 (2011 yil, aprel, YECHL, yarim final)

10. «REAL» - «BARSELONA» - 2:2 (2011 yil, avgust, Ispaniya Superkubogi)

11. «BARSELONA» - «REAL» - 3:2 (2011 yil, avgust, Ispaniya Superkubogi)

12. «REAL» - «BARSELONA» - 1:3 (2011 yil, dekabr, La Liga)

13. «REAL» - «BARSELONA» - 1:2 (2012 yil, yanvar, Ispaniya kubogi, chorak final)

14. «BARSELONA» - «REAL» - 2:2 (2012 yil, yanvar, Ispaniya kubogi, chorak final)

15. «BARSELONA» - «REAL» - 1:2 (2012 yil, aprel, La Liga)

16. «BAVARIYA» - «CHELSI» - 2-2 (2013 yil, avgust, Yevropa Superkubogi)

17. «MANCHESTER YUNAYTED» - «MANCHESTER SITI» - 1:2 (2016 yil, sentyabr, APL)

18. «MANCHESTER YUNAYTED» - «MANCHESTER SITI» - 1:0 (2016 yil, oktyabr, Angliya Liga kubogi)

19. «MANCHESTER SITI» - «MANCHESTER YUNAYTED» - 0:0 (2017 yil, aprel, APL)

20. «MANCHESTER YUNAYTED» - MANCHESTER SITI» - 1:2 (2017 yil, dekabr, APL)

21. «MANCHESTER SITI» - «MANCHESTER YUNAYTED» - 2:3 (2018 yil, aprel, APL)

Hammasi bo‘lib 21 uchrashuv. Bundan 9 o‘yinda Pep Gvardiola, 5 o‘yinda Mourinyo g‘alaba qozongan. 7 o‘yin durang natija bilan tugagan. Murabbiylarning bugungi jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlarda tenglik hukm surmoqda: 5 o‘yin, 2tadan g‘alaba va mag‘lubiyat, bir durang. To‘plar nisbati - 6-6.

Oltinchi o‘yin bugun, Toshkent vaqti bilan 21:30da, «Manchester Siti» maydoni bo‘lmish «Etihad Stadium»da bo‘lib o‘tadi.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Manba: Tribuna
Kiritildi: 18:12, 11.11.2018.
O'qildi: 4450 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.