Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xuan Antonio Pissi: «Bizda jangovar ruh bor»

Xuan Antonio Pissi: «Bizda jangovar ruh bor»

Baho:
+ | -

Saudiya Arabistoni milliy jamoasi bosh murabbiyi Xuan Antonio Pissi o‘z vaqtida hujum chizig‘ida to‘p surgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng Janubiy Amerika, Meksika va Ispaniya kabi mamlakatlarda murabbiy bo‘lib ishlagan. Futbolchilik davrida Ispaniya La Ligasi to‘purari sifatida Pichichi sovrinini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Ispaniya termasi safida jahon va Yevropa chempionatlarida o‘ynagan. 2002 yili u butsalarini mixga ildi.

Shundan so‘ng bir necha yil «radar»lardan yo‘qolib qoldi. O‘sha paytlarda u Barselonada polo o‘ynab yurardi. Oxir-oqibat Pissi murabbiylik faoliyatini boshlashga qaror qildi. Lekin uning bu sohadagi ishi boshlanmay turib yakunlanishi mumkin edi. Argentinaning «Kolon» jamoasini qabul qilib olgan Pissi uchta o‘yindan keyinoq iste’foga chiqarildi. Shundan keyin ham unda o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qolmadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Pissi Chilida ish boshladi va o‘sha yerda o‘zini ko‘rsatdi. «Universidad Katolika» klubini qabul qilib olgan Xuan Antonio mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Oradan besh yarim yil o‘tib, Pissi yana Chiliga qaytdi. Bu safar mamlakat milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida. Uning qo‘l ostida chililiklar 2016 yilgi «Kopa Amerika» musobaqasida g‘olib chiqishdi. 2017 yili bo‘lib o‘tgan Konfederasiyalar kubogida esa finalga qadar yetib borishdi. Biroq Chili termasi kutilmaganda JCH-2018 final bosqichiga chiqolmadi. Shundan so‘ng mutaxassis o‘z lavozimini tark etdi. Buni qarangki, Rossiya mundialiga borish Pissining taqdiriga yozilgan ekan. Musobaqa boshlanishidan avval u Saudiya Arabistoni termasini qabul qilib oldi. Turnirda saudiyaliklar maqtovga loyiq natijaga erishmagan bo‘lsalarda, ularning harakatlari ko‘pchilikka ma’qul keldi. Ayni payt Pissi terma jamoani BAAda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorlamoqda. Yaqinda ispaniyalik mutaxassis FIFA.com saytiga intervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni o‘qishingiz mumkin.

- 28 noyabr kuni Saudiya Arabis­toni termasini qabul qilib olganingizga bir yil bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida qanday o‘zgarishlar kuzatildi?

- To‘g‘risini aytsam, biror-bir natijaga erishishga ko‘zim yetmagandi. Chunki jahon chempionati boshlanishiga oz qolgandi. Odatda, yangi kelgan murabbiyga vaziyatni o‘rganishi, futbolchilar va muhit bilan tanishishi uchun vaqt kerak. Lekin Saudiyaga tashrif buyurganimdan so‘ng boshqacha vaziyatga guvoh bo‘ldim. Mamlakat futbol federasiyasi va boshqa rahbarlar qo‘llab turishdi. Futbolchilar ham men kutgandan yaxshiroq bo‘lib chiqishdi. O‘ylaymanki, jahon chempionatida yomon o‘ynamadik. Mana, bir yildan so‘ng shuni aytishim mumkinki, bizda kurashish uchun jangovar ruh bor.

- Jamoani JCH-2018ga qanday tayyorladingiz?

- Tayyorgarlik jarayoni yaxshi o‘tdi. Bir nechta yig‘inlar tashkil qildik va o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdik. Agar jamoani bir yil oldin qabul qilib olganimda, bundan ham yaxshi bo‘larmidi...

- Misrga qarshi uchrashuvdagi yutuqni «buyuk g‘alaba» deb atagandingiz...

- Nimaga buyuk bo‘lmas ekan? Biz yulduzlarga to‘la Misr termasini mag‘lub etdik. O‘sha o‘yinda nafaqat natija, balki o‘yin borasida ham ustun kelgandik. Jamoamiz eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etgandi.

- Bir necha kundan so‘ng Saudiya Arabistoni termasi Osiyo kubogidagi ishtirokini boshlaydi. Bu safar jamoadan nima kutyapsiz?

- Hammasini. Hozir vaziyat boshqacha. Jahon chempionatiga qaraganda ma’suliyatimiz yuqoriroq. Umid qilamanki, futbolchilar belgilangan vazifani bajarib, yaxshi natija qayd etishadi. Hozirda to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz, deb o‘ylayman. Ambisiyalarimning chegarasi yo‘q. Men o‘z ishiga qunt bilan yondashib, yuqori natijalarga erishishni istaydigan murabbiyman.

- Bunga qadar saudiyaliklar olti marta finalga chiqib, shundan uchtasida zafar quchishgan. Galdagi musobaqa haqida fikringiz qanday?

- Saudiya Arabistonidagi faoliyatim orqali Osiyo futbolini yaxshi bilaman. Bir qator raqobatchilarimizni o‘rganib chiqdim. Osiyoning o‘yin uslubi Janubiy Amerika yoki Yevropanikidan tubdan farq qiladi. Boshqa murabbiylar singari bashorat qilishni yoqtirmayman. Bu turnirda g‘olib chiqishni istagan kuchli raqiblar va qiyin o‘yinlar bo‘ladi.

- Jahon va Yevropa chempionatlarida o‘ynagan murabbiy futbolchilarga qanday ta’sir o‘tkaza oladi?

- Bu omad yoki muvaffaqiyatsizlik orasidagi hal qiluvchi faktor emas. Lekin o‘shanda to‘plangan tajribaning qo‘l kelishi bor gap. Umuman olganda, futbolchilarning o‘zlari shunday yirik turnirlarda ishtirok etib, kerakli tajribani to‘plashlari muhimroq.

- Murabbiy sifatida kimdan o‘rnak olishni istagansiz?

- Har bir futbolchi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng futbol sohasida qolishni, o‘ziga mos ish topishni istaydi. Murabbiylik ham shulardan biridir. Ambisiyalarimga mos ish topgunimcha to‘rt yil o‘tib ketgan. Balki Gollandiya maktabining bunga ta’siri bordir. Umuman olganda, men o‘rnak olishni istaydigan murabbiylar ko‘p: Gus Xiddink, Lui van Gal, Yupp Xaynkes, Bobbi Robson, Xorxe Valdano va Ramon Dias shular jumlasidan.

- Klub murabbiyi bilan terma jamoa murabbiyi o‘rtasida qanday farq bor?

- Umuman olganda, tafovut yo‘q emas. Terma jamoa murabbiylari butun bir mamlakat futbolchilari bilan ish olib borishadi. Har safargi yig‘inlarda yangi nomlar paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud. Ammo bu vaqt oralig‘ida futbolchilarni yaxshi o‘rgana olmay qolishingiz hech gapmas. Klubda esa bir xil futbolchilar bilan har kuni ishlaysiz. Bu ko‘p yillarga cho‘zilishi ham mumkin.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 13:40, 01.01.2019.
O'qildi: 2138 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.