Ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa kerak, yaqinda «Arsenal»ning sobiq himoyachisi Per Mertezaker o‘zini sharhlovchi «roli»da sinab ko‘rdi.
Ammo siz o‘ylagandek, futbol sohasida emas. Germaniyalik futbolchi yoshligidan basketbol o‘yiniga befarq emasdi va katta futboldagi faoliyatiga nuqta qo‘yganidan so‘ng basketbol bo‘yicha Yevroliganing SSKA — «Bavariya» uchrashuvida ilk bor o‘zini sinab ko‘rdi. Lekin shunisi ham borki, Mertezaker - futboldan keyin boshqa sport turiga «sirg‘alib» ketgan yagona inson emas...
Gabriel Batistuta
«33 yoshimga kelib, juda charchadim. Yelkamda qandaydir og‘ir bosimni his qilyapman. Jismoniy holatim ham albatta, avvalgidek emas. Shu sababli, faoliyatimni yakunlasam bo‘laveradi», — degandi afsonaviy hujumchi 2005 yilda. Oradan to‘rt yil o‘tib, sobiq forvard «Boka Xuniors»ga ko‘chib o‘tdi. Ha, aynan shu klubga. Faqat biz aytayotgan «Boka» a’zolari futbol emas, polo bilan shug‘ullanishardi. Zero argentinalik yulduz azal-azaldan sportning bu turiga muhabbatini ta’kidlab kelardi. Birgina yoqimsiz tomoni, Gabriel yangi yo‘nalishda futbolchalik shuhrat qozonmadi, ammo bir-ikkita turnirda qatnashdi, harqalay...
Biksant Lizarazyu
Fransiyalik himoyachi Biksant Lizarazyu futbolda qanday yirik natijalarga erishganini yaxshi bilasiz. Deylik, u «Bavariya» safida Germaniyadagi barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan, YECHLda g‘olib chiqqan, Fransiya termasining afsonaviy avlodi tarkibida avvaliga JCH, keyin esa Yevropa chempionatida oltin medallarga ega bo‘lgan. Qisqasi, Biksant, bundoq qarasa, futbolda boshqalar orzu ham qila olmaydigan ko‘rsatkichlarga erishibdi. Shundan so‘ng Lizarazyu boshqa sport turlarida qatnashib ko‘rishni ixtiyor etdi. E’tiborlisi, u kutilmagan tarzda, o‘zini chanada sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi va hatto, shunday natijalarga erishdiki, Fransiya sharafini 2006 va 2010 yilgi Olimpiadalarda himoya qilishi ham mumkin edi. Lekin federasiya rahbarlari undan ko‘ra tajribaliroq sportchilarni tanlashdi. Shu tariqa, chanadan ko‘ngli qolgan Biksant ko‘p o‘tmay jiu-jitsu bo‘yicha qora belbog‘ sohibi Yannik Beven bilan tanishib qoldi. Beven esa sobiq futbolchini shunchalik ruhlantiradiki, natijada Biksant jiu-jitsu bo‘yicha 2009 yilgi Yevropa chempionatida shohsupaga ham ko‘tariladi.
Rio Ferdinand
«Manchester Yunayted» yulduzi Rio Ferdinand 2015 yili saraton kasalligi tufayli sevimli rafiqasi Rebekku Ellisondan ayriladi. Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, aynan shu ayriliq Rioning hayotiga keskin ta’sir qiladi va u hammasini boshdan boshlaydi. Xususan, sobiq futbolchi «eski maktab» inglizlari kabi, boksga juda qiziqardi va hatto «Instagram»dagi sahifasida o‘zi qatnashgan boks mashg‘ulotlaridan suratlarni joylagandi. «Boks — tana va ruh uchun g‘oyat foydali ajoyib sport turi. Men doim boksning ashaddiy muxlisi bo‘lganman. Futboldan ketganimdan so‘ng o‘zimni ringda sinab ko‘rishga imkoniyat tug‘ildi va bundan juda baxtliman», — degandi sobiq himoyachi. Ammo afsuski, Ferdinand baribir, o‘z maqsadiga yetolmadi. Aniqroq aytsak, Rio kerakli sport formasiga kirib olish uchun astoydil shug‘ullanib, Tayson Fyuri yoki Entoni Joshualardan birini jangga chaqirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin Angliya Boks assosiasiyasi Ferdinandga lizensiya berishdan bosh tortdi.
Rashad Sadigov
Ba’zida taqdir inson boshiga shunday kunlarni soladiki, qochgani joy topolmaysan... Ozarbayjonlik futbolchi Rashad Sadigov ham qismatning turli hazillaridan «bahramand» kishilar qatoridan.
Deylik, Rashad Turkiyaning «Qaysarispor» klubi bilan shartnoma tuzganida, kelajagi porloq bo‘lishiga shubha qilmagandi.
Lekin ayrim sabablar tufayli Rashadning Turkiyadagi sayohati bir nechta o‘yingacha cho‘zildi, xolos va u yana Ozarbayjonga qaytishga majbur bo‘ldi. Achinarlisi, u qaytgan vaqtda Ozarbayjonda transferlar oynasi yopilib bo‘lgandi.
To‘g‘ri, AFF futbolchiga yordam berishga imkon qadar harakat qildi, ammo bundan ish chiqmadi. Shundan so‘ng Sadigov tushkunlikka tushmay, quyi ligalarda to‘p surishdan bosh tortdi-da, o‘zi yoqtirgan sport turi - basketbolga yuzlandi.
Shunisi qiziqki, Rashad «NTD Servis Devon» basketbol klubidagi ilk o‘yinidayoq jamoa foydasiga 13 ochko ishladi. Shundan keyin mamlakat futboli mutasaddilari istisno tariqasida Sadigovga imkon yaratishadi. Albatta, iste’dodli futbolchining basketbolga o‘tib ketishi muxlislarni amaldorlarga qarshi qilib qo‘yishi turgan gap edi.
Ilxan Mansiz
Mabodo, kimgadir butun futbol jamiyatchiligini bir lahzada hayratlantirish nasib qilgan bo‘lsa, bilingki, bu so‘zsiz - Ilxan Mansizdir. Chunki JCH-2002ning bronza medali sohibi qandaydir qisqa muddat ichida butsalarini mixga ilib, konki kiydi-da, muz ustida figurali uchishni boshlab yubordi. U, hattoki, Sochida o‘tgan qishki Olimpiadada qatnashish istagini ham bildirdi. Hujumchining ishtiyoqi jiddiy edi: «Muz ustida uchish - bu albatta, boshqa yo‘nalish. Mazkur sportda tana chiniqqan bo‘lishi, chaqqonlik talab qilinadi. Shuningdek, ishga mas’uliyat bilan yondashishning ham ahamiyati katta. Maqsadga erishish uchun oxirigacha borishing shart». Xullas, Ilxan va uning jufti xalqaro arenalarda unchalik katta natijaga erishishmadi. Ammo aynan mana shu juftlikning o‘jarligi tufayli Turkiyada ilk bora figurali uchish bo‘yicha mamlakat chempionati o‘tkazila boshlandi. Nima deb o‘ylaysiz, birinchi musobaqaning g‘olibi kim bo‘lgan?! Ha, albatta, Ilxanda!
Yeji Dudek
Avtosport - polshalik golkiper Yeji Dudekning qonida bor, desak yanglishmaymiz. Zero, «Liverpul» bilan YECHLning 2004|2005 yillar mavsumida sovrindor bo‘lgan Dudek «Real»dagi va umuman, katta futboldagi faoliyatini yakunlagach, boshi bilan avtoolamga «sho‘ng‘idi». Qiziq, avtosportda nima uni shunchalik o‘ziga mahliyo qilgan?! «Hayotingiz mazmunli bo‘lishi uchun unga doim hissiyotlar kerak. Avtosport esa menga xuddi shu imkoniyatni yaratmoqda. Shuning uchun ham rulda o‘zimni boshqacha sezaman», — degandi Dudek. Ayni paytda esa Yejeni trassada emas, ko‘proq golf maydonida uchratishayotgani ham bor gap...