Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Futbol shahrida shodiyona yoki yoki hafta mulohazasi

Futbol shahrida shodiyona yoki yoki hafta mulohazasi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

O‘tgan payshanba kuni Namangan shahridagi Matbuot uyi oldida bizni ashaddiy muxlis Zokirjon aka to‘xtatdi va savolga tutdi:

«Nima uchun sharhlovchi «Falonchi to‘pni «Navbahor» darvozasiga mixlab qo‘ydi!» deydi? Yana o‘z tili mixlanib qolmasin.

Oliftalik qilmay, oddiygina «Gol!» - deya baqiraversin!» Oqko‘ngil inson va jonkuyar muxlis arazini tushundik. «Nav-bahor» darvozasiga urilgan har qaysi gol uning vujudiga igna kabi sanchiladi. «Mixlab qo‘ydi» qabilidagi ta’rif Zokirjon aka kabi muxlislarga og‘ir botishi tabiiy. Yo‘q, gap faqat «Navbahor» tarafdorlari haqida ham emas. Umuman, istalgan jamoa muxlisi uchun bunday so‘zlar birikmasi yoqimsiz eshitiladi. Demak, sharhlovchilar o‘zlari ishlatayotgan so‘z va iboralarning muxlislarga ta’sirini unutmasliklari kerak...

Ha, ikki raqib muxlislari o‘rtasida turib o‘yinni sharhlash - o‘ta nozik va mushkul ish. Lekin uddalasa bo‘ladigan vazifa. Biz ham Zokirjon aka ko‘nglidagi g‘uborni tarqatishga intildik va hazillashib so‘radik: «Shanba kuni hisob qanday bo‘ladi endi?» Bundan uning yuzi yorishdi va «4ta qamaydi!» dedi iljayib. Kulib yubordik. Boyagina sharhlovchi nutqidan xafahol gapirgan muxlis o‘zi ham noodatiy so‘zlayotganini sezmayotgandi. «O‘zingizda ham bir qamchi bor!» deya u kishiga yengil tanbeh berdik-da, dasta-dasta «InterFutbol»ni qo‘ltiqlagan Obidxonga yuzlandik. U ham yoyilib kuldi: «Aka, bular shunaqa. Shanbagacha uxlamasliklari aniq. Javob!» Obidxon haq edi. Nihoyat, shanba ham keldi. Yana 2 kundan keyin oylar sultoni - Ramazon boshlanadi. Odatda bu kabi arafa kunlari Namangan shahridagi Chorsu va Sardoba bozoriga odam sig‘may ketadi. Biroq bu safar boshqacha: aksariyat sotuvchi yigitlar va albatta, xaridorlar ham stadionga jo‘nab qolishdi. Bekatda yo‘lovchilar siyrakligidan tajang ikki taksichiga ko‘zimiz tushdi. «Stadionga boringlar!» dedik ularga tasalli berib.

Hali bu hammasi emas. Qishloqda nevara jiyanimiz Ozodbek to‘palon ko‘taribdi. U ham o‘yinni stadionda tomosha qilishni istabdi. Nevarasining xarxashasi Odiljon akamizga ham yoqibdi. Qanday qilib yoqmasin?! Axir u kishi «Navbahor»-96ning biror o‘yinini qoldirmay stadionda kuzatgan. Shubhasiz, o‘sha damlar sog‘inchi boboga ham tinchlik bermagan va ular ko‘plashib stadionga yo‘l olishdi.

O‘yinga chamasi bir soat qolganida hamkasbimiz Sanjarbek Hamidov xabarlashdi. Qadrdonlari chipta topolmay, sarson bo‘lishayotgan ekan. Ochig‘i, bundan ranjiganimiz yo‘q. Qani endi mamlakatimizdagi har bir stadionda shunday «noxush»lik kuzatilsa... Xullas, Namangan «Navbahor» - «So‘g‘diyona» uchrashuvini shunday intiq-intizor kutdi.

O‘yin chog‘i stadionda dillarni yayratadigan, ko‘zlarni quvnatadigan manzara kuzatildi. Muxlislardagi ko‘tarinki kayfiyat va g‘alabaga ishonch, viloyat rahbarining dalda beruvchi tashrifi, futbolchilardagi shunga yarasha shijoat - hamma-hammasi mujassam edi shu ulug‘vor va zavqli manzarada. Bunday muhit va uning bosimi, tabiiyki, raqib jamoa kayfiyatiga ta’sir o‘tkazadi va futbolchilar murabbiy ko‘rsatmalarini bajarishga qiynalishsa, ularga e’tiroz bildirishga hojat yo‘q.

Taqdirga yozilganidan qochib qutulish qiyin. «Liverpul» Kataloniyada bo‘lsada, yirik hisobda yutqazadigan jamoa emasligi barchaga ma’lum. To‘g‘ri, Lionel Messi mo‘’jizasi hamisha o‘z so‘zini aytadi, biroq o‘sha kuni Mark-Andre ter Shtegen taqdir himmati sabab darvozasini goldan asradi. Boshqacha aytganda, mag‘lubiyat - ilojsiz holat. «Ayaks»ning Londondagi g‘alabasini ham shunday izohlash mumkin. Javob uchrashuvlarida taqdir qanday ssenariylarni yozganini endi bilamiz. Ha, bunday o‘yinlar ssenariysini taqdir yozadi. Allakimlarning kuchi yetmaydi bunday uchrashuvlar maromini buzishga. Jizzax jamoasini ham Namanganda shunday muhit qarshiladi. Nima ham derdik, shu kuni «So‘g‘diyona» qismatiga mag‘lubiyat yozilgandi. Tasalli shuki, jamoa o‘yin oxiriga qadar munosib kurashdi va so‘nggi daqiqada 1ta gol bilan taqdirlandi. «Nav-bahor» esa yevrofutbol havosini beruvchi muhitda surur bilan to‘p surdi. Ha, aynan surur bilan. Shunchaki, «O‘ynadi» iborasi kamlik qiladi bunday vaziyatda. Sharhlovchilar «Gol!» hayqirig‘idan qanoatlanishmagani uchun «Mixlab qo‘ydi», deb yuborishgani kabi bizga ham «Navbahor»ga nisbatan «O‘ynadi» so‘zini ishlatish kamdek tuyulaverdi. Jamoani ta’rifga sig‘mas bir shukuh boshqardi go‘yo. Oilada, ko‘cha-ko‘yda, ish joyida, qo‘yingki, butun jamiyatda shunday shukuh, birdamlik va bardamlik bo‘lishini istaysan kishi. «Navbahor»ning uy uchrashuvlari esa bu xususda barchamizni ogohlikka chorlayotgandek, ibratomuz manzara-muhitdek, nazarimizda.

Ertasi kuni Namangan bozorlarida savdo-sotiq qizidi. Sotuvchi ham, xaridor ham xursand. «Yangi maqom muborak!» deydi xabari borlar bir-birlariga. Xabarsizlar esa «Qanaqa yangi maqom?» deya qiziqsinishadi. Al-qissa, stadionga borgan muxlislar sharhlovchi Bobur Akmalovning «Namangan nainki gullar, balki futbol shahri hamdir!» ta’rifidan bexabar qolishibdi. Ishonchimiz komilki, yurtimizning har bir go‘shasida hukmron bayram kayfiyati emas, aksincha, har joyda ham kuzatilavermaydigan betakror va bemisl futbol muhiti sharhlovchini beixtiyor ilhomlantirgan va uning nutqida «Namangan - futbol shahri!» xulosasi baralla yangradi. Futbol shahri shunday ta’rifga munosib! O‘ylaymizki, Zokirjon aka ham Bobur Akmalovdan minnatdor. Faqat bir jihat sal sayqalga muhtoj. Biz «Navbahor» madhiyasini nazarda tutmoqdamiz. Madhiya matni ham jamoa orzulari kabi zalvorli va mukammal bo‘lgani ma’qul. Zero, yurtimiz futbol muhiti undan o‘rnak olajak. Boshqa barchasi - ajoyib!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:28, 08.05.2019.
O'qildi: 3019 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.