Joriy mavsum yakunlangach, «Atletiko»ning ko‘p yillik sardori Diyego Godin «matraschilar» bilan xayrlashadi va bog‘ich jamoaning faxriy futbolchilaridan yana biri - Xorxe Resureksyon Merodio, qisqacha aytganda, Kokega topshiriladi.
Bo‘lajak sardor yaqinda jurnalistlarga bergan intervyusida «roxiblankos»ning joriy mavsumdagi ishtiroki, o‘yin uslubi, «Barselona» va Antuan Grizmann kelajagi xususida atroflicha fikr bildirdi.
Mavsum yakuni
- Chempionat starti arafasida Yevropa superkubogini qo‘lga kiritganimiz («matraschilar» Tallinnda «Real»ni 4:2 hisobida yengishgandi) muxlislarimizni yuksak natijalarga umidvor qilgani aniq. Biroq har bir narsaga doimo xolis baho berish lozim. To‘g‘ri, o‘yinimiz chakki emas, ammo afsuski, ochko olishimiz shart sanalgan bir qator uchrashuvlarda imkoniyatni boy berdik. Bundan tashqari, CHL nimchorak finalidagi katta omadsizlik ruhiyatimizga kuchli ta’sir qildi, garchi «Yuventus»dek qudratli jamoadan yengilgan bo‘lsakda. Keyin Ispaniya kubogi doirasida «Jirona»ga yutqazdik - bunisi endi kechirib bo‘lmaydigan sustkashlik... Shunga qaramay, o‘ylaymanki, jamoamiz mavsumni munosib o‘tkazdi. Har holda, qatorasiga ikkinchi marta La-liga kumush medalini qo‘lga kiritdik. Asosiysi - azaliy raqibimiz «Real»dan yuqoriroq o‘rinni egalladik.
Sardorlik mas’uliyati
- Ha, Diyego Godin yakunda chindan ham, jamoadan ketsa, sardorlik bog‘ichini menga topshirishadi. Albatta, uni kuchli ishtiyoq bilan qabul qilaman. Bosh maqsadim - menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatgan Antonio Lopes, Tiago, Gabi, Raul Garsiya kabi «Atletiko»ning buyuk futbolchilariga munosib izdosh bo‘lish.
Grizmann masalasi
- Bilishimcha, klub va Antuan o‘rtasidagi shartnoma muddati hali yakunlanmagan. Demakki, nazariy jihatdan qarasak, hujumchi Madridda qolishi kerak. Muhimi, bu yerdagi shart-sharoitlar Antuanga ma’qul, zero, barchasi talab darajasida. Demoqchimanki, qandaydir kutilmagan vaziyat yuz bermasa, Grizmann hech qayerga ketmaydi.
O‘z kelajagi
- Amaldagi shartnomam 2024 yilga qadar mo‘ljallangan. Tushunarliki, zimmamdagi majburiyatlarni risoladagidek ado etish niyatidaman. Turli mish-mishlarga umuman befarqman. Chunki hozir aynan o‘zim istagan jamoadaman. Shunday ekan, meni qaysidir klub xarid qilmoqchi ekanligi xususidagi gap-so‘zlar mutlaqo ahamiyatsiz, buning qizig‘i yo‘q.
O‘yin uslubi
- 7 yildan buyon bitta yaxlit uslub asosida to‘p surib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishdik. Taktikani o‘zgartirishga uringanimizda esa, o‘yin saviyasi pasayib ketaverdi. Shunday ekan, nega undan voz kechishimiz kerak? Yana bir holatni sira tushunolmayman. «Atletiko»ni negadir tarkibida yorqin o‘yin ko‘rsatadigan futbolchilari ko‘pligi uchun tanqid ostiga oladigan. Buning zamirida qanday ma’no bor? Menimcha, joriy mavsum faqat «Barselona» yuksak saviyada to‘p surmoqda. U CHLning bosh favoriti edi. Agar Messi yaxshi sport formasida bo‘lsa, «Barsa»ni to‘xtatish ilojsiz ishga aylanadi. Biroq eng muhim pallada yetakchi ham biroz pand berdi. Lekin boshqa tomondan, butun mavsum davomida «Barsa» yaqinlasholmagan «Real» qatorasiga 3 marta nufuzli sovrinni qo‘lga kiritish uddasidan chiqqandi.
Betakror Messi
- Maydonda Leoga duch kelganingda, uni to‘xtatish ilojsizdek tuyuladi. Ayni holatda futbol olamida Messiga o‘xshagan ijrochi yo‘q, menimcha.
VARga munosabat
- Yaqindagina joriy etilgan ushbu tizim yanada takomillashib borishiga umidvorman. Ammo yakuniy qarorni hakam qabul qilmoqda, baribir. Umuman, VARni hali har taraflama mukammallashtirish zarur. Hozirgi holatda tizim ba’zida jamoaga yordam bermoqda, lekin gohida zarar ham keltirmoqda.
Jarohatlar ta’siri
- «Atletiko» futbolchilarining joriy mavsumda tinmay jarohatga yo‘liqishganini izohlashga til ojiz. Nazarimda, bu qandaydir tasodif va kamdan-kam yuz beradigan hodisa. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyimiz Oskar Ortega 7 yildan buyon bir xil uslubda mashg‘ulot olib bormoqda. Ammo hech qachon joriy mavsumdagi kabi ko‘p shikastlanish kuzatilgan emasdi. Ehtimol, barchasi 2018 yilgi JCH ta’sirida o‘yinlar soni ko‘paygani bilan bog‘liqdir.
Diyego Simeone roli
- Murabbiyimiz «Atletiko»ning tarixi va falsafasini butunlay o‘zgartirib yubordi. U bizni doimo shu kunning nafasi bilan yashash va har bir uchrashuvni final maqomida qabul qilishga o‘rgatdi. Jamoada bizdan avval ham yuksak saviyali futbolchilar to‘p surgan bo‘lishsada, belgilangan vazifalarni amalga oshirish ilojini topolmaganlar. Cholo «Atletiko» boshqaruvini qo‘lga olganidan keyin keyin birinchi navbatda o‘z kuchimizga nisbatan ishonch hissini kuchaytirishni o‘yladi. Umuman, aynan Simeone tufayli har bir futbolchi o‘zini to‘laqonli muhim shaxs sifatida his eta boshladi. Yakunda barchamiz g‘oliblik ruhi bilan to‘yingan saviyali ijrochilarga aylandik...