Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Katta yo‘l oldidan…

Katta yo‘l oldidan…

Baho:
+2 | -

Maqsad aniq bo‘lsa, manzil bir qadam
                                                                 M. Gandi

Vaqt oqar suv misoli o‘tib bormoqda. Darhaqiqat, kuni kecha Toshkentda Janubiy Koreya bilan durang qayd etib Rossiyadagi Mundialni o‘tkazib yuborgan terma jamoamiz yana kurashga qaytmoqda.

O‘sha alamli saralash o‘yinlaridan so‘ng Samvel Babayanning qaysarligi va uquvsizligidan alamzada bo‘lgan va bosh jamoamiz o‘yiniga qo‘l siltagan barcha-barchaning yuragida yana shirin tuyg‘ular uyg‘onishni boshlagan. Terma jamoamizning o‘yinlarini sabrsizlik bilan kutadigan muxlislar esa kun sanashyapti desak, adashmagan bo‘lamiz. Bugun terma jamoamiz haqida so‘z yuritishga qaror qildik.

Yangicha uslub va yangi terma jamoa

Shu kunga qadar terma jamoamiz rulida Ektor Kuperchalik tajribaga ega murabbiy bo‘lmaganini tan olish lozim. So‘nggi paytlarda Kuper va uning o‘yin uslubi haqida ko‘plab tanqidiy fikrlar paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, murabbiyimizning ushbu plyusini unutmaslik lozim.

Bizga orzuni amalga oshirish uchun juda ko‘p hollarda tajribasizlik pand bergani hech kimga sir emas. To‘g‘ri, Kuper ochiq futbol o‘ynamayapti, to‘g‘ri uning qo‘lostida jamoamiz tomoshabop futboldan voz kechishga majbur bo‘lmoqda, to‘g‘ri biz uning qo‘lostida Avstraliyadan o‘ta olmadik va Yaponiyaga imkoniyatni boy berdik. Biroq shuni unutmaslik lozim, bizda hammasini boshidan boshlash imkoni mavjud.
Bu Kuperning JCH uchun ilk saralash bosqichi va unga ishonch bildirishdan boshqa choramiz yo‘q!

Kuper oxirigacha qoladi

Ochig‘i, men Kuperning tarafdori emasman, lekin shuni aniq bilamanki, O‘FA uni shartnomasi tugashidan avval ishdan bo‘shata olmaydi. Bir hamkasbimning aytishicha, janob Kuperning yillik maoshi kichik summani tashkil qilmaydi. Shartnoma bandlariga ko‘ra, agar O‘zbekiston argentinalik mutaxassis bilan hamkorlikdan voz kechsa, 10 million dollar badal puli to‘lashga majbur. Aynan shu bandlar tufayli murabbiy va O‘FA o‘rtasidagi muzokaralar uzoq davom etgan ekan. To‘g‘ri, bu ma’lumot birorta  OAVda e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, hamkasbimning so‘zlariga to‘liq ishonish mumkin. O‘z vaqtida terma jamoamizni boshqarishga nomzod deb qaralgan Bert van Marveyk yiliga 7 million yevro maosh talab qilgani bois uning variantidan voz kechilgan edi. Umuman olganda, Kuper tanlovi borasida ortiqcha so‘zlashdan foyda yo‘q.

Unga u hech qayerga ketmasligi uchun emas, balki, bizni uzoq kutilgan JCH orzusini amalga oshirishga qodir inson sifatida ishonishni juda istayapman. Har bir murabbiyning o‘z potensiali bo‘ladi. Bizning mahalliy murabbiylarimizning potensiali JCH saralashidan omadli o‘tishni hal etishga yetmaganining guvohi bo‘ldik, endi navbat tajribali xorij murabbiylariga kelishi tabiiy. Ochig‘i, Kuperning kelishidan birinchi navbatdagi maqsad Mundialga chiqish edi va hali u bu maqsad yo‘lida bir qadam ham tashlamasidan oldin uni tanqidlarga ko‘mib tashlash biroz noo‘rindek tuyulmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ayni damda Osiyo qit’asidagi terma jamoalarning murabbiylari orasidagi eng ulkan tajribaga ega murabbiylardan biri sanaladigan Kuperga imkon bermaslik, unga ishonmaslik mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Biz uning qo‘lostida rasmiy uchrashuvlarda faqatgina Yaponiyaga yengildik, o‘sha uchrashuvda ham terma jamoamiz asosiy tarkib bilan maydonga tushmagan edi.

Shuni unutmaslik lozimki, biz Kuperni jamoaning o‘yin uslubini shakillantirishi uchun emas, natija qayd etishi uchun «olib keldik». Natija birinchi planga ko‘tarilgan uchrashuvlarda ko‘pincha o‘yin zerikarli tus olishini bilish uchun futbol mutaxassisi bo‘lishi shart emas, menimcha. Agarda biz jamoaning o‘yinini yangi darajaga olib chiqishni istasak, butun boshli tizimni (Qatar singari) noldan qurishimiz lozim edi. Buning uchun juda katta mablag‘ va va bir necha yillar kerak bo‘lar edi. Ochig‘i, biz uchun birinchi o‘rindagi maqsad nima? JCHga chiqish orqali futbolimiz tarixidagi eng katta yutuqqa erishishmi? Yoki o‘zbek futbolini tamomila boshidan qayta qurish va uning natijasini bir necha yil kutishmi? O‘FA tezroq natija qayd etish variantini tanladi va biz futbolimiz tepasidagi «katta»larimizning tanloviga qaysidir ma’noda qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q. To‘g‘ri, kim ham terma jamoamizning o‘z o‘yin uslubi bo‘lishini va tomoshabop futbol ko‘rishni istamaydi deysiz? Agar biz bu yo‘lni tanlaganimizda orzularimizning ushlashini bir necha, hatto 10 yil kutishimizga to‘g‘ri kelar edi. Balki, undan ham ko‘proq. Buni faqatgina Yaratgan biladi. Biz o‘z yo‘limizni tanlab oldik va aynan shu maqsad sari shahdam qadamlar bilan oldimlashimiz lozim. O‘FA tepasidagilar tezroq natija qayd etishni istashmoqda. Shu yo‘sinda ular o‘zlarining katta hajmdagi ishni bajarayotganini omma va undanda kattalar oldida namoyish etishni xohlashadi. Bu bir qarashda tushunarli xolat va buni qoralashning sira iloji yo‘q. Oramizda mundialdagi ishtirokidan qat’iy nazar termamizning 32 ta jamoalardan biri bo‘lishini jon dilidan istayotganlar hammasini 0 dan boshlashni xohlaydiganlardan ko‘proq uchrashi aniq. Agarda biz Qatar yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Mundialga chiqishni uddalasak, yurtimizda o‘z-o‘zidan futbolga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tariladi. So‘zimizga Janubiy Koreya va Yaponiya yaqqol misol bo‘la oladi. Aynan 2002 yildagi mundialdan so‘ng bu yurtda futbol to‘liq hayot tarziga kirib keldi va mahalliy futbolchilar uchun xorijga chiqishga yo‘l ochildi. Biz ham yaqinlashib kelayotgan JCH saralashidan o‘ta olsak, katta islohotlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lamiz. Buni uddalay olsak, ertaga hokimlar «so‘nggi o‘rindagi jamoaga nega pul berishim kerak?», qabilidagi so‘zlarni ayta olmas?! Balki, ushbu to‘siqdan o‘ta olsak, bolalarini futbolga o‘zlari olib boradigan jonkuyar ota-onalar soni ortar. Balki, O‘FA yosh iqtidorlar uchun maxsus loyiha o‘ylab topar. Umuman olganda, ushbu JCHda ishtirok etishni uddalasak, eski hammom eski tosdan qutilishimiz uchun oldinga qadam tashlagan bo‘lamiz.

Futbolchilar to‘g‘risida

Ayni damda Kuperning terma jamoaga chaqirgan futbolchilaridan ko‘ra chaqirilmaganlari haqida ko‘proq gapirishmoqda. Tan olish lozim, hozirgi avlod Samvel Babayan davridagi terma jamoadan biroz kuchsizroq. Bizda yangi Ignatiy, yangi Odil, yangi Ashurmatov, yangi Denisovlar yo‘q. Qosimov haqidaku, gapirmasa ham bo‘ladi. Shunga qaramasdan hozirda g‘alabaga chanqoq yosh yigitlarning borligi kishini quvontiradi. Ko‘pchiligi mustaqillik farzandlari sanaladigan futbolchilar sekin-asta o‘z o‘yinini kuchaytirib bormoqda. Shukurov, Shomurodov, Aliboyev, Hamrobekov, Masharipov, Alijonov singari futbolchilar terma jamoamizdagi ma’suliyatni o‘z bo‘yniga oladigan vaqt keldi. Shuni unutmaslik lozim, maydonda Kuper emas, o‘zimizning qora ko‘zlar to‘p tepadi. G‘alaba va mag‘lubiyatga faqatgina argentinalikni aybdor qilish qaysidir ma’noda to‘g‘ri emas. Termamizning g‘alabali yurishi ko‘p jihatdan futbolchilarga ham bog‘liq. Aynan ular xalqning ozrusini amalga oshirish uchun Kuperdan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishlari va olg‘a intilishlari zarur. Hozirgi tarkibimizning poydevorlari avvalgilaridan farqli o‘laroq o‘z tengdoshlari ichida qit’a chempionligini qo‘lga kiritganini unutmaslik lozim.



So‘nggi so‘z o‘rnida

Mening rahmatli buvam terma jamoamizning ashaddiy muxlisi edi. Mundial haqida so‘z borsa, nuqul xayolimga ular keladilar. Yodimda bor, Janubiy Koreya bilan durang qayd etib, aeroport ostonasidan ortga qaytgan uchrashuvimizdan so‘ng menga qo‘ng‘iroq qilib uzoq so‘zlashgan edilar. Negadir buvamdan so‘ng, Mundial orzusiga bo‘lgan qiziqishim yo‘qolib qolibgina qolmay, ancha muddat futbol ham tomosha qilmay qo‘ydim. To‘g‘ri, har qanday dardning da’vosi — vaqt, biroq vaqt dardga da’vo bo‘la oladi, lekin yurakdagi bo‘shliqni to‘ldira olmaydi. Hozir yana o‘sha biz intiqlik bilan kutadigan, guruh jadvalidagi natijani yaxshi bilsakda, qayta-qayta guruhdagi vaziyatni ko‘rish uchun internetga kiradigan kunlar yaqinlashmoqda. Katta yo‘l oldida turgan jamoamizga bo‘lgan ishonchni so‘ndirmasligimiz lozim. Hali hech narsa yo‘qotganimizcha yo‘q. Bizdan talab etiladigani terma jamoamizga bo‘lgan ishonch! Kuper natija qayd etish uchun jalb etildimi, unga bir imkon beraylik. Umid qilamizki, u o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlaydi.

O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlarini yoshi katta buvasi va dadasi bilan ko‘radiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu o‘rinda futbolchilarimizga shuni eslatib o‘tish zarur. Hamma narsa ularning o‘z qo‘lida. Ha-ha ularning mana shu qo‘llarida. Maydonga chiqing va biz istagan Mundial chiptalarini qo‘lga kiriting. Zero, oramizda men kabi yuragida «bo‘shlig‘i» bor ashaddiy muxlislar umuman qolmasin.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 12:50, 04.09.2019.
O'qildi: 9614 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.