Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Klopp va Gvardiola jangi: xato, ojizlik, omad...

Klopp va Gvardiola jangi: xato, ojizlik, omad...

Baho:
+ | -1

APL navbatdagi turining so‘nggi va markaziy jangi yakunlandi. “Liverpul” maydonida kechgan jang biroz kutilmagan natija bilan yakunlandi.

Ushbu mag‘lubiyatda Gvardiolani ayblash qiyin. Boisi ispaniyalik mutaxassis markaziy o‘yinda himoyada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan, tajribasiz futbolchini o‘ynatishga majbur bo‘ldi. Darvozada esa ikkinchi posbon Bravo edi. Shunday bo‘lsa-da, o‘yin borasida “shaharliklar” raqibdan qolishmadi.

“Liverpul”ga o‘z maydonida omad kulib boqqani rost. Fabinyoning zarbasi golga aylanishida ham omad birlamchi rol o‘ynadi. To‘g‘ri, futbolchining o‘zi ham tayyorlanib zarba yo‘lladi. Ammo,baribir, uzoqdan yo‘llangan zarbalar golga aylanganida omadni eslab o‘tmasak iloji yo‘q.

Muhammad Salohning golida esa aybni bemalol himoyachilarga yuklasa bo‘ladi. Bu yerda Bravoda ayb yo‘q, chunki misrlik futbolchi zarbani shunaqa mukammal yo‘lladiki, chililik posbon, baribir, qaytara olmasdi. Bu yerda ayb bo‘yi o‘zlaridan kichik bo‘lgan futbolchining bosh bilan zarba yo‘llashiga imkon yaratib bergan himoyachilarda. Aslida, “Manchester Siti” himoyachilari o‘sha vaziyatda sun’iy o‘yindan tashqari holatni yaratmoqchi bo‘lishdi, ammo mehmon futbolchilardan biri qovun tushirib qo‘ydi, oqibatda Saloh o‘yindan tashqari holatga tushib qolmadi va ajoyib gol urdi.

Uchinchi golda ham hamma aybni himoyachilarga yuklasak bo‘ladi. O‘zingiz o‘ylang, bu qanotdan narigi qanotga uzatilgan to‘p hech qanday to‘siqqa uchramasdan narigi qanotda orqaroqda turgan Manegacha yetib kelyapti, Mane esa bemalol bosh bilan zarba yo‘llayapti. Qani bu yerda havodagi to‘plarni qaytarishi kerak bo‘lgan himoyachilar? Qani bu yerda Gvardiola o‘yindan oldin oldiga chaqirib, “Sen anavi Maneni qo‘riqlaysan?” deya tayinlagan himoyachi? Xullas, “Liverpul”ning uchala goli ham “shaharliklar”ning xatosi tufayli kiritildi. To‘g‘ri, futbolda gollar, asosan, xato tufayli uriladi. Ammo markaziy o‘yinlarda “Manchester Siti”dek jamoa bunday xatolarga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi. Biroq o‘yindan oldin Pepni o‘ylantirgan muammo bo‘y ko‘rsatdi — himoya pand berdi.

Aksiga olib, hujumda ham Gvardiola shogirdlarining ishi yurishgani yo‘q. Germaniyalik mutaxassis yeng shimarib, “shaharliklar”ga qarshi o‘yindan oldin miyasining shu paytga qadar ishlamagan maxsus hujayralarini ham ishlatib, shunaqa uslub o‘ylab topibdiki, “Manchester Siti”dek har o‘yinda gollar urishga o‘rgangan jamoa raqib jarima maydoniga deyarli yorib kira olmadi. Yagona gol ham Bernarduning uzoqroq masofadan aql bilan ayyorona berilgan zarbasi natijasida yuzaga keldi.

Shuningdek, bugungi o‘yinga “Manchester Siti” futbolchilari ruhan tayyor emasligi ko‘rindi. Chunki hisob 3:0 bo‘lgan, ammo hali vaziyatni o‘nglash uchun vaqt bo‘lgan paytda mehmonlar tushkunlikka tushib qolishdi. Hatto Bernardu Silva hisobni qisqartirgandan keyin ham “shaharliklar” kutilganidek yirtqich qiyofaga kira olishmadi. To‘g‘ri, katta ustunlikka ega bo‘lishdi, Alissonga ham tashvish tug‘dirishdi, lekin, baribir, Gvardiola shogirdlaridan ko‘proq narsa kutganimiz rost.

Endi hakamning qarorlariga to‘xtalsak. Bir tomondan Oliverga qoyil qoldim. Qarorlarida shunchalik mustahkamki, VAR tizimiga ham u qadar e’tibor qaratgani yo‘q. To‘g‘ri, Salohning golida ushbu tizim ishga tushdi, ammo shundoq ham bosh hakamning qarorini o‘zgartirmasligi qat’iy yuz ifodasidan ma’lum edi. Gvardiola ikki holatga shubha bildirdi, ikki vaziyatda “Liverpul” jarima maydonchasida to‘p “qizillar” vakilining qo‘liga tekkan edi. Ammo ayni shu hujumda avvalroq to‘p Bernardu Silvaning ham qo‘liga tekkani bois bosh hakam penalti belgilamadi, bu to‘g‘ri. Ammo ikkinchi holatda vaziyat sal boshqacharoq edi. Futbolda shunday holatlar bo‘ladiki, penalti berish ham, bermaslik ham mumkin. Arnoldning qo‘liga to‘p tekkanida to‘p yo‘nalishi o‘zgardi, demak, penalti bersa bo‘ladi, biroq qo‘l tabiiy holatda edi, demak, penalti bermasa ham bo‘ladi. Ammo, agar adashmayotgan bo‘lsam, yangi qoidalarga ko‘ra, to‘p qo‘lga tegishi natijasida yo‘nalishini o‘zgartirdimi, 11 metrlik jarima zarbasi berilishi kerak. Xullas, ikkinchi holatda Oliver penalti bersa ham, bermasa ham noto‘g‘ri bo‘lmasdi, aslida. Bosh hakam ikkinchi variantni tanladi.

Mazkur o‘yin turnir jadvalini ham sezilarli o‘zgartirdi. 12-turdan keyin “Liverpul” 34 ochko bilan 1-o‘ringa mustahkam o‘rnashdi. Kecha “Arsenal”ni mag‘lub etgan “Lester” esa 26 ochko bilan 2-o‘rinda. “Kristal Pelas”ni mag‘lub etib, xuddi shuncha ochko to‘plagan “Chelsi”da ham shuncha ochko bo‘ldi va “aristokratlar” to‘plar nisbatiga ko‘ra 3-o‘rinni egallab turibdi. Bugun mag‘lub bo‘lgan “Manchester Siti” 4-o‘ringa tushib ketdi, “shaharliklar” 25 ochko bilan qolishdi. Ya’ni endi Gvardiola va Klopp jamoasini 9 ochko ajratib turibdi.

Xo‘sh, “Liverpul” chempionmi? Yo‘q. Kim aytdi sizga masala hal bo‘ldi deb? Mourinyomi? Ishonmang unga. Bu APL. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Kim bilsin, yakunda “Liverpul” ham, “Manchester Siti” ham emas, umuman boshqa jamoa chempion bo‘lishi mumkin. Balki, yana “Lester”. Balki, “Sheffild Yunayted” ijrosida yangi ertak ko‘rarmiz. Xullas, APLni kuzatishda davom etamiz.

Nizomjon ISLOMOV  

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 00:04, 11.11.2019.
O'qildi: 9904 marta.
Fikrlar: 14 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.