Kirish Ro'yxatdan o'tish

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Lester» ertagi

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Lester» ertagi

Baho:
+1 | -

Yoshligimda buvimdan eshitgan ertaklarim bir xil boshlanib, bir xil tugardi: bir bor ekan, bir yo‘q ekan, degan so‘zlar bilan. To‘g‘ri-da, ertak doim ham bo‘laveradigan hodisa emasku, bir bor bo‘lishi kerak, keyin yo‘q bo‘lishi o‘ta muhim, ertakligi qoladimi zotan?!

Tugashi esa “cho‘pon yigitning shoh qiziga uylanishi va ular baxtu saodatda yashashlari” bilan xotima topardi. Shu gapni eshitib ko‘p o‘ylanardim, shu yerigacha shuncha voqeada qatnashgan odamlar nahotki buyog‘iga oddiy, faqat saodatli davrlarga rozi bo‘lib ketishsa, deb? Ishonolmasdim.

Katta bo‘lib filmlarga qiziqdim. Qizig‘i, filmlar ham o‘sha xulosani o‘z ichiga olgan edi. Bir yarim soat ichida sizni minglab hodisalarga taklif etgan qahramonlar maqsadlariga yetishgach, ertaklardagidek baxtli-saodatli hayotga rozi bo‘lib, bizni tashlab ketishardi. G‘alatiya, davomi qanaqa? Nahotki, o‘lim bilan yuzma yuz bo‘lib, ne-ne sinoatlarni boshdan kechirgan qahramonlar umrlarining oxirigacha boshqalar kabi bir xil yashashga ko‘nsalar..? Yo‘g‘e, bo‘lishi mumkin emas.

Xullas, men ana shu ertaklar va filmlarning davomini hozirgi kunlarda ko‘rayotgandekman. "Lester" ertagi misolida. Jamoa chempion bo‘lib, tarix sahifalariga kirib ketadi, deb o‘ylashgandi. Aniqrog‘i, hech kimga qizig‘i yo‘q davom bilan “o‘z orzulari bilan baxtli-saodatli bo‘lib ketishlari” kutilgandi. Cho‘pon yigitning shoh qizi bilan davom etajak hayotini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldik. "Lester" saroyda cho‘ponlik xarakteri bilan qanday yasharkan, deyilmish savollarga joriy mavsum javob berilayotgandek.

Va qizig‘i, bu ertakning bosh qahramoni butun film davomida bizni aldab kelgan ekan. Ko‘pchilik Ranyeri deb o‘ylagandi. Yo‘q, yo‘q, italiyalik murabbiy o‘sha ertakning boshlang‘ich qismida ishtirok etib ketgan personajlardan biri ekan. Ma’lum bo‘ldi. Lekin uning aynan shu maskanda kerakli paytda paydo bo‘lgani muhim voqeliklardan biri edi. Asosiy qahramon – Jeymi Vardi. Ha, ha, angliyalik hujumchining jami harakatlari, bosib o‘tgan hayot yo‘li, jamoasidagi mavqei – hamma-hammasi uning bu ertakda bosh qahramon bo‘lishiga kifoya qiladi.

Vardining o‘yiniga qarab turib, hayron bo‘laman. Tezlik zo‘r, gol sezish qobiliyati hamisha kuchli bo‘lgan, to‘p bilan oddiy holda ham, tez ketayotgan paytda ham bir xil muomala qiladi. Zarbasi hujumchilar uchun mukammal darajada aniq. Shu paytgacha u qayerda edi degan savolga javob oddiy: bosh qahramonning o‘tin terib yurgan paytlari hikoya qilinmay, saroy a’yonlari huzuriga shasht bilan kirib kelgani bilan eslanish boshlanadi.

Vardi shu boisdan ham, kuchli jamoalar bilan kuchsiz jamoalarni farqlamaydi: "Lester"dagi ilk golini "ManYunayted"ga kiritgani, dastlabki xet-trigini "ManSiti"ga yo‘llagani, terma jamoadagi ilk golini Germaniya termasiga, dastlabki rasmiy golini Niderlandiya posboniga yo‘llagani – Vardi uchun umuman qiziq emas. U o‘sha jamoalar bilan "Stok Siti"ni unchaligam farqlolmaydi.

Mana shunday qobiliyati bilan u jahon futboliga 27-28 yoshlarida kirib keldi. Ertaklardagi hodisaning o‘zi. Ungacha ko‘p eshitgansiz -- zavodda ishlagani, futbol faoliyatini sakkizinchi divizondan boshlagani, uch marta yashil maydonni tark etgani, yomon xulqi uchun qo‘liga bir necha bor kishan taqqani, necha martaki yo‘lidan chiqib qolgan murabbiylar uni yana futbolga qaytargani...

Bu voqealar 21-asrdagi Angliyada sodir bo‘lmoqda, azizlar!

Vardi zamonaviy Britaniya yulduzlar yo‘lidan emas, g‘irt ertaklar olamidan kelganiga ham shu hodislar dalil. U futbol odami emas.

"Lester"dan juda ko‘pchilik ketib qoldi. Mahrez chempionlik ta’mini totish uchun Manchesterga yo‘l oldi, Kante poytaxtga. Boshqa yigitlar ham sochilib ketishdi. Go‘yoki "Lester" ertagi o‘z ishtirokchilarisiz o‘tmish qa’riga singib ketadigandek edi. Yo‘q, yo‘q, bosh qahramon agar Qirol Lir asos solgan shaharda yashar ekan, davom etajakligini ko‘ryapmiz.

Unga imkon beruvchi Ranyeri, pas uzatuvchi Mahrez, markazni egallovchi Kante vaqti kelib nomlarini almashtirishini ko‘ryapmiz. Ularning o‘rni bosilar ekan, guvoh bo‘lyapmiz: Ertaklar izlovchi Brendon Rodjers italiyalik mutaxassisdan-da ko‘proq imkoniyatlar ulashmoqda Vardiga. Angliyalik yosh Meddison jazoirlik yulduzdan qolishmayapti. Har golda qatnashmoqda. Nigeriyalik Ndidini uzoqdan kuzatsangiz, Kante deb o‘ylaysiz. Xullas, Galiley aytganidek, yer aylanaveradi. Hamma Vardi uchun xizmatga kelaverishadi.

Nimaga bilasizmi? Chunki bu bola "Lester"ning pastki divizionda yurgan paytlaridanoq ushbu klubda. O‘z baxtini izlay-izlay yetib kelgan oxirgi bekatida. Bu bekatdan u hech qayerga ketmasligini e’lon qilgandayoq jamoa qahramoni bo‘lishga da’vogar bo‘lgandi. Rodjersning aytishicha, Vardi "Lester"ning Messisi. Men biroz e’tiroz bildirgan bo‘lardim, Messi Kataloniya xalqi uchun yangi davr qahramoni, Vardi esa "Lester" shaharchasining barcha zamonlari qahramoni. Ko‘p ehtimol yagona qahramoni.

Vardi doim qo‘lini bog‘lab olgan holda o‘ynaydi, bilasiz? Majbur. Suyaklarini birlashtirib turadigan bint unga o‘tmishini eslatib turadigandek. Ertaklardagi boy chorig‘ini uyiga kirishda osib qo‘ygandek, Jeymi mudom qo‘liga qarasa, o‘sha alamli va og‘riqlik moziy oqib kelaveradi. Futboldan bezib ketib qolgan damlari, zavodda qaro terga botib ishlaganlari, bo‘yining kichikligi uchun avval Leypsig, keyin Arsenal olmagani va hokazo damlarni kulib eslasa kerak.

Vardi shu qadar aqlliki, terma jamoada ham uzoq vaqt qolmadi. Hozirgi o‘yini bilan bemalol Angliyaning bosh jamoasiga yordami tegsa-da, negadir u yerda o‘zini baxtli his etmadi. Bilasizmi, nega? U yerda zodagonlar ko‘p, korchalonlar kelishadi poytaxtu Manchesterdan oqib. Vardi esa, o‘ziga o‘xshagan yigitlar bilan, o‘ziga o‘xshagan baxt izlab charchamayotgan murabbiy bilan xotirjam.

"Lester" ayni paytda 15-turdan so‘ng 38 ochko jamg‘argan. Chempion bo‘lgan mavsumida xuddi shu pallada 35 ochko egasi bo‘lgan. Agar "Liverpul" qoyasi bo‘lmaganida kichik shahar yigitlari chempionlik mavsumidan-da yaxshiroq natija ko‘rsatishayotganini hamma payqardi. Biroq, "Lester"ning xususiyati ham Vardiga o‘xshashki, u yuqorisida Klopp, pastida Gvardiola jamoasi ketayotganiga ham e’tibor qaratmayapti. O‘z yo‘lida hech kimga e’tibor bermay davomlidir. Vardiga o‘xshamaydimi xarakteri?!

Bu ertak toki Vardi "Lester" libosini yechib, butsasini mixga ilmaguncha davom etadi. Yonida bir do‘st kifoya qiladi – Kasper Shmeyxel... Saroy tartibini kimdir tushuntirib turishi kerak-ku unga!)

Xayrulla HAMIDOV.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 21:20, 13.12.2019.
O'qildi: 5371 marta.
Fikrlar: 15 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.