Bugun “Axmat” — “Rostov” o‘yinini ko‘rib, VARga bo‘lgan munosabatim, Rossiyadagi VARga bo‘lgan munosabatim salbiy tomonga o‘zgardi. Hali bunaqa kutilmagan qarorni hatto maydondagi hakamlar ham chiqarishmagandi.
O‘yinda dastlab Shomurodov hisobni ochdi. Keyin esa mezbonlar hisobni tenglashtirishdi. G‘alabaga intilgan Karpin shogirdlari esa oldinga o‘tishga intilishdi. Shunday vaziyatlardan birida jamoadoshi Eldorga to‘pni uzatdi. Eldor raqib futbolchisidan o‘zib, jarima maydoniga yaqinlashdi. Shu paytda “Axmat” futbolchisi Eldorning qo‘lidan tortdi. Eldor muvozanatni yo‘qotdi, yiqila boshladi. Shunda raqib hamyurtimizning qo‘lini qo‘yib yubordi va hech nima qilmadim degandek ishora qildi. Lekin bosh hakam vaziyatni to‘g‘ri baholab, jarima zarbasi belgiladi va qo‘pollik qilgan futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi. Hammasi to‘g‘ri edi. Chunki Eldorni raqib so‘nggi chora sifatida yiqitdi, agar tortmaganida Shomurodov katta ehtimol bilan gol urardi. Hamma, jumladan, men ham jarima zarbasi berilishini kuta boshladim.
Ayni shu paytda VAR ishga tushdi. Negaligini bilmadim. Bosh hakam hayron bo‘lgancha, dam asabiylashib VARdagi hakamlar bilan gaplasha boshladi. Futbolchilar ham hayron. O‘zimcha “Qizil kartochka bekor qilinsa kerak”, deb o‘yladim. Chunki qizil kartochkani bekor qildirishga VARning vakolati bor. Demak, sariq kartochka bilan almashtirilishi va jarima zarbasi tepilishi kerak. Balki, umuman, kartochka bekor qilishar... Xullas, vaziyat juda antiqa tarzda yakunlandi. VARdagilar nima degan, bilmadim, bosh hakam qizil kartochkani bekor qildi, chetlatilgan futbolchi maydonga qaytdi (bunisi tushunarli), ammo jarima zarbasini ham bekor qilindi. Ayni shu qarorni tushunmadim. Hech qanday o‘yindan tashqari holat yo‘q, qo‘pollik bor, raqib Eldorning qo‘lidan tortib qolgandi. Agar hujum rivojlanishi davomida qayerdadir “Rostov” futbolchilari qo‘pollik qilishgan bo‘lsa, o‘sha joydan jarima zarbasi tepilishi kerak. Ammo mezbonlar darvozaboni to‘pni erkin zarba bilan o‘yinga kiritdi. Demakki, VAR qoida buzilmagan deb topgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, qo‘ldan tortib qolingan, ochiq-oydin yiqitilgan vaziyatni o‘yin qoidasi buzilmagan deb topish uchun VARda qanday asos bo‘lgan ekan?
Mazkur o‘yinni boshqargan bosh hakamga e’tiroz yo‘q. Katta ehtimol bilan u ham VARning qaroridan hayron qolgan.
VAR tizimiga, aslida, e’tiroz yo‘q. Chunki kuchli beshlik chempionatlarida xatolaridan ko‘ra foydali qarorlari ko‘proq VARni. Aslida, VARda ishlaydigan hakamlarga futbol borasidagi bilim va yaxshi ko‘radigan ko‘zning o‘zi yetarli. Rossiyada bugungi “Rostov”ning o‘yinida ishlagan VAR hakamlariga esa ochig‘i besh ketmadim.
Yakunda Eldor Shomurodov jamoasi ikki ochkodan mahrum bo‘ldi. Eldor VAR qurboniga aylandi.
Nizomjon ISLOMOV