Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 19:00 Al-Ayn 1-2 Al-Ahli (SA)
25/11 21:00 Istiqlol 0-0 Paxtakor
25/11 21:00 Al-G‘arafa 1-3 An-Nasr (SA)
25/11 22:30 Empoli - Udineze
25/11 23:00 Ar-Rayyan - Persepolis
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Intervyu. Lochin Qo‘chqorov O‘zbekistondagi ayollar boksi, natijalar va kelajakka umid haqida

Intervyu. Lochin Qo‘chqorov O‘zbekistondagi ayollar boksi, natijalar va kelajakka umid haqida

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT / Sport turlari / Boks
Rukn: Intervyular

Karantin vaqtida O‘zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati bir necha katta intervyularni muxlislarimiz hukmiga havola qilib kelmoqda. Bungacha federasiya raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov bir qator savollarga javob berib o‘tishdi. Bugungi mehmonimiz boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy" unvoni sohibi Lochin Qo‘chqorov bo‘ladi.

— Lochin aka, yaqin yillardan buyon O‘zbekistonda ayollar boksiga e’tibor kuchaydi. Buni siz murabbiylar, terma jamoa a’zolari his qilyapsizlarmi?
— O‘zbekiston ayollar terma jamoasi murabbiyi sifatida 2017 yili yanvar oyidan boshlab faoliyat boshlaganman. Ungacha ikki yil davomida Xitoyda faoliyat olib bordim. Meni O‘zbekistonda ayollar boksi rivojiga hissa qo‘shish uchun chaqirishgandi. O‘zbekiston boks federasiyasi taklifni eshitib, u yerdagi shartnomamni bekor qilganman va o‘z vatanim terma jamoasida ish boshlaganman. Mengacha ham bir necha murabbiylar ushbu yo‘nalishda mehnat qilishgan. Jumladan "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy" Rinat aka Yusupov, Rahmatjon Ro‘zioxunov, Dilmurod Hasanov, Kamoliddin Mutalov kabi mutaxassislar mehnat qilishdi. 2016 yilda Yodgoroy Mirzayeva o‘zbek qizlari ichida ilk marotaba Olimpiada lisenziyasini qo‘lga kiritgandi.

Yaxshi bilasiz, 2016 yili yigitlarimiz Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik boks muxlislarini xursand qilib, ilk marotaba umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi. Yaqin yillardan buyon asta— sekin qizlarimizga ham e’tibor qaratila boshlandi. Buning uchun albatta yurtboshimizga rahmat aytib qolaman. Agar shunday tempda davom etsak, kelajakda Xudo xohlasa yaxshi natijalar ko‘rsata olamiz. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda asosan erkak bokschilar azaldan jahon miqyosida ajoyib natijalar ko‘rsatib kelishadi. Shu sababli, mintaqamizda asosan erkaklar boksiga e’tibor kuchli bo‘lgan.

Yana shuni qo‘shimcha qilishni istardimki, bugungi kunga kelib rag‘batlantirish masalalarida qizlarimizga ham erkaklar terma jamoasi bilan bir hil e’tibor ko‘rsatiladi. Ya’ni, jahon va Osiyo chempionatlarida sovrindor bo‘lgan qizlarimiz natijasiga qarab, yigitlar bilan bir hil mukofot puli oladi. Ulardan faqat natija ko‘rsatish talab qilinadi.

— Xitoydagi faoliyatingiz qanday bo‘lgan?
— U yerda Lyaonin provinsiyasining Shenyan shahrida provinsiya terma jamoasida ishlaganman. Chin o‘lkasidagi faoliyatim 2014 yildan 2016 yilning dekabrigacha davom etgan. Qo‘l ostimda asosan erkaklar, shuningdek 3-4 nafar qizlar ham bor edi. U yerdagi bokschilarimdan biri ayollar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘ldi, shuningdek erkaklar o‘rtasida ikki nafar bokschimiz mamlakat chempionati g‘olibiga aylandi. Ular ketishimni istashmagandi. Ammo, ular meni tushunishdi va omad tilashdi.

— Bugungi kunda ayollar terma jamoasining qayd etayotgan natijalari haqida nimalar deya olasiz?
— Bungacha 2017 yilda Vyetnamda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bitta oltin, ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdik. O‘shanda boksimiz tarixida ilk marotaba Go‘zal Ismatova ayollar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgandi. Yana Yodgoroy Mirzayeva va E’zoza Meliyeva bronza medaliga sazovor bo‘lishgan. Shuningdek, 2019 yilgi Osiyo chempionatidan ham uchta medal bilan qaytdik. Agar kuzatgan bo‘lsangiz, osiyolik bokschi qizlar jahon miqyosida ham kuchli hisoblanishadi. Xitoy, Tailand, Filippin kabi mamlakatlarning bokschi qizlari jahon chempionatlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishadi. Ular o‘g‘il bolalarga o‘xshashadi (kuladi). Ularda uzoq yillardan buyon ayollar boks maktabi faoliyat olib boradi. Hozir O‘zbekiston boks federasiyasi tomonidan sport bazasi yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Agar terma jamoamiz uchun alohida baza bo‘lsa, yaqin yillar ichida bizdan ham jahon miqyosidagi boks yulduzlari yetishib chiqadi. Hozirda o‘smirlar va yoshlar toifasidagi qizlarimiz qit’a miqyosidagi musobaqalarda yaxshi natija ko‘rsatishmoqda. Ular yoshligidan boks maktabini ko‘rib kelishmoqda. Vaqti kelib ular kattalar o‘rtasidagi musobaqada qatnashishadi va shunda natijalar ham ko‘ngildagidek bo‘ladi. Yaxshi natijalarga erishish uchun vaqt talab etiladi.

2019 yili O‘zbekiston boks federasiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlar, o‘smirlar terma jamoalari tashkil etildi. Yoshlar terma jamoasiga Kamoliddin Mutalov, o‘smirlarga esa o‘z vaqtida taniqli bokschi bo‘lgan Laziz Zokirov tayinlandi. Ular o‘z shtablariga iqtidorli, yosh murabbiylarni jamlashdi.

Hozir o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi bokschi qizlari haqiqiy maktabni ko‘rishmoqda. Bu kelajakda o‘z samarasini beradi. O‘smirlarimiz 2019 yili Quvaytda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytishdi. Ishonamanki, ular avvaliga yoshlar, keyin esa kattalar terma jamoasi safida jahon boksi yetakchilari bilan raqobatlashishadi. Bu borada O‘zbekiston boks federasiyasining aniq reja va strategiyasi bor. Federasiya birinchi vise-prezidentligiga Saken Djetibayevich kelganidan so‘ng ayollar boksiga e’tibor kuchaydi. Biz uchun yig‘inlar tashkil etilmoqda, xorijiy musobaqalarda ham ishtirok etmoqdamiz.

— Mamlakatimizda ayollar boks terma jamoasi tuzilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Aytib o‘tganingizdek, hozirgi katta yoshdagi qizlarimiz bolaliklaridan boks maktabini ko‘rishmagan. Ular qaysi sport turlaridan taklif etilgan?
— To‘g‘ri aytdingiz. Terma jamoa tuzilayotgan vaqti sportchilarimiz taekvondo, qo‘l jangi, tayboks kabi sport turlaridan kelib qo‘shilishgan. Ular orasida xattoki og‘ir atletikadan sport ustasi ham bor edi. Biz mana shunday qizlar bilan qisqa muddat ichida terma jamoa tuzdik va hozirgacha shunday natijalarga erishdik.

— Karantin sabab rejalar o‘zgargan bo‘lsa kerak. Bokschi qizlarimiz ayni paytda nimalar bilan bandlar? Ularni nazorat qilib turibsizmi?
— Ayni paytda barcha bokschi qizlarimiz uylarida va ular bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yganmiz. Ular ikki mahaldan shug‘ullanishmoqda. Ishonamanki, karantindan so‘ng barchasi yaxshi bo‘ladi va biz Parijdagi lisenzion turnirga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

Agar karantin bo‘lmaganida Toshkent shahrida yosh qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati tashkil etgan bo‘lishimiz lozim edi. Buning uchun O‘zbekiston boks federasiyasi tomonidan katta tayyorgarlik ko‘rib qo‘yilgandi. Musobaqa uchun barcha narsa shay edi. Tayyorgarlik yuqori saviyada edi. Buning uchun federasiyaga rahmat. Lekin, ushbu virus kutilmaganda bizning mamlakatimizga kirib keldi va rejalashtirilgan musobaqa hamda yig‘inlar bekor qilindi.

— Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Olimpadada ayollar uchun vaznni ko‘paytirgani haqida nimalar deya olasiz?
— Darhaqiqat, Tokio Olimpiadasi uchun Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ayollar uchun vaznlarni beshtaga ko‘paytirdi. Tashkilot genderlar tengligini ta’minlash maqsadida shunday qarorga kelgan. Shunga monand ravishda bizda ham ushbu yo‘nalishga e’tibor qaratilmoqda. Bu zamon talabi. Men sizga bir gapni aytishim mumkin. Qizlarimizning potensiali yuqori. Lekin bu sport. Unda har narsa bo‘lishi mumkin. Yana shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, yigitlarga qaraganda qizlar bilan ishlash biroz murakkab. Ularning o‘ziga xos xarakteri, nozik tabiati bor. Shu sababdan ham barchaga individual yondoshuv kerak bo‘ladi.

— Ammanda o‘tkazilgan lisenzion turnirda bitta yo‘llanma qo‘lga kiritdik. Sizningcha bundan ko‘proq qo‘lga kiritishimiz mumkin edimi? Unday bo‘lsa bizga nima halal berdi?
— Lisenzion musobaqa yakuniga ko‘ra bitta vaznda yo‘llanma qo‘lga kiritdik. Aslida, kamida ikkita lisenziya olishni maqsad qilgandik. - 75 kg vazn toifasida Navbahor Hamidova qozog‘istonlik raqibasiga qarshi jangida g‘alabaga juda yaqin kelgandi. Lekin, yakunda hakamlar raqibning g‘alabasini qayd etishdi. U o‘sha jangda juda yaxshi harakat qilgandi. Aslida qozog‘istonlik bokschi ham kuchli edi, o‘smirlar Olimpiadasida sovrindor bo‘lgan. Shuni qo‘shimcha sifatida aytishim mumkinki, Qozog‘istonda ayollar boksiga e’tibor bundan 15 yil oldin boshlangan. Navbahor esa hali yosh va o‘tgan yili yoshlar terma jamoasidan bizga kelib qo‘shildi. Aslida u bungacha yoshlar terma jamoalari yo‘q vaqtda ham kattalar terma jamoasida yig‘inlarda ishtirok etardi.

— Terma jamoada sizga yordam berayotgan murabbiylar haqida nimalar deya olasiz?
— Tajribali murabbiylarimiz ko‘p. Umuman olganda harakat qilyapmiz. Ishonchim komil, reja asosida, shunday ruxda ishni davom ettirsak, barchasi yaxshi bo‘ladi. Hozirda ishni tashkil etishda turli yosh toifalaridagi murabbiylar, jumladan yoshlar terma jamoasi murabbiyi Kamoliddin Mutalov, o‘smirlar terma jamoasi ustozi Laziz Zokirov, bundan tashqari Dilmurod Hasanov, bokschi qizlarning shaxsiy murabbiylari yordam berishmoqda. Shuningdek, Zokir Sharofov, G‘ayratjon Karimov, Islomjon Tojiboyev kabi murabbiylarimizni ham alohida qayd etib o‘tishim lozim. Murabbiylar jamoamiz yaxshi, bir birgalikda yaxshi natijalarga erisha olamiz.

— O‘zbek boksi yulduzlaridan biri Elshod Rasulovning terma jamoaga sizga yordamchi sifatida qo‘shilishi bokschilarga qanday ta’sir qildi?
— Elshod Rasulov terma jamoasi a’zosi bo‘lgan vaqtida ham iste’dodli, mas’uliyatli, kuchli sportchi bo‘lgan. Yaqindan boshlab u ham O‘zbekiston boks federasiyasi topshirig‘iga ko‘ra biz bilan birga ayollar terma jamoasida ish boshladi. U haqiqiy yordamchi. Bir qator masalalarda yordam berib kelmoqda. Lekin baribir mas’uliyat menda qolgan, natija uchun men javob beraman. Shunday bo‘lsada, murabbiylar shtabi bilan birgalikda kelishib, maslahatlashgan holda ish olib boramiz. Uning safimizga kelib qo‘shilganidan xursandman.

— Karantin vaqtida bokschi qizlarga maslahatingiz.
— Yuzaga kelgan karantin paytida barchadan uyda qolishni, gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishni so‘rab qolaman. Ishonamanki, agar barcha qoidalarga to‘liq amal qilsak, biz ushbu koronavirusni yengib o‘tamiz. Barchaga rahmat. Nasib qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi, barcha sohada ishlarimiz rivojlanib ketadi.

Aziz To‘xtamurodov suhbatlashdi.

Manba: https://t.me/boxinguzbekistan
Kiritildi: 14:47, 25.04.2020.
O'qildi: 2906 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.