O‘zbekiston dzyudo federasiyasi raisi Azizjon Kamilov o‘z intervyusida hozirgi cheklovlar va noaniqlik sharoitida, sport tashkilotini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, respublikada dzyudoning ommaviyligini oshirish rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Azizjon Yoqubjonovich, dunyo bo‘ylab koronavirusning tarqalishi munosabati bilan, XOQ Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarini 2021 yilga ko‘chirilishini e’lon qildi. Sizning mazkur qarorga munosabatingiz qanday bo‘ldi?
– Avvalo, mamlakatimiz hukumatiga, hatto hozirgidek og‘ir damlarda ham sportni qo‘llab-quvvatlash, sportchilar karantin davrida sport bilan xavfsiz shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. O‘z o‘rnida biz sportchilar Tokio Olimpiya o‘yinlariga yanada jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz va avvalgidan ham ko‘proq ishlashimiz kerak. Endi bevosita savolingizga kelsak, men bu yangilikni xotirjamlik bilan qabul qildim va buni to‘g‘ri tushundim. Sababi, bu juda oqilona va kutilgan qaror edi. Dunyoning 200 dan ortiq mamlakat sportchilari Tokioda yig‘ilishlari kerak va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas edi. Asosiysi, bu qaror XOQ tomonidan global xavfsizlik uchun qabul qilingan – ayni damda infeksiyani yengish hammasidan muhimroqdir.
– Olimpiada bir yilga surildi. Bu holatda O‘zbekiston terma jamoasi to‘rt yillikning asosiy startiga qanday tayyorlanmoqda?
– Biz sportchilarimizning o‘quv jarayoni uzilmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rgan holda yigitlarni 2021 yildagi munosib natijalarga tayyorlashda davom etyapmiz. Olimpiadaning surilishi sportchilarning bo‘shashib, dam olishlari uchun bahona bo‘lmasligi kerak edi va bunday bo‘lmadi ham. Bizning jamoamiz hozir ham tom ma’noda startda tayyor turibdi.
– Dzyudochilarimizning tayyorgarligi va sport formasi, shuningdek, Olimpiya o‘yinlari lisenziyalarini qo‘lga kiritishga asosiy da’vogarlarimiz haqida nima deya olasiz? Ular o‘zlarini qanday his qilishmoqda?
– Dzyudochilarimiz o‘rtasidagi raqobat haqiqatan ham juda yuqori. O‘yinlarga yaqinlashayotganimiz sayin har oyda kurash yanada kuchayib boradi. Buni har bir sportchi his qiladi va umuman olganda bu tushunarli holat. Gap shundaki, bizda haqiqatan ham juda ko‘p iste’dodlar bor. Shuning uchun yigitlar astoydil mashq qiladilar va jismoniy ko‘rsatkichlarini diqqat bilan kuzatadilar. Biz barcha vazn toifalarida kuchli da’vogarlarga egamiz, bu aslida kamdan-kam uchraydigan holat. Masalan, Dyusseldorfda bo‘lib o‘tgan «Katta Dubulg‘a» turniri g‘oliblari o‘zlarining yuqori cho‘qqilarida ajoyib natijalarni namoyon etishmoqda: Davlat Bobonov (-90 kg) va Muhammadkarim Xurramov (-100 kg), Parijdagi “Katta Dubulg‘a” kumush va bronza medali sohiblari Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) va Hikmatilloh To‘rayev (-73 kg), shuningdek Tokiodagi Jahon chempionati kumush medali sovrindori Sharofiddin Lutfullayev (-60 kg). Shu bilan birga, munosib natijalarni namoyish etadigan ayollar jamoasini ham unutmaslik kerak.
– Kelasi yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada murabbiylar shtabi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?
– Maqsadimiz juda yuqori va boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Biz Olimpiya o‘yinlaridan kamida 3-4 ta medalni, shu jumladan eng yuqori probalilarini ham olib kelishni kutyapmiz. Aytmoqchi bo‘lganim, murabbiylar shtabi, rahbariyat va sportchilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklangan. Shu bilan birga, har bir kishi tanlangan strategiyani amalga oshirish uchun birgalikda, qat’iy va yuqori mas’uliyat bilan ishlaydi.
– Dzyudo rivojida mintaqalarning yutuqlari haqida gapirib bering. O‘zbekistonning sport markazlari sifatida hududlarning mustahkamlanishi qanday natijalarga olib kelishi mumkin?
– Mamlakatimizda dzyudo sport turiga katta e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir: masalan, ixtisoslashtirilgan maktablar tajribali murabbiylar tomonidan muvaffaqiyatli boshqarilmoqda. Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki, iqtidorli yosh sportchilar ko‘p. Bu yil International Judo Federation (IJF) bilan birgalikda 40 ga yaqin shunday maktablarni ochishni rejalashtiryapmiz. Bu, shubhasiz, ushbu sport turining ommaviyligini oshiradi va eng muhimi respublikaga yangi chempionlarni taqdim etadi.
O‘zbekiston dzyudo federasiyasi matbuot xizmati