Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

YECHL tarixidagi super «kambek»lar (top-10)

YECHL tarixidagi super «kambek»lar (top-10)

Baho:
+ | -

Bugundan boshlab Yevropa maydonlarida UEFA Chempionlar Ligasi madhiyasi yana yangraydi. Butun dunyo futbol ishqibozlari intiqlik bilan kutayotgan futbol bayrami boshlanishiga ham oz fursatlar qolmoqda. Mazkur musobaqa tarixida ham birdan-bir qiziqarli uchrashuvlar bilan birga, esda qolarli kambeklar ham bor. Bir xil jamoalar borki, so‘ngi soniyalarda g‘alabani ilib ketgan bo‘lsa, ba’zi jamoalar o‘yin tugashiga ikki daqiqa qilganda ikkita gol urib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan. Hozir biz sizlar bilan birga, shunga o‘xshagan ajoyib kambeklar haqida biroz suhbatlashamiz. Demak, Chempionlar ligasi tarixidagi top-10 kambeklar.

10. "Monako" - "Real Madrid" 3:1 (umumiy hisob — 5:5). 2003/04 mavsum.

Bu ikki jamoaning Madridda kechgan o‘yinida "qaymoqranglilar" fransiyalik raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Elgera, Zidan, Figu, Ronaldo tomonidan kiritilgan gollarga, "Monako" jamoasidan Skillachi va Morentes javob qaytardi. 4:2 hisobidagi g‘alabadan so‘ng, madridliklar yarim finalga chiqqaniga shunchalik ishongan ediki, Monakoda voqealar rivoji teskari tomonga o‘zgarib ketishi haqida xayoliga keltirmadan edilar.

"Lui II" stadionida kechgan o‘yinning ilk daqiqalaridan hujumkor o‘ynagan "Real Madrid" jamoasi o‘yinning 36-daqiqasida hisobni ochishga erishadi. Raul tomonidan urilgan gol birinchi taymda yagona bo‘lishi mumkin edi, ammo "Monako" a’zosi Lyudovik Jyuli bunga yo‘l qo‘ymadi. Birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda hisobni tenglashtirishga erishadi. Ikkinchi taymda murabbiydan kerakli ko‘rsatmalarni olgan monakoliklar ancha hujumkor o‘yin namoyish etishni boshlaydi. 48-daqiqadagi Moryentesning goli fransiyaliklarni hisobda oldinga olib chiqadi. 66-daqiqada esa Jyulining dubli tamoman madridliklarni ishtiyoqini so‘ndirib qo‘yadi. Bu hisob uchrashuv oxirigacha o‘zgarmay qoladi va "Monako" jamoasi tarixiy kambekni amalga oshirishadi.

9. PSJ - "Manchester Yunayted" - 1:3 (umumiy hisob — 3:3) 2018/19 mavsum.


Mazkur jamoalarning dastlabki, "Old Trafford"da kechgan uchrashuvida parijliklar "mankunianlar" ustidan ishonchli hisobda g‘alab qozonishadi. Kimpembe va Mbappe tomonidan urilgan gollardan so‘ng, PSJ muxlislari o‘z sevimlilarini keyingi bosqichga chiqqaniga ishonishgan edi.

Ammo, Sulsher shogirdlari bunga yo‘l qo‘yishmadi. "Stad de Frans" stadionida kechagan javob uchrashuvida "Manchester Yunayted" g‘alabani ilib ketishdi. Romelu Lukaku va Markus Reshford juftligidan tashkil topgan hujum chizig‘i, har doim ham "qizil iblislar"ga omad keltirmas edi. Lekin ular bu uchrashuvda PSJ jamoasini tiz cho‘ktirishga erishgan. 1-taymning o‘zida Xuan Bernatning goliga belgiyalik futbolchi dubl bilan javob qaytaradi. Ikkinchi taymda har ikki darvoza oldida ketma-ket hujumlar uyushtiriladi, lekin hammasi besamar yakunlanadi. 89-daqiqada burchakdan uzatgan to‘pdan so‘ng, Kimpembe yana manchesterliklar darvozasini ishg‘ol qiladi, ammo buni ko‘rib chiqqan VAR golni bekor qiladi. 90+4 daqiqada so‘ngi hujumiga otlangan "Manchester Yunayted" futbolchisiga nisbatan PSJ o‘yinchisi qo‘pol o‘yin ko‘rsatadi va "qizil iblislar" penalti tepish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. To‘p qarshisiga kelgan o‘yinchi esa, endigina 21 yoshga kirgan Markus Reshford edi. Angliyalik futbolchi bamaylixotir Buffon darvozasiga 3-golni urishga erishgan. Parijda amalga oshirilgan bu kambekni "Yunayted" muxlislari hali ko‘p yillar eslashsa kerak.

8. "Chelsi" - "Napoli" 3:1 (umumiy hisob — 5:4) 2011/12 mavsum.


"Chelsi" 2012 yil Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishidan avval, 1/8 final bosqichida biroz qiyinchilikka uchragani haqida "aristokratlar" muxlislari yaxshi bilishsa kerak. Neapolda kechgan "Napoli"ga qarshi birinchi o‘yinda 3:1 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng "Chelsi" a’zolari tushkun axvolga tushib qolishadi. Garchi, uchrashuvdagi birinchi golni, aynan londonliklar a’zosi Xuan Mata tomonidan kiritilgan bo‘lsa ham, Lavessining dubli hamda Kavanining goli italiyaliklarga ishonchli g‘alabani taqdim etishadi.

Londonda kechgan javob uchrashuvi, birinchisiga ham qaraganda qiziqarli va shiddatli kechadi. Drogba, Jon Terri va Lempardning gollariga Gyoxan Inler javob to‘pini kiritadi va uchrashuv ekstra taymlargacha cho‘ziladi. Qo‘shimcha taymda urilgan Branislav Ivanovichning golidan so‘ng "Stemford Brij" stadioni hayqiriqlar bilan to‘lib-toshib ketadi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng o‘ziga nisbatan ishonchi oshgan londonliklar chorak finalda Portugaliyaning "Benfika" jamoasi ustidan, yarim finalda esa "Barselona" jamosi ustidan g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasiga ega chiqishadi. "Alyans Arena"da kechgan final uchrashuvida "Bavariya" ustidan penaltilar seriyasidagi g‘alaba evaziga g‘olib kelishadi va "shalpangquloq" kubokni boshlari uzra baland ko‘tarishga erishishadi. Ajoyib kambek, shunday emasmi?

7. "Manchester Yunayted" - "Bavariya" - 2:1 1999-yil. Final.

Hozirgi kunda, "Manchester Yunayted" jamoasida murabbiylik faoliyatini olib borayotgan Ole-Gunnar Sulsher "Kamp Nou" stadionida kechgan mazkur final haqida gapirishni juda yaxshi ko‘radi. Chunki zaxiradan maydonga qo‘shilib, jamoasiga g‘alaba golini kiritish har doim ham nasib etavermaydi. Ushbu finalni myunxenliklar dahshatli tarzda boshlashdi va 6-daqiqada hisobni ochishga erishishgan. Basler tomonidan kiritilgan gol ikkinchi taym oxirigacha "Bavariya"ga 1:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etib kelayotgan edi. Ammo, Ser Aleks Fergyuson 67 va 81-daqiqada maydonga tushirgan futbolchilari ajoyib kambekni amalga oshirishadi va kubokni Germaniyada qolishiga yo‘l qo‘yishmagan. Uchrashuvning 90+1 daqiqasida Sheringem hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 90+3 daqiqada Sulsher g‘alaba to‘pini kiritishadi. Qiziqarli tomoni, mazkur ikki futbolchi ham ikkinchi taymda maydonga tushishgan. Ushbu g‘alabadan 4 kun oldin "Manchester Yunayted" jamoasi Angliya kubogida ham zafar quchgan edi.

6. "Deportivo" - "Milan" 4:0 (umumiy hisob — 5:4) 2003/04 mavsum.


2003/04 yilgi mavsumda Ispaniyaning "Deportivo" jamoasi ajoyib kambek amalga oshirishadi. Italiyaning "Milan" jamoasiga qarshi kechgan dastlabki uchrashuvda ispaniyaliklar yirik 1:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan ortga qaytishgan. Ushbu g‘alaba milanliklarga yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun yetarli edi, ammo ispaniyalik futbolchilar yirik mag‘lubiyatga ko‘z yumib ketolmadilar. Italiyada kechgan birinchi o‘yindagi gollarga milanliklar safidan Kakaning dubli, Pirlo va Shvechenkoning bittadan gol urib, mualliflik qilgan bo‘lsa, "Deportivo"ning yagona goli Pandiani tomonidan kiritiladi. Ikkinchi uchrashuvda o‘z maydonida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan ispaniyaliklar, yakunda 4:0 hisobida g‘alaba qozonishadi. Gollar Pandiani, Xuan Karlos, Alberto Luke va Gonsales Fran tomonidan kiritilgan. Yakunda esa, o‘ziga juda qattiq ishongan "Milan" sharmandalarcha musobaqani tark etishadi.

5. "Roma" - "Barselona" - 3:0 (umumiy hisob — 4:4) 2017/18 mavsum.


2018/19 mavsumda "Barselona" yarim finalga chiqishga shunchalik yaqin kelgan ediki, hatto bunga "Roma" futbolchilari ham biroz yordam berib yuborishgan, ammo qandaydir omadsizlik sabab ular bundan mahrum bo‘lishgan. "Kamp Nou"da kechgan "Roma"ga qarshi o‘yinda kataloniyaliklar ajoyib o‘yin ko‘rsatishgan va yakunda 4:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Umuman olganda "bo‘rilar" 3 ta gol urishgan edi, faqat ikkitasini o‘z darvozasiga. De Rossi va Manolasning avtogoli, shuningdek Pike va Suaresning gollariga, rimliklar safidan Eden Jeko javob qaytaradi. Unchalik ahamiyatsizdek ko‘ringan Jekoning javob goli, aynan Rimda kechgan javob bahsida o‘z so‘zini aytadi. "Stadi Olimpiko" o‘yingohida kechgan javob uchrashuvida Di Rossi, Manolas va Jekoning gollari "Roma"ga yirik hisobdagi g‘alabani taqdim etadi va yana safarda urilgan gol evaziga keyingi bosqichga chiqishadi.

4. "Ayaks" - "Tottenxem" - 2:3 (umumiy hisob — 3:3) 2018/19 mavsum.

Bu 2019-yilda bo‘lib o‘tgan yarim final uchrashuvi bo‘lib, Chempionlar Ligasi tarixidagi eng yorqin kambek sifatida qolgani tayin. Londondagi birinchi uchrashuvda amsterdamliklar 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan ortga qaytishadi. Uchrashuvdagi yagona golga Van de Bek mualliflik qilgan. Umuman olganda "Real Madrid", "Yuventus" kabi jamoalarni ham turnirdan chiqarib yuborgan "Ayaks", ushbu uchrashuvdan keyin "Liverpul"ga qarshi final bosqichida o‘ynashga ishongan bo‘lsa, ajabmas. "Tottenxem" esa qandaydir omad sabab yarim final yo‘llanmasiga ega chiqqan jamoa sifatida maydonga tushgan edi.

Niderlandiyadagi javob bahsida ham jamoa sardori De Ligt va Ziyeshning gollari hammani "Ayaks"ning finalga chiqishiga ishontirgan edi. Ammo... Ammo, ikkinchi taym boshlanishi bilan hujumga o‘tgan "shporlar" Mouraning goli bilan hisobni bittaga qisqartirishga erishadi. Oradan besh daqiqa o‘tib, yana o‘sha Maura katta sahnaga chiqib keladi va hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘yadi. Londonliklarni hazillashishmayotganini sezgan "Ayaks" yana hujumga otlanadi. Ba’zan, Lyorisning seyvlari, ba’zida esa darvoza ustuni "Tottenxem"ni goldan saqab qoladi. Uchrashuv yakunlanlanishiga bir necha soniya qolganda, londonliklar qarshi hujumga o‘tib ketadi. Delli Allining uzatgan to‘pni esa, yana o‘sha Moura gol bilan yakunlab qo‘yadi. Stadionga kelgan amsterdamlik muxlislar xuddi tush ko‘rayotgan kabi ahvolga tushib qolishishadi, lekin bu tush emas edi. Pochettino va uning omadli jamoasi "Ayaks" stadionidan final bosqichiga chiptani qo‘lga kiritib ketishadi.

3. "Liverpul" - "Barselona" 4:0 (umumiy hisob — 4:3). 2018/19 mavsum.


Garchi, ilk o‘yin Kataloniyada kechgani, ushbu o‘yinda "Barsa" 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa ham, faqat bir kishi uchrashuv taqdiri hali ham hal bo‘lmaganini bilar edi. Bu - Leo Messi edi. Jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa-da, o‘yin oxirrog‘ida Usmon Dembele yaqqol golli vaziyatdan darvozani ishg‘ol qilolmagani va bundan argentinalik futbolchining qanchalar jahli chiqqanidan sezish mumkin edi. Yirik hisobdagi g‘alaba, "Enfild", angliyalik muxlislar....

Yetakchilarsiz maydonga tushgan "Liverpul" jamoasida g‘alabaga ishtiyoq yaqqol sezilib turardi. O‘yin boshlandi. 7-daqiqada hisobni ochgan Origi, liverpullik muxlislarga qandaydir ishonchni qaytara oldi. Lekin g‘alaba uchun ularga yana ikki gol kerak edi. Ikkinchi taymda maydonga tushgan Veynaldum yakunda uchrashuv qahramonlaridan biri bo‘lishi xayoliga kelmagan bo‘lsa ham kerak. 54 va 56-daqiqalardagi uning dubli, batamom "Barsa"ni shokka tushurib qo‘ydi. Ishtahasi ochilib ketgan "qizillar" esa yana gol urishga shoshilishdi. 79-daqiqa. Burchak zarbasi. To‘p qarshisiga kelgan Aleksandr Arnold ajabtovur tarzda to‘pni o‘yinga kiritib berdi, yakunda esa Divok Origining darvoza to‘rini teshib yuborgudek zarbasi. Hisob — 4:0. "Barselona" uchun hammasi tugagan edi.

2. "Barselona" - PSJ - 6:1 (umumiy hisob — 6:5).

Parij. "Stad de Frans" o‘yingohi.
2017-yilda "Barselona" Parijdagi sharmandali 4:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, oxirgi o‘n yil ichida birinchi marta Chempionlar Ligasi chorak finalidan keyin musobaqa bilan xayrlashish arafasida edi. PSJ o‘sha mavsumda bu mavsumda, Yevropa taxtiga chiqmoqchiligini, ushbu uchrashuv orqali butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi.

Kataloniya. "Kamp Nou" stadioni.
3-daqiqadagi Suaresning goli parijlik muxlislarni cho‘chitib yubordi. Ammo, keyinchalik o‘z o‘yinini yana tiklab olgan PSJ "Barsa" bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishdi. Lekin, raqibidan ortiqcha qo‘rqib o‘ynash parijliklarga qimmatga tushdi. 40-daqiqadagi Kurzavaning avto goli ispaniyaliklarga biroz umid uchquni bergan bo‘lsa, ajabmas. 50-daqiqada kataloniyaliklar penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘lishdu va buni Messi qoyilmaqom tarzda golga aylantirdi. Edison Kavani 60-daqiqada "Barsa"ni biroz hovuridan tushurib qo‘yishga harakat qildi, chog‘i hisobni bittaga qisqartirishga erishdi. Masala hal.

Keyingi bosqichga chiqish uchun ispanlarga yana uchta gol kerak. 88-daqiqa. Shu paytda katta sahnaga chiqib kelgan Neymar hisobni 4:1, 90-daqiqada esa 5:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Yana bitta gol, so‘ngi soniyalar...

Ushbu uchrashuv haqiqatdan ham Neymar uchun atalgan edi. U PSJ yarim jamoasini aldab, hujum markazida ochilayotgan Serxio Robertoni to‘p bilan ta’minlaydi. Roberto esa "Barselona"ning tarixiy kambekiga yakuniy nuqtani qo‘yadi — 6:1!

1. "Milan" - "Liverpul" - 3:3 (penaltilar seriyasi 2:3) 2005-yilgi mavsum. Final.



Ko‘pgina muxlislar Chempionlar Ligasida qayd etilgan kambeklar orasida, 2005-yildagi Istanbul finalini ustunroq qo‘yadi. "Milan" va "Liverpul" jamoalari o‘rtasidagi mazkur uchrashuv haqiqatdan ham eng esda qolarli uchrashuvlardan biri. Ushbu o‘yinda "qizillar" jamoasi italiyaliklar ustidan g‘alaba qozonib, kubokni boshi uzra ko‘tarishgan. Aslida voqealar rivoji qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Keling, birgalikda ushbu bahsni yodga olamiz.

Karlo Anchelotti boshchiligidagi "Milan" jamoasi ilk daqiqalardan angliyaliklarni o‘z jarima maydoniga qamam qo‘yadi. 1-daqiqaning o‘zida Maldini hisobni ochishga erishgan. Mazkur goldan keyin ham bir qancha hujumlar uyushtirishgan, ammo to‘p "Liverpul" darvozasi to‘riga borib tushavermaydi. Lekin, baribir italiyaliklar o‘z maqsadiga erishadi. Birinchi taym oxirrog‘ida kiritilgan Kresponing dubli "Milan"ga 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan taymni yakunlashga yordam beradi.

Tanaffus paytida kiyinish xonasiga kirib kelgan "Liverpul" ustozi Rafael Benites futbolchilarga shunday deydi: "Qaranglar, shuncha muxlislar sizlarni deb kelishgan. Haligacha sizlarning g‘alabangizga ishonishmoqda. Hech bo‘lmasa, ular uchun o‘ynang".

Ikkinchi bo‘limga yaralangan sher kabi maydonga tushib kelgan "Liverpul" olti daqiqa daqiqa ichida uchta to‘p kiritishadi va hisob 3:3 ko‘rinishiga keltirib qo‘yishadi. Uchrashuv hisobi qo‘shimcha taymlarda ham o‘zgarmaydi. Penaltilar seriyasida esa omad "Liverpul" jamoasiga kulib boqqan. Ajoyib g‘alaba, shunday emasmi?

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 10:30, 16.02.2021.
O'qildi: 10330 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.