Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

YECHL: Shveysarcha tizim? Bu nima o‘zi?

YECHL: Shveysarcha tizim? Bu nima o‘zi?

Baho:
+ | -

Xabaringiz bordir, UYEFA 2024 yildan e’tiboran Chempionlar Ligasi formati o‘zgartirilishini rasman tasdiqladi. Unga muvofiq, hozirgi odatiy guruh bosqichi bekor qilinadi, ishtirokchi klublar soni esa 32tadan 36taga oshiriladi. Yangi format bo‘yicha klublar yagona guruhga joylashadi, ammo hammasi bir-biriga qarshi o‘ynamaydi. Aksincha, har bir ishtirokchi 10ta o‘yin o‘tkazadi va yakunda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 8ta jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1|8 finalga yo‘l oladi. Ularga esa 1|16 final raundida g‘alaba qozongan jamoalar (bu bosqichda yagona guruhda 9-24-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar qatnashadi) raqib bo‘ladi. Xullas, 36ta jamoani o‘z ichiga olgan bitta katta guruh jadvaliga asosan «pley-off» ishtirokchilari shveysarcha tizim vositasida aniqlanadi.

«Shveysarcha tizim» birikmasi - hozircha keng futbol jamoatchiligi uchun tushunarsiz va jumboq masala. Xo‘sh, bu tizim ma’nosi nima va u qanday tartibda ishlaydi? O‘zi nega shveysarcha tizim? Ushbu atama qayerdan, qanday va qachon chiqqan? Hammasi oddiy - formatning «shveysarcha» deyilishiga sabab shuki, u birinchi marta Shveysariyaning Syurix shahrida qo‘llanilgan. Bunga 100 yildan ham oshdi. Aniqrog‘i, ushbu formatdan ilk marta 1895 yili shaxmat turnirida foydalanilgan. Umuman, bu tizim hozir ham shaxmat va shashka kabi aqliy sport turlari uchun asosiy format hisoblanadi.

Xo‘sh, formatning ma’no-mohiya­ti nimadan iborat? Asosiy qoida shuki, avvaliga eng kuchlilar eng kuchsizlarga qarshi bahs olib borishadi. Keyin teng kuchlilar o‘zaro jang qilishadi, ya’ni nisbatan teng miqdorda ochko to‘plaganlar. Oddiy aytganda, 1-turda jadvalning yuqori qismidan joy olgan jamoalar uning ikkinchi yarmidagi ishtirokchilarga qarshi bahs olib boradi. Yanada aniqroq aytganda, jadvalning birinchi va ikkinchi qismidagi eng kuchli jamoalar o‘zaro maydonga tushadi. Shundan so‘ng klublar virtual tarzda ochkolik guruhlarga bo‘linadi (g‘alaba qozonganlar, durang o‘ynaganlar va mag‘lubiyatga uchraganlar). Shu asnoda taqvim natijalarga asosan tuzib ketiladi. Lekin jamoalar bir-biri bilan 2 marta to‘qnash kelmaydi.

Qiziq, barchasi amalda qanday ko‘rinish oladi? Agar shaxmat turniri misolida olsak, unda 40 kishi qatnashadi. Reyting yoki qur’a natijasidan kelib chiqib, 1-turda dastlabki 20 nafar ishtirokchi ikkinchi 20talik vakillariga qarshi dona suradi. 2-turda esa g‘alaba qozonganlar, durang o‘ynaganlar va mag‘lub bo‘lganlar guruhi shakllantiriladi. Shu asnoda g‘oliblar g‘oliblarga qarshi o‘ynashadi, qolganlar ham o‘z guruhlaridagilar bilan bellashishadi. 3-turga kelib, teng miqdorda ochko to‘plaganlar o‘zaro kuch sinashadilar. Agar turnir ishtirokchilari soni toq bo‘lsa, unda turni o‘tkazib yuboradigan o‘yinchi avtomatik tarzda ochko oladi.

Endi vizual, ya’ni xayoliy misol keltiramiz. Yengilroq tushuntirish uchun 8ta jamoadan iborat turnirni olamiz. Bunda ishtirokchilar shveysarcha tizim bo‘yicha 3ta tur o‘tkazishadi. Ayni payt UYEFA reytingiga ko‘ra, kuchli 8talikda qo‘yidagi klublar bor:

«Bavariya»

«Real»

«Barselona»

«Manchester Siti»

«Yuventus»

«Atletiko»

«PSJ»

«MYU»

1-tur natijalari (shartli): «Bavariya» - «Yuventus» - 4:0, «Real» - «Atletiko» - 3:0, «Barselona» - «PSJ» - 2:0, «Manchester Siti» - «MYU» - 0:1

2-turda g‘oliblar g‘oliblarga, mag‘lublar mag‘lublarga qarshi (shartli): «Bavariya» - «Real» - 2:0, «Barselona» - «MYU» - 1:0, «Yuventus» - «Atletiko» - 2:0, «PSJ» - «Manchester Siti» - 1:0

2-turdan keyingi holat (shartli): «Bavariya» - 6 ochko, «Barselona» - 6 ochko, «Real» - 3 ochko, «MYU» - 3 ochko, «Yuventus» - 3 ochko, «PSJ» - 3 ochko, «Manchester Siti» - 0, «Atletiko» - 0

Tasavvur qiling, turnir jadvali shunday ko‘rinish olsa, 3-turda «Bavariya» hamda «Barselona» o‘zaro bahs olib boradi va hokazo... Oxirgi juftlik: «Manchester Siti» - «Atletiko». Xullas, 3 ochkoga ega oradagi 4ta jamoa ikki juftlikni tashkil etadi. Savol: bunda jamoalar raqibi qanday aniqlanadi? Hozircha bu reglamentga daxldor savol. Tizim futbolda hali ishlatilmadi, shuning uchun aniq javob yo‘q. Katta ehtimolki, to‘plar nisbati yaxshiroq jamoa­lar o‘zaro to‘qnash keladi. Shunday bo‘lsa, unda «Real» (to‘plar nisbati - 3:2) «MYU» (to‘plar nisbati - 1:1) bilan, «Yuventus» (to‘plar nisbati - 2:4) esa «PSJ» (to‘plar nisbati - 1:2) bilan bahs olib boradi.

Tizimning plyus va minuslariga ham to‘xtalish kerak. Bunday tizimda jamoalar soni ko‘p bo‘lishi o‘yinlar miqdorini oshishini anglatmaydi.

- Top darajadagi o‘yinlar soni ko‘payadi. Favorit jamoalarning kuchsiz raqiblarga qarshi maydonga tushishi deyarli kuzatilmaydi.

- Hamma jamoalar bir-biriga qarshi o‘ynamaydi.

- Kuchlilar va kuchsizlar o‘rtasidagi farq yaqqol bilinadi.

- CHL holatidan kelib chiqsak, taqvim tuzishda qiyinchiliklar bo‘lishi aniq. Gap shundaki, 1ta mamlakat jamoalarining o‘zaro uchrashishi oldini olish lozim. Shuningdek, ishtirokchi klublarning o‘z maydoni va safarda 5tadan o‘yin o‘tkazishini ta’minlash kerak.

- Aniq va yaxlit taqvim tuzishning iloji yo‘q. Shuning uchun qaysi jamoa qayerda va kim bilan o‘ynashini oldindan rejalashtirish mumkin emas.

Umuman olganda,  tashkilotchilik masalasiga doir savollar juda ko‘p. To‘g‘risi, shveysarcha tizim Yevropa Chempionlar Ligasida qanday qo‘llaniladi va nechog‘li samara beradi - bular vaqt hukmidagi savollar. Hozircha muayyan bir formula yo‘q. Balki jamoalar 4ta savatchaga bo‘linar va birinchisidan joy oladiganlar to‘rtinchi guruh vakillariga qarshi 2 martadan o‘ynar. Shunda ikkinchi va uchinchi savatchalardagi jamoalar bir-biri bilan o‘ynashi mumkin. Yoki to‘plagan ochkolari sonidan kelib chiqib, ja­moalarni jadvaldagi «qo‘shni»lariga qarshi qo‘yish mumkin.

J.BOBOXONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:00, 15.05.2021.
O'qildi: 6163 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.