Har bir mavsum, har bir musobaqa ko‘plab yosh futbolchilarning porlashiga yordam beradi. Yangi 2021-2022 yilgi mavsum ham bundan mustasno emas. Yevrofutbolga nazar tashlash ekansiz, o‘zingiz uchun yangi yulduzlarni kashf eta borasiz. Ularni mavsum davomida ko‘rsatgan o‘yinlari sizga ma’qul kelish bilan bir qatorda, shaxsiyati ham muhim omilga aylanadi. Quyida yaqin bir-necha yil ichida katta yulduzga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida bilib olasiz.
1.Bukayo Saka
Yevro-2020da Rahim Sterlingdan tashqari, Angliya termasi jamoasi tarkibida o‘yinlari bilan ajralib turgan yosh futbolchi Bukayo Saka edi. «Arsenal» futbol akademiyasidan chiqqan bolakay, o‘tkan mavsumda jamoasining asosiy va muhim futbolchisiga aylana oldi. Butun Angliya ahli Yevropa chempionati davomida uni qo‘llab-quvvatlab turdi. Shuningdek, finaldagi omadsizliklarda ham. Bu mavsumdan klubda uning roli va vazifalari yanada oshib, ishonchli futbolchiga aylanishi kutilmoqda. Saka o‘ziga xos uslubi va xarakteri tufayli tez o‘sishga erishdi.
2.Meyson Grinvud
Yana bir shunday nomga da’vogar yosh futbolchi, afsonaviy klub – «Manchester Yunayted» hujumchisi Meyson Grinvud. Klubga Jeydon Sancho kelib qo‘shilgach, yangi mavsumdan Grinvudga ko‘proq maydonda harakat qilish imkoni berilishi mumkin. Bu esa yosh futbolchining o‘sishiga va o‘zini yorqinroq namoyish etishiga yordam beradi. Grinvud klubining 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlari tarkibida o‘ynab yurgan paytlaridayoq barchani nazariga tushgan va bir mavsumda 34 ta gol urishga erishgan edi. Unda yangi mavsumdan o‘z potensialini yanada yorqinroq ko‘rsatish imkoniyati mavjud.
3.Ezri Konza
Angliya terma jamoasi himoyasi kuchli futbolchilardan tashkil topgani haqida barchamiz xabardormiz. Bunda Harri Maguayr hamda Jon Stounz xizmatlari yaqqol sezilib turadi. Ularga raqobatchi bo‘lishga da’vogarlar ko‘p, ammo o‘rinbosar, davomchi bo‘lishi mumkin bo‘lganlar haqida eshitmagandirsiz. Shunday futbolchilardan biri «Aston Villa»ning yosh himoyachisi Ezri Konzadir. Jon Terri qo‘l ostida o‘spirin yigit sifatli, elit darajadagi futbolchiga aylandi. Yaqin kelajakda Konza Angliya terma jamoasidan chaqiruv olishi va u yerda o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
4.Xadson-Odoi
Tomas Tuxel «Chelsi»ga endigina tayinlangan vaqtidayoq yosh ingliz futbolchisi Xadson-Odoi harakatlarini alohida e’tirof etgan edi. Keyinchalik, unga ishonch bildirib, asosiy tarkibda tushishiga imkon bera boshladi. Uning iste’dodini isbotlash uchun «aristokratlar»ning birgina o‘tgan mavsumdagi «Manchester Siti» ustidan qozonilgan g‘alabasini(2:1) eslashimizning o‘zi kifoya. Xadson-Odoida kuchli dribling hamda tezlik imkoniyatlari mavjud. Yosh vinger o‘z ustida ishlashni davom ettirsa, yorqin kelajagiga hech kim mone’lik qila olmaydi.
5.Jamal Musiala
Yosh nemis futbolchisi Jamal Musiala o‘tgan mavsum oxirida dunyodagi eng yaxshi klublardan biri bo‘lgan «Bavariya» tarkibida muhim rolga ega bo‘la oldi. Jamoaning yangi tayinlangan murabbiyi Yulian Nagelsmann yoshlarni qadrlovchi va ular bilan yaxshi chiqisha oladigan mutaxassis ekanligini ko‘rsatdi. U kelgach, Musialaga asosiy tarkibda ko‘proq imkoniyat bera boshladi. Jamal o‘tgan mavsumning yettita o‘yinida oltita gol urishga erishgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, kelayotgan mavsum yosh hujumchidan yaxshiroq natijalar kutishimiz mumkin. 2022 yilgi mundialda esa Musiala Germaniya termasi tarkibida bo‘lishi shubhasiz.
Mana shunday yosh iste’dodlar kelajak futbolining yuzi bo‘lishi mumkin. Harxolda, ularni hozirgi ko‘rsatayotgan o‘yinlari shunga umid bermoqda.
Ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi