Superliganing 13-turi doirasida "Bunyodkor" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin "Paxtakor" bosh murabbiyi Piter Xyuistra o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
— 4-5 haftalik tanaffusdan keyin "Bunyodkor"ga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazdik. Shu boisdan biz to‘liq ritmga tushib ololmadik. Birinchi bo‘limning boshida o‘yinimiz unchalik qovushmadi. Keyinchalik tashabbusni qo‘limizga oldik va kerakli paytda gol urib oldik. Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin o‘xshamadi. "Bunyodkor"da ham vaziyatlar bo‘ldi. Ularga ham imkoniyat taqdim qildik. Gol o‘tkazganimizda esa VAR bizga yordamga keldi. Shu paytda omad keldi deya olaman. Ikkinchi davrada boshqacharoq o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Bunga imkoniyatlarimiz yetarlicha. Tarkibga yangi futbolchilar olib kelindi. Shu boisdan o‘yinni yaxshilash borasida ishlaymiz.
— Boyan Matich haqida gapirsangiz. Bizda u borasida biror tasavvurimiz yo‘q.
— U payshanba kuni jamoamizga kelib qo‘shildi. Atigi 2 mashg‘ulotimizda ishtirok etdi. Uning jismoniy holati qanday ekanligini bilmasdim va shu boisdan unga jismoniy yuklamalar berganim yo‘q. Boyanni 20 daqiqa qolganida maydonga tushirdim va unga o‘yin taktikasini, jamoaning uslubini ko‘rib, o‘rganib olishini aytdim. U bilan dekabr oyiga qadar shartnomamiz bor. Navbatdagi o‘yinlarda unga imkoniyat taqdim qilinadi va Boyan butun O‘zbekistonga o‘zining qanday futbolchi ekanligini ko‘rsatadi. Matich umuman olganda yaxshi futbolchi.
— Vladimir Kozakning "Paxtakor"ga qaytishini siz istadingizmi yoki rahbariyat?
— Ibrohimhalil Yo‘ldoshev "Paxtakor"dan ketishi aniq bo‘lib turibdi. Shu sababli uning o‘rniga boshqa futbolchi izlayotgandik va aynan Kozak variantida to‘xtaldik. U uzoq yillar davomida shu yerda o‘ynagan. Bizning o‘yin uslubimizni yaxshi biladi. Qarorni esa rahbariyat bilan birga chiqardik. Tez orada Kozak ham jamoaga kirishib keta oladi.
— Marlen Chobanov birinchi marta to‘liq taymni o‘tkazdi. U Yegor Krimesning o‘rnini bosa oladimi?
— Chobanov yaxshi futbolchi. Anzur, Sherzod va Yegor ayni damda O‘zbekistonning eng kuchli himoyachilaridan bo‘lib turibdi. Chobanov hali yosh va ularning darajasiga yeta olishi mumkin. Chunki u mashg‘ulotlarda doimo o‘zi ustida ishlaydi, mashg‘ulotlar tugaganidan keyin esa maydonda qolib, yana shug‘ullanishda davom etadi. Bu menga yoqadi. Bu esa kelajakka umid bilan qarashga zamin yaratadi. Agarda shu zayilda davom etsa, u eng yaxshi himoyachilardan biri bo‘la oladi.