U ko‘plar uchun barcha zamonlarning eng yaxshi yarim himoyachisi edi...
1980 yilda tug‘ilgan Xavi Ernandes “butsasini mixga ilganiga” ko‘p bo‘lgani yo‘q. Aytmoqchimanki, uni aksar muxlislar yaxshi bilishadi – yoshroq ishqibozlar ham, o‘rta yoki katta yoshdagilar uchun ham birdek qadrli nom.
Uning hayoti haqida yozgan mualliflar 1991 yil La Masia tarbiyalanuvchisiga aylangan Xavining tengqurlaridan bir farqiga alohida to‘xtalishadi. U futbol o‘ynash bilan bir qatorda, uni tomosha qilishni juda sevardi. Mashg‘ulotlardan bo‘sh qoldi deguncha televizor qarshisida turli uchrashuvlarni ko‘rib o‘tirardi. O‘smirlik davrida unga ingliz futbolini o‘rganish juda qiziq bo‘lgani haqida aytishadi. Jismoniy ko‘rsatkichlari bilan maqtana olmaydigan mitti Xavi Angliyadagi kontaktli futboldan ko‘p jihatlarni o‘ziga yuqtirgan. U ikki hissa mehnat qilar va to 1998 yilgacha, asosiy jamoadagi debyutigacha tengdoshlaridan ustun ekanini isbotlab ulgurgandi.
O‘sha vaqtda klubda Lui van Gal bosh murabbiy edi. 18 yoshidayoq asosiy jamoa tarkibida 20 ortiq o‘yinda harakat qilgan Xaviga “Milan”dan jiddiy taklif tushadi. La-Ligada mavsum kashfiyoti deb e’tirof etilgan futbolchining otasi Italiya klubilan bilan shartnomani tezroq imzolash ilinjida edi. O‘zi sobiq futbol bo‘lgan ota o‘g‘lini xorij jamoasida ko‘rishni juda istardi. Ammo futbolchining onasi o‘g‘li Kataloniyani tark etishini aslo xohlamasdi. Bahs shu darajaga yetdiki, Mariya Kreus ajrim bilan tahdid qilibgina turmush o‘rtog‘ini o‘z fikriga ko‘ndirdi. U vaqtlar maydonda Xavining pozisisida kimsan Xosep Gvardiola o‘ynardi.
“Barselona” qolgan Xavi keyingi 5 yilda muntazam va ohista o‘sishga erishdi. Ya’ni, ortga nazar tashlansa, u favqulodda tezda rivojlanganini emas, sekin-astalik bilan ko‘plab fazilatlarga ega chiqqanini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Asrlar almashinuvida Pep Gvardiola jiddiy jarohat oladi va Xavi bu imkoniyatdan albatta unumli foydalanadi. 2005 yilda La Ligadagi eng yaxshi futbolchi deb topilgan qahramonimiz kelasi yil CHLda ham bosh sovrinni qo‘lga kiritadi. U Rivaldo bilan ham, keyinchalik Ronaldinyo bilan ham oson til topishadi. Maydon markazidada bo‘shliqlarni topish, ko‘pincha ularni yuzaga keltirish ma’nosida tengsiz bo‘lgan, o‘rta va olis masofaga ham radio-boshqaruvli uzatmalar berishi mumkin bo‘lgan Xavi 2008 yil Yevropa chempioni bo‘lib, turnirning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etiladi. O‘sha yili unga “Bavariya” jiddiy qiziqish bildirgani yodimda. Ammo “Barselona”da endi ish boshlagan Gvardiola uni qolishga ko‘ndira oladi. Uyog‘ini mensiz ham juda yaxshi bilasiz.
Xavi faoliyatiga bag‘ishlangan o‘z kitobiga “Barselona – mening hayotim” deb nom bergan. O‘sha kitobidan bir kichik iqtibos keltirsam uning maydon tashqarisida ham qanday inson bo‘lganini tushunish osonroq bo‘lsa kerak: “Inson hayotida ko‘p narsani yo‘qotishi, lekin o‘zgalarga hurmat va tarbiyani doim saqlab qolishi kerak”.
750 dan ortiq o‘yin, 8 karra Ispaniya chempionligi, 4 karra CHL tituli va boshqa ko‘plab sovrinlardan so‘ng Xavi 2015 yilda Qatarning “As Sadd” jamoasiga o‘tadi. 2019 yildan esa shu klubda murabbiy sifatida ish boshlagan Xavi balki yaqin vaqt ichida Kataloniyaga qaytar. Bu safar u biroz murakkab vaziyatdagi buyuk va o‘zi uchun qardli jamoasin murabbiy sifatida muvaffaqiyatlarga yetaklash uchun qaytadi.
Xo‘sh, Siz uning qaytishini istaysizmi?!
Orif Tolipov.