Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Dilshod Rahmatov: «Avvallari Eronga yirik hisobda yutqazardik, hozir esa ular bizdan qo‘rqib o‘ynamoqda»

Dilshod Rahmatov: «Avvallari Eronga yirik hisobda yutqazardik, hozir esa ular bizdan qo‘rqib o‘ynamoqda»

Baho:
+ | -

Tan olish kerak, deyarli barcha davrlarda O‘zbekistonda futzalga unchalik katta e’tibor qaratilmagan. Tashkil etilgan jamoalar esa yo qaysidir tashkilot, yo qaysidir futbol klubi muassisligida faoliyat yuritgan. Milliy chempionat bahslari, umuman, mavsumlar ham ortiqcha shov-shuvlarsiz o‘tkazib kelinadi. Shunga qaramay, O‘zbekiston futzal terma jamoasi doimo Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelgan va yetakchilar qatorida tilga olinadi. Hatto (futbol jamoasidan farqli o‘laroq) o‘zbekistonlik futzalchilar 2016 (Kolumbiya) va 2021 yillarda (Litva) bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati bahslarida ham ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan. «Daryo» muxbiri Bilol Erkin O‘zbekistonning bugungi kundagi eng yaxshi o‘yinchilaridan biri Dilshod Rahmatov bilan suhbatlashib, uning mamlakatda ushbu sport turining darajasi, milliy chempionat, klublarning moliyaviy holati, futzalchilarning maoshlari va bir qator boshqa mavzular haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.


Jahon chempionati va Eronga qarshi o‘yin haqida

Jahon chempionatida oddiy jamoaning o‘zi yo‘q. Eron esa nafaqat Osiyoda, balki Jahonda ham eng kuchli terma jamoalardan hisoblanadi. Biz u jamoaga 8 ta gol urdik. Hamma ham bu jamoaga buncha gol ura olmaydi. O‘yinga kelsak, ular bizning himoyadagi xatolarimizdan foydalanib ketdi. O‘z navbatida biz ham ularning xatolaridan foydalanishning uddasidan chiqdik.

Ishtirokimizga keladigan bo‘lsak, biz musobaqaga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Toshkentda Afrika chempioni Marokash bilan ikkita o‘yin o‘tkazdik. Bundan tashqari, amaldagi Jahon chempioni Argentina va Osiyo chempioni Eronga qarshi 2 tadan o‘yin o‘tkazgandik. Mundialda guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga chiqdik. Keyin azaliy raqibimiz Eron bilan to‘qnash keldik, ularni yutishni juda xohlagandik. Sababi bungacha ularni hali yutmaganmiz. Biz o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonib, oldingi alamlarimizni ham olmoqchi edik. Yigitlar bilan keyingi bosqichga o‘tishga harakat qildik. Biroq ozgina yetmay qoldi. Xudo xohlasa, keyingi Jahon chempionatlarida bundan-da yaxshiroq natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.

O‘zbek futzalida 2016 yildan keyingi pasayishga nima sabab bo‘lgani haqida

2016 yilgi Jahon chempionatidan keyin futzal O‘zbekistonda juda rivojlanib ketadi deb o‘ylagandim. Mundialga chiqdik, unda ishtirok etdik, endi zo‘r bo‘ladi degan fikr bo‘lgandi. Lekin aksi bo‘ldi, futzal orqaga ketdi. Menimcha, bunga sabab rahbariyatning almashgani (O‘FAda) va ularning futbolni hamda futbol bo‘yicha milliy chempionatni birinchi o‘ringa qo‘ygani bo‘ldi. Lekin shu orqaga ketganimiz bilan ham 2018 yili Xitoy Taypeyida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 3-o‘rinni egallagandik. Ammo hozirgi sharoitlarimiz ancha yaxshi. Milliy chempionat bahslari ham o‘tkazilib kelinmoqda.

Jahon chempionatidagi ishtirokdan keyin terma jamoaga qancha mukofot puli berilgani haqida

Jahon chempionatidan keyin assosiasiyada (O‘FA) yig‘ilish bo‘ldi. Rahbarlar hammani yig‘ib, delegasiyadagi hammaga 60 million so‘mdan mukofot puli berdi.

Futzal klublarining moliyaviy holati, maoshlar va mukofot pullari haqida

O‘zimizning klubimiz haqida gapirsam, hozirda «Huaxin Jizzax» klubida o‘ynab kelyapman. Klub oldiga katta maqsadlar qo‘yilgan, 5–6 nafar terma jamoa o‘yinchisi jalb qilingan. O‘tgan yili O‘zbekiston chempionatida birinchi marta ishtirok etib, 3-o‘rinni egalladik. Bunda bizga Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev juda katta yordam berdi. Bizning klub «Huaxin Sement» zavodiga biriktirilgan. Shu zavod bizga oylik va mukofot pullarini chiqaradi. Ko‘p jamoalar davlat tashkilotlariga biriktirilgan. Oyliklar jamoalarning oldiga qo‘ygan vazifasiga qarab belgilanadi. Jizzaxda katta maqsadlar qo‘yilgani uchun maoshlar o‘rtacha 3–5 million so‘m. O‘rta hisobda terma jamoada o‘ynaydigan futbolchilarga 5 million so‘m oylik beriladi. Oddiy, oldiga vazifa qo‘yilmagan jamoalarda esa bilishimcha, 2,5–3 million so‘m beriladi. Undan tashqari, mukofot pullari olishadi.

Bu yerdagi pullarni futbol bilan solishtirib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, futzalchilar o‘z ishini sevadi. Ba’zida 3 mln so‘mga qanaqa qilib, oila boqyapsan deb so‘rab qolishadi. To‘g‘ri, bu aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan narsa, xuddi «5600 so‘m» iborasiga o‘xshab qoladi. Lekin bilaman, shu futzalchilar o‘z ishini yaxshi ko‘rganidan boshqa ishini ham qiladi, ishidan chiqib, futzal ham o‘ynaydi. Shu bolalar (futzalchilar) ishini yaxshi ko‘rgani uchun ham bizda rivojlanish bor. Lekin top-darajadagi o‘yinchi bo‘lsangiz va terma jamoada o‘ynasangiz, bu boshqa narsa. Oylik va mukofot pullari ham shunga yarasha bo‘ladi. O‘rtamiyona futzalchilar esa qiynaladi.

O‘zbekistonda futzal klubi tashkil qilib, undan qanday foyda olish mumkinligi haqida

To‘g‘risi, foyda olishni bilmadim. Xususiy klub qilish mumkin. Buning uchun futzalni yaxshi ko‘radigan odam bitta jamoa qilishi kerak bo‘ladi. Unga o‘yinchi va murabbiylarni chaqiradi. Balki qandaydir yengilliklar berilar unga. Lekin boshqa taraflama bundan qanday foyda olish mumkinligini bilmayman.

O‘zbekistonda futzalning kelajagi haqida

Mana shu eng yaxshi ko‘rgan savolim. Chunki ertangi kunni o‘ylash kerak. Hozir futzalimizning darajasi yomon emas. Mundialga chiqib, unda yaxshi ishtirok etishning o‘zi oson emas. Bundan ham yaxshi bo‘lish uchun fikrimcha, futzal maktablarini ochish kerak. O‘zimizda hozir Samarqandda va Buxoroda futzal maktablari bor. Ayniqsa, Samarqanddagi maktab yaxshi ishlab kelmoqda va u yerdan futzalchilar yetishib chiqmoqda. Shunaqa maktablarni ko‘paytirsak, bizda futzal yanada rivojlanadi, raqobat ham shunga yarasha bo‘ladi. Buning yana bir yaxshi tomoni, futzal bilan shug‘ullanib kelgan bola xohlasa, futbolga o‘tishi mumkin. Chunki futzalda maydon kichkina, texnikasi rivojlanadi, katta maydonga chiqqanida qiynalmaydi. Mana misol uchun, Neymar, Ronaldinyo kabi futbolchilar futzaldan chiqqan. Buning zarari yo‘q, faqat plyus tomonlari bor. O‘z vaqtida ispaniyalik murabbiy Xose Mariya Mendesdan saboq olgan futzalchilarga hozir futzal maktabi ochib berish kerak, assosiasiya bunga yordam bersa yaxshi bo‘lardi.

Shunaqa Jahon chempionatlariga chiqqanimizda darajamiz bilinib qoladi. Eronning kuchi nimada? Ularning yutug‘i, ular yoshlarga e’tibor beradi. Bizda ham shunday qilsa bo‘ladi. Bunga katta pul kerakmas deb o‘ylayman. Katta futbol bilan solishtirilsa, uning yarmiga ham kelmaydi. Oldinlari Eronga yirik hisoblarda yutqazardik, ular yaqqol ustun edi. Hozir unaqa emas, oxirgi o‘yinlarda ular bizdan qo‘rqib o‘ynamoqda, ayniqsa Jahon chempionatidagi o‘yinda, pressing qilganimizda ular shoshib qoldi. Agar to‘g‘ri ishlasak, bemalol Erondan o‘tib ketamiz.

O‘zbek futzalida tanish-bilishchilik yo‘qligi haqida

Yo‘q. Tanish-bilishchilik yo‘q. Futzalda pul kattamas-ku. Katta pul bo‘lganda aytsa bo‘lardi, «o‘g‘limni qo‘shib qo‘y, 10–15 million so‘m oylik olib yursin. Oxirida borib, O‘zbekiston chempioni bo‘lsin-da, keyin institutga kirsin», deb. 2–3 millionga qaraydi, «qo‘y, qanaqa futbol, ishla bor undan ko‘ra. Taksichilik qil», deydi. Shuning uchun tanish-bilishchilik bor deb o‘ylamayman.

Legionerlik faoliyati haqida

Bir necha yil davomida Xitoyda to‘p surganman. U yerga ketishimga Xose Mariya Mendes sababchi bo‘lgan. Uni birinchi agentim desam ham bo‘ladi. U yerni O‘zbekiston bilan solishtiradigan bo‘lsam, ularning sharoiti ancha yaxshi, lekin o‘sish yo‘q. Sababi, futzalchilari dangasa. O‘zimizda 2–3 mln so‘m oylik bersa, u yerda 4–5 ming dollar to‘laydi. Lekin oyligiga yarasha mehnat qilmasdi ular. Murabbiy baqirsa, undan norozi bo‘lardi. Bir safar, hatto bittasi formasini yerga tashlab, ketib qolgan. U murabbiyga, «siz menga baqirishingiz uchun kelmadim bu yerga, shunchaki futzal o‘ynayman deb kelgandim», degandi. O‘shanda o‘zimga o‘zim, «agar bizda 4–5 ming dollar oylik to‘lasa, borib, uyidagi ishini ham qilib beradi», degandim. Maydonlar, sharoitlar hammasi a’lo darajada. Murabbiylar ham chet eldan olib kelingandi. Bu hali klubda. Terma jamoada esa bundan ham zo‘r sharoitlar, ammo ular bundan foydalana olmaydi. O‘zimizda bitta maydon bor, berilgan narsadan maksimal foydalanib, bolalar mehnat qiladi. Uyoqda shuncha imkoniyat bor, lekin ular ishlamaydi. Aholisi ko‘p, lekin gap aholi sonidamas. Agar ishini yaxshi ko‘rsa, 3 million so‘m bilan yaxshi bo‘lib ketadi, agar majburlasangiz, 100 ming dollar bilan ham hech narsa o‘xshamaydi. Solishtirib aytadigan bo‘lsam, o‘zbek futzalchilari xitoyliklarga qaraganda, o‘sha sharoitga va oylikka loyiqroq.

To‘g‘ri, ularning futbolini ham biz bilan solishtirganda juda katta farq bor. Lekin bizning futboldagi oylik maoshlar bilan o‘zimizda yaxshi yashasa bo‘ladi. Futzalchi 3 mln so‘m oylik olsa... U bola uylanmaydimi, oilasini boqmaydimi, kommunal to‘lovlar, qolgan xarajatlar... Ketadi-da baribir. Buning ustiga futzalchi va futbolchilarning faoliyati qisqa bo‘ladi, ular 50–60 yoshgacha bunaqa pul olib yura olmaydi. Hozir ko‘plari 30 yoshga bormay yo‘q bo‘lib ketyapti.

Lekin men hozir buni Xitoy chempionati bilan solishtiryapman. Qirg‘iziston chempionati bilan solishtirsam, ancha oldindamiz. Ularda hatto maydoni yo‘q klublar bor.

Futzaldagi maoshlar qachon ko‘tariladi?

2–3 mln so‘mdan oylik berayotgan jamoalarning tepasidagi rahbarlar futzalni nomiga deb bilmasligi kerak. Katta futbolda misol uchun bir yillik smeta 25–40 mlrd so‘m bo‘lsa, futzalga 3 mlrd so‘m qilib ber, o‘sha jamoalar qiynalmaydi. Farqini qarang, juda katta. Agar 4–5 mlrd so‘m xarajat qilinsa, jamoani chempion qilsa bo‘ladi. Futbol bilan solishtirish juda qiyin. Rahbarlar smetani ko‘tarishi kerak deb o‘ylayman. Yaxshi moliyaviy imkoniyatga ega jamoalar ham bor, lekin yomonlari ham yo‘q emas, buni tan olish kerak. O‘zi 3–4 mln so‘m olsa, yana oyligini vaqtida bermasa, uch oyligini bermasin, nima qiladi u bola? Chiqib boshqa ish qiladi... Moliyaviy tarafga ko‘p narsa bog‘liq. Lekin shunga qaramay, bolalar jonini berib yugurib yuradi. Buni ko‘rib faqat xursand bo‘lish kerak.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 07:57, 14.11.2021.
O'qildi: 3085 marta.
Fikrlar: 17 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.