Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Mojaro: 6 yillik muhokama

Mojaro: 6 yillik muhokama

Baho:
+ | -

Karim Benzemaning Matye Valbuenani shantaj qilgani bilan bog‘liq ish, nihoyat, o‘z yechimini topdi. Versal sudi «Real» hujumchisini aybdor deb topib, unga nisbatan bir yillik shartli qamoq jazosi va 75 ming yevro miqdorida jarima belgiladi. Sudning fikriga ko‘ra, futbolchi o‘z harakatlarining jinoyatga xosligini anglamagan.

Prokuror fransiyalik forvardga nisbatan 10 oylik shartli qamoq va 75 ming miqdorida jarima qo‘llanishini so‘ragandi - bundan ko‘rinadiki, Karim ayblovchi tomon so‘raganidan ham jiddiyroq jazoga loyiq ko‘rilgan. Benzema vakillarini sud qarori qoniqtirmadi - ular e’tiroz bildirishadi. Bu haqda advokat Silven Kormye ma’lum qildi: «Bu juda jiddiy, isbotlarga asoslanmagan adolatsiz hukm. Apellyasiya shart, qarorga nisbatan e’tirozimizni bildiramiz, chunki Benzema uyatli hech nima qilmagan. U apellyasiya sudida oqlanadi».

Karim sudda qatnashmadi. Fransiya futbol federasiya­si prezidenti Noel Le Gre sud hukmi futbolchining terma jamoadagi o‘yiniga ta’sir o‘tkazmasligini ta’kidladi: «Uning Fransiya termasi safida to‘p surishiga to‘siq bo‘ladigan hech narsani ko‘rmayapman». Mazkur ishning boshqa qatnashchilari turlicha jazolarga loyiq ko‘rildilar: 18 oylik shartlidan tortib, 2,5 yilgacha qamoq jazosiga.

 

Muhokama 6 yilga  cho‘zildi. Asli nima bo‘lgandi?

2015 yilning 4 noyabr kuni Benzema Valbuenani intim videolar bilan shantaj qilganlikda ayblanib, qo‘lga olindi. Shuningdek, tovlamachilikda qatnashgan uch nafar shaxs ham qamoqqa olindi, ular orasida taxminiy tashkilotchi - 39 yoshli Fransiya fuqarosi Aksel ham bo‘lib, u Marselda faoliyat yuritadigan futbol agentlari bilan yaqin aloqaga ega.

Tergov-surishtiruvlarga ko‘ra, Aksel va uning ikki sherigi videoyozuv evaziga Valbuenadan 150 ming yevro so‘rashgan, aks holda, rolikni internetda tarqatish bilan tahdid qilishgan. Benzema buyurtmachi yoki tashkilotchi hisoblanmagan - taxminlarga ko‘ra, jinoyatchilar u bilan o‘zaro tanishlar orqali bog‘lanib, hujumchining Valbuenadan pul olishda yordam berishini so‘rashgan. Karim bir sutkadan ko‘proq vaqtini panjara ortida o‘tkazgan - faqatgina advokatining oqilona ishlashi tufayli mamlakatni tark etish bo‘yicha taqiqdan qutulib qolgan.

Karim ayblovni quyidagicha izohladi: «Men vositachi vazifasini bajarishim, Matye va Karim Zenati (Valbuena ishi bo‘yicha yana bir qatnashchi) o‘rtasida aloqa o‘rnatilishini yengillashtirishim kerak edi. Afsusdaman, chunki Zenati bilan yaqin do‘stlarmiz. Unga qamoqdaligida va ozodlikka chiqqanidan keyin g‘amxo‘rlik qilgandim. Zenati bilan barchasiga Valbuena qanday munosabat bildirishi borasida gaplashgandik. Matye pul to‘lamoqchi emasligini ta’kidladi. Zenatining foyda ko‘rishi - mening maqsadim emasdi, bu haqda o‘ylamagandim. Rostini aytsam, hozir bo‘layotgan voqealardan shok holatiga tushdim».

Ayblovlar Karim uchun asoratsiz kechmadi: 2016 yilning aprelida Fransiya futbol federasiyasi uni termaga chaqirmaslik bo‘yicha qaror chiqardi. Benzema milliy jamoaga faqat Yevro-2020 arafasida qaytdi.

Valbuenaning pozisiyasi qanday?

U muntazam o‘zgarib turdi. 2015 yilning noyabrida Matye shunday degandi: «Benzemadan bunday harakatni kutmagandim, hattoki, ashaddiy dushmanimga ham buni ravo ko‘rmayman».

v 2016 yilning sentyabri: «Benzemaga nisbatan e’tirozim yo‘q, mojaro ortda qoldi».

v 2016 yilning noyabri: «Albatta, Benzema bilan birga maydonga chiqishga tayyorman. Nega endi shunday bo‘lmasligi kerak? Hech qanday muammo ko‘rmayapman. Maydon va uning tashqarisida ro‘y berayotgan voqealarni ajratishni yaxshi bilaman. Sezgan bo‘lsangiz, Benzema bilan birga maydonda har doim yaxshi chiqishganmiz».

v 2017 yilning may oyida Benzema Matyening fikrlari turlicha ekanligiga ishora qildi: «Eng kulgilisi, u (Valbuena) bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin mendan ranjimagani, men bilan birga o‘ynashga qarshi emasligini aytdi. Menimcha, uning ahvoli yaxshimas, boshidan buyon shunday bo‘lgan. Matyening aytishicha, men bosqinchiman, unga tahdid qilganman, qo‘rqitganman. Endi esa u men bilan birga o‘ynashga qarshi emas! Aqldan ozganmi? Bir yarim yildan buyon uning uchun dushmanman, taqlid qilishga arzimagan shaxsman, qamalishga loyiq bezoriman, odamlar ham mening nomimni bulg‘ashmoqda. Deyarli ikki yildan buyon eng yaqin do‘stlarimdan biri Karim Zenati bilan ko‘risholmayapman. Chunki uchrashadigan bo‘lsak, qamoqqa tushamiz. Valbuena esa shunchaki dam olyapti. Bunday ahmoqona ishlar bilan shug‘ullanishni bas qilishi kerak».

Valbuena ko‘p o‘tmay «Tvitter» orqali Karimga abstrakt ko‘rinishida xabar yo‘lladi: «Tuhmat - ojizlar quroli! Bu kishini ranjitadi. Haqiqat shundaki, adolat tantana qiladi».

v 2021 yilning oktyabrida esa Matye shunday dedi: «Bu ish 6 yildan buyon davom etmoqda. Ayblanuvchilarning barchasi shu yerda, faqat Karim kelmadi. Afsus, lekin nima ham qilardik. Biz oxirigacha boramiz. Olti yil kutdik. Buni miyadan chiqarib yuborishimiz uchun qancha talab etilsa, shuncha kutishga tayyormiz».

 D.ALIMOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:27, 06.12.2021.
O'qildi: 5474 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.