Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Vunderkindlar: «Orzular teatri»dan yetti orzumand

Vunderkindlar: «Orzular teatri»dan yetti orzumand

Baho:
+ | -

Ralf Rangnik «MYU» bosh murabbiyi vakolatini qo‘lga olganidan keyin dastlabki matbuot anjumanidayoq klub akademiyasi faoliyatiga kuchli e’tibor qaratishini alohida ta’kidlagandi. Germaniyalik mutaxassis «MYU» tizimidan har yili asosiy tarkibni to‘ldirishga qodir 4-5 nafar real nomzod chiqishini istaydi. O‘zi Ralf yoshlar bilan samarali ishlashi bilan tanilgan. Shuni hisobga olsak, uning «Old Trafford»da faoliyat boshlagani - klub tarbiyalanuvchilari uchun ajoyib yangilik. Endi iqtidorli yigitlar doimiy nazorat ostida ekanliklarini his etgan holda, qunt bilan shug‘ullanishlari turgan gap. Football.ru sayti bu vaqtda yangi bosh murabbiy davrida asosiy tarkibga o‘rnashish imkoniyatiga ega navqiron «qizil iblislar»ni birrov tanishtirib qo‘yishni lozim topdi.

Alvaro Fernandes. 2020 yilgacha «Deportivo» va «Real» akademiyalarida saboq olgan ispaniyalik himoyachi 2 mavsumdan buyon «qizil iblislar» tasarrufida. 18 yoshli fulbek joriy mavsum U-23 jamoasi libosida 18 marta maydonga tushib, 3ta gol urishdan tashqari, yana 4tasiga assistentlik qildi. Himoyachi uchun risoladagidek ko‘rsatkich. Hozir Ralf Rangnik jamoasida uning pozisiyasi Lyuk Shou va Aleks Tellesga tegishli. «Norvich»da ijara muddatini o‘tayotgan Brendon Uilyamsni ham unutmaslik kerak. Ha, raqobat ancha jiddiy, ammo amaldagi himoyachilar «tengsiz» maqomida emaslar. Shunday ekan, Fernandesda imkoniyat tug‘ilishi mumkin.

 

Teden Mengi. Bu yigit 23 yoshlilar jamoasi sardori. Sobiq bosh murabbiy Ole-Gunnar Sulsher o‘tgan yili iyun oyidan e’tiboran uni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb etgandi. 19 yoshli markaziy himoyachi hozirga qadar «MYU» safida 2 marta maydonga tushishga ham ulgurdi. Shuningdek, «Derbi Kaunti»da ijara muddatini o‘tab, Chempionship uchrashuvlarida tajriba oshirdi. Rangnik esa angliyalik iqtidor bilan «Yang Boyz»ga qarshi kechgan CHL bahsida tanishdi. Umuman, jamoa himoyasida muammolar yo‘q emas va orqa pozisiyaga klubning yana bir tarbiyalanuvchisi ortiqchalik qilmaydi.

 

Xannibal Mejbri. «MYU» bu futbolchini 2019 yilning yozida «Monako»dan 10 mln. yevroga xarid qilgandi. 18 yoshli xavbek shundan buyon asosiy jamoa safida atigi 8 daqiqa harakatlandi. Lekin Xannibal Tunis terma jamoa­sining 8ta o‘yinida qatnashishga ulgurdi. Muhimi, Mejbri joriy mavsum yoshlar jamoasida yetarli amaliyotiga ega bo‘lmoqda. OAV vakillari va ekspertlar yaqin kelajakda Jessi Lingard yoki Xuan Mata o‘rnini aynan Xannibal egallashini taxmin qilishmoqda. Katta mablag‘ sarflagan klub rahbariyati ham undan umidvor, albatta.

 

Antoni Elanga. Manchesterga 2014 yili «Malmyo» klubidan ko‘chib o‘tgan futbolchi. Elanga hozirga qadar «MYU»ning turli yosh toifalaridagi jamoalarida to‘p surib chiqdi. Ayni payt asosan U-23 tarkibida o‘ynamoqda, shuning barobarida asosiy jamoada ham imkoniyatga ega bo‘lyapti. Antoni joriy mavsum jumladan, CHLdan o‘rin olgan «Yang Boyz»ga qarshi bahsda to‘liq 90 daqiqa ishtirok etdi. Uning ustun jihatlari - oldingi chiziqning chap qanoti va markazida birdek ishonchli harakatlanish. Elanga yoshlar chempionatida markaziy hujumchi rolida maydonga tushib, qatorasiga 3ta o‘yinda gol urgandi. CHL uchrashuvida to‘liq vaqt to‘p surgani esa murabbiyning qiziqishidan dalolat.

 

Amad Diallo. Mankunianlarning so‘nggi xaridlaridan biri. Jamoa Dialloni 2021 yil boshida 21,5 mln. yevroga sotib oldi. Bergamo «Atalanta»sidan Manchesterga kelgan 19 yoshli vingerga nisbatan qiziqish ancha jiddiy. Amad ortda qolgan 1 yil davomida asosiy jamoaning 9ta o‘yinida maydonga tushib, 1tadan gol va samarali uzatma qayd etdi. Bundan tashqari, Diallo o‘rinbosarlar tarkibidagi 5ta o‘yinda 6ta gol urish barobarida 4ta samarali uzatmaga mualliflik qildi. Amad shuningdek, Kot-d~Ivuar milliy jamoasida ham o‘z o‘rniga ega - 3ta o‘yin, 1ta gol. Ralf Rangnik «Yang Boyz»ga qarshi bahsda Dialloni ham sinab ko‘rgandi. Taqvim tig‘iz, demak, germaniyalik murabbiy uni hali asosiy jamoaga ko‘proq jalb etsa, ajabmas.

 

Taxit Chong. 2016 yilning yozida «Feyenoord»dan «MYU» tizimiga olib o‘tilgan 22 yoshli vinger «Verder», «Bryugge» va «Birmingem» klublarida ijara kelishuvi asosida to‘p surib, tajriba to‘pladi. Niderlandiyalik futbolchi shuning barobarida «qizil iblislar» asosiy tarkibida ham 16ta o‘yinda maydonga tushib, 2ta samarali uzatma muallifiga aylandi. Chong o‘tgan yili iyul oyida «Birmingem» safiga qo‘shilib, Chempionship doirasidagi 13ta uchrashuvning barchasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va 3ta golga assistentlik qildi. «Ko‘klar» Taxitning o‘yinidan mamnun edilar. Biroq futbolchi jiddiy jarohatga yo‘liqqach, davolanish uchun Manchesterga qaytdi. Chong - universal ijrochi. Ya’ni chap qanot vingeri, hujumkor yarim himoyachi va ikkinchi to‘lqin hujumchisi rolida ishonchli to‘p suradi.

 

Charli Maknill. 18 yoshli iqtidor «Liverpul» va «Manchester Siti» akademiyalarida ham saboq olishga ulgurdi. U «qizil iblislar» tizimiga «Liverpul»dan o‘tgandi. Mankunianlar 2014 yilning iyulida yigitchani 16000 yevro evaziga «Siti»ga berib, 6 mavsumdan so‘ng 800000 yevroga qaytarib olishdi. Hujumchi ayni payt «MYU» yoshlar jamoasida talab darajasida o‘ynamoqda. Deylik, Charli joriy mavsum U-23 jamoa­sining 16ta o‘yinida 5ta gol urdi. Bunga qadar 18 yoshlilar davrasida yanada sermahsul harakatlangan edi - 23ta o‘yinda 25ta gol. Xullas, Maknill yosh bo‘lishiga qaramay, barqaror o‘ynamoqda, «MYU» hujumchilari esa faxriylik maqomiga yaqinlashmoqdalar. Shunday ekan, Rangnik yaqin kelajakda Charlini asosiy tarkibning muhim ijrosiga aylantirar ehtimol...

R.IBROHIMOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:20, 25.02.2022.
O'qildi: 2290 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.