Kirish Ro'yxatdan o'tish

Kazemiro: «Kartochkalar o‘z yo‘liga, prinsiplarimdan aslo voz kechmayman»

Kazemiro: «Kartochkalar o‘z yo‘liga, prinsiplarimdan aslo voz kechmayman»

Baho:
+ | -

«Real»ning braziliyalik tayanch yarim himoyachisi Kazemiro - maydonda tolmas jangchi. Ha, u raqiblarga nisbatan qo‘pollik ishlatishga moyil va bir qarashda, me’yoridan ko‘p kartochka olayotgandek, ammo jamoa­ga katta naf keltirayotgani xususida bahslashish o‘rinsiz. Panen-ka nashri jurnalistlari Kazemiro bilan suhbat jarayonida ayni shu mavzuni ham o‘rtaga tashlashdi. Qiziq, futbolchi o‘zining o‘yin uslubi haqida nima deydi?

Yashirin kuchining siri

- Azaldan futbolga ishtiyoqim baland. Bolaligimda har doim jamoada eng yoshi sanalganman. Deylik, o‘yin soat 17:00ga belgilangan bo‘lsa, «Balki tarkibga futbolchi yetishmas...» qabilidagi xayol bilan soat 13:00dayoq stadionga oshiqardim. O‘sha vaqt har qanday pozisiyada o‘ynashga ko‘nardim. Umuman, bolaligimda darvozadan tortib, har bir nuqtada o‘ynab ko‘rganman. Turli pozisiyalarda harakatlanish o‘zimga ham yoqardi. Hattoki, darvozaga qo‘yishsa ham, sira ranjimasdim. Deylik, hujumchi rolidan voz kechib, yarim himoyaga moslashishda qandaydir muammo sezmaganman. O‘ylashimcha, kuchli sifatlarimdan biri shu - pozisiyalarga tezda moslashish. Agar o‘yin qo‘pol o‘tayotgan bo‘lsa, o‘zimni qanday tutishni yaxshi bilaman. Jang qilish kerakmi, tayyorman, nozik uzatmalar orqali harakatlanish zarurmi, yana o‘z joyimdaman. Futbolga bunday yondashuv - moslashish qobiliyati bolaligimdayoq shakl­langan, menimcha.

Karlo Anchelottining o‘yiniga munosabati

- Menimcha, murabbiy uslubimni to‘g‘ri tushunadi. U buni yashirmaydi: «Ham chiroyli, ham xunuk o‘yinga birdek jiddiy yondashadigan kam sonli futbolchilardansan». Menimcha, hammasi aynan bolalikdan shakllanadi. Esimda, yoshligimdan eng oddiy, hech qanday ahamiyati yo‘q bahsda ham borimni berardim.

Tayanch yarim himoyachi roliga yondashuv

- Futbolga daxldor bir muhim statistik ma’lumotni ko‘pchilik bilmasa kerak - har bir o‘yin 95-97 daqiqa davom etadi. «Real» futbolchisi o‘rtacha hisobda 2,5 daqiqa to‘p bilan muomalada bo‘lsa, qolgan 92-94 daqiqa davomida yuguradi, bo‘shliqlarni yopadi, erkin hudud yaratadi... Ba’zan muxlislar shu 2,5-3 daqiqalik harakatni kuzatib, baho berishadi: «O, qanday daraja!» Ammo qol-ganini unutishadi. Raqibning qarshi hujumini to‘xtatish uchun qoida buzishga to‘g‘ri keladi, shu asnoda bo‘shliq yopiladi. Bu katta ish, o‘yin esa 97 daqiqadan iborat. Ba’zan to‘psiz ishlash eng muhim jihatga aylanadi. Markaziy hudud va tayanch nuqtasi vakillari ko‘pincha orqadan o‘ynashadi. Xullas, biz hamisha qo‘shimcha imkoniyatlarni izlashimiz kerak, chunki bitta xato ham juda qimmatga tushishi mumkin.

Modrich - Kroos - Marselo triosi

- Har doim aytaman, natija uchun hammasi kerak: sifat, tezkorlik, quvvat, ozgina tajovuz va hattoki, o‘rinli qo‘pollik. Barchasi uyg‘unlashsagina, barqaror natija keladi. Masalan, Modrich, Kroos va Marselo triosini olaylik, biri ikkinchisiga yordam beradi yoki o‘rnini to‘ldiradi. Birida yaxshi uzatma bor, ikkinchisida tajovuzkorlik, uchinchisida sehr. Chindan ham, ajoyib namuna. Birdamlik va o‘zaro ritm shakllanmas ekan, jamoa hech qayerga borolmaydi. Shu ma’noda aytsam, Marseloga ko‘maklashish men uchun sharaf, dunyoda biror lateral uning oldiga tusholmaydi. Kartochka olish evaziga bo‘lsada, Marselo xatosini yopishga harakat qilaman odatda. Chunki u ham xuddi shunday qilishini yaxshi bilaman. Yashirmayman, futbolda qo‘pollik ishlatish va kartochka yig‘ishda davom etaman, lekin o‘z prinsiplarimdan aslo voz kechmayman. Xususan, hech qachon raqibga ata­yin butsaning tag qismi bilan tashlanmayman.

«Qora» ishlar zavqi

- Maydonda «qora» ishlar, xususan, to‘pni raqibdan olib qo‘yish ham zavq bag‘ishlaydi. Bu men uchun gol urish yoki unga assistentlik qilish bilan tengdir. Deylik, o‘yindan so‘ng avvalo, raqibdan necha marta to‘p olib qo‘yganim bilan qiziqaman. Asosiysi, shu. Albatta, hamma gol urishni xush ko‘radi, lekin kimdir «qora» ishlarni o‘z zimmasiga olishi kerak-ku. Maydondagi kurash miqdori - men uchun jamoaga nechog‘li yordam berganim ko‘zgusidir. Tushuning, asosiy vazifam - buzish, raqib qarshi hujumini to‘xtatish. Qolaversa, taktik qo‘pollik va iflos o‘yin o‘rtasida katta farq bor. Aslida har doim to‘pga o‘ynashga intilaman. Ha, ko‘p qo‘pollik ishlataman, chunki jussam katta. Umuman, shunday harakatlanish o‘zimga yoqadi. Qaytaraman, hech qachon raqibni jarohatlash haqida o‘ylamayman. Agar kimgadir noto‘g‘ri zarba berib yuborsam, o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. «Fol» - o‘yinning ajralmas qismi, ammo iflos o‘yin emas. Onam bergan tarbiyaga muvofiq, maydonda raqiblarga ozor berishni ham, ularni haqoratlashni ham xohlamayman. Albatta, to‘qnashuvlar bo‘ladi, lekin bu futbol uchun odatiy hol.

O‘zaro tushunib harakatlanish ahamiyati

- Kroos yoki Modrichga bir qarab, ularning to‘pni qayerga va qanday uzatishlarini tushunaman. Bu qanday shakllanganini ta’riflolmayman. Yillar davomida o‘zaro bog‘lamni rivojlantirdik. Mana, bu yil maydonda ularga yanada yaqinlashganimni his qilyapman. O‘rtamizda ajoyib do‘stlik bor, «ximiya» maydondan tashqariga ham chiqadi: hazil-mutoyiba, bordi-keldi...

Xulen Lopetegi ta’siri

- 2014G‘2015 yillar mavsumini aynan «Sevilya»da boshlashim hech gap emasdi - klubdan ancha jiddiy taklif tushgandi. O‘sha mavsum «Sevilya» Unai Emeri boshqaruvida Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi. Keyinchalik «Inter»da ijara muddatini o‘tash varianti yuzaga keldi. Florentino Peres esa har qanday holatda ham, «Real»da o‘ynashimni xohladi. Aytgancha, o‘shanda yana «Portu»dan chorlov bo‘ldi, to‘g‘ri, Portugaliyaga borishni o‘ylaganim ham yo‘q. Faqat o‘yin amaliyotini xohlardim. Keyin Xulen Lopetegi qo‘ng‘iroq qildi va 15 daqiqacha uning o‘yin uslubi haqida suhbatlashdik. Ochig‘ini aytaman, atigi 3 daqiqadan so‘ng bir to‘xtamga kelgandim: «Bo‘ldi, shu murabbiy bilan ishlashim kerak». Eng muhimi, adashmagandim, chunki Xulen qisqa vaqtda ham shaxs, ham professional sifatida o‘sishimga katta turt­ki berdi. Buning uchun undan bag‘oyat minnatdorman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:07, 04.03.2022.
O'qildi: 1542 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.