Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

U23 Osiyo kubogi. O‘zbekiston finalda Saudiyaga nega yutqazdi?

U23 Osiyo kubogi. O‘zbekiston finalda Saudiyaga nega yutqazdi?

Baho:
+ | -

Yurtimizda o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. Temur Kapadze boshchiligidagi jamoamiz finalga qadar chiroyli o‘yinlari va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi evaziga ishqibozlar mehrini qozondi.

Shu bois, final bahsiga bo‘lgan qiziqish juda yuqori darajada bo‘ldi. Barchamiz Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinda g‘alaba kutgandik, ammo O‘zbekiston U23 terma jamoasi hal qiluvchi bahsda yutqazib, kumush medal bilan cheklandi. Xo‘sh, saudiyaliklar nimaning evaziga g‘alaba qozonishdi? Shuni tahlil qilib ko‘ramiz.

Finalda ikki murabbiy o‘rtasida taktik kurash kechdi. Bunda esa Saad ash-SHehriyning strategik va taktik rejasi ish berdi.

1. Saudiyaning asosiy strategiyasi — birinchi bo‘lib gol urish


Yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, saudiyaliklar o‘yin boshlangan hamono oldinga tashlanishdi. Bunda, birinchidan, hisobni ochib olishga harakat qilingan bo‘lsa, ikkinchidan, O‘zbekistonning muxlislar qo‘llab-quvvatlashi ostida oldinga tashlanishining oldi olindi. Raqibimiz birinchi maqsadga erishmadi (ya’ni gol ura olmadi), ammo ikkinchi maqsadga erishildi. Terma jamoamiz bu bosimdan chiqib ketib, o‘z o‘yinini yo‘lga qo‘yib olguncha kamida 15 daqiqa o‘tib ketdi.

2. Saudiyaning ikkinchi strategiyasi — O‘zbekistonga o‘z o‘yinini topib olishga yo‘l qo‘ymaslik
Shundan so‘ng O‘zbekistonga to‘pga egalik qila boshladi, hujumlar tashkil qildi. Buning oqibatida bahsning 33-daqiqasida Hojimat Erkinov darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketib, imkoniyatdan foydalana olmadi.



Ushbu holat Saudiyaning ko‘zini darhol ochdi. Jamoa yana hujum qila boshladi va tanaffusga qadar nafaqat O‘zbekistonning xavfli vaziyat yaratishiga yo‘l bermadi, balki o‘zi hisobni ochishga yaqin keldi. 39-daqiqada belgilangan penalti VAR yordamida bekor qilingani bizga qo‘l keldi.

3. Saudiya maqsadiga erishdi
Tanaffusdan keyin ham arab futbolchilarining maqsad va vazifasi o‘zgarmadi. Jamoa yana oldinga tashlandi va gol urdi. Bu esa O‘zbekiston termasi uchun dastlabki ruhiy zarba edi.



Kapadze maydonga yangi futbolchilarni tushirib, jamoani o‘yinga qaytarishga urishdi. Xususan, Ruslanbek Jiyanov o‘yinga yaxshi qo‘shildi. U hattoki raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Ammo ofsayd tufayli gol inobatga olinmadi. Mana shu vaziyatdan 2 daqiqa o‘tar-o‘tmas saudiyaliklar yana keskin hujum tashkil qildi va vaziyatdan oqilona foydalanishdi.

Ana shundan keyingina raqibimiz to‘liq himoyaga yotgan bo‘lsa, vakillarimiz bor kuch bilan oldinga tashlanishdi. Futbolchilarimiz shundan so‘ng raqib darvozasi tomon kamida 4ta zarba berishdi. Zarbalarning yarmi noaniq ketgan bo‘lsa, qolganlarini darvozabon bartaraf etdi.

Saudiyaning ustun jihatlari

1. Jismoniy holat va mahorat.
S.Arabistoni terma jamoasi safida bir necha nafar 23 yoshga to‘lgan futbolchilar borligi baribir o‘z so‘zini aytdi. Ular "Al-Hilol", "Ash-SHabob", "Al-Ahli", "Al-Ittifoq" kabi jamoalar safida har jihatdan "pishib" yetilishgan. Saudiyalik himoyachilar Hojimat Erkinov, Jasur Jaloliddinov, Husayn Norchayev, Ulug‘bek Hoshimov kabi hujumchilarimizga yakkama-yakka kurashlarda ham, pozision hujumlarda ham imkoniyat berishmadi. Raqib hujumchilari esa o‘zbekistonlik himoyachilar to‘sig‘ini yorib o‘tib, bir necha marta jarima maydonimizga kirib borishdi.

Jamoa futbolchilari kuchli chempionatda jismoniy jihatdan yaxshi toblanishgan. Bu jihatdan ularda biznikilarga nisbatan ustunlik borligi ko‘zga tashlandi. Boz ustiga, ular musobaqa davomida katta kuch yo‘qotishmadi. Boisi, 4ta o‘yinda raqiblar 10 kishi bo‘lib o‘ynashga majbur bo‘lib, Saudiyani u qadar qiynashmadi.

2. Ayyorliklar


Saudiya 2ta to‘p farqi bilan oldinga o‘tib olgach, futbol xiylalaridan unumli foydalanishdi. Masalan, so‘nggi daqiqalarda Ayman Ahyo yo‘q joydan jarohat olgandek yotib oldi. Unga tibbiy yordam ko‘rsatish, uni zambilda olib chiqib ketish uchun kamida 2 daqiqa vaqt sarflandi. Go‘yoki, futbolchi ushbu "jarohat" tufayli zaxiraga olingandek bo‘ldi. Aslida-chi? Aslida barchasi oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, zaxiraga olinishi rejalashtirilgan futbolchi murabbiylar tomonidan beriladigan imo-ishora yordamida maydonga qulaydi. Maydonni shunchaki tark etgandan ko‘ra, shunday ayyorlik orqali 2 daqiqani "o‘g‘irlab" ketish yaxshi emasmi?

Kapadze nimaning evaziga raqibni mag‘lub etmoqchi bo‘ldi?
Bu savolga javob berish qiyin. Boisi, raqib bizning barcha ustunliklarimizni yopib tashlash bilan birgalikda, o‘zining ojiz jihatidan foydalanishimizga ham yo‘l bermadi. Futbolchilarimiz raqib darvozasi oldida pressing uyushtirishdi, ammo saudiyaliklar bu bosimdan yaxshi chiqib ketishdi, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishmadi. Saudiya futbolchilari to‘pni oldirib qo‘yish mumkin bo‘lgan holatda, vaziyatni keskinlashtirib o‘tirmasdan, to‘pni yon tomonga tepib yuborishdi.



Xulosa
Saad ash-SHehriy tomonidan tuzilgan strategik va taktik reja yaxshi berdi. Albatta, bu rejani amalga oshirishda saudiyalik futbolchilarning mahorati ham muhim rol o‘ynadi. Umid qilamiz, mazkur final Temur Kapadze uchun ulkan tajriba bo‘ladi. Kelasi safar, bunday vaziyatda u qanday yo‘l tutishni biladi va bizni sovrinlar sari yetaklaydi.

Olimxo‘ja Bo‘ronov.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 13:06, 22.06.2022.
O'qildi: 9664 marta.
Fikrlar: 37 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.