Myunxenliklar mavsum oralig‘ida transferlar uchun sarf-xarajatlar bo‘yicha peshqadamlardan biriga aylandi. "Bavariya" bu yozda Yevropada transferlar uchun eng ko‘p pul to‘ladi. Mavsum oralig‘ida nemis klubi hozircha 120,5 million yevro sarfladi, bu "Manchester Siti", "Barselona", "Chelsi", "PSJ" va "Real"dan ko‘proq.
"Bavariya" Aleksandr Zinchenkoni 30 million yevro evaziga sotib olganini e’lon qilgan "Arsenal"ni allaqachon ortda qoldirdi. Ammo mavsum oralig‘ining boshlang‘ich bosqichida bir muncha vaqt myunxenliklar peshqadamlik qilishdi. Nafaqat xarajat, balki sifat jihatidan ham. Bundan tashqari, nemislar hali bozordagi ishini tugatmagan. Ular butun bir guruh ahamiyasiz futbolchilarni sotishmoqchi. Ehtimol, Germaniyaga yana kamida bitta taniqli futbolchi kelishi mumkin.
Matteys de Ligt - mustahkam himoya
Himoyachi Matteys de Ligt - "Bavariya"ning asosiy xaridi. De Ligt nemis klubi bilan 2027 yilgacha shartnoma imzoladi. Transfer summasi 70+10 million yevro bo‘lishi ma’lum qilingandi. Biroq, “Yuventus” press-relizida “Bavariya”dan 67 million yevro olishini ma’lum qildi. Myunxen klubi bu summani to‘rt moliyaviy yil davomida to‘lab beradi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvda 10 million yevro miqdorida bonuslar ham ko‘zda tutilgan.
"Bavariya" de Ligtning narxini tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Dastlab "Yuventus" kamida 75 million yevro va bonuslar talab qilmoqchi edi (so‘rovlar hatto 85 million yevroga yetdi). Futbolchi baribir nemislarga juda qimmatga tushdi, ammo biz qandaydir ortiqcha to‘lov haqida gapirmayapmiz. Hali ham katta salohiyatga ega 22 yoshli himoyachi uchun maqbul narx.
Sadio Mane ketib qolgan Robert Levandovskining o‘rnini bosa oladi
Iyun oyida "Bavariya" "Liverpul" vingeri Sadio Manening transferini 50 million yevroga yakunlagandi. Mane nemislar nihoyat "Barselona"ga sotib yuborgan Robert Levandovskining o‘rnini egallaydi. Sadio klassik to‘qqizlik emas, lekin bu muammo bo‘lmaydi. Myunxenni tark etgan Levandovski vaziyatni juda yaxshi tahlil qildi.
“Menimcha, “Bavariya”da shunchalik iqtidorli hujumkor futbolchilar borki, ularga klassik to‘qqizlik kerak emas. Ular meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashtirmasdan o‘ynashlari mumkin. Jamoa turli yo‘llar bilan o‘ynashi va yangi o‘ziga xoslikka ega bo‘lishi mumkin. Menimcha, Yulian Nagelsmann juda ko‘p g‘oyalarga ega. Unga klassik hujumchi kerak emas. Bu g‘oya "Bavariya"ga juda mos kelishi mumkin.
Kim gol uradi? Sadio Mane, Serj Gnabri. Shuningdek, Kingsli Koman, Leroy Sane, Tomas Myuller, Jamol Musiala. O‘yinchilar gol urish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishadi. Ularning natijalari yaxshiroq bo‘ladi va ko‘proq gol urishadi”, - deydi Robert.
"Bavariya" prezidenti Gerbert Xayner de Ligt va Manening xarididan mamnun ekanini aytdi:
“Matteys bizning orzuimizdagi futbolchi. Biz yangi mavsumni rejalashtirishni boshlaganimizda, u ro‘yxatda birinchi o‘rinda edi. Kelishuvdan juda mamnunmiz. U kelajak haqidagi rejalarimizning muhim qismidir. Ishonchim komilki, Matteys asosiy rol o‘ynaydi. U har doim yetakchilik funksiyalarini o‘z zimmasiga olgan - bu bizga kerak.
Aytishlaricha, Bundesliga doimo xalqaro yulduzlar yetishmasligidan aziyat chekadi. "Bavariya" har doim ushbu toifadagi o‘yinchilarni sotib olishga harakat qiladi. Sadio Mane va Matteys de Ligt timsolida biz ikkita birinchi darajali yulduzni qo‘lga kiritdik. Albatta, Bundesliga bundan faqat jozibador bo‘ladi, bunga hech qanday shubha yo‘q”, dedi Xayner.
Rayan Gravenberx Yevropaning umidli futbolchilardan biri
Iyun oyi o‘rtalarida "Bavariya" "Ayaks"dan Rayan Gravenberxni sotib olganini e’lon qildi. 20 yoshli yarim himoyachi bilan shartnoma 2027 yilga qadar tuzilgan. Transfer 18,5 million yevroga baholanmoqda (bonuslar bilan bu summa 25 million yevrogacha yetishi mumkin). Shuningdek, “Ayaks” futbolchining keyingi sotuvi summasining 7 foizini oladi.
“Biz kelishuvni yakunladik va Rayanning bu yerda ekanligidan va jamoamiz bilan ishlashni boshlashidan juda mamnunmiz. Gravenberx Yevropaning eng yaxshi iqtidorlaridan biri, hamma uni qo‘lga kiritishni xohlardi", dedi "Bavariya" sport direktori Hasan Salixamidjich.
"Bavariya" “PSJ” yoki “Manchester Siti” kabi yirik o‘yinchilarni sotib olmaydi. Demak, bu klublar nemislarning sifatli shartnomalariga havas qilishi mumkin bo‘ladi degani. Ayniqsa, Oliver Kan yaqinda eslaganidek, investorlarni jalb qilishning iloji bo‘lmagan Bundesliganing voqeliklarini hisobga olsak.