Potter so‘nggi yillarda APLdagi eng yaxshi murabbiylardan biri, shunchaki, o‘rtamiyonalarni sudrab yurishi bilan emas, o‘sha cheklangan imkoniyatda ham top klublarga yaqin o‘yin qura olishi diqqatga sazovor. «Brayton» faqat ma’lum bir aspektlarda emas, barcha jihatlarda (pozision o‘yin, bild-ap, standartlar, qarshi hujum, to‘p nazorati, himoya) o‘sishga erishmoqda va kichik klublar uchun katta natija.
Grem Potter allaqachon top-klublar e’tiboriga tushgan - «Tottenhem» va «MYU»da jiddiy qiziqishlar bo‘lgandi, hatto Angliya terma jamoasida Sautgeytga munosib voris bo‘lishi aytilayotgandi. Lekin...
Bu xislatlar ham «Chelsi»da muvaffaqiyat uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Birinchidan. «Brayton»da o‘z askarlarini xotirjam jamoaga aylantirish boshqa, Londonda yulduzlar bilan til topishish umuman boshqa. Agar pichoqqa ilinadigan sovrinlar, yorqin futbolchilik faoliyati yoki aynan o‘sha klub bilan bog‘liqlik bo‘lmasa, bu ishda hech bo‘lmasa, yetarli vaqtga ega bo‘lish uchun ham ulkan bilim, salohiyat va ko‘nikmalar talab qilinadi. Potter boshidan rahbariyat ishonchini va futbolchilar hurmatini qozonish uchun darhol nimadir ijobiy tomonga o‘zgarish kerak.
Balkim, qachondir, biror top klubda, Potter uslubiga yaqin bo‘lgan murabbiy bo‘shasa-yu, tayyor qurilgan tizimni davom ettirish uchun u ideal nomzod bo‘lardi, lekin sochilib yotgan jamoani qayta bir butunga aylantirish oson emas. Tabiiyki, Potter uchun yangicha sinov.
Ikkinchidan. Biz «Brayton», «Sauthempton» yoki «Vulvz»dagi murabbiy ishlariga doim emas, ma’lum pallalarda, jamoalar yuqori sport formasida bo‘lganda yoki top klublarga qarshi munosib o‘ynaganda diqqat qilamiz. Masalan, «Brayton» o‘tgan yili ham 8-turdan keyin 4-o‘rinda turgandi. Keyin, ma’lum muddat 15-o‘ringa tushib ketgan paytlar bo‘ldi. O‘nglanib, 10likka qaytdi, hokazo.
Aytmoqchimanki, kichik klublardagi jarayonlar, spadlar bosimdan holi kechadi, 15-o‘ringa mos tarkibga ega jamoani 12-o‘ringa olib chiqdizmi, 8-o‘ringami, uncha farq qilmaydi. Har qanday 5 o‘yindan, shartli 2 tasini yutish yetarli bo‘ladi.
«Chelsi»da unday emas. O‘sha 5 o‘yinning hammasini yutish talab qilinadi, yutuqlar emas, mag‘lubiyatlar tahlil qilinadi, hatto jarohatlar kabi ob’ektiv sabablar ham inobatga olinmaydi.
Uchinchidan. Boshqaruvda ham oson emas. Muvaffaqiyatsizlikka uchrab yurgan shartli Uelbekni sotib olasiz, o‘xshasa, yutuq, o‘xshamasa, o‘zi Uelbek boshqa jamoalardayam o‘ynolmayotgandi, ayb futbolchida. Bu «Brayton»da.
«Chelsi»da esa, pul bor, lekin kafolat ham kerak. Siz Uelbekka qaramaysiz, sizga 60 million berib, aniq o‘ynab ketadigan nomzodni so‘rashadi. Javobgar bo‘lasiz.
Buning ustiga «Chelsi» rahbarlari nafaqat murabbiylik, menejerlikni ham talab qilishlari, murabbiydan qaror qabul qilish jarayonlarida faollikni talab qilishlari oydinlashdi. Masalan, Kunde masalasida «Barselona» bilan raqobat paytida Xavi futbolchi bilan doimiy aloqada bo‘lgan, telefon qilib, ko‘ndirgan. Tuxel esa, bunday qilmagan, Kundeni sotib olish talabini qo‘yish bilangina cheklangan. Aytishlaricha, Bouliga mana shu holat ham yoqmagan ekan.
To‘rtinchidan. Potter mavsum o‘rtasida kelyapti. Ya’ni, transfer oynasi ham o‘tib ketdi, boshqa murabbiy yiqqan tarkib unga berildi. Katta ehtimol, qishda ko‘p pul bo‘lmaydi, hatto kelasi yozdayam, chunki bu yil ko‘p pul sarflab yuborishdi. Qo‘l ostidagi futbolchilar bilan natijani yaxshilash kerak.
Ten Xag Manchesterga shunga o‘xshash holatda kelgan, to‘g‘ri, lekin muhim farqlar bor.
1) Unda APL tajribasi bo‘lmasa-da, «Ayaks» o‘z ligasida barcha sovrinlar uchun kurashuvchi kuch. Ya’ni, 5 o‘yinda 5 g‘alaba rejimi niderlandiyalik murabbiy uchun begona emas.
2) Manchester klubi rahbariyati uzoq vaqt o‘zini Ten Xag uchun tayyorlagan, moslashtirgan, transferlar amalga oshirdi. Potter varianti «Chelsi» xo‘jayinlari uchun bir kunda sodir bo‘ldi.
3) Ten Xag ancha pasayib ketgan klubga keldi. Tuxel esa, oz ishlagan bo‘lsa-da, YECHLni yutdi, kuboklarda finallarga chiqdi - o‘sha daraja bilan solishtiriladi, matbuotda, muxlislarda.
Xullas, sinalgan top murabbiylar uchun og‘irlik qiladigan vazifani Grem Potter qabul qilib oldi. Balkim, bunday imkoniyat unda boshqa bo‘lmasligini his qilgani uchun shoshilgandir. Mana shu qat’iyati uchun ham unga omad tilasak arziydi.
Qahramon ASLANOV.