Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonchni oqlagan va oqlamagan «Messilar»

Ishonchni oqlagan va oqlamagan «Messilar»

Baho:
+ | -

Porloq kelajakdan umidvor qilgan iqtidor sohiblari Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Rossiyada ham bo‘lishgan.

Kasbdoshlarimiz ularni Lionel Messiga qiyoslashni xush ko‘radilar. Ha, aynan argentinalik dahoga, Krishtianu Ronalduni tilga olganlar deyarli, yo‘q hisobida. Messiga tenglashtirilganlar shu qadar ko‘pki, sayyoramizda ularning soni 30dan ortiq. Ulardan butun-bir «yangi Messilar» terma jamoasini bemalol shakllantirish mumkin. Hikoyamizni Yevropadagi porloq kelajak nomzodlaridan boshlashga qaror qildik. Boshqa qit’alar vakillariga keyinroq to‘xtalishni lozim topdik. Ehtimol bunga ishonmassiz, lekin hatto Shimoliy Koreyaning ham bo‘lajak Messisi bo‘lgan. Xullas, avvalo, futbol qit’asi - Yevropa.


Belgiyalik Messi - Eden Azar

Azar «Lill»da yorqin ko‘rsata boshlagan davrida el og‘ziga tushdi: past bo‘yli, ammo o‘ta tirishqoq, bir o‘zi butun bir jamoani aldab o‘tishga qodir o‘yinchi. 2012 yilda Azar «Chelsi»ga o‘tdi, «Stemford Brij» uning xalqaro shon-shuhratga burkanishida tramplin vazifasini ado etdi. Oradan 4 yil o‘tgach, Azar Rossiya mundialining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri va belgiyalik Messi maqomlaridan judo bo‘lib, «Real»ning «bosh og‘rig‘i»ga aylandi. Madriddagi 3 yilning teng yarmini davolanish bilan o‘tkazishi oqibatida, bahosi 115 mln. yevrodan 12 mln.ga tushib qoldi. Endi uni hech kim Messiga qiyoslamayapti.


Fransiyalik Messi - Xatem Ben-Arfa

Xatem bir vaqtning o‘zida Fransiyaning eng iqtidorli va omadsiz o‘yinchisi sifatida tanilgandi. «Lion»da u vunderkind maqomida yurgan, chap oyog‘i «Yaratganning buyuk ne’mati» edi. Biroq Xatem 21 yoshga chiqqach, klub prezidenti bilan mablag‘ borasida kelisha olmay, jamoani tark etdi. «Marsel»da esa Ben Arfaning ishlari yurishmadi, bu gal u bosh murabbiy bilan til topisha olmadi. Xatem «Nyukasl»da o‘z mahoratini namoyish eta boshladi va sermazmun o‘yinlari bilan Messiga taqqoslanadigan bo‘ldi. Biroq ertak uzoqqa cho‘zilmadi: xavbek oyog‘idan jiddiy jarohat olib, yarim yilga safdan chiqdi. «Xall Siti»da butunlay yaroqsiz, deb topilgan futbolchi vataniga qaytishga majbur bo‘ldi. Lekin «PSJ»da ham o‘z o‘rnini topa olmadi.


Ispaniyalik Messi - Boyan Krkich

Krkich yoshlar jamoasida eng yorqin o‘yinlarini namoyish etgandi: «Barselona»da u 800tadan ko‘proq (har o‘yinda 3taga yaqin) gollar urib, asosiy tarkibga yo‘l olgandi. Ana shu sermahsullik evaziga uni ispaniyalik Messi unvoniga loyiq topishgandi. «Barsa» bilan professional shartnomani rasmiylashtirgan chog‘ida Boyan 17 yoshu, 19 kunlik yigitcha edi. Yosh borasidagi Messining rekordini aynan u bekor qildi. Asosiy tarkibdagi 163ta uchrashuvda 41ta gol urib, 2 marta YECHLda, 3 marta La Ligada g‘olib chiqdi. Keyin uni «Roma»ga sotib yuborishdi. Biroq na «Roma»da, na «Milan» va na «Ayaks»da Boyan avvalgi sermahsul o‘yinni ko‘rsata oldi, jarohatlar xalal berdi. O‘zining e’tirofiga ko‘ra, hujumchi eng zo‘r o‘yinlarini «Stok Siti»da namoyish etgan. Hozir Krkich Inyesta bilan Yaponiyada to‘p surmoqda.


Germaniyalik Messi - Marko Marin

Marko 18ga chiqqanida keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi: «Borussiya M.»dagi debyut mavsumini shunchalik yorqin o‘tkazdiki, Yoaxim Lyov uni hech ikkilanmay terma jamoa­ning Yevro-2008 turniri ishtirokchilari ro‘yxatiga kiritdi. Garchi xavbek yakuniy ro‘yxatdan chetda qolgan bo‘lsada, «nemis Messisi» unvoniga sazovor bo‘ldi. Biroq uni yanging avlod yetakchisi bo‘lishi taxmin qilinganida, o‘yini umuman qovushmadi: «Borussiya»dan keyin «Verder», «Chelsi», keyin jarohatlar va Saudiyadagi mavsum. Hozir 33ga chiqqan bo‘lsada, yangi Messi bo‘la olmadi. Lekin Cherchesov bilan Vengriya chempioni bo‘ldi.


Xorvatiyalik Messi - Alen Xalilovich

Xalilovichning iqtidori o‘smirlik davrida Zagrebning «Dinamo»siga kelganida, yoshlar futbolining bir necha bosqichlaridan sakrab o‘tgan holda, asosiy tarkibda maydonga tushganida namoyon bo‘lgandi. Alen ikki marta xorvat futboli tarixidagi eng yosh futbolchi va YECHLdagi gol muallifi bo‘ldi. 17 yoshida Xorvatiya termasi tarkibida Portugaliyaga qarshi maydonga tushdi. Shu tariqa yosh iqtidor sohibi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Mahalliy mutaxassislar Xalilovichning «yangi Messi» bo‘la olmaganiga o‘ta kuchli bosim sababchi, degan fikrdalar. Biroq aslida, o‘g‘lining ishlariga muntazam ravishda aralashaveradigan, uning taqdirini hal qilgan otasi bunga sababchi. U tufayli noyob iqtidor uzoqqa bora olmadi: «Barselona», bir nechta ijaralar, «Las Palmas», «Milan», «Standard», «Xerenven», «Birmingem» va hozir «Reding»da.


Shveysariyalik Messi - Jerdan Shakiri

Uni Alp Messisi ham deyishardi: o‘rta bo‘yli, muskuldor va tezkor. «Ronaldu tinmay mashq qilishi, o‘z mahoratini oshirish ustida ishlashi lozim. Messi esa tug‘ma iqtidor sohibi. Shakiri ham mas’uliyat bilan ko‘p ishlasa, «Liverpul»ning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ladi», - degandi «Bazel» sohibi Tors­ten Fink ESPN vakiliga. Biroq bunday bo‘lmadi: Liverpuldagi 3 yil davomida Shakiri 40 marta maydonga tushdi va «Lion»ga, u yerdan MLSga yo‘l oldi.


Shvesiyalik Messi - Runi Barji

Hozirda yosh iqtidor sohibi «Kopengagen» safida to‘p surmoqda, Shvesiya o‘smirlar jamoasiga jalb etilgan. U-21 terma jamoasi ustozi Yens Gustafssonning aytishicha, yigitcha o‘z yoshiga nisbatan o‘ta mukammal o‘yinni namoyish etmoqda, «xuddi aynan futbol uchun tug‘ilgandek». Mutaxassislar Runini o‘z «kumir»iga o‘xshatishmoqda. Futbolchi «Chelsi», «Feyenoord», «Bavariya», Ayaks», «Barselona» va boshqa nomdor klublar nazoratida.


Polshalik Messi - Mateush Musyalovskiy

Polshalik iqtidor haqida biz ancha keyinroq, 2020 yilda u «Liverpul» akademiyasiga kelganida xabar topdik. Klopp bir ko‘rishdayoq Mateushning ishqiboziga aylandi: nafaqat mahorati va 2-3 raqibini bemalol aldab o‘tishi, balki 18ta o‘yinda 133ta (!) gol urgani uchun. O‘tgan yili polshalik Messi dastlabki professional shartnomani rasmiylashtirdi. Oldinda uni porloq kelajak kutmoqda.

Chexiyalik Messi - Vaslav Pilarj

Tug‘ma iqtidor sohibi maqomida e’tirof etilgan o‘yinchiga tabiiyki, «yangi Messi» unvoni taqdim etildi. Futbolchining o‘zi ham doimo argentinalik kasbdoshini «kumir» sifatida e’tirof etadi va u bilan maydonga tushishni sharaf deb biladi.


Avstriyalik Messi - Yusuf Demir

Demir endigina 15ga chiqqanida Germaniyadagi yoshlar turnirida futbol olami e’tiborini o‘ziga qaratib, «MYU», «Manchester Siti», «Borussiya D.», «Bavariya», «Bayer» va «Roma» kabi top-klublarni shoshirib qo‘ydi. Ayni o‘sha pallada «Rapid» akademiyasidagi yarim yillik tahsildan so‘ng, dastlabki professional shartnomaga imzo chekdi. Klub esa unga kelgan so‘rovlarning ko‘pligidan qo‘rqib, Yusufni «Barselona»ga ijaraga berib yubordi. Yozda qaytib kelgan «yangi Messi»ni «Galatasaroy» atigi 6 mln. yevro evaziga ilib ketdi.


Norvegiyalik Messi - Martin Edegor

15 yoshli yigitcha «Real»ga kelganida shunday maqtovlar yog‘ildiki, go‘yo u «Santyago Bernabeu»ni «portlatish» va madridliklarning yangi «kumir»i bo‘lish uchun yuborilgandi. Biroq amalda Martin «Xerenven», «Vitess» va «Real Sosyedad»dagi «surgun»lardan keyin Zidan jamoasidan joy oldi. Shunda ham unga o‘yin amaliyoti berilmagach, boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Oxir-oqibat, Edegor Madridni tark etdi va Artetaning «Arsenal»iga yo‘l oldi. 


Shotlandiyalik Messi - Rayan Gold

O‘z driblingi va tezkorligi evaziga mahalliy chempionatda «mitti Messi» taxallusini olgan Rayan «Sporting»da bu laqabdan xalos bo‘lishiga umid qilgandi. Biroq aksincha, portugaliyaliklar undan Leoga xos o‘yinni talab qilishdi. Yakunda kuchli bosimni ko‘tara olmagan va or-nomusi toptalishini istamagan 26 yoshli futbolchi MLSning «Vankuver Uaytkeps» klubiga yo‘l oldi.


Irlandiyalik Messi - Uesli Xulaxan

Bu futbolchi hech qachon top-klublarda to‘p surmagan bo‘lsada, Messiga nisbatan qiyosni kattalar futbolida olgan. Yevro-2016ning Irlandiya - Shvesiya uchrashuvidan keyin futbolchining o‘yinidan hayratda qolgan nemis jurnalisti o‘z reportajida Ueslini Messiga tenglashtirgandi. Shu tariqa Xulaxan - Irlandiya Messisi, degan ibora paydo bo‘ldi.


Turkiyalik Messi - Emre Mor

Mor Daniyadagi turk migrantlari oilasida tug‘ildi. Futboldagi faoliyatini ham o‘sha yerda boshladi, o‘smirlar toifasida 22 marta Daniya sharafini himoya qildi. Biroq keyinchalik Turkiya terma jamoasida o‘ynashga qaror qildi. Bu qaror daniyaliklarni ranjitdi. Chunki Mor har jihatdan mahoratli o‘yinchi edi, uni Messiga o‘xshatishardi. Taajjubki, bolaligidan Leoni o‘zining «kumir»i hisoblab kelgan Mor bu qiyosdan mamnun bo‘lmadi. Qisqasi, noyob iqtidor sohibi 10 mln. yevro evaziga «Borussiya D.»ga sotib yuborildi. Shundan keyin katta mablag‘ 18 yoshli yigitchaning boshini aylantirib qo‘ydi. Oqibatda u jamoadagi raqobatda mag‘lub bo‘lib, «Selta»ga o‘tib ketdi. Vigoda ham o‘z o‘rnini topa olmagach, bir qator ijaralardan keyin «Fenerbaxche»ga yo‘l oldi.


Yunonistonlik Messi - Yannis Fetfasidis

Yannisning Leoga qiyoslanishi sabablaridan biri - organizmida bo‘y o‘stirish gormonlarining yetishmasligi. «Olimpiakos» akademiyasining ko‘magida 12 yoshli futbolchi bu xastalikdan xalos bo‘ldi va shu jamoa safida katta futbolga kirib keldi. Bundan tashqari, Yannis xuddi Messi kabi dribling ustasi, tirishqoq va tezkor o‘yinchi edi. Lekin skautlardan biri uning o‘z yurtida yetakchi futbolchi bo‘lganida ham, boshqa chempionatlarda yaxshi o‘ynay olmasligini aytgandi. Amalda ham shunday bo‘ldi: Fetfasidis 2 yil «Jenoa»da to‘p surdi, keyin 4 yilni Saudiyada o‘tkazdi, hozir Salonikining «Aris» klubida o‘ynamoqda.


Rossiyalik Messi -Denis Davidov

«Spartak» tarbiyalanuvchisini argentinalik dahoga klubning sobiq sohibi Leonid Fedun taqqoslagandi. Hatto o‘sha 2014 yilda ham bu bir oz bema’ni o‘xshatishdek tuyulgandi. Ehtimol, aynan shu tufayli bu qiyos «mem»ga aylandi. Davidovning faoliyati o‘ta omadsiz bo‘ldi: Messiga teng­lashtirilgan futbolchi MFLga tushib ketdi, takliflar bo‘lmagach, faoliyatini «Ximki»da davom ettirishga majbur bo‘ldi.

SODIQ SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:09, 05.11.2022.
O'qildi: 3969 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.