Hayotining beshinchi o‘ntaligini maydalashga ulgurganiga qaramasdan, 41 yoshli afsonaviy Roke Santa Krus yosh jamoadoshlari va muxlislarga o‘ziga xos «master-klass» namoyish etishda davom etmoqda.
Shu yilning 13 avgustida u jarima maydonchasi yaqinida raqib himoyachisini aldab o‘tdi, keyin zarba yo‘llashga chog‘langandek harakati bilan yana ikki nafar raqibini ortda qoldirdi va to‘pni darvozaga yo‘lladi. Muxlislarni qo‘yavering, hatto sharhlovchi ham faxriyning fantastik goli ta’sirida bo‘kirib yuborganini sezmay qoldi.
Endi eng muhimi - mazkur supergolni Roke «Bavariya» yoki «Blekbern» safida emas, Paragvay oliy ligasi vakili «Libertad» tarkibida amalga oshirdi. Hujumchi shu tariqa o‘zining 41-tug‘ilgan kuniga munosib sovg‘a tayyorlagandi.
Santa Krusning amaldagi shartnomasi shu yil oxirida nihoyasiga yetadi. Biroq Roke yashil maydonni tark etishni xayoliga ham keltirmayapti. «Yil yakunida xayrlashuv uchrashuvi? Uzr, bu haqda hali o‘ylab ko‘rmadim», - dedi futbolchi yubileyga bag‘ishlangan bazmdan keyin.
2016 yilda vataniga qaytgan faxriy 1-2 mavsumdan keyin faoliyatini yakunlash niyatida edi. Lekin ishtaha tamaddi chog‘ida ochilganidek, har yili shartnomani yangilash u uchun odatiy hol bo‘lib qoldi. Qizig‘i shundaki, «Bavariya» va «Manchester Siti»ning sobiq yulduzi shu yoshda ham o‘rtacha ikki o‘yinda bitta gol urishni uddalamoqda.
U chindan ham ko‘p gol uradimi?
Sermahsul statistika - hujumchini yashil maydonga jalb etayotgan yana bir omil. 2018, 2019 va 2020 yillarda Santa Krus chempionatning o‘zida 56ta gol urdi. 2021 yilda muayyan sabablarga ko‘ra, ko‘rsatkich pasayib ketdi. Lekin bu yil faxriy hammasini o‘rniga qo‘ydi.
Endi Rokega tegishli statistik ma’lumotlar bilan tanishing:
• 2016 yilda Santa Krus dastlabki 3ta o‘yinda «Olimpiya»ga bittadan gol sovg‘a qildi;
• 2018 yilda yana 3 uchrashuvli gollar seriyasini takrorladi;
• 2018 yildagi «Deportivo Kapiata»ga qarshi bahsda pokerga erishdi;
• 2019 yilda 17 uchrashuvda 12ta gol urdi;
• 2019 yil mavsumini o‘ta muvaffaqiyatli yakunladi: ashaddiy raqibi - «Serro Portenyo» darvozasini 4 marta zabt etdi, bittadan xet-trik va dublga erishdi;
• 2019 yildagi 26ta gol - Santa Krus faoliyatidagi rekord ko‘rsatkich. Bunga qadar hujumchi «Blekbern»ga 19ta gol (2007|08) keltirgandi;
• Sermahsul seriya 2020 yilda ham davom etdi: Roke ikki marta qatorasiga 5tadan uchrashuvda (2 seriyada 7tadan gol) raqiblarini ranjitdi;
• Shu yilning iyulida Libertadores Kubogida «Atletiko Paranaense» darvozasiga gol urib, nufuzli turnir rekordini yangiladi - undan avval 40 yoshli hech qaysi futbolchiga bu turnirda gol urish nasib etmagandi;
• «Libertad»dagi oxirgi 7 bellashuvda Roke 5ta gol urdi. Ma’lumotni sizga yetkazgunimizga qadar yana gol urgan bo‘lsa, ajabmas.
Balki bu yuksak natijalar Paragvay chempionatining nisbatan zaifligi bilan bog‘liqdir? Bu masalada Paragvay futboli bo‘yicha ekspert Ralf Annaga murojaat qildik:
«Paragvay chempionatining saviyasi - ulkan bahs-munozarali mavzu. O‘ylaymanki, futbolimiz pandemiyadan sezilarli jabr tortdi. Braziliya futboli mavqeidagi sezilarli o‘sish Libertadores Kubogi bellashuvlarida bizning jamoalarimiz avvalgidek munosib raqobat qila olmayotganliklarini ko‘rsatib berdi.
Lekin bu pasayish Roke Santa Krusning qudratiga soya sola olmaydi: uning jismoniy imkoniyatlari shunchalik yuqoriki, raqiblarinikidan aslo kam emas. U Yevropadan qaytgan Derlis Gonsales («Benfika», «Bazel», «Dinamo,K»larning sobiq a’zosi), Lorenso Melgarexo va Oskar Kardoso («Benfika», «Trabzonspor», «Olimpiakos») lar bilan bemalol bellasha oladi».
Darvoqe, Melgarexo va Kardoso - Rokening «Libertad»dagi jamoadoshlari.
Anna Paragvayni bejizga Braziliyaga taqqoslamadi: 2022 yilda Libertadores Kubogiga Braziliyaning 5ta klubi chiqdi, Paragvaydan esa faqat «Libertad» pley-offga chiqib, 1|8 finalda «Atletiko Paranaense»dan yengildi. Hatto qahramonimizning goli ham jamoani umumiy mag‘lubiyatdan (1:2, 1:1) qutqara olmadi.
Xullas, nufuzli musobaqaning qatorasiga 8-finali ham Paragvay klubining ishtirokisiz o‘tadigan bo‘ldi. Vaholanki, yaqin o‘tmishda vaziyat yomon emasdi: 2013 yilda «Olimpiya», 2014da «Nasyonal» hal qiluvchi bahsda maydonga tushishgandi.
Paragvaylik iqtidorlar borasida Yevropadagi skautlar Santa Krusga murajjat qiladilar:
«Evropadan juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Ayniqsa, Boberto Morales bo‘yicha. U hozir tizzasidagi jarohatini davolash bilan mashg‘ul. Lekin Yevropada to‘p surish imkoniyati yo‘qolgan emas» - deydi Roke.
Uyga futboldan zerikkan holda qaytgandi. Lekin so‘ngan ishtiyoqni uyg‘otdi. Endi yoshlarni bellashuvga chorlayapti
Paragvaylik afsona vataniga 6 yil avval, Meksikadagi ajabtovur sayohatdan keyin qaytgandi. 2015 yilda «Krus Asul» uni 2 mln. yevroga «Malaga»dan sotib olgan, yarim yildan keyin ispanlarga ijaraga bergandi. Yana 6 oydan keyin hujumchi ona yurtiga yo‘l oldi.
Roke Santa Krusning faoliyati chindan ham azob-uqubatlarga boy. Yevropadagi barcha klublarida uni turli shikastlanishlar ta’qib etdi: Angliyada 329 kun, Ispaniyada 209 kun davomida o‘z jamoalariga yordam bera olmadi.
Paragvayda ham qahramonimiz muntazam o‘ynay olmadi - «Olimpiya»ning 39 yoshli yetakchisi 2021 yilda 16 uchrashuvda jarohat tufayli maydonga tusha olmadi. Hatto kovid karantini davrida ham faxriy kuchli ishtiyoqi evaziga yuksak sport formasini yo‘qotmadi: uyida harkuni 2,5 soatdan mashq qilib, keyin ro‘zg‘or yumushlariga yordamlashardi. qo‘shimchasiga, Rokega yashil maydondagi muvaffaqiyatlar qo‘shimcha kuch va ilhom baxsh etardi. Uning ishtirokida «Olimpiya» 6 yilda 5 marta shohsupaga ko‘tarildi va Paragvay Kubogini qo‘lga kiritdi. Shunday natijaga u «Bavariya»da ham erishgan bo‘lsada, o‘z yurtida erishilgan yutuqlar davrini u faoliyatining eng yorqin sahifalari sifatida e’tirof etdi.
«Mana shu sovrinlar futbolga bo‘lgan ishtiyoqimni oshirib, yashil maydonga yetaklaydi. Mana shu lazzatni yo‘qotmaslik uchun bor kuchimni mashg‘ulotlar va o‘yinga sarflayman», - degandi hujumchi o‘tgan yili Kubokni qo‘lga kiritganida.
Qizig‘i shundaki, 2016 yildan keyin Santa Krus har yili ta’tilga otlanayotganida kelajagi xususida aniq ma’lumot bermas, faqat bu masalani puxta o‘ylab ko‘rishi kerakligini aytardi. Ta’tildan esa quyidagi xabar bilan qaytardi: «Faoliyatimni yuksak saviyada davom ettira olishimdan baxtiyorman, yana bir yil o‘ynashga tayyorman».
Darhaqiqat, paragvaylik afsona ko‘pchilik kasbdoshlari kabi klub tizimidan birorta lavozimni egallab olib, maoshini tinchgina kutib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmaydi, halol ter to‘kishni va shunga yarasha haq olishni istaydi. Futbol uning hayoti desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan va milliy terma jamoaning eng yaxshi to‘purari unvoniga sazovor bo‘lgan 40 yoshli faxriyning so‘zlariga e’tibor bering:
«Hamonki maydonda ekanman, klub ramzi maqomida e’tirof etishlarini istamayman. Farovonlikda hayot kechirish - men intilgan mezon emas. Jamoada ekanligimning asosiy sababi yoshlarga yordam berish emas. Aksincha, ulardan men uchun murakkabliklar yaratishlarini kutaman. Hech qaysi futbolchi faqat yoshroq bo‘lganligi uchungina o‘ynamasligi kerak. Menga «jamoada qancha o‘ynamoqchi bo‘lsang, bemalol o‘ynayver» deyishlarini yoqtirmayman. Mashg‘ulotlarga zo‘r berib, yangi marralarga intilmaganimda, raqobatchilik xislatini allaqachon boy bergan bo‘lardim».
Aftidan, shu ketishda Roke qachonlardir o‘z nabirasi bilan bitta jamoada to‘p surishni kutayotgandek.
Sodiq SOBIR