Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/11 01:00 Monako 2-3 Benfika
28/11 01:00 Aston Villa 0-0 Yuventus
28/11 01:00 Bolonya 1-2 Lill
28/11 01:00 Seltik 0-0 Bryugge
28/11 01:00 Dinamo Zagreb 0-3 Borussiya D
28/11 01:00 Liverpul 2-0 Real Madrid
28/11 01:00 PSV 3-2 Shaxtyor
28/11 15:00 Istern 1-4 Sidney
28/11 15:00 Chonbuk Motors 4-0 Sebu
28/11 17:00 Kaya–Iloilo 1-1 Sanfrechche Xirosima
28/11 17:00 Jechjiang 4-2 Lion Siti Seylors
28/11 17:00 Selangor 1-2 Muangtong Yunayted
28/11 19:00 Port 2-2 Persib
30/11 00:45 Kalyari - Verona
30/11 01:00 Brayton - Sautgempton
30/11 01:00 Malyorka - Valensiya
30/11 18:00 Barselona - Las-Palmas
30/11 19:00 Komo - Monsa
30/11 20:00 Brentford - Lester
30/11 20:00 Kristal Pelas - Nyukasl
30/11 20:00 Nottingem Forest - Ipsvich
30/11 20:00 Vulverhempton - Bornmut
30/11 20:15 Alaves - Leganes
30/11 22:00 Milan - Empoli
30/11 22:30 Vest Xem - Arsenal
30/11 22:30 Espanyol - Selta

Xolandning sermahsullik sirlari

Xolandning sermahsullik sirlari

Baho:
+ | -

Erling Xolandning «Manchester Siti»da to‘p surishi aniq bo‘lgach, ko‘pchilikni bir savol o‘ylantirib qo‘ydi:

Qanday qilib «klassik to‘qqizlik» so‘nggi yillarda sof hujumchisiz uslubni qo‘llayotgan Gvardiola sxemasiga moslashadi? Shu paytgacha Xoland aldamchi harakatlar borasida yuksak natijalarni namoyish etmagan, uning asosiy quroli tezkor reydlar va jarima maydonchasi ichidagi bo‘shliqdan samarali foydalanish edi. Shu bois, Manchesterda hujumchi adaptasiya masalasida muammolarga duch kelishi taxmin qilingandi.

Biroq Xoland «shaharliklar» libosidagi 13ta uchrashuvda 18ta gol urdi, 3ta samarali uzatmani amalga oshirdi va 2 marta oyning eng yaxshi o‘yinchisi unvoniga sazovor bo‘ldi. Norvegiyalik superyulduz APL doirasidagi 8ta bellashuvda 3ta xet-trikni rasmiylashtirdi. Krishtianu Ronaldu hisobida ham shuncha xet-trik mavjud, ammo bunga erishish uchun u 232 (!) marta maydonga tushgan.

YECHLning guruh bosqichida norvegiyalik merganning tengsiz zarbalariga «Kopengagen» duch keldi - Erling dastlabki bo‘limdayoq dublni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Raqibning baxtiga, Gvardiola tanaffusda uni zaxira o‘yinchisi bilan almashtirdi. Aks holda, nufuzli turnirning to‘purarlar ro‘yxatida peshqadam bo‘lib olgan snayper xuddi APLdagi kabi, ta’qibchilardan yanada uzoqlashib olarmidi... Qisqasi, Erling barcha mavjud yuksak ko‘rsatkichlarni shafqatsizlarcha bekor qilishda davom etmoqda. Shu ketishda shiddatli parvozning qanday natijalar bilan intiho topishini taxmin qilishning ham iloji yo‘q.

Noyob iqtidor sohibining hayratomuz muvaffaqiyati shiddatli parvozning sabablari haqida o‘ylashga majbur etadi.

Xoland - butun e’tiborini professional mahoratini oshirish, uzluksiz taraqqiyotga qaratayotgan yangi avlod vakili. Parhez, maxsus mashg‘ulotlar dasturlari, salomatlikni tiklashning nostandart usullari - natijalarni yanada yaxshilash yo‘lida ular barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishga intiladilar.

Erlingning dastlabki maxfiy siri - ovqatlanish

Ha, hozirda Xoland raqib darvozasi yo‘lidagi har qanday to‘siqni pisand qilmaydigan yengilmas tankka aylandi. Vaholanki, bolaligida u barcha tengdoshlaridan ozg‘inroq, bo‘yi 190 sm.ga yetganida esa, mushaklarini bo‘yga yarasha kuchaytirish zaruratiga duch kelgandi. «Molde»da yosh hujumchiga ustozlik qilgan Ule Gunnar Sulsher shogirdi oldiga vaznini 2 yil ichida 15 kg.ga oshirish talabini qo‘ygandi. Erling bu topshiriqni yarim yil ichida uddaladi - mashg‘ulotlardan keyin vaqtini trenajyor zalida va kechqurun 3 kishilik ovqatni paqqos tushirardi.

«Aslida uning jussasi mashg‘ulotlarga moyil bo‘lsada, anchagina ter to‘kishimizga to‘g‘ri kelgandi. Ilgari Erling bufetga boshqalarga nisbatan yaqinroq bo‘lsada, doimo likopida bir talay ovqat qolib ketardi», - degandi Xolandning xususiy murabbiyi Borre Stinslid.

Faoliyatining avvalida norvegiyalik hujumchi Krishtianu Ronalduning moy bilan shakardan xoli bo‘lgan parhez taomlar menyusidan nusxa olgandi. Unga binoan, futbolchi 1 kunda 6 marta tamaddi qilardi. Taomlanish ertalabki apelsin yoki ananas sharbati, ortidan suv ichish bilan boshlanardi. Taomnomada baliq mahsulotlari, makaron va tovuq go‘shtiga yetarli o‘rin berilgan, faqat ular tuzsiz bo‘lishi shart edi.

Viaplay nomli hujjatli filmda Erling ovqatlanish tartibi xususida kengroq ma’lumot bergandi. U Norvegiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlar, ayniqsa, go‘shtni afzal ko‘rishini aytgandi. Shuningdek, qahramonimiz ichimlik suvining filtrlash jarayoniga ham jiddiy e’tibor beradi, organizmiga bakteriyalar kirib ketishidan qo‘rqadi. Hujumchining menyusida maxsus taom ham mavjud - uy uchrashuvlari arafasida u otasi Alf-Inge tomonidan tayyorlangan lazanyuni tanavvul qiladi. Erling o‘zining suyukli taomi sifatida kabobni e’tirof etgan bo‘lsada, uni oxirgi marta bir necha yil avval iste’mol qilganini e’tirof etgandi.

Ikkinchi maxfiy sir - salomatligini tiklash

Avvalgi mavsumning sezilarli qismini Xoland jarohatidan forig‘ bo‘lish maqsadida maydon tashqarisida o‘tkazdi. Yuksak ko‘rsatkichlarning pasayib ketishini istamagan to‘purar jismoniy tayyorgarlikka alohida e’tibor beradi. Shu maqsadda kriokamera, basseyn va shaxsiy murabbiy mashg‘ulotlariga ko‘p vaqt ajratadi. Lekin o‘ta oddiy usullarni ham rad etmaydi:

«Bir og‘aynim menga kechki paytlarda maxsus ko‘zoynakdan foydalanishni maslahat berdi. Bu anjom televizor va mobil telefonlardan taraladigan ko‘k rangni filtr­lab o‘tkazar ekan. Natijada organizm uyqu gormoni - melatoninni ko‘proq ishlab chiqarar va charchoqdan forig‘ bo‘lishni ta’minlarkan. Men uni sermahsullikning sabablaridan biri, deb bilaman».

Shuningdek, Erling har xil keraksiz o‘y-fikrlarni ayniqsa, o‘yin arafasida, miyasidan chiqarib tashlashga harakat qiladi:

«Hujumchi sifatida men uchun maydonda uzoq o‘ylamaslik, tezda bir qarorga kelishning ahamiyati katta. Maydonga tushayotganda avvalgi uchrashuvdagi boy berilgan vaziyatlarni eslash yaxshi emas. Bunaqa noxush fikrlarni miyadan quvib, o‘yinni gollarga chanqoq holatda boshlashga intilaman».

Uchinchi maxfiy sir - ishtiyoq

Aynan shu muvaffaqiyatga bo‘lgan intilish, kuchli ishtiyoq Xolandni doimiy hushyorlikka, sport formasini yanada yuqori saviyaga ko‘tarishga da’vat etadi. Hozirda eng yaxshi to‘purar maqomida yurganiga qaramasdan, mukammallikka erishish uchun hali ko‘p ter to‘kishi kerakligini Erling ko‘p takrorlaydi.

«U hech narsadan qo‘rqmaydi. Bilasizmi, Xoland bolaligida juda ko‘p yolg‘iz o‘zi mashq qilardi. Chunki o‘sha paytdayoq hammadan ustun bo‘lishni diliga tugib qo‘ygandi», - deydi hujumchi bilan Norvegiya yoshlar terma jamoasida hamkorlik qilgan Gunnar Xalle.

Yanada ko‘proq gola ura olishi mumkinligi xususidagi o‘y hujumchi miyasiga muhrlanib qolgandek, go‘yo. O‘zining e’tirofiga ko‘ra, bu - xet-trikdan keyin ham tin olishga imkon bermaydigan asosiy motor.

«Birinchi golni urganimdan keyin xayolimdan bir fikr o‘tadi: «Ana-a, bo‘larkanku, endi yana takrorlash kerak». Ko‘pincha, buni his etaman. Yoki misol uchun, shanba kuni kimdir xet,trikka erishganini bilsam, men ham shunday qilsam, yomon bo‘lmasdi, deb o‘ylayman»

Erling Xoland o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishiga keng imkoniyat beradigan ajoyib jamoaga o‘tdi. Xosep Gvardiola «Manchester Siti» o‘yinini yangi to‘purar uslubiga moslamoqda, Erling esa yangi jamoadoshlarini tobora yaxshiroq his etmoqda. Biroq gap faqatgina taktikada emas, Xoland - mahoratning qandaydir chegarasi bo‘lishini tan olmaydigan futbolchi. Shunday ekan, tez orada yana qandaydir rekord uning oyoqlari oldiga qulashiga shubha yo‘q.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:30, 23.11.2022.
O'qildi: 1697 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.