Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Futbol dunyosini titratgan uch «M»: Messi-Mbappe-Martines

Futbol dunyosini titratgan uch «M»: Messi-Mbappe-Martines

Baho:
+ | -

Oltin kubok Lionel Messi boshi uzra ko‘tarilib, argentinaliklar va bu mamlakat futboli muxlislari bayramni boshlab yuborishgach, ancha yengil tortdik, ochig‘i. Butun olamga sukunat cho‘kdi go‘yo. Bunday lahzalarda kishi faqat hordiq haqida o‘ylaydi. Bizda ham dastlab shunday tuyg‘u kechdi. «Maqola yozish shartmi? Shunday yakundan so‘ng kimdir uni o‘qiydimi?» - qabilidagi savollar ko‘ngilda g‘imirladi. Argentina terma jamoasi asosiy vaqtning so‘nggi daqiqalarida bo‘shashganini bir eslang. O‘sha payt bo‘shashish qoshida bosh yegganida, Leo Messi jahon chempioni bo‘lolmasdi. U bir siltandi va yana o‘yinga qaytdi. Biz ham yozmaslik kayfiyatidan ustun turdik va o‘qiyotganingiz maqola kompyuter monitoriga muhrlandi.

Dastlabki daqiqalardagi dilxiralik

Qaysidir muxlis hayron bo‘lar, lekin o‘yinning dastlabki daqiqalarida dilxiralik ko‘nglimizni chulg‘ab oldi. Nahotki, Fransiya termasi shu qadar yengil taslim bo‘lsa?! Didye Desham shogirdlarining shamollab qolishgani, zaharlanishgani haqidagi mish-mishlar, nahotki, rost bo‘lib chiqsa?! Yo‘q, bunday final bizga tatimasdi. Argentina termasi yaqqol ustunlikda va yirik hisobda g‘alaba qozonganidami, turli gap-so‘zlar ko‘payardi, Qatar mundialining tantanavor ruhiga soya tushardi, final shukuhiga dog‘ bosilardi. Kilian Mbappe nima sababdan o‘yinning birinchi bo‘limida ko‘zga tashlanmagani, fransiyalik futbolchilar qanday qilib juda jo‘n xatolarga yo‘l qo‘­yishgani, bunday g‘ayritabiiy holat zamirida nimalar yotgani bizga noma’lum. Ma’lumi shuki, Argentina milliy jamoasi o‘yinning birinchi qismida shunday fantastik to‘p surdiki, uncha-muncha zukko muxlis ham qat’iy xulosa chiqarib qo‘ydi: «Bo‘ldi endi! Tamom! Argentina - jahon chempioni!» 

Tushunishimizcha, Leo Messi, Anxel di Mariya va boshqa futbolchilar shiddatkor-fusunkor to‘p surishgani bois, bunday ssenariyni kutmagan va unga ruhan tayyorlanmagan Fransiya termasi dastlab gangib qoldi. Go‘yo eng zamonaviy avtomobil boshqaruvsiz qolib, istalgan tomonga burilaverdi, qayoqqa va qanday yurganini o‘zi bilmadi. Taxminlar, mish-mishlar aslida asossiz ekanligi keyinroq ko‘rindi. Shunda bildikki, dastlabki daqiqalarda yuzaga kelgan dilxiralikning asosiy sababi Argentina termasining zo‘r o‘yini ekan. O‘sha lahzalarda buni bilmasdik. O‘yin jarayonidagi voqelik bizni ham taxmin va mish-mishlarga ishontirayozgandi. Xayriyatki, ikkinchi bo‘lim yakunida hammasi o‘zgarib ketdi. 

Uyg‘onish zarurligini his qilish - Mbappe mohiyati

Jahon chempionati finali yakunlanmoqda. Final hushtagi chalinishiga 10 daqiqa nari-berisida vaqt bor. Argentina termasi himoyani mustahkamlab, uchrashuvni sokin kayfiyatda yakunlash niyatida. Hisob ham shunga yarasha ishonchli. Bunday vaziyatda Osiyo qit’asi terma jamoalari taslimchilik kayfiyatida to‘p suradi odatda va o‘yin yakunini intizorlik bilan kutadi. Milliy futbolimizda-ku o‘yin yakunini boy berish urfga kirgan. Ayniqsa, terma jamoamiz bu borada «peshqadam». Biroq yevrofutbol o‘yinni osongina boy berishni istamaydi, bunga ko‘nmaydi. Balki shuning uchundir qayta uyg‘ongan Niderlandiya termasi mundial chorak finalida Lionel Messi va uning jamoadoshlarini juda qiynadi. Har holda, g‘alabaga 100 foiz ishonib turgan raqibni penaltilar seriyasigacha olib bordi. Bu harakati bilan Argentina termasini «Ja, o‘zingga qattiq ishonaverma! Boshqalar ham o‘ynashni bilishadi!» - degandek ogohlantirdi. Qarangki, Messining adashi bu ogohlik qo‘ng‘irog‘ini yaxshi tushunmabdi. Nazarimizda, u shogirdlari birinchi bo‘limdayoq Fransiya termasi darvozasiga 3-4ta gol urishlariga ishongan, chog‘i! Ha, bizningcha, Skaloni shunday xayoliy rejasiga tayangan. Aks holda, Anxel di Mariya­ni zaxiraga olmasdi. Yo‘q, uning rejasiga xayoliy sifatini ishlatish noo‘rin, zero, murabbiy chindan ham, ajo­yib ssenariy tuzgan. Buning asosi tinimsiz harakat va muntazam bosim, zarur gollar urishdan iborat edi. Yuzaki qaraganda, mazkur ssenariy ish berdi, Argentina termasi ikki gol farqi bilan oldinga o‘tib oldi. 

O‘sha vaziyatda futbol ahli Kilian Mbappeni unutdi. Ha, unutdi va o‘sha unutish pallasida unutilayotgan va bir muddat uxlab qolgan dahocha bir seskandi-yu ko‘zini ochdi, uyg‘ondi, mundial, maydon va Messini titratdi. Bundayin qaytish va uyg‘onish bo‘lmaganida, Mbappening Mbappeligi qolmasdi! Kilian uyg‘ona olgani, bunga o‘zida kuch topgani uchun ham dahochadir. Mudroqlik kayfiyatidan chiqish har qanday iqtidor imkonidagi ish emas. Eng qaltis vaziyat, o‘yinni qutqarish imkonsizdek ko‘ringan payt katta sahnaga qaytish va bunga kuch topish faqat daholarga yuqtirilgan! Kilian Mbappe futbol dunyosi xayollarini bir muddat to‘zg‘itdi, qishning suronli kechasini yolqinlantirdi, olovlantirdi. Turli-tuman taxmin va mish-mishlarni muxlislar ruhiyatidan uloqtirib tashlagani, futbolning futbolligini finalda yana o‘ziga qaytargani uchun shu yigitga ming tasanno! 

Messining chempion  bo‘lishi - futbol adolati ramzi

Qariyb 15 yildirki, futbol dunyosi ikki qutbga bo‘lingan. Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi raqobatining ko‘zgusi sanaladi bu davr. Futbolni sal-pal tushunadigan muxlis borki, bu ikkisining daholigiga shubhalanmaydi aslo. Qutblarga bo‘linishning daholik va daholarga aloqasi yo‘q mutlaqo. Hamma gap shaxsiy simpatiya, hayotga munosabat, qaysidir uslubni yoqtirish va yana allaqancha jihatlar bilan bog‘liq. Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi raqobati jahon futbolining oltin davri, buyuk tarixi hisoblanadi. Faqat tor dunyoqarashga ega muxlislargina «Mana, Messi zo‘r ekan-ku, baribir! U jahon chempioniga aylandi! Krishtianu Ronaldu esa bunday maqomga ko‘tarilolmadi!» - deyishadi o‘zlaricha. Vaholanki, dahoni daho yuzaga chiqaradi, daholar birgalikda butun bir davrni ma’lum o‘zanga burishadi. Boshqacha aytganda, yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dong‘i chiqmas. Shu ma’noda futboldagi oltin davrning mantiqiy yakuni sifatida ikki dahodan biri jahon chempioni bo‘lishi shart edi. Bunday baxt Messiga kulib boqdi. Uning jahon chempioniga aylangani - shu ma’noda futbol adolati ramzidir!
 

Mulohazalarimiz xulosasi sifatida Lionel Messi fenomenining ashaddiy muxlisi G‘ulomjon Hamidov qalamiga mansub she’rni hukmingizga havola qilamiz:

Messining mundiali

Emiliano Martines,
Zarbalarni shartta kes.
Raqiblarni ranjitgin,
O, reaksiyang buncha tez.

Yo‘q, yo‘q, Messi chopmadi,
Go‘yoki esdi shamol.
Uzoq vaqt baxt topmadi,
Nihoyat, kuldi kamol!

O, Mbappe - risar, mard,
O‘ziga yuqtirmay gard.
«Xet-trik»ka erishdi,
Eh, mag‘lublik - og‘ir dard!

Di Mariya bir chaqnab,
Tarix yozdi, sha’n yozdi.
Shiddatin ko‘rib raqib,
Go‘yo aqldan ozdi.

Kim dedi uni xatar,
Kim dedi: hikmat axtar.
Messi chempion bo‘ldi,
Qulluq senga, hoy, Qatar!

Shu she’r shukuhi bilan mulohazalarimizni yakunlaymiz. Qatar mundialining shukuhi uzoq vaqt qalblarda saqlanishiga ishonchimiz komil!

Muhammad VALI

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:36, 22.12.2022.
O'qildi: 2981 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.