2020 yilning fevral oyida Rossiya OAVda Aleksandr Golovin tahsil olgan Kemerovo viloyatidagi 2ta futbol maktabiga futbolchining «Monako»ga transferi ortidan birdamlik to‘lovi (futbolchini tarbiyalagan maktab yoki akademiyaga tegadigan ulush) hali berilmagani xususida xabar tarqaldi.
Shundan so‘ng muammo darhol hal qilindi - o‘sha yilning sentyabr oyida maktablardan biri joylashgan Osinniki shaharchasida Fransiya klubi mablag‘i hisobiga yangi maydon barpo etildi. Biroq global miqyosda olsak, FIFA tomonidan belgilangan birdamlik to‘lovi masalasi hamon havoda osilib turibdi. Ya’ni dunyoda o‘z tarbiyalanuvchilari transferidan ulush olmagan (ololmayotgan) minglab maktab/akademiyalar bor. Muayyan transferdan keyin belgilangan pul avtomatik ravishda markazlashgan tizim orqali futbolchi tahsil olgan dargoh hisob raqamiga tushishi yo‘q gap. Chunonchi, FIFA barchasini nazorat ostiga ololmaydi, bunday tizimning o‘zi yo‘q. Qisqasi, aksariyat klublar o‘z tarbiyanaluvchilarining keyingi faoliyati va transferini mustaqil kuzatib boradi, ehtimolki, bu ishga alohida xodimlarni ham biriktirar... Tabiiyki, doimiy kuzatuv ko‘p vaqt va diqqat talab etadi. Ayniqsa, tegishli resurslarga ega bo‘lmagan kichik klublarga qiyin.
Yechim bormi?
Bor. Har holda, «Sevilya» advokatlari tomonidan muayyan variant ilgari surilgan - klublarga o‘z tarbiyalanuvchilari faoliyat yo‘lini batafsil kuzatib borish imkonini beruvchi maxsus ilova. Ushbu xizmat tizimini yaratish ishlariga La Liganing barcha texnologik loyihalarini o‘zida birlashtirgan LaLiga Tech kompaniyasi jalb qilingan. Ispaniyada allaqachon shu asnoda Transfer Tracker nomini olgan maxsus dastur ishga tushirilgan. «Ilova klublar va federasiyalarga transferlarni kuzatish va o‘ziga tegishli ulushni olish imkonini beradi. Endi biror klub yoki akademiya o‘ziga daxli bor transferlarni o‘tkazib yubormaydi», - deydi «Sevilya»ning ma’lumotlar bo‘yicha direktori Elias Samora. To‘g‘ri, bunda bitta murakkab tomoni ham yo‘q emas: FIFA transferlar ma’lumotini uchinchi tomonga oshkor qilmaydi qonun bo‘yicha. Shuning uchun «Sevilya» dasturni to‘ldirishda turli manbalar ma’lumotlaridan foydalanadi.
Samara bormi?
Bor. «Sevilya» ushbu ilovadan foydalanib, bir qator unutilgan transferlarni yuzaga chiqardi. Samora so‘zlariga qaraganda, andalusiyaliklar dastur yordamida qachondir klubda tarbiyalangan 700 nafardan ortiq futbolchi faoliyatini kuzatuvga olishgan va oxirgi 18 oy davomida birdamlik to‘loviga asosan chamasi 1 million yevro ishlashgan. Eng katta summa Serxio Regilon transferidan tushgan. «Sevilya» bu futbolchining «Real»dan «Tottenxem»ga o‘tishi ortidan 150 ming yevro miqdorida ulush olgan. Yanvar oyida esa Mattias Kranevitter «Monterrey»dan «River Pleyt»ga transfer qilindi va «Sevilya» endi uning tarbiyalagan klub sifatida 10 ming yevroga ega chiqadi.
Istiqbol bormi?
LaLiga Tech kompaniyasi menejeri Markos Gonsalesning ta’kidlashicha, 2022 yilning dekabr oyida ilova ishga tushirilganidan buyon Chili, Argentina va Braziliyaning 7ta klubi bilan tegishli shartnoma tuzildi. Shuningdek, ayni payt Angliya, Portugaliya, Xorvatiya va Polshaning chamasi 15ta klubi dasturga qiziqish bilan qaramoqda. «Biz har qanday klubga xizmat ko‘rsatishimiz mumkin. Buning uchun turli shablon va algoritmlar ishlab chiqilgan bo‘lib, klub ular yordamida o‘ziga tegishli ma’lumotlar va ulushni nisbatan osonroq oladi. Yaqinda ushbu tizimdan mutlaqo bexabar va biror marta birdamlik to‘lovi olmagan Afrika klublaridan birining vakillari bilan gaplashdim. Agar mamlakat futbol federasiyasi ruxsat bersa, o‘sha klub nomidan sudga murojaat qilishimiz mumkin. Chunki bizda buning uchun asos ham, ma’lumotlar ham yetarli», - deydi Gonsales.
Kutilishicha, Transfer Tracker dasturchilari endilikda FIFA birdamlik to‘lovi tizimini kuzatish mexanizmi yaratish ustida shug‘ullanishadi. «FIFA birdamlik to‘lovini tartibga solish uchun o‘z tizimini amalga tatbiq etishi shart. Bu butun futbol uchun yaxshi yangilik bo‘ladi. Umuman, har qanday holatda ham, futbolchilarni tarbiyalagan klublarga o‘z ulushini olishida yordam beraveramiz, baribir» - bu LaLiga Tech kompaniyasi menejeri Markos Gonsalesning qat’iy gapi.