Jamoaviy sport turi sifatida futbol doimo adolatli bo‘lavermaydi.
Ayrim futbolchilar butun faoliyatlari davomida yuksak saviyada to‘p surib, yorqin taassurot qoldiradilar. Lekin taqdir taqozosi bilan doimo sovrinsiz qolishadi. Boshqalar esa aksincha, faqat bayramlarda bo‘y ko‘rsatgan holda ulkan kolleksiya sohibiga aylanadilar. Hikoyamiz alamzada omadsizlar haqida.
Xarri Keyn, «Tottenxem»
Ingliz futbolining so‘nggi 10 yillikdagi eng sermahsul to‘purari har mavsumda grossmeysterga xos ko‘rsatkichni namoyish etmoqda. Biroq uning eng ovi yurishmay qolayotgan go‘shasi - klub. Garri esini taniganidan beri bor kuch-mahoratini «taqachilar»ga sarflamoqda. Lekin sovrinlardan darak yo‘q. Jamoa o‘zining so‘nggi sovrini - Liga Kubogini 2008 yilda qo‘lga kiritgan, o‘shanda Keyn 14 yoshli o‘spirin edi. Ta’kidlash joizki, hujumchi doimo nufuzli sovrinlardan olisda qolib ketayotgani yo‘q, YECHL va Liga Kubogi finallarida ishtirok etdi. Shuningdek, APLda 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi, Angliya terma jamoasi bilan JCHda yarim finalga, Yevroda esa finalgacha yetib bordi. Lekin doimo mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi. 29 yoshli snayper qandaydir sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega, ammo bu imkoniyatlar tobora kamayib bormoqda.
Dimitri Payet, «Marsel»
Yevropa futbol jamoatchiligiga yaxshi tanish bo‘lgan navbatdagi omadsiz. Dimitri ham uzoq yillardan beri sovrin nima ekanligidan bexabar keldi. Boisi, u «Nant», «Sent-Etyen», «Lill» va «Vest Xem» klublarida to‘p surardi, hozir «Marsel» tarkibida. 2018 yilda Dimitri «Marsel» bilan YEL finaliga chiqdiyu, «Atletiko»ga imkoniyatni boy berdi, 0:3. Xuddi Keyn kabi Payet ham terma jamoa safida sovringa yaqin kelgan, lekin 2016 yildagi hal qiluvchi bahs qo‘shimcha vaqtdagi gol evaziga Portugaliya foydasiga hal bo‘lgandi. Taniqli yarim himoyachi hozir 35 yoshda ekanligini inobatga olsak, faoliyatini sovrinsiz yakunlashi aniqroq.
Antonio Di Natale, faoliyatini tugatgan
90-yillarda faoliyatini boshlagan, asrlar almashuvidan keyin «A» seriyasining eng yorqin hujumchilaridan biri bo‘lgan futbolchi hech narsaga erisha olmadi. Chunki u faoliyatining asosiy qismini «Udineze»ga bag‘ishlagandi. Di Natale faqat shaxsiy natijalari bilan maqtana oladi. Masalan, u 2 marta (2010, 2011) Italiya chempionatining eng yaxshi to‘purari, 1 marta (2010) mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan. Hujumchi 2002-2012 yillarda ayrim tanaffuslar bilan milliy terma jamoaga jalb etilgan. Lekin «Skuadra Adzurra» bu davr ichidagi yagona chempionlikka (2006) Di Natalesiz erishgandi. Yevro-2008da Antonio Ispaniyaga qarshi chorak finalidagi penaltilar seriyasida hal qiluvchi zarbani golga aylantira olmadi, 2012 yilda esa Italiya finalda Ispaniyaga imkoniyatni boy bergandi.
Erik Lamela, «Sevilya»
Lamela saviya bobida yuqorida zikr etilgan kasbdoshlaridan orqaroqda bo‘lsada, Angliyadagi faoliyati orqali keng jamoatchilikka tanilgan. Muammo shundaki, u ham «Tottenxem»da to‘p surgani bois, birorta sovringa ega emas. Erik o‘zining qadrdon klubi - «River Pleyt»da sovrindor bo‘lishi mumkin edi. Lekin u 2009 yilda debyutini nishonlagan, jamoa esa 2008 yilda Klausurada g‘olib chiqqandi. Keyin futbolchi «Roma» va «Tottenxem»da sovrinlarsiz to‘p surdi, hozir «Sevilya» tarkibida. Qizig‘i, ayniqsa YELdagi g‘alabalari bilan tanilgan kamtarin jamoa ham Lamela davrida quruq faoliyatni qayd etdi, joriy mavsumda Segundaga tushib ketmaslik uchun kurashmoqda. Balki 31 yoshli faxriyga faoliyatining yakuniy bosqichida omad kulib boqar. Har holda, «Sevilya» - YEL bo‘yicha ulkan tajriba sohibi.
Luidji Di Byadjo, faoliyatini tugatgan
Bu futbolchi 90-yillarda markaziy chiziqdagi yorqin o‘yinlari orqali «A» seriyasi muxlislariga tanilgandi. Luidji o‘z faoliyatini «Lasio»da boshlab, keyin «Monsa», «Fodja», «Roma», «Inter» va «Breshiya»da davom ettirdi. 2003 yilda Di Byadjo chempionlika juda yaqin turgandi. Lekin faoliyatni g‘olibona yakunlash unga nasib etmadi - so‘nggi turlarda «Inter» «Yuventus»ni oldinga o‘tkazib yuborgandi. Italiya terma jamoasida omad Luidjidan yuz o‘girdi. 1998-2002 yillarda «Skuadra Adzurra» sharafini himoya qilgan yarim himoyachi Yevro-2000da finalga chiqib, Fransiyaga imkoniyatni, aniqrog‘i, naqd sovrinni boy berdi. Vaholanki, o‘shanda Italiya amaldagi jahon chempioni ustidan g‘alaba qozonayotgan, chempionlik unvonidan sanoqli soniyalar ajratib turgandi. Biroq raqib hisobni tenglashtirdi, over-taymda esa David Trezege «oltin» golni urishga muvaffaq bo‘ldi.
Leyton Beyns, faoliyatini tugatgan
Beynsni APL afsonalaridan biri deyish uchun asoslar yetarli. Uning birdan-bir kamchiligi - kamtarin jamoalarda to‘p surgani. Chap oyog‘ida mo‘’jizalar namoyish etgan qanot himoyachisi o‘zining aniq uzatmalari, samarali jarima zarbalari bilan tanilgandi. Leyton dastlabki 5 yilni «Uigan»da o‘tkazdi, keyin 13 yil «Everton»da to‘p surdi. Shu davr ichida dastlabki jamoasi bilan Liga Kubogini, Liverpul klubi bilan Angliya Kubogini qo‘ldan chiqardi. E’tiborlisi, yarim finalda «Everton» qudratli «MYU»ni penaltilar seriyasida mahv etgan, finalda esa 1-daqiqada «Chelsi» darvozasini ishg‘ol etgan, lekin g‘alabani, unga qo‘shib sovrinni ham boy bergandi. Angliya terma jamoasidan esa himoyachi avlodlar almashuvi davrida chorlov olgan, 2010-2015 yillar oralig‘ida «Uch sherlar» yirik turnirlarni omadsiz o‘tkazishgandi.
Sodiq SOBIR tayyorladi