«Sautgempton» va «Liverpul» futbolchilari 28 may kuni «Sent-Meris» stadionida haqiqiy «tomosha» ko‘rsatishdi:
APL mavsumi yakuniy turidan o‘rin olgan o‘yinda 8ta gol urildi - 4:4. Mersisayd jamoasining sodiq va hamisha jangovar yarim himoyachisi Jeyms Milner shu ajoyib oqshom «qizillar» libosida oxirgi marta maydonga tushdi. «Liverpul» safiga 2015 yilning yozida qo‘shilgan Angliya milliy jamoasi sobiq futbolchisi shu tariqa 332ta o‘yin marrasida to‘xtadi. Milner «Enfild»dagi davrda klubning haqiqiy vise-sardori sifatida gavdalandi, jami 6ta yirik sovrin yutdi. Mana, u endi jonajon klubi bilan xayrlashmoqda. Liverpoolfc.com sayti esa fantastik o‘yin arafasida Milnerdan xayrlashuv intervyusi olishga erishdi.
- Milli, «Enfild»da muxlislar bilan xayrlashish qanday bo‘ldi?
- Barchasi orqali menga nisbatan munosabatdan chinakamiga zavqlandim. Futbolda klub bilan xayrlashuv odatiy jarayon. Qachondir ketish fursati yetishini bilardim va buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ha, har qanday holatda hissiyotlar og‘ushida qolar ekansiz. Muhimi, xayrlashuv voqeligidan boricha zavq olishni o‘yladim. Eh, o‘sha uchrashuvda g‘alaba qozonganimizda, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi, lekin... Umuman, «Liverpul» va «Enfild»dagi sayohatning bir qismiga aylanganimdan boshqacha faxrlanishga haqliman. Shunday ekan, ayriliq qayg‘usi katta emas, klubdagi davr va «Enfild»da uzoq vaqt o‘ynaganimdan baxtiyorman.
- APLda 20 yildan ortiq vaqt davomida o‘ynadingiz va mavjud barcha medallarni qo‘lga kiritdingiz. Agar imkon berilganida, qaysi o‘yin va undagi hissiyotlarni ortga qaytarishni istardingiz?
- Menimcha, bunga arziydigani - «Barselona»ga qarshi CHL bahsi. Uning atrofida kuzatilgan ishlar mutlaqo ajoyib edi. Avvalo, birinchi o‘yin natijasi nuqtai nazaridan javob bahsiga yondashuv va tayyorgarlikni nazarda tutyapman. Oddiy aytganda, «Enfild»da qandaydir karomat ko‘rsata olishga ishongandik. Yana «Nyukasl» bilan o‘yin ham chakki emas, zero, ko‘plab yo‘qotishlarga qaramay, «qarg‘alar»ni mag‘lubiyatga uchratishni uddaladik. Chunki tarkibda qolganlar o‘ynashga tayyor edilar, maqsad nimaligini aniq bilardilar, asosiysi, vahimaga tushmadilar.
- Nomdor futbolchilar klubdan ketishgach, yangi guruhda o‘z hikoyasini yozish ishtahasi qanday edi?
- «Liverpul» safiga qo‘shilganimda, hammasi butunlay boshqacha edi, hattoki, qayerga kelib qolganimni anglolmagandim. Shu taxlit bir necha mavsum o‘tdi. Keyin ligada nihoyat, zafar quchish vaqtiga yaqinlashdik, yakunda «Liverpul»ni oltin marra sari yetakladik ham. O‘sha oqshom «Enfild»da turib, chempionlik naqadar muhimligi va muxlislar «Liverpul» g‘alabasini qanchalik kutishganini teran tushundim. Shunday qilib, muhim g‘alaba bilan o‘z hikoyamizni boshladik. Klub tarixi, afsonalari, devorlardagi suratlarni ko‘rgach, uning uzoq vaqt «quruq» davrni boshdan kechirganiga ishonish qiyin edi. Aytganimdek, jamoaga birinchi kubokni taqdim etish asnosida hikoyamiz boshlandi, shu bilan kuchli bosim ham yo‘qoldi. Har safar «Liverpul» libosida maydonga tushganingizda, sizdan faqat g‘alaba kutishadi. Buning ta’sirida har bir g‘alaba va kubok uchun jiddiy kurashish ishtiyoqi kuchayadi. «Liverpul»dek klubda o‘ynash asnosida uning bir qismiga aylanish oson emas, chunki hamisha sizdan oldingi afsonalarga xos tarzda harakatlanish talab etiladi.
- Muvaffaqiyat tantanalari shaxsan siz uchun qanchalik muhim edi?
- Esimda, jamoa APLda g‘alaba qozongan oqshom kiyinish xonasi oxirida turib, yigitlar o‘yinni qayta tomosha qilishayotganini kuzatdim va boshimdan o‘tgan butun davrni ko‘z oldimga keltirdim. Odamlar yuzidagi quvonchni ko‘rganingizda esa, barcha mashaqqatlar birdan unutiladi. Qisqasi, g‘alaba tantanasi - qiyosi yo‘q zavq.
- Yangi murabbiy kelgach, o‘ziga xos tarixning bir qismiga aylanish haqida o‘ylaganmidingiz?
- Menimcha, biror futbolchi shunday darajadagi murabbiy qo‘l ostida hech qachon o‘zini mutlaqo xotirjam his qilolmasa kerak. Xususan, «Liverpul» kabi klubda. Demoqchimanki, Yurgen Klopp kelgan payt muvaffaqiyatga ishonganman, ammo deylik, tarkibdan joy kafolatlangan emasdi. Bunday vaqt sizdan faqat o‘zingizni ko‘rsatish, nimanidir isbotlash talab qilinadi. Murabbiy keyingi yili mendan chap qanot himoyasida o‘ynashimni so‘radi, aniqrog‘i, yangi rolni qabul qilish-qilmaslikni o‘zimga qo‘yib berdi. Yakunda murabbiy belgilagan ishni bajarishga ahd qildim. Keyin yana yarim himoyaga qaytdim, faqat mavsum boshida zaxirada qoldim. Demoqchimanki, siz «Liverpul»da hamisha hammasiga ruhan tayyor turishingiz kerak. «Bo‘ldi, jamoaning bir qismiga aylanishni xohlayman va har qanday chorlovga tayyorman» qabilida.
- Dastlabki davrda tajribali futbolchilardan ko‘p narsa o‘rganganingiz tayin. Endi Trent Aleksander-Arnold kabi yosh iqtidorlarga tajriba ulashganingizni his qilyapsizmi?
- Bitta misol: bir safar mashg‘ulotda Trent mendan o‘zib ketdi va keyin oldimga kelib, so‘z qotdi: «Bugun seni ortda qoldirdim». Uning dangal gapirishi yaxshi, yugurishda ustun kelishi esa tabiiy hol. Chunki maktabda asosan yugurish bilan shug‘ullangan. Savolingizga kelsak, Trent kabi yosh yigitlar ko‘z o‘ngimda ulg‘ayishdi. Hozir ular qanday ijrochi va insonga aylanishganini hamma ko‘rib turibdi. Umid qilamanki, yigitlarga rivojlanish yo‘lida imkon qadar yordam berdik.
- Oxirgi savol: hozirgi holatga nazar tashlab, jamoa keyingi mavsum qayta tiklanishini ayta olasizmi?
- Tarkibda ajoyib yigitlar, fantastik ijrochilar yig‘ilishgan. Kiyinish xonasi muhiti ham zo‘r. Shunday ekan, «Liverpul»ning yana yuqori o‘rinlar uchun kurashishiga ishonch katta. Axir jamoani benazir murabbiy boshqarmoqda. Ha, oxirgi mavsum murakkab kechdi. Lekin jarohatlar qanchalik qiynaganini unutmaslik kerak. Faoliyatimda hech qachon bunday epidemiyani ko‘rgan emasdim. Shunda ham qo‘ldan kelganicha tirishdik, qaytish uchun kurashdik. Kelajak esa yorqin, albatta. Xenderson aql bovar qilmaydigan sardor, shubhasiz. U buni uzoq vaqt davomida to‘liq isbotladi, ko‘tarilishlar va pasayishlarni ko‘rdi. Xullas, Xendo hozirgi yigitlar bilan «Liverpul»ni kuboklar sari yetaklashiga ishonaman. Axir u sovrinlar soni bo‘yicha klubning eng muvaffaqiyatli sardorlaridan biri hisoblanadi.
MUHAMMADXON tayyorladi