Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

U-20 JCH yakuni: Kazadeidan tarixiy italyancha shou

U-20 JCH yakuni: Kazadeidan tarixiy italyancha shou

Baho:
+ | -

«Oltin to‘p» ham, «Oltin butsa» ham yevrofutbol vakilida. 1977 yili yo‘lga qo‘yilgan 20 yosh chegarasidagi kichik mundial futbol olamiga ko‘plab bo‘lajak katta yulduzlarni tortiq etgani haqida ko‘p gapirilgan. Mana, bu yil Argentinada tashkillashtirilgan yoshlar o‘rtasidagi JCH Urugvay terma jamoasi g‘alabasi bilan xotima topdi. Qizig‘i, bu safar turnirning asosiy individual sovrinlari chempion jamoa vakillari emas, balki finalchi - Italiya termasi a’zolariga nasib etdi: «Oltin qo‘lqop» (eng yaxshi darvozabon) - Sebastyano Deplansh, «Oltin to‘p» (eng yaxshi futbolchi) va «Oltin butsa» (eng yaxshi to‘purar, 7ta gol) - Chezare Kazadei.  Ikki nominasiyada g‘olib chiqqan yigitcha aslida huquqiy jihatdan «Chelsi»ga tegishli, lekin oxirgi mavsumni ijara kelishuvi asosida «Reding»da o‘tkazdi. Asosiy fakt shuki, Kazadei yoshlar mundialida 2ta asosiy shaxsiy sovrinni o‘ziniki qilgan yevropalik dastlabki futbolchi bo‘ldi - italiyalik yarim himoyachidan tarixiy natija. Umuman olganda, Chezaredan oldin turnirda atigi 6 nafar yosh iqtidor shunday «oltin dubl» qayd etgandi. Jumladan, Janubiy Amerika vakillari 5 marta katta natijaga erishgan bo‘lsalar, bir safar afrikalik futbolchi o‘zini ko‘rsatgan. Xo‘sh, yoshlar o‘rtasidagi JCHda «oltin dubl» rasmiylashtirgan yigitlarning keyingi faoliyati qanday rivojlandi?

1). JCH-83 - Jeovani (Braziliya)

Braziliyalik umidbaxsh iqtidor bunga qadar 1981 yili o‘tkazilgan 20 yoshlilar mundialiga ham yo‘l olgan, lekin maydonga tushmagandi. 2 yildan keyin esa musobaqa doirasidagi barcha o‘yinlarda harakatlangan Jeovani finalda Braziliya termasiga g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylanadi. Shu tariqa braziliyaliklar yoshlar mundialida ilk chempionlikni nishonlashadi. Jeovani esa 6ta gol bilan «Oltin butsa» sohibiga aylanadi, qo‘shimchasiga «Oltin to‘p» sovrinini ham unga topshirishadi. Taajjubli tomoni, Jeovani yarim himoyada o‘ynash asnosida qo‘shaloq sovrin sohibi bo‘lgandi. Binobarin, unga qadar Braziliya futbolida asosan hujum vakillari individual sovrin yutishardi. Qolaversa, Jeo­vani texnik salohiyat va tezlik bobida ortiqcha maqtanolmasdi. Muhimi, u maydonni ko‘rish va har qanday olis masofaga to‘pni aniq yetkazib berish qobiliyati bilan braziliyalik odatiy iqtidorlardan ajralib turardi. Jeovani keyinchalik «Vasko da Gama» klubi afsonalari qatoriga qo‘shildi. Har holda, 408ta rasmiy o‘yin va 49ta gol - jiddiy statistika. U shuningdek, Yevropada «Bolonya» va «Karlsrue» kabi o‘rtamiyona klublar sharafini ham himoya qiladi ma’lum muddat. 2002 yili esa U-20 mundialining dastlabki «oltin dubl»chisi futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘yadi. Jeovani bunga qadar bir qator sovrinlarga ega chiqadi. Jumladan, 1989 yili Braziliya chempioni bo‘lish barobarida Amerika kubogida zafar quchadi. Yana bir fakt: Jeovani - Rio-de-Janeyro shtati chempionatining 5 karra g‘olibi.

2). JCH-2001 - Xavyer Saviola (Argentina)

Keyinchalik «quyoncha» laqabi bilan tanilgan mitti hujumchining futbol osmonidagi yurishi aynan 2001 yili boshlangan edi. Xavyer o‘shanda Argentina yoshlar terma jamoasining kichik mundialda zafar quchishida bosh rolni bajaradi. Yosh «albiselestlar» hal qiluvchi bahsda Gana termasini mahv etgan bo‘lsalar, tezkor hujumchi turnir davomida 11ta gol urib, hanuzgacha yangilanmayotgan rekord o‘rnatgandi. Argentinalik goleadorcha jumladan, 2ta o‘yinda «xet-trik» va yana 2tasida «dubl»ga erishadi. Yoshlar mundialida Saviola rekordiga eng yaqin ko‘rsatkich 18 yildan keyin Erling Xoland tomonidan qayd etildi. Norvegiyalik hujumchi JCH-2019 (2021 yil)ni 9ta gol bilan yakunlandi. Xavyerning keyingi faoliyatiga kelsak, JCH-2001dagi muvaffaqiyat yuksak parvozlarga ulanadi. Deylik, Saviola 36 mln. yevro evaziga «River Pleyt»dan «Barselona»ga o‘tib, Kataloniyada 4 mavsum o‘ynaydi va jami 72ta gol muallifiga aylanadi. Keyin qo‘qqisdan «Barsa»ning azaliy raqibi - «Real» safidan joy oladi. U shuningdek, «Sevilya», «Malaga», «Benfika», «Monako», «Olimpiakos» va «Verona» kabi klublarda to‘p suradi, yakunda faoliyatini yakunlash arafasida qadrdon jamoasi -  «River Pleyt»ga qaytadi. Saviola 2016 yili yashil maydon bilan xayrlashgan bo‘lsada, professional sportdan ko‘ngil uzolmaydi yana ma’lum muddat. Aniqrog‘i, Andorrada bir necha yil davomida futzalchi sifatida faoliyat yuritadi.

3). JCH-2005 - Lionel Messi (Argentina)

Leo 2005 yili Argentina yoshlar terma jamoasini shohsupa sari yetaklash asnosida ilk marta ko‘zga tashlanadi katta doirada. Eng qizig‘i, o‘shanda ham jahon miqyosidagi musobaqa Qatar mundiali ssenariysi bo‘yicha kechgandi: «albiselestlar» guruh bosqichiga mag‘lubiyat bilan kirishib, keyin qolgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba nashidasini surishgandi. Messi esa Nigeriya termasiga qarshi kechgan final bahsida «dubl» rasmiylashtirish asnosida jami gollari sonini 6taga yetkazgancha «Oltin butsa»ga ega chiqadi. Tabiiyki, «Oltin to‘p» ham finalda 2ta gol urgan yigitga topshirilgandi. Shundan keyin Leoni milliy jamoaning o‘rtoqlik uchrashuvlariga jalb eta boshlashadi. G‘aroyib dalil: Messi mamlakat bosh jamoasi safidagi dastlabki o‘yinida 1 daqiqadan keyinoq «qizil» olib, maydondan chiqib ketadi. Mana, shuning ortidan butun bir ajib tarix yuzaga keldi: 7ta «Oltin to‘p», «Barselona» bilan turli-tuman sovrinlar va rekordlar kolleksiyasi, «PSJ»ga o‘tish, Argentina termasida uzoq kutilgan zafarlar - Amerika kubogi, finalissima va JCH. Messi shunday megamahsuldor faoliyatdan keyin MLSni zabt etish maqsadidami yoki boshqa niyatda, har holda, kamtarin «Inter Mayami»ga ravona bo‘ldi.

4). JCH-2007 - Serxio Aguero (Argentina)

Aguero xuddi Jeovani kabi 2ta yoshlar mundialida ishtirok etgan. Yosh Serxio 2005 yili Messi «soya»sida qolib ketgan bo‘lsa, keyingi turnirda jamoasining bosh yulduzi maqomida argentinaliklarga qatorasiga ikkinchi oltin finishni tortiq etadi. «Kun» o‘sha jahon birinchiligida 6ta gol urgandi. E’tiborli tomoni, Argentina U-20 termasi shundan buyon o‘z toifasidagi mundialda chempionlikka erisholmayapti. Aytish joiz, Aguero o‘zi uchun ikkinchi JCHga «Atletiko» futbolchisi sifatida borgandi. U «matraschilar» libosida bir necha yil sermahsul o‘ynaganidan keyin «Manchester Siti» safiga qo‘shildi. Asosiysi, argentinalik hujumchi Angliyada futbol tarixidagi eng afsonaviy gollardan birini urib, «shaharliklar»ga uzoq kutilgan chempionlikni keltirdi. Umuman, Serxio Manchesterdagi 10 yil davomida klub afsonasi va eng yaxshi to‘purariga aylandi. Keyin «Barselona»ga o‘tdiyu, salomatligi pand berdi va Argentina milliy jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lish baxtidan ham mosuvo qoldi. Boz ustiga, unga Kataloniya superklubida qandaydir sov­rin yutish nasib etmadi. Afsonaviy goleador endilikda Jerar Pike loyihasi - «Qirollik ligasi»da o‘z jamoasini boshqarmoqda.

­JCH-2009 - Dominik Adiyya (Gana)

2009 yilgi yoshlar mundialida Gana termasi sensasion tarzda shohsupaga ko‘tarildi. Afrika futboli vakili final o‘yinida Duglas Kosta va Julianodek iqtidorlarga ega Braziliya yoshlar termasini mahv etgandi. Yosh «qora marvaridlar» bosh yulduzi Dominik Adiyya esa 8ta gol urgan holda, «Oltin to‘p» va «Oltin butsa» sohibiga aylandi. Dominik «Feyenoord»ning Ganadagi akademiyasida tahsil olgach, 2008 yili «Fredrikstad» (Norvegiya) tarkibidan joy olgandi. 2010 yili esa Gana milliy jamoasi bilan JCHga yo‘l oldi, faqat vaqtni asosan zaxirada o‘tkazdi. Lekin birgina harakati butun faoliyatini o‘zgartirib yubordi: Urugvay termasiga qarshi kechgan chorak final bahsida zaxiradan maydonga tushgan Adiyya shunday ajoyib zarba yo‘lladiki, faqat Luis Suaresning qo‘llari ganaliklarni yarim final yo‘llanmasidan quruq qoldirdi. JAR mundialidan keyin ganalik futbolchi «Milan» bilan shartnoma tuzdi, ammo jamoada o‘z o‘rnini topolmadi, «Redjina» va «Partizan»dagi ijara muddatlari ham samara keltirmadi. 2012 yilda esa Kiyevning «Arsenal» jamoasida faoliyat yuritdi, keyin Qozog‘iston va Tailand klublarigacha chekindi. 2021 yilga kelib esa Adiyya ishsiz qoldi.

6). JCH-2011 - Enrike Almeyda (Braziliya)

U-20 toifasidagi JCH-2011ga Braziliya yoshlar termasi safida Kazemiro, Oskar, Aleks Sandro, Filippe Koutinyo va Villian kabi bo‘lajak afsonalar yo‘l olgan bo‘lsalarda, aynan Enrike Almeyda hammani «soya»da qoldirib ketdi. Aniqroq aytsak, mundialda 5ta gol urgan hujumchi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi va «Oltin butsa» uchun kurashda fransiyalik Aleksandr Lakazett bilan teng ko‘rsatkichga erishdi. Tabiiyki, Enrike muvaffaqiyatli turnir ta’sirida top-klublar radariga tushdi. O‘zining aytishicha, «Portu», «Real» va «Yuventus» qiziqishiga  qaramay, amalda kamtarin «KPR» libosini kiyishga yaqin kelgandi. Biroq «San-Paulu»dagi ichki muammolar ortidan mazkur kelishuv ham amalga oshmay qoldi va Almeyda bir amallab «Granada»ga o‘tdi - ijara. Lekin bu urinishi samara bermadi va hujumchi oldida Braziliya­ga qaytishdan o‘zga chora qolmadi. 2013 yilga kelib, futbolchi «Botafogo»da ko‘rinish berdi, «Real» o‘rinbosarlar jamoasi taklifini qabul qilishiga esa Braziliya futbol konfederasiyasi qarshi chiqdi. Gap shundaki, «Botafogo» soliq to‘lovlariga oid muammolar tufayli xalqaro transferlar amaliyotidan mahrum etilgandi. Umuman, Enrike 2017 yilgacha Braziliyada to‘p surdi, qisqa vaqtda bir necha marta klub almashtirdi va nihoyat, «ko‘hna qit’a»ga yuzlandi. Biroq top-klublar emas, Turkiya chempionati Ikkinchi divizioni vakili «Giresunspor» va «Belenensesh» (Portugaliya)da to‘p surish bilan cheklandi. Hozir esa Almeyda o‘z mamlakatida, «Amerika Mineyro» jamoasida faoliyatini sokingina nihoyasiga yetkazmoqda.

 S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:03, 04.07.2023.
O'qildi: 1828 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.