Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Otlarni kechuvda almashmaydilar, fillarni esa...

Otlarni kechuvda almashmaydilar, fillarni esa...

Baho:
+ | -

Osiyo kubogi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan Afrika millatlar kubogi turnirining guruh bosqichidan katta qiyinchiliklar bilan Kot-D`Ivuar terma jamoasi o‘z uyida 3-marta «qora qit’a»ning eng kuchli jamoasi unvoniga sazovor bo‘lgandi.

Ha, Afrika chempionati - sayyoramizdagi o‘ta ekzotik futbol musobaqasi desak, xato bo‘lmaydi. Shomonlar, afsungarlar, terma jamoalardagi ichki isyonlarni faqat o‘sha yerda kuzatish mumkin. Biroq bundan tashqari, AMKda chinakam ertaknamo voqealar ham ro‘y berishi hech gap emas. Bunga Kot-D~Ivuarda bo‘lib o‘tgan turnir yaqqol misol bo‘lishi mumkin.

«Fillar» (mezbonlar terma jamoasining taxallusi) musobaqa boshlanishi arafasida g‘oliblikka asosiy da’vogarlar safida emasdilar. Bukmekerlar ularning mezbon maqomida ekanliklarini hisobga olib, favoritlar ro‘yxatidan joy berishgandi. Shu tariqa «fillar» JCH-2022 turnirida yarim finalgacha yetib borgan Marokash, AMKning amaldagi g‘olibi bo‘lgan Senegal, shuningdek, yulduzli tarkibdan shakllangan Nigeriya va Misr terma jamoalari qatorida e’tirof etilgandi. Yakunda hech bo‘lmaganda yarim finalga chiqish ham Nigeriyadan tashqari, boshqa birorta terma jamoaga nasib etmadi.

O‘z yurtidagi turnir Kot-D'Ivuar uchun ham oson kechmadi. Jamoa o‘z guruhida faqat Gvineya-Bisau termasidan 3 ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi. Qolgan 2ta turda bo‘lajak finalchi - Nigeriyaga minimal hisobda imkoniyatni boy berdi, Ekvatorial Gvineyadan yirik hisobdagi sharmandali mag‘lubiyatni qabul qilib oldi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga bir amallab pley-off bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Guruh bosqichidagi qoniqarsiz natijalardan keyin Kot-D~Ivuar FF rahbariyati so‘nggi chorani qo‘llashga majbur bo‘lib, musobaqa avjiga chiqa boshlagan pallada «fillar» yetakchilarini almashtirishga qaror qildi - 70 yoshli fransiyalik bosh murabbiy Jan-Lui Gasseni iste’foga chiqardi. Shuningdek, uning birinchi yordamchisi bo‘lmish Gislen Prantonga ham chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Mutasaddilarning keskin harakatlari alamzadalik alomatimi yoki terma jamoaning ko‘zini ochib qo‘yishga bo‘lgan urinishmi, aytish qiyin. Biroq mahalliy futbol amaldorlari fantastik darajadagi zukkolikni namoyish etishgani yakunda ma’lum bo‘ldi.

Bosh murabbiy lavozimi turnir arafasida 40 yillik yubileyini nishonlagan Emer Faega topshirildi. Ivuar futbolining afsonalaridan biri bo‘lgan Fae futbolchilik davrida 5 yil terma jamoasi sharafini himoya qilgan, 50 martadan ko‘proq maydonga tushib, JCH-2010da ishtirok etishga ham ulgurgandi. Lekin murabbiylik sohasida yetarli tajribaga ega emasdi. FFdagilar ham undan uzoq muddat foydalanish niyatida emasdilar.

Biroq pley-off bosqichida vaziyat tubdan o‘zgarib ketdi. 1|8 finalda «fillar» Sadio Mane yetakchiligidagi qudratli Senegalga duch keldilar. O‘yin davomida 0:1 hisobida imkoniyatni boy berayotgan mezbonlar 86-daqiqada muvozanatni tiklab, overtaymlarga o‘tdilar. Ular samara bermagach, penaltilar seriyasida barcha urinishlarni golga aylantirishdi. Senegal esa bitta urinishdan foydalana olmadi.

Mali terma jamoasiga qarshi chorak final bellashuvi yanada keskinroq o‘tdi. Birinchi bo‘lim oxirida mezbonlar ozchilik bo‘lib qolishdi. 71-daqiqada o‘z darvozalaridan gol o‘tkazib yuborishgach, «fillar» uchun turnir nihoyasiga yetgandek tuyulgandi. Biroq 90-daqiqada «Brayton» vingeri Simon Adingra katta sahnaga chiqib, hisobni tenglashtirdi. Ekstra-taymlar ham natija bermay poyoniga yaqinlashgan pallada 2-bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan «Reyms» klubining 20 yoshli hujumchisi Umar Diakite so‘nggi daqiqada g‘alaba keltiruvchi golni keltirdi va muvaffaqiyatni o‘ta ehtirosli nishonlagani uchun maydondan chetlatildi. Biroq o‘sha pallada jazoning ahamiyati qolmagandi.

Saratonni yengib,  sovrinni keltirdi

Yarim final va hal qiluvchi uchrashuvda maydon egalari tarkibida boshqa futbolchi bosh qahramon rolini ijro etdi. Uning ism-sharifi Sebastyen Aller. 190 santimetrli daroz futbolchining tarixi - quvonchli intiho bilan yakunlangan ertak. 2022 yil yozida Niderlandiyaning «Ayaks» klubida 2 sermahsul mavsumni o‘tkazgan hujumchi Erling Xolandning o‘rnini to‘ldirish uchun «Borussya Dortmund» tarkibiga o‘tgandi. Biroq yangi jamoada uning saraton xastaligiga chalingani aniqlandi. Iyul oyida Sebastyen jarrohlik muolajasini oldi, keyin bir necha oy davomida kimyoterapiya kurslarini qabul qildi. Kuzda takroriy operasiya muolajasi va davolanish bilan band bo‘ldi. Nihoyat, 2022 yilning 20 dekabrida shifokorlar Allerning sog‘lom ekanligini tasdiqlashdi. Yanvarda futbolchi maydonga qaytdi.

Oradan 1 yil o‘tgach, Sebastyen Aller o‘z vatanida bo‘lib o‘tayotgan qit’a birinchiligining yarim finalida Kongo DR terma jamoasi darvozasiga urilgan yagona gol muallifi bo‘ldi, finalda esa 1:1 hisobida yakuniga yaqinlashayotgan bellashuvning 81-daqiqasida chempionlik unvonini keltirgan oltin golni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Bundan avval Ivuar terma jamoasi o‘z tarkibida Didye Drogbadek afsona to‘p surgan 2015 yilda qit’aning eng kuchli jamoasi maqomini olgandi.

Ha, hikmatga binoan, kechuvda otlarni almashtirish mumkin emas. Biroq «fillar» o‘ta muhim «kechuv»da qoidani buzishdi. Xayriyatki, o‘jarlik ular foydasiga ishladi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: Интерфутбол газетаси
Kiritildi: 23:55, 22.03.2024.
O'qildi: 1563 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.